Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Yanvar, 2025   |   19 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:45
Peshin
12:39
Asr
15:42
Shom
17:26
Xufton
18:44
Bismillah
19 Yanvar, 2025, 19 Rajab, 1446

Ilm o‘rganish fazilati (1-qism)

22.02.2018   5322   5 min.
Ilm o‘rganish fazilati (1-qism)

Ilm olish fazilati haqida Qur’oni karimning Tavba surasi 122-oyatida shunday marhamat qilinadi: «Mo‘minlar yoppasiga (jangga) chiqishlari shart emas. Ularning har bir guruhidan bir toifa chiqmaydimi?! (Qolganlari Payg‘ambardan) dinni o‘rganib, qavmlari ularga (jangdan) qaytib kelgach, (gunohdan) saqlanishlari uchun ularni ogohlantirmaydilarmi?!»

Bu oyatdan ko‘zlangan maqsad ta’lim berish va to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishdir.

Alloh taolo aytadi:

Eslang (Ey Muhammad!) Alloh ahli kitoblardan, uni (Tavrot va Injilni) odamlarga, albatta, aniq bayon qilasiz, uni (hech kimdan) sir tutmaysiz deb ahd olgan edi” (Oli Imron, 187). Bu oyat ta’lim berishning vojibligiga dalolatdir.

Boshqa oyatda aytiladi:

Agar (bu haqda) bilmaydigan bo‘lsangiz, ahli zikrlardan (ya’ni Tavrot va Injilni biladiganlardan) so‘rasangiz!” (Nahl, 43)

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ilm olish fazilatini shunday bayon qildilar: “Kim ilm talab qilish yo‘lini tutsa, Alloh taolo uni jannat yo‘liga yo‘llab qo‘yadi”. (Imom Muslim rivoyati)

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Maloikalar tolibi ilmni qilgan ishidan mamnun bo‘lib unga qanotlarini yozadilar. (imom Ahmad Ibn Hibbon va Hokimlar rivoyati)

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “Ilmdan bir bob o‘rganib tong ottirishing yuz rakat namoz o‘qishingdan afzaldir”. (Imomi ibn Abdulbar Abu Zarr rivoyat etgan)

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yana aytadilar: “Kishi ilmdan bir bob o‘rganishi uning uchun dunyo va undagi narsalardan yaxshiroqdir” (Imom ibn Abdul Bar Hasan Basriydan mavquf holda rivoyat qilgan).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Ilmni Chinda (Xitoyda) bo‘lsa ham o‘rganinglar” (Imom ibn Adiy va Bayhaqiylar zaif isnod bilan rivoyat qilishgan).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “Ilm – xazina, uning kalitlari- savol. So‘ranglar, so‘rashda 4 kishi savobga ega bo‘ladi: So‘rovchi, olim, eshituvchi, ularni do‘st tutuvchi” (Abu Nu’aym zaif isnod bilan rivoyat qilgan).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Johil bilmaganini so‘ramasligi, olim bilganini aytmasligi durust emas” (Taboroniy, Ibn Murdavayh, ibn Sunniy, Abu Nu’aymlar rivoyat qilishgan).

Abu Zarr rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Olimning majlisida hozir bo‘lish ming rakat namozdan, mingta kasalni borib ko‘rishdan, mingta janozada ishtirok etishdan afzaldir”, dedilar. Shunda: “Yo Rasululloh, Qur’on tilovatidan ham yaxshiroqmi?” deb so‘rashdi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ilm bo‘lmasa, Qur’on tilovati foyda beradimi?”. (Ibn Javziy “Mavzu’ot”da zikr qilgan)

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim islomni tiriltirish uchun ilm o‘rganayotganida vafot etsa jannatda u bilan Payg‘ambarlar orasida bir daraja qoladi.(Doramiy va ibn Sunniy Hasan holda rivoyat qilishgan)

Islom buyuklari ham ilm o‘rganish fazilatini ham ko‘p ta’kidlashgan.

Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Ilm olishda (qiynaldim), bir oz xorlandim, tilagim hosil bo‘lgach azizu mukarram bo‘ldim”.

Ibn Abu Mulayka Ibn Abbos haqida shunday deganlar: “Chiroyda Ibn Abbosdek chiroylisini, so‘zlashda tili ravonini, fatvo berishda ilmlisini ko‘rmaganman”.

Abdulloh Ibn Muborak aytadilar: “Ilm o‘rganmasdan turib ulug‘likka intilgan kishiga hayronman”.

Hakimlardan biri aytadi: “Men ikki kishiga achinganchalik boshqa hech kimga achinmaganman:

  1. Ilmni tushunmasdan turib o‘rgangan kishiga,
  2. Ilmning muhimligini tushunib, uni o‘rganmagan kishiga”.

Abu Dardo roziyallohu anhu aytadilar: “Sen olim, yo o‘rganuvchi yoki unga quloq tutuvchi bo‘l. Lekin to‘rtinchisi bo‘lmagilki, halok bo‘lasan”.

Tobeinlardan Ato Ibn Abu Raboh aytadilar: “Bir ilm majlisi lag‘v –behuda majlislardan 70 tasiga kafforat bo‘ladi”.

Hazrati Umar roziyallohu anhu aytadilar: “Kunduzlari ro‘zador va kechalari qoim bedor bo‘lgan mingta obidning o‘limi, halol haromni ajrata oluvchi bir olimning o‘limidan yengilroqdir”.

Imom Shofe’iy rahmatullohi alayh aytadilar: “Ilm o‘rganish nafl ibodatidan afzalroq”.

Ibn Abdulhakam rahmatullohi alayh aytadilar: “Men imomi Molik huzurlarida ilm o‘qirdim. Peshin vaqti kirishi bilan nafl namoz o‘qish uchun kitoblarimni yig‘ishtira boshladim. Shunda ustoz: “Agar niyating durust bo‘lsa, xozir mashg‘ul bo‘lib turgan ishing bajarmoqchi bo‘layotgan ishingdan afzalroqdir” dedilar”.

Abu Dardo roziyallohu anhu aytadilar: “Kim ilm o‘rganishga chiqish jihod emas, desa uning aqli va fikrida noqislik bor ekan».

«Ihyou ulumid-diyn» kitobidan Ilhomjon Madaliyev tayyorladi

Manba: http://shosh.uz

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Faqirlikdan qutulish uchun

17.01.2025   6015   1 min.
Faqirlikdan qutulish uchun

Uydan faqirlikni quvishda Ixlos surasini o‘qish haqida

Sahl ibn Sa’d Su’adiy roziyallohu anhudan rivoyat qiladi, ansorlardan bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib faqirlik va yashash qiyinligidan shikoyat qildi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: “Uyingga kirsang, uyda biron kim bo‘lsa salom ber. Hech kim bo‘lmasa menga salovot ayt va “Qul huvallohu ahad”ni bir marta o‘qi”, dedilar.

U kishi shunday qilgandi, Alloh taolo unga mo‘l rizq ato etdi, rizqini ko‘payib berdi va hatto (orttirib) qo‘shnilariga ehson qila boshladi.

“Tafsiri Abul futuh” va “Mustadrok”dan