O‘MI Matbuot xizmati
Ommaviy axborot vositalaridagi axborot oqimida tez-tez ko‘zga tashlanayotgan salbiy qarashlar, xudbin o‘y-fikrlar, ijtimoiy muhitda uchrayotgan ayrim muammolar xususidagi bo‘rttirishlar urchigandan-urchib borayotgan bir pallada bu savol, o‘ta keskin tuyular, ehtimol. Ammo xulosa chiqarishga shoshilmay, mavjud manzaraga xolis ko‘z bilan qarab, bir qancha savollarga javob izlab ko‘rish lozim. Aminmiz-ki, shu yurt uchun befarq bo‘lmagan, o‘z xalqining taqdiri uchun eng avvalo o‘zini mas’ul deb bilgan barcha ziyolilarimizning ham bu borada o‘z aytar so‘zi bor. Tiriklik tashvishidan bir muddat tin olib, shu mulohazalarga ham quloq tutish vaqti yetdi. Sabringizni sinash niyatimiz yo‘q ammo gapni uzoqroqdan boshlaymiz...
Axborot tarqatishning bugungi manzarasi qay holda?
OAV nimalarni boy beryapti?
Gazetalar, jurnallar hatto teleradiokanallar ham axborot yetkazishda birinchi navbatda tezkorlikni, aniqlikni, undan so‘ngra xolislikni boy berib bo‘lganiga ancha bo‘ldi. Tahlil esa, “tik-tok”chi avlodga ergashish kerak ekan”, degan xulosaga kelib qolayotganlar yoki dunyo ishlariga qarigan mushukday beparvo bo‘lib, loqayd qo‘l siltab qo‘yayotgan “kayvoni”lar sabab achinarli ahvolga tushib qolgan.
Kimga boy beryapti?
Yengil-yelpi o‘ylaydigan, evolyutsiyadan ko‘ra, revolyutsiyani afzal deb hisoblaydigan, “alifni kaltak deyolmaydigan”, adabiy tilni o‘zlashtirmagan, o‘zlarining ta’birlari bilan aytganda “publikaga o‘ynaydigan”, moddiy manfaat yo‘lida na xalq, na millat, na davlatni yuz xotir qilmaydigan, kitob o‘qish haqida jimjimador so‘zlar aytishni qotirsa-da amali bo‘lmagan, “nufuz” so‘zi bilan “nufus” so‘zining farqiga bormaydigan, biror-bir yomon xabarni tarqatish, masalan o‘z joniga qasd qilish haqidagi xabar, ayni vaqtda uning targ‘ibiga xizmat qilishi mumkinligini hisobga olmaydigan qo‘shtirnoq ichidagi hamkasblarga boy berilmoqda.
Bu borada ijobiy yechim bormi?
Avvalo bir narsani tan olaylik: axborot texnologiyalarining bugungi rivoji biror-bir voqea-hodisani tezlik bilan jamoatchilikka yetkazishda chindan beqiyos. Internet aloqasi, ijtimoiy tarmoqlar, zamonaviy smartfonlar ommaviy axborot vositalari uchun yanada qulay imkoniyatlarni tug‘dirgan. Tezkor axborot tarqatish borasida juda qisqartirib aytganda bitta muxbir, bitta teleoperator, bitta montajchi, bitta muharrirning ishini qo‘lida smartfon tutgan bir kishi bemalol bajarayotgani ham bor gap.
Bu esa, asli kasbi masxarabozlik ammo daromadi sabab, biror-bir ijtimoiy tarmoqda o‘z sahifasini ochib olgan ayrim ucharlarga qo‘l kelmoqda.
Axborot tarqatishdagi nazorat esa, havas qilarli ahvolda emas. Shu bois, bunday toifalar ma’lumotni tekshirish, unga aniqlik kiritish, sababini o‘rganish borasida o‘ylab ham o‘tirmayapti. Falon joyda yetti kishi tomonidan zo‘rlanganini aytgan, o‘zini tomdan tashlab joniga qasd qilgan kimsalar haqidagi “dod-voy”larni yozib olib, bemalol shov-shuv ko‘tarib yurishibdi. Yuzsizlik shu darajada-ki, zo‘rlanganlik haqidagi da’volar tuhmat bo‘lib chiqqanda ham shoshqaloqlik bilan tarqatilgan axborot uchun uzr so‘ralmaydi. Noto‘g‘ri axborot tarqatganlik uchun jazolanganiniyam eshitmaysiz. Avval begunoh yetti erkakni elga sharmanda qilib obunachilar sonini orttirgan bo‘lsa, keyin tuhmat qilgan kelinchakni sazoyi qilib yana axborot tarqataveradi. O‘z auditoriyasi sonini oshirish dardida bo‘lgan boshqa norasmiy axborot manbalari ham, bunday xabarlarni hech paysalga solmay tarqatishga qo‘shilgani natijasida esa, axborot maydonida shunday taloto‘p yuzaga keladi-ki, o‘zini rasmiy, professional, xolis axborot manbai sifatida taqdim etuvchilarning o‘sha mavzuda tayyorlagan chinakam xolis axboroti ham bu shovqin-suron ichida quloqqa yetib bormay jon beradi.
Bunday hodisalarga har birimiz guvohmiz. O‘zimizga yarasha xulosamiz ham bor: ha, rasmiy axborot manbalarida tezkorlik yetishmayapti. Mutasaddilar bu borada albatta chora ko‘rishi shart. Yo‘qsa, “haqiqat kovushini kiyguncha, yolg‘on yalangoyoq dunyoning yarmini aylanib chiqaveradi”.
Bahona izlovchilarga aytilar so‘z!
Avvaldan aytib qo‘yaylik, bu qismdagi mulohazalar faqat telekanallar bilan radiokanallarga taalluqli.
Axborot yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatayotgan jurnalistni jug‘rofiy maydonlar emas, axborot hududlari qiziqtirishi lozim. “Mavjud moddiy-texnika bazasi eskirgan”. “Mamlakatning har bir puchmog‘ida faoliyat yuritadigan xodimlar yo‘q”. “Buncha sondagi xodimlarni saqlashga mablag‘ yetishmaydi”, deb yozg‘irishni bas qilib, imkon izlagan ma’qul. Ular yetarli.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 iyunda e’lon qilingan “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroridan so‘ng butun mamlakatdagi deyarli barcha tashkilotlar va muassasalarda hatto xususiy tarmoq yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan subyektlarda ham axborot xizmati tashkil etilib, Matbuot kotibi lavozimi joriy etilgan.
Turli bahonalarni ro‘kach qilib tezkor axborot tarqatishni paysalga solayotgan hamkasblar uchun eng avvalo mana shu omil ulkan imkoniyat, aslida. Qolaversa, norasmiy axborot manbalari axborot tarqatishda foydalanayotgan matoh – texnik jihatlari tasvirga olish uskunasi bilan barobar, hatto ziyoda bo‘lgan smartfonlar hammaning qo‘lida bor.
Unutmaylik, smartfon ayni vaqtda tasvirga olishi, ovoz yozishi, montaj qilishi hatto to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatishni ta’minlashi mumkin. “Shuncha gapni yozyapti, buni o‘zi sinab ko‘rgan ekanmi”, degan mulohazaga borayotgan bo‘lsangiz, aytib qo‘yaylik, albatta sinab ko‘rganmiz.
Gazeta jurnallarchi?
Fikri ojizim: texnologik taraqqiyot tufayli, bosma ommaviy axborot vositalarining tezkor xabar tarqatishdagi samaradorligi to‘liq yo‘qqa chiqdi. Shuning uchun bugungi gazetalarda “Falon maskanda falonchi bilan bo‘lib o‘tgan ijodiy uchrashuvdagi fikr-mulohazalar va kuy-qo‘shiqlar jamlanganlarda ulkan taassurot qoldirdi”, degan mazmundagi xabarlar vaqtni ham, pulni ham havoga sovurishday gap.
Shuning uchun o‘qirmanlar gazetani ham, jurnalni ham tezkor xabar manbai sifatida ko‘rmaydi. Axir, qo‘lidagi smartfonga bir nigoh tashlaganda nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda sodir bo‘lgan ko‘plab hodisalardan juda kam xarajat hisobiga xabardor bo‘lish imkoni mavjud.
Bosma OAV xabar tarqatmasin...mi?
Shunday bo‘lgani ma’qul. Xabar tarqatishni elektron OAV davom ettirgani samaraliroq. Har qancha vaj keltirmaylik, buni hayot isbotlab bo‘ldi. Ammo bu bosma ommaviy axborot vositalari jamiyat hayotida o‘z o‘rnini yo‘qotdi, degani emas. Nega-ki, xabar janridan tashqari tahliliy xabar janri ham bor. Qolaversa, tafsilotlar ham. Bosma ommaviy axborot vositalari tahliliy xabarlar, maqolalar, chizgilar, tanqid va suhbatlar yo‘nalishida hali ham peshqadam bo‘lishi mumkin.
Nimaga e’tibor qaratgan ma’qul?
“Jadid”, “Ma’rifat”, “Ishonch”, “Milliy tiklanish”, “Yigirma birinchi asr”, “Adolat” singari gazetalarida tahliliy materiallarga alohida e’tibor qaratilayotgani tahsinga sazovor. Ehtimol, biz kuzatib bormaydigan boshqa gazetalarda ham bu boradagi ishlar sustlashmagandir.
Bugungi gazetaning ham, jurnalning ham axborot oqimidagi eng katta vazifasi o‘qirmanlarning tahliliy materiallarga bo‘lgan ehtiyojini bartaraf etish ekanligini davrning o‘zi ko‘rsatyapti. Ayrim gazetalarning imkon qadar qisqa, to‘mtoq, maqsad oydinlashmagan maqolalar berishga harakat qilishi, ba’zi gazetalar va jurnallarning internetdan olingan materiallar hisobiga to‘ldirilishi ham kulgili, ham ayanchli.
Kulgiligi shunda-ki, internetda chiqqan zahoti minglab, ehtimol millionlab o‘qirmanlar undan allaqachon voqif bo‘lib bo‘lgan ulgurgan materialni gazetaga qo‘yish, juda yumshoq qilib aytganda tentaklik.
Ayanchliligi shunda-ki, demak bu tahririyatda xizmat qilayotgan, og‘zini to‘ldirib jurnalistman, deb lof urayotgan kimsalarda loqaydlik paydo bo‘lgan. Salmoqligina pul to‘lab gazeta yo jurnaliga obuna bo‘lgan muxlisga buning evaziga qanday axborot berilayotgani unga qiziqmas. Fojia ham shunda, asli. Rahmatli ustozimiz Mahmud Sa’diy “Loqaydlikni kechirish mumkinmas, ayniqsa, qo‘liga qalam tutgan kishining loqaydligini” derdi.
Bir safar ustoz Abdulla A’zam bilan ilmiy-metodik, ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy-siyosiy mavzulardagi jurnallar xususida suhbatlashib qoldik. O‘sha vaqtlarda u kishiga “Fan va turmush” jurnalining mazmunini yanada yaxshilash borasida ko‘maklashish topshirilgan ekan.
– Internetda chiqqan materiallardan ham foydalanish kerak, – deb maslahat bergan bo‘ldi hamsuhbatlardan biri.
– G‘alati-ku, – dedi bu gapga javoban ustoz. – Agar xorijiy internet saytlarini, telekanallarini yoki radiokanallarni eshitib, kuzatib borsangiz, “falon narsa ixtiro qilindi, mana bu ilmiy hodisa sababi aniqlandi, deb xabar bermoqda “Lancet” yo “Nature” jurnali”, deb gapirishadi. Bu nimani anglatishini bilasizmi?
Gazetalar ham, jurnallar ham o‘z yo‘nalishida, ilmiy yoki tahliliy materiallarni “ovlash”da qat’iy harakat qilsa, axborot tarqatishda eng tezkor bo‘lgan internetdan “gap olib” o‘tirmasligini anglatadi.
Ustoz bu borada haq edi.
Bu gaplarning yoshlarga nima aloqasi bor?
Aniq javoblarga o‘tishdan avval «Kelajak yoshlar qo‘lida, yoshlarchi?..» deb bosh sarlavhada qo‘yilgan savolga javob beraylik.
Aslida yoshlar o‘z oilasi, ota-onasi, ustozlari qo‘lida bo‘lishi lozim. Afsuski, minglab chaqirim masofalarni yaqinlashtirgan texnik taraqqiyot, ustoz bilan shogirdning, ota-ona bilan farzandning orasidagi masofani kun sayin uzoqlashtirib yuboryapti. Mubolag‘a bilan aytganda, bir dasturxon atrofida smartfon titkilab o‘tirgan ota-bolaning biri G‘arbda bo‘lsa, ikkinchisi xayolan Sharqda kezadi. Dildan suhbat qurish, bolaning o‘qishi, o‘zlashtirishi, unga tarbiyaviy o‘git berish, o‘z hayotiy tajribasidan kelib chiqib unga nimanidir o‘rgatish otaning yo onaning xayolida yo‘q. Chunki, ikki ko‘zi ham, butun xayoli ham qo‘lidagi axborot qutisi bilan band.
Farzandda ham shu ahvol…
Bu hol hatto muhtaram Prezidentimizda ham xavotir uyg‘otgani uchun, 2021 yili ma’naviy-ma’rifiy ishlar ta’sirchanligini yanada oshirish borasida o‘tkazilgan yig‘ilishda: “Bugun bolalarimizni maktab, ota-ona yoki institut emas, aksariyat holda qo‘lidagi telefon tarbiyalamoqda. Mobil telefon endi oddiy aloqa vositasi emas, ko‘pincha yot mafkurani tarqatadigan qurolga aylanmoqda.
Ma’naviyatimizga mutlaqo begona bo‘lgan zararli g‘oyalar chegarani buzmasdan, bildirmasdan xonadonimizga, jamiyatimizga kirib kelyapti. Soat sari emas, minut sari kirib boryapti. Bularning barchasi biz uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lib yangrashi zarur”, degan edi kuyinib.
Bugungi aksar oilalarining bundan-da aniqroq manzarasini tasvirlash mushkul. Muhtaram Prezidentimizning so‘zlarini inkor etish, bu boradagi ayni haqiqatdan ko‘z yumish demakdir.
Axborot oqimida oqib ketganlar
Bir ish qiling, na darsga, na davradagi suhbatga, na ko‘chadagi harakatga, na atrofida yordam so‘rab termilib turgan nigohlarga emas, qo‘lida tutgan smartfoniga tikilgan yigit yo qizga diqqat bilan qarang.
Bilasizmi kimni ko‘rasiz?
Oq-qoraning, yaxshi bilan yomonning, gunoh bilan savobning, qonun bilan tushunchaning, ma’rifiy fikr bilan mutaassibona qarashning farqiga bormagan bir yoshning axborot makonida o‘z holiga tashlab qo‘yilganini…
Ha, aynan shunday. Adoqsiz axborot oqimida oqib ketayotgan, hatto g‘arq bo‘layotganlar ular. Agar bu gaplar lof bo‘lganda virtual diniy voizlar ta’siriga tushib mazhabni tark etgan, tinch yurt turib, najotni notinch makondan qidirgan, virtual qimor o‘ynab ulkan ofatga yo‘liqqan, giyohvandlar yo o‘g‘rilar, yoki fahsh botqog‘iga botganlar tuzog‘iga tushib qolayotgan yoshlarni uchratish mumkin emasdi. Bugunning haqiqatiga ko‘ra, yoshlarga nisbatan olib borilayotgan axborot xurujiga qarshi kurashish borasida tashkillashtirilayotgan ishlarni yanada jadallashtirish shart.
Xo‘sh nima qilmoq kerak?
«Butun dunyo kaftda namoyon» degan so‘z bugunga kelib smartfon misolida chiroyli tashbehga emas, aniq voqelikka aylandi. Bu omilning ijobiy jihatlarini sanab o‘tirmaymiz. Salbiy jihatlariniyam nomma-nom aytish shart emas. U orqali yetishi mumkin bo‘lgan zararlardan qanday saqlanish borasidagi choralar haqida mulohaza yuritgan ma’qulroq.
Keskin choralarga ko‘nikib qolgan ayrim kishilar, barchasini birdan o‘chirib qo‘ya qolishni tavsiya etishadi. Ammo bu to‘g‘ri chora emas. Axir axborotni yashirgan emas, boshqargan yutadi. Demak, axborot iste’molini boshqarishni o‘rganish, axborot manbalarining xalq manfaatiga zid bo‘lgan qadamlarini qat’iy nazorat qilishni faollashtirishimiz shart. Ana shunda mislsiz axborot oqimi qarshisida ojiz qolayotgan yoshlarga to‘g‘ri ma’noda ko‘mak bera olgan bo‘lamiz.
Salbiy axborot oqimidan qanday himoyalanish mumkin?
Avvaldan aytib o‘tish lozim. Salbiy axborot deganda sog‘lom ma’nodagi tanqid tushunilmaydi. Yozilganlarni o‘qib, yana senzura qilish targ‘ib etilayotgan ekan-da, degan fikrga borish xato. Bugungi ommaviy axborot vositalarida tanqidga yo‘l berilmayapti, degan qarashlarga ham qo‘shilmaymiz.
Bugungi jamiyatda yetarlicha, hatto keragidan ortiq tarzda tanqid mavjud. Shu o‘rinda alohida ta’kidlash kerak-ki, aksariyat tanqidlar ortida manfaatlar to‘qnashuvi ham uchraydi. Demak, bu noxolis tanqid.
Kuzatuvlar shuni ko‘rsatadi-ki, noxolis tanqidda asosan internet saytlar, ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim sahifalar o‘ta faol. Jurnalistika sohasining asosiy mezoni bo‘lgan xolislik prinsipi hatto ularga begona ham.
Bugun tanqidga nishon bo‘lmagan biror bir mansabdor shaxs, korxona yo muassasa qolmadi hisob. Xorijdan turib, virtual olam imkoniyatlaridan foydalangan holda davlat va jamiyat arboblariga, diniy ulamolarga, elning obro‘li shaxslariga qilinayotgan tuhmatlar adoqsiz.
Eng ajablanarli jihati shunda-ki, bu virtual voizlarning muxlislari mamlakat ichida ham topiladi. Xorijliklarga buning nima qizig‘i bor, aslida. Internet algoritmi shunday-ki, oddiygina bitta ma’qullash – layk bosish – o‘sha axborot manbasining yanada ommalashishiga xizmat qiladi.
Vatan haqidagi salbiy materiallar, xalqning obro‘sini tushiruvchi, olimlar va ulamolarni qoralovchi media mahsulotlarga layk bosish shunchaki xayrihoxlik emas, o‘sha yomonlikka qo‘shilish, uni kimlargadir ulashish esa, yomonlikka dalolat qilish ekanligini yoshlarga tushuntirishni haligacha eplab oxiriga yetkaza olmadik.
Bu borada eng avvalo ziyolilarda, o‘qituvchi murabbiylarda, kayvonilar va ota-onalardagi loqaydlik hissi bartaraf etilmaguncha (bu omildan faqat shu yo‘l bilan xalos bo‘lish mumkin) ijobiy so‘z aytish amrimahol.
Eng muhim masalalardan biri radikal axborot xurujidan himoyalanish
Ha, bu chindan ham kun tartibidagi dolzarb masala.
Demokratik tuzumni harom, deb notinch mamlakatlarga borib o‘zlarining “halol” davlatlarini tuzishni orzu qilgan ayrim radikal kayfiyatdagi yoshlarning buguni kishini o‘yga toldiradi.
Dunyoviy davlat tuzumidan “qochgan” yuzlab, ehtimol minglab yoshlarning hayot shami taloto‘plarda so‘nayotgani esa, chinakam fojia. Buning oldini olishda ommaviy axborot vositalari jonbozlik ko‘rsatishi, qalamkashlar esa, bu kurashni xalq oldidagi burchi, deb tushunishlari lozim.
Bir mulohaza qilib ko‘raylik. O‘zbekning buyuk allomalari qoldirgan nodir qo‘lyozmalar, ilm ahlini hamisha hayratga solgan ilmiy obidalar, haqni botildan, jaholatni ma’rifatdan ajratib bergan ta’limotlar islomning asl insonparvarlik mohiyatini anglatish, Imom Moturidiy va Abu Mu’in Nasafiy kabi allomalarning aqida borasidagi ta’limotining yuzaga kelishi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi hadis ilmi bilimdonlari yozgan asarlarining bitilishidan ko‘zlagan asl maqsad nima edi?
Teran fikrli olimlarning bunday ilmiy merosni yaratishdan ko‘zlagan eng ulkan maqsadi: tarkidunyochilik, dinda g‘uluvga ketib haddan oshish, haq yo‘ldaman, deb o‘ylab, aslida johilga aylanib qolish, ibodat mezonlarini unutish, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik masalalarida islomning insonparvarlik ta’limotini suiiste’mol qilish, nohaq qon to‘kish, dinni tijorat vositasiga aylantirish, undan turli xalqlar va millatlarni sarson-sargardon etadigan omil sifatida foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik emasmidi?
Yo‘qsa, bu ilmiy obidalarning bitilishiga ne hojat edi?
Ha, bu asarlar, inson hayotini barbod etish uchunmas, uni jaholatdan tiyishga xizmat qilishi uchun bitilgan. Dunyo ilmni egallab, kasb-hunarni taraqqiy qildirish, bugungi mo‘minlarning burchi, aslida.
Alloh taolo bandalariga hidoyat o‘laroq nozil qilgan Qur’oni karimning, “Baqara” surasining 256-oyatida “Dinda zo‘rlash yo‘q, zero, to‘g‘ri yo‘l yanglish yo‘ldan ajrim bo‘ldi”, deb marhamat qilinadi. Bu kalima, islom nomi bilan xaspo‘shlanayotgan botil g‘oyalar va buzg‘unchi oqimlar ta’siriga berilib qolayotganlarimiz uchun ogohlik qo‘ngg‘irog‘i emasmikan?!.
Komil musulmon o‘z iymoni bilan, radikal – mutaassib musulmon esa, birovning iymoni bilan ovora bo‘lar ekan. Donolarning bir gapi bor: Alloh o‘z irodasini hukmron qilish uchun yer yuzidagi yaxshi odamlardan, yomon odamlar esa, o‘z qarashlarini hukmron qilish uchun tangridan foydalanadi.
Tangridan foydalanayotgan yomon odamlarning kimligi ko‘pchiligimizga ma’lum, aslida. Xalqimizda bir naql bor: qozonga yaqin yursang, qorasi, yomonga yaqin yursang, balosi uradi. Bunday kimsalar nafaqat oramizda, balki xorijda bo‘lsa ham afsuski, ularning kasofatiga qolayotgan yoshlar yo‘q emas.
Radikal da’vatchilarning matn, video, audio shaklidagi materiallarini qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining, 184-moddasi 2-qismida javobgarlik ko‘zda tutilgan. Undan keyingi harakatlar esa, jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Bu Qonun aytayotgan so‘z.
Nega ziyolilarimiz, jurnalistlar, jamoatchilik faollarining bu borada yodda qolarli, yoshlarga ta’sirli so‘zlarini kam uchratamiz? Tahliliy filmlar, ko‘rsatuvlar va eshittirishlar, maqolalar va suhbatlar salmog‘i nega kam?..
Chorasi boru ijrosi yo‘q amallar sabab…
Yoshlar axborot ummonida qarovsiz qoldirilmoqda. Puxta tahlillarga, aniq dalillarga tayangan media mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi mavjud talabga javob bermayapti. G‘oyaviy, mafkuraviy bo‘shliq o‘rniga kirib kelayotgan radikalizm balosiga eshiklar aynan axborot manbalari orqali ochilayotganini tuzuk-quruq o‘ylab ko‘rmayapmiz.
Eng yomoni esa, kalta o‘ylab, kalta yozuvchi «tik-tokchi» avlodga ergashish kerak, degan fikrlarning uchrayotgani. Aynan shu sababli, diniy, ijtimoiy, huquqiy, siyosiy, iqtisodiy masalalar borasida umumiy vaqti bir minutga yetmaydigan roliklar yaratila boshlandi. Aynan shunday fikrlovchilar tufayli, gazetadan, jurnallardan, radio va telekanallardan, internetdagi turli saytlardan kattaroq hajm talab qiluvchi tahliliy janrlar surib chiqarilmoqda. Na mazmun, na mantiq, na izchillik, na xulosa to‘liq bo‘lmagan bunday media mahsulotlarning esa, foydasidan ko‘ra zarari ortiq.
Bu boradagi vaziyatni o‘nglash, radikal diniy g‘oyalar, «ommaviy madaniyat» ta’siridan, yot odatlar, ananalar, qadriyatlar, liboslarning urfga kirib ketishi va milliylik omillarini mavh etmasliklari uchun eng avvalo axborot maydonini tartibga solish, axborot manbalarining aslida kimga yoki nimaga xizmat etayotganini aniqlash, ular tarqatayotgan har qanday axborot zamirida Vatan manfaatiga zid bo‘lgan qarashlarning singdirilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun aniq harakat qiladigan vaqt keldi.
Unutmaylik, yoshlarni radikal voizlar va buzg‘unchi toifalarning axborot xurujidan himoya qilishimiz shart. Yo‘qsa, kelajakni ishonib qo‘llariga topshirishni niyat qilgan yoshlarimiz, begona qo‘llardagi o‘yinchoqqa aylanib qoladi.
Abduhamid Muxtorov,
O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi a’zosi,
«Ziyo» media markazi direktori