“Ko‘pi mast qiladigan narsaning ozi ham haromdir”
(Imom Termiziy rivoyati)
“2017 yilning oxirida O‘zbekistondagi giyohvandlar soni 8036 kishi ekani qayd etildi. Ularning 2 foizidan ko‘prog‘i ayollardir. Spirti ichimlikka mukkasidan ketganlar esa 40 ming ortiq. Giyohvand moddalarga tobe bo‘lib qolganlar ichida 14 yoshgacha bo‘lganlar kuzatilmagan. Biroq 15-20 yosh oralig‘ida 50 ga yaqin kishi ruyxatga tushgan”, deya O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi mutaxassisi Andrey Mokiyga tayanib xabar beradi gazeta.uz
Alloh taolo bizga sirotul mustaqimni ko‘rsatib bu mumkin, bu mumkin emas deb ta’lim berar ekan, hayoti dunyoda sermazmun va manfaatli hayot kechirishimizni iroda qildi. Shariatimiz halol va harom narsalarning birortasini ham qoldirmasdan mukammal bayon qilib bergan. Nimaiki sog‘likka foydali va shariat ahkomlariga muvofiq bo‘lsa – halol. Nimaiki yomon, sog‘likka zararli bo‘lsa, shubhasiz, haromdir. Giyohvand vositalar ana shu ikkinchi toifa turkumiga kiradi.
Darhaqiqat, giyohvandlik asr vabosiga aylandi. Bu kushanda har yili millionlab insonlarning hayotini izdan chiqarib, umriga zomin bo‘lmoqda. Alloh taolo “Moida” surasining 90-oyatida: “Ey iymon keltirganlar! Albatta, xamr, qimor, butlar hamda fol ochadigan cho‘plar iflos narsa. Shaytonning ishidir. Bas, undan chetda bo‘ling. Shoyadki, najot topsangiz”, deb marhamat qildi.
Ushbu oyati karimadagi “xamr” so‘zi arab tilida “to‘sish”, “berkitish” degan ma’nolarni anglatadi. Tanovul qilgan kishining ongiga ta’sir qiladigan, uning aqlini to‘sadigan, xayolini chalg‘itadigan, boshqacha aytganda, “mast qiladigan” har bir narsaga “xamr” deyiladi. Bundan mast qiluvchi har bir, xoh u ichadigan alkogol, xoh iste’mol qiladigan giyohvand modda, xoh chekadigan tamaki bo‘lsin – barchasi haromligi tushuniladi. Alloh “Bas, ulardan chetda bo‘ling, shoyad najot topsangiz”, deb amr qildi.
Taassufki, so‘nggi yillarda ushbu zaharli moddalarning zarar doirasi kengayib ketdi. Giyohvand moddalarni iste’mol qiluvchilar og‘ir kasalliklarga yo‘liqib, oxiri esa davolab bo‘lmas holga yetib bormoqda. Shuningdek, onkolog shifokor mutaxassislarning ta’kidlashicha, o‘pka rak kasalligi ko‘p holatda tamaki chekish, alkogol mahsulotlari esa ko‘plab jinoyatlar sodir etilishiga sabab bo‘lmoqda. Eng achinarlisi, ularning achchiq xatosi oqibatida begunoh farzandlar turli tug‘ma nuqsonlar bilan dunyoga kelayotir...
Narkotik moddalarni iste’mol qilish, o‘zini-o‘zi o‘ldirish bilan barobardir. Alloh taolo Niso surasining 29-oyati karimasida: “O‘zingizni o‘zingiz o‘ldirmang”, deb amr qiladi.
Hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har kim o‘zini-o‘zi zahar bilan o‘ldirsa, qiyomat kuni jahannam o‘ti bilan azoblanadi”, deb aytganlar.
Bu hadisi sharif va oyati karimadan ayon bo‘ladiki, inson o‘z sog‘ligiga zararli biror narsani iste’mol qilish mumkin emas. Ularning barchasi harom. Chunki giyohvand moddalar iste’mol qilish kishining na dini va na aqliga ham foydali bo‘lgan, bo‘lmaydi ham! Demak, ularning iste’molida zarracha ham foyda yo‘q, balki zarar bor. Nafaqat o‘ziga, balki butun jamiyatga ulkan zarar va tahdid bor.
Yomon ish qilishning o‘zi gunoh bo‘lsa, unga sharoit yaratib bergan insonga ham uning miqdoricha, balki undan-da ko‘p gunoh bo‘lishi va dunyoyu oxiratda jazosi og‘ir bo‘lishi ko‘plab oyatu hadislarda bot-bot takrorlangan bo‘lsa-da, ba’zilar o‘ziga ibrat olmayapti.
“2017 yil O‘zbekistonda 5 mingga yaqin giyohvandlik bilan bog‘lik jinoyat sodir etilgan va narkotik modda bo‘lgan o‘simliklarni yetishtirish bilan bog‘liq 895 holat aniqlangan. Shuningdek, psixofaol vositalarni sotish bilan 310 shaxs ushlangan. Ulardan 62,5 ming dona dori vositalari olindi”, deb uza.uz sayti xabar beradi.
Bunday vositalarni sotish, yetkazib berish bilan shug‘ullanayotgan hamda iste’mol qilayotganlar ko‘zlarini ochsinlar. Avvalo Alloh taolo oldida javob berishini unutmasin. Besh kunlik hayotda arzimagan sariq chaqaga uchib, harom yo‘l bilan pul topib, gunoh ishlarni qilib oxiratdagi abadiy rohatdan benasib qolishdan ehtiyot bo‘lishsin. So‘ng xalqiga, yurtiga zarar yetkazib, yosh avlodni yo‘ldan urib, o‘zi bilan birga boshqalarni ham jinoyat domiga tortishdan saqlansin. Yomon ish jazosiz qolmaydi, ertaga, albatta, qonun oldida javob berishadi. Unday insonlar hech qachon yaxshilikka yeta olishmaydi, hayotda zor, oxiratda esa xor bo‘ladi.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deydilar: “Har bir mast qiluvchi – xamrdir. Va har bir mast qiluvchi haromdir. Kim dunyoda xamr ichib o‘lsa va unga mukkasidan ketgan bo‘lsa, u oxiratda ichmaydi (ya’ni jannatdagi pokiza va totli sharoblardan ichmaydi, chunki jannatga kira olmaydi)”.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan yana bir hadisda: “Kim xamr ichsa, uning namozi qirq kun qabul qilinmaydi. Agar tavba qilsa, Alloh uning tavbasini qabul qiladi. Va agar (xamr ichishga) qaytsa, Alloh uning ibodatini qirq kun qabul qilmaydi, agar tavba qilsa, Alloh uning tavbasini qabul qiladi. Va agar (xamr ichishga yana) qaytsa, Alloh uning ibodatini qirq kun qabul qilmaydi, agar tavba qilsa, Alloh uning tavbasini qabul qiladi. Va agar (xamr ichishga) to‘rtinchi marotaba qaytsa, Alloh uning ibodatini qirq kun qabul qilmaydi, agar tavba qilsa, Alloh uning tavbasini qabul qilmaydi va uni “Xobal” daryosidan sug‘oradi”, dedilar. Shunda: “Ey Abu Abdurrahmon, “Xobal” daryosi nima u?” deb so‘raldi. “U – do‘zax ahlining yiringdan bo‘lgan daryosidir”, deb javob berdilar”. (Imom Termiziy rivoyati).
Shunday ekan, Alloh taolodan tavfiq so‘rab, hayotimizni to‘g‘ri kechirishga harakat qilishimiz, faqat, halol, pok narsalar iste’mol qilishimiz; yomon, zararli, harom narsalardan saqlanishimiz lozim. Nafaqat o‘zimiz, balki oila-ahlimizga, do‘stu birodarlarimizga ham e’tiborli bo‘lishimiz darkor. Zero, harom narsalar insonga manfaat keltirmaydi. Gunohlarning oqibati esa achinarli bo‘ladi.
O‘MI matbuot xizmati
“Arafot” so‘zi lug‘atda – “bilish, tanish” ma’nolarini bildiradi.
Makka shahridan 20 km, Minodan 10 km, Muzdalifadan esa 6 km, Namira masjididan 1,5 km uzoqlikda joylashgan. Uzunligi 11-12 km va kengligi 6,5 km bo‘lgan vodiy. U qattiq katta toshlardan iborat. Janubiy tomonda 168 ta zinasi mavjud.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Odam Ato bilan Havvo onamiz jannatdan chiqarib yuborilganlaridan keyin bir-birlari bilan shu yerda uchrashganlar, deyiladi.
Boshqa bir rivoyatda Jabroil alayhissalom Ibrohim alayhissalomga ushbu makonda haj amallarini o‘rgatib: “Arofta?” (“O‘rgandingizmi?”) deganlarida, Ibrohim alayhissalom: “Ha”, deganlar. Shundan keyin Arafot deb nomlanib qolgan.
Arofat tepaligida bir baland joy borki, u yerni “jabalul rohma”, ya’ni “rahmat tog‘i” deyiladi. Arafa kuni hojilarga yog‘iladigan behisob rahmat va barakalar sababli “rahmat tog‘i” deb nomlanadi. Ushbu tog‘ Ilol, Nobit hamda Quriyn deb ham ataladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan 93 kun oldin, hijratning 10 yili Madinadan hajga kelib, arafa kuni shu tepalikka chiqqanlar va oq tuyalarini cho‘ktirib, uning ustida turib “Vidolashuv va’z”ini aytganlar. Bu joy uzoqdan ko‘rinib turishligi uchun ustun shaklida ko‘tarilib, oqqa bo‘yab qo‘yilgan.
Arafotda hajning asosiy arkoni ado etiladi. Arafa kuni bomdod namozi o‘qilgandan so‘ng Minodan Arafotga qarab yo‘lga tushiladi. Zilhijja oyining 9-kuni, ya’ni arafa kuni hojilar shu tepalikka chiqib, to quyosh botgunga qadar ibodat bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Arafotda ma’lum muddat turmagan kishining haji haj hisoblanmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Haj Arafotdir”, deganlar (Imom Termiziy va Nasoiy rivoyati).
Arafotga chiqishdan oldin g‘usl qilib olinsa yaxshi bo‘ladi.
Arafotga chiqishda va u yerda turganda doim takbir, tahlil, hamd va talbiya (“labbayka”) aytiladi. Arafotda duolar ijobat bo‘ladi. Shuning uchun hojilar ko‘proq duoda, zikrda, tilovatda, iltijoda, chin dildan tazarruda bo‘lishga intilishlari lozim.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Duolarning yaxshisi – Arafot kungi duodir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Arafotda quyidagi oyat nozil bo‘lgan: “Bugun Men sizlar uchun diningizni komil qildim, Men sizlarga ne’matimni to‘kis qilib berdim va sizlar uchun Islomni din qilib tanladim” (Moida surasi, 3-oyat).
Arafotda va Rahmat tog‘ida quyidagi duolarni o‘qish tavsiya etiladi:
“Subhanallohi va bihamdihi. Subhanallohil ’aziym”.
“Laa ilaha illa anta. Subhanaka inni kuntu minaz-zolimiyn”.
“Laa havla va laa quvvata illa billahil ’aliyil ’aziym”.
“Robbana atina fid-dunya hasanatan va fil axiroti hasanatan va qina ’azaban-nar”.
“Allohumma aslih li diniyallaziy huva ’ismati amri va aslih li dunyayallati fiha ma’ashiy va aslih liy axirotiyallati fiha ma’adiy, vaj’alil hayata ziyadatalli min kulli xoyrin, vaja’lil mavta rohatalli min kulli sharrin”.
“A’uzu billahi min jahdil balai va darkish-shaqoi va su’il qazoi va shatamatil a’dai”.
Arafotda peshin va asr namozlari bir azon va ikki iqomat bilan qo‘shib qasr qilib o‘qiladi. Hajning amiri xutba o‘qiydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Arafa kuni, Alloh bandalarni do‘zaxdan ko‘p ozod qilganchalik boshqa biror kun yo‘q!” (Imom Muslim rivoyati).
Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Alloh huzurida Arafot kunidan yaxshiroq kun yo‘q. Alloh taolo dunyo osmoniga (farishtalarga maqtanib) yer ahli bilan faxrlanib aytadi: “Mening chang bosgan bandalarimga qarang! Mening rahmatimdan umidvor bo‘lib, barcha joylardan keldilar. Vaholanki, ular mening azobimni ko‘rmaganlar. Alloh taolo biror kunda Arafa kunidek bandani do‘zaxdan ozod qiladigan kun yo‘q, deydi”.
Alloh taolo hajingizni mabrur, sa’yingizni mashkur va gunohingizni mag‘fur qilsin!
Davron NURMUHAMMAD