Qur’oni karim va hadisi sharifda yomg‘ir suvi insonlarga va yer yuzidgai jamiki tirik mavjudotga shifobaxsh ne’mat ekani ta’kidlangan.
Qur’oni karimda Alloh taolo aytadi:
وَهُوَ الَّذِي أَرْسَلَ الرِّيَاحَ بُشْرًا بَيْنَ يَدَيْ رَحْمَتِهِ وَأَنزَلْنَا مِنَ السَّمَاءِ مَاءً طَهُورًا.
“U O‘z rahmati oldidan shamollarni xushxabar qilib yuborgan Zotdir. Va osmondan pok suv tushirdik” (Furqon surasining 48-oyati).
Yomg‘ir suvida cho‘milish sehr va ko‘zikkan odamga shifo bo‘ladi. Yomg‘ir suvining shaytonni haydashi Qur’oni karimning quyidagi oyatida bayon qilingan:
إِذْ يُغَشِّيكُمُ النُّعَاسَ أَمَنَةً مِّنْهُ وَيُنَزِّلُ عَلَيْكُم مِّنَ السَّمَاءِ مَاءً لِّيُطَهِّرَكُم بِهِ وَيُذْهِبَ عَنكُمْ رِجْزَ الشَّيْطَانِ وَلِيَرْبِطَ عَلَى قُلُوبِكُمْ وَيُثَبِّتَ بِهِ الْأَقْدَامَ.
“Uning tarafidan xotirjamlik uchun sizlarni mudroq bostirgani, ustingizga osmondan suv (yomg‘ir) tushirib, u bilan sizlarni poklash, shaytonning vasvasasini sizlardan daf etish, dillaringizga (o‘zaro) aloqa paydo qilish va u bilan qadamlaringizni sobit (mustahkam) qilishni iroda etganini eslangiz! (Anfol surasining 11-oyati).
Shubhasiz, sehr va ko‘z tegishi shaytonning iflos ishlaridan biridir. Yomg‘ir suvi ana shu nopoklikdan bemor bo‘lib qolgan kishining shifo topishiga yordam beradi. Qur’oni karimda aytiladi:
خَلَقَ السَّمَاوَاتِ بِغَيْرِ عَمَدٍ تَرَوْنَهَا وَأَلْقَى فِي الْأَرْضِ رَوَاسِيَ أَن تَمِيدَ بِكُمْ وَبَثَّ فِيهَا مِن كُلِّ دَابَّةٍ وَأَنزَلْنَا مِنَ السَّمَاءِ مَاءً فَأَنبَتْنَا فِيهَا مِن كُلِّ زَوْجٍ كَرِيمٍ
“U, siz ko‘rib turganingizdek, osmonlarni ustunsiz yaratgan, sizlarni tebratmasligi uchun yer yuziga og‘ir tog‘larni tashlagan va (yer)da har turli jonivorlarni taratib qo‘ygan zotdir. Va osmondan suv tushirib, u bilan unda (yer yuzi) turli go‘zal va foydali juftlarni o‘stirib qo‘ydik. (Oyatda «o‘simliklarni o‘stirib qo‘ydik», deyilmasdan, «karamli (go‘zal va foydali) juftlarni o‘stirib qo‘ydik», deb aytilmoqda. Bu yerda, avvalo, o‘simliklardagi go‘zallik va foydaga ishora qilinyapti, qolaversa, ular juft bo‘lishi ham bildirib qo‘yilyapti. Allohning kitobida o‘n besh asr ilgari zikr etilgan bu haqiqatga ilm yaqindagina yetdi. Har bir o‘simlikda erkak va urg‘ochi xo‘jayralar bo‘lib, ular bir-biri bilan chatishgandagina meva hosil bo‘lishi endi tushunib yetildi. O‘simliklarni bunday qilib yaratishga faqat Alloh qodirdir)” (Luqmon surasining 10-oyati).
Muhammad sollallohu alayhi vsallamning sunnatlariga muvofiq yomg‘ir yoqqan vaqtda bajariladigan qator amallar bor:
اللَّهُمَّ صَيِّبًا نَافِعًا.
“Yo Alloh, bu yomg‘irni bizga foydali qil”.
Imom Buxoriy rahmatullohu alayh rivoyat qilgan hadisda Oisha onamiz roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har safar yomg‘ir yoqqan vaqtda ushbu duoni o‘qiganlarini aytganlar.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurida ekanimizda yomg‘ir yog‘ib bizni shalobbo qilib yubordi. u zot hatto yomg‘ir suvi yaxshiroq tegsin deya yelkalarini ochdilar. Nega bundan qilganlarining sababini so‘raganimizda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday javob berdilar: “Negaki, u (yomg‘ir) Alloh taologa yuzlanib qilingan iltijoga javob bo‘ladigan joyga yaqindir” (Imom Muslim rivoyati).
Mufassir olim Abu Abbos al-Qurtubiy: “Alloh taolodan Rasuliga tushgan narsalardan yomg‘irni u inoyat va shifo o‘laroq qabul etdi, Buyuk Yaratuvchi yomg‘irni poklovchi, rahm-shafqat va inoyat manbai hamda uni barcha g‘am-qayg‘ularni bartaraf etishga sababchi qildi. Bundan ayon bo‘ladiki, biz yomg‘irni hurmat qilishimiz va unga ehtiyotkorona tarzda munosabatda bo‘lmog‘imiz kerakligi ayon bo‘ladi.
Yomg‘ir yog‘ib turgan vaqt bu – Rabbimiz tushirgan inoyat vaqti va Alloh taologa qaysi makonda ko‘pchilik e’tiqod qilsa va ko‘p ibodat qilinsa, o‘sha yurtga muloyim yomg‘irlar yog‘adi. Hadisi sharifda: “Alloh taolo ikki holatda qilingan duoni qaytarmaydi: yomg‘ir yog‘ishidan oldin chaqmoq chaqqan vaqtda va namozga azon chaqirilgan choqda”, deya marhamat qilingan (Al-Hakim, At-Tabaroniy).
اللهم حوالينا ولا علينا، اللهم على الآكام والضراب وبطون الأودية ومنابت الشجر.
«Yo Alloh, yomg‘irni atrofimizga yog‘dir va ziyonimizga yog‘dirma. Tepaliklarga, tog‘larga, baland yerlarga va yaylovlarga yog‘dir”.
مطرنا بفضل الله ورحمته.
“Biz Alloh taoloning fazlu marhamati ila yomg‘ir bilan mukofotlandik” (Imom Buxoriy rivoyati).
Robiya JO‘RAQULOVA tayyorladi.
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalari orqali islom madaniyati va Qur’on ilmining turli davrlardagi rivojlanish bosqichlari haqida chuqur tasavvur olish imkoniyatiga ega bo‘lish mumkin. Shuningdek, Qur’on matnlari qanday saqlanib qolgani haqida ham ma’lumotlar taqdim etilishi kutilyapti.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi megaloyiha — Islom sivilizatsiyasi markazining ekspozitsiyalarini shakllantirishda kontentlarni zamonaviy texnologiyalar asosida tayyorlash bosh vazifa sifatida belgilangan.
Ana shu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Markazning maxsus shtabida Qur’on zali ekspozitsiyasi bo‘yicha yakuniy taklif va xulosalar muhokama qilindi. Unda ekspozitsiyani mazmunan boyitish, noyob qo‘lyozmalarni tanlab joylashtirish, ularni zamonaviy texnologiyalar asosida keng ommaga taqdim etish kabi masalalar muhokama qilindi.
Zalda 114 ta noyob Qur’on qo‘lyozmasi to‘plangan bo‘lib, bu yurtimizda Qur’onga bo‘lgan hurmat va e’tiborni namoyon etadi. Qo‘lyozmalar orasida juda qadimiy va nodir nusxalar ham mavjud. Jumladan:
- “Katta Langar Qur’oni” — bugungi kunda juda kam sonli nusxalari saqlanib qolgan, ilk islomiy qo‘lyozmalardan biri;
- Hazrati Usmon Qur’oni — Qur’onning ilk nashrlaridan biri bo‘lib, islom olamida muqaddas manba sifatida e’tirof etiladi.
Shuningdek, boshqa davrlarga oid ko‘plab arab grafikasida yozilgan, bezakli, noyob qo‘lyozmalar namoyish qilinadi. Bu qo‘lyozmalar tarixiy va diniy ahamiyatga ega bo‘lib, ularni o‘rganish orqali islom madaniyati va Qur’on ilmining turli davrlardagi rivojlanish bosqichlari haqida chuqur tasavvurga ega bo‘lish mumkin.
Muhokamada Qur’on zalini tashkil etishda zamonaviy uslublarni qo‘llash, ya’ni nafaqat kitoblarni saqlash, balki ularni interaktiv va tushunarli shaklda taqdim etish masalalari muhim o‘rin tutdi. Jumladan, quyidagi texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilmoqda:
interaktiv ekranlar – har bir qo‘lyozmaning sahifalarini yaqinlashtirib, harflari va bezaklarini ko‘rib chiqish imkoniyati;
audiogidlar (ovozli yo‘lboshchilar) – har bir eksponat haqida o‘zbek, arab, ingliz tillarida ma’lumotlar tinglash imkoniyati;
virtual ekspozitsiyalar – internet orqali Qur’on zalini masofadan turib tomosha qilish imkoniyati;
Zamonaviy yoritish va namoyish texnikasi – qo‘lyozmalarni zarar yetkazmasdan ko‘rsatish imkonini beradi.
Bu usullar orqali tashrif buyuruvchilar har bir Qur’on nusxasining tarixi, yozilgan davri, geografiyasi va san’at darajasi haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishadi.
Mazkur zal faqat ko‘rgazma emas, balki ilmiy tadqiqotlar olib boriladigan markaz ham bo‘ladi. Bu yerda sharqshunoslar, tarixchilar, filologlar, hattotlar va diniy olimlar uchun bebaho manbalar taqdim etiladi.
Hamidulla Lutfullayev, Sharqshunoslik instituti Tarixiy manbalar bo‘limi boshlig‘i, olim:
– Qur’oni karimning dastlabki davrlariga oid, ayniqsa Hazrati Usmon davrida yozilgan yettita qo‘lyozma nusxasi aniqlangan. Ekspozitsiyadan joy olishi kutilayotgan bu manbalar bizga Qur’on matni qanday saqlanib qolganini ko‘rsatadi va o‘rganishimizga zamin yaratadi. Qur’on zali yosh avlod, xorijiy mehmonlar, tadqiqotchilar va ziyoratchilar uchun diniy, madaniy va ilmiy boylikni bir joyda ko‘rish imkonini beradi.
Mazkur loyiha orqali O‘zbekiston musulmon olamida yana bir bor ilm, ma’naviyat va bag‘rikenglik markazi sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlashi kutilmoqda. Qur’on zali esa bu yo‘ldagi muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qiladi.
cisc.uz