Alloh taolo behisob ne’matlar bergan. Bizdan bu ne’matlarni dunyo va oxirat hayoti uchun foydali bo‘lgan yo‘lda ishlatish talab etiladi. Ularni isrof qilish, behuda narsalarga sarflash qattiq qoralanadi. Alloh har bir ishda me’yorga rioya qilishga va haddan oshmaslikka buyuradi: «Shuningdek, yeb-ichingiz, (lekin) isrof qilmangiz! Zero, U isrof qiluvchilarni sevmagay» (A’rof surasi, 31-oyat).
Isrofning bir qancha turlari mavjud. Xususan, “bu davlatniki” yoki “pulini to‘lab qo‘yganman” degan noto‘g‘ri tushuncha bilan uyimizda gaz, elektr toki va suv kabi umumiy iste’mol vositalarini keragidan ortiqcha sarflash, bir dona gugurt cho‘pini ishlatmaslik uchun kun bo‘yi gaz plitasidagi gazni o‘chirmaslik va hokazolar isrofning keng tarqalgan turidir. Axir bu bilan qaysidir birodarimizning haqini suiste’mol qilyapganimizni yoki bu Vatan barchamizniki ekanini esdan chiqarib qo‘ymoqdamiz.
Isrofning katta-kichigi bo‘lmaydi. Axir, hamma narsaning uvoli bor. Xalqimiz “nimani xor qilsang, o‘shanga muhtoj bo‘lasan”, deydi. Isrof o‘rniga yon-atrofdagi nochor yashayotgan oilaning kam-ko‘stiga ko‘maklashish, o‘qish uchun to‘lov pulini to‘lolmayotgan talabaga yordamlashish, uylanish uchun mablag‘ topa olmay yurgan yoshlarning mushkulini oson qilish, qarzini to‘lolmay turgan qarzdorga ko‘maklashish mumkin-ku!
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ahli solih hidoyat, go‘zal ko‘rinish va iqtisodli bo‘lish payg‘ambarlikning yetmish juzidan bir juzdir”, dedilar (Imom Termiziy, Imom Abu Dovud rivoyati).
Tejamkor bo‘lish, isrof qilmaslik, har bir narsani o‘z o‘rnida, me’yorida tasarruf qilish, keragidan ortiq, behudaga sarflamaslik payg‘ambarlikning yetmish bo‘lagidan bir bo‘lak ekan. Buni har bir mo‘min-musulmon, erkagu ayol, yoshu qari yaxshi o‘zlashtirib, hayotiga tatbiq qilmog‘i kerak. Zero, tejamkorlik avvalo kishining o‘ziga ko‘plab manfaatlar keltiradi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Tejamkor odam hech qachon qashshoqlik ko‘rmaydi”, deganlar (Imom Ahmad rivoyati).
Muhammad ibn Hanafiy aytadilar: “Kamolot uch narsadadir: Iffatli bo‘lish; qiyinchiliklarga sabr qilish hamda maishatda tejamkor va go‘zal tadbirli bo‘lish”.
Shu bilan birga umumxalq ehtiyojlari uchun foydalanayotgan gaz, xonalarimizni yorug‘ qilayotgan elektr toki, issiq va sovuq suvga to‘lovini o‘z vaqtida ado etish lozim. Chunki bu xizmatlarning haqini o‘z vaqtida to‘lamaslik o‘zganing haqiga xiyonat hisoblanadi. Binobarin, ushbu xizmatlarni qarzga olganmiz va uni vaqtida hisob-kitob qilib, to‘lash uchun javobgarmiz, shunday ekan to‘lovlarni ado etish har birimizning vazifamizdir. Afsuski, ba’zi kishilar hisoblash jihozlarini vaqtincha to‘xtatib turish, orqaga aylantirish kabi nomaqbul ishlarga qo‘l urishmoqda. Alloh taolo: «Mol (va boylik)laringizni o‘rtalaringizda botil (yo‘llar) bilan yemangiz!» (Baqara surasi, 188-oyat) deb bunday gunoh yo‘ldan qaytaradi. Zero, davlat mulkiga tajovuz qilish, uni o‘zlashtirish ham jinoyat, ham gunohdir.
Abdurahmon ibn Avf (roziyallohu anhu) mo‘minlarning amiri hazrat Umar (roziyallohu anhu)ning ziyoratiga keldi. Salom berib, biroz kutib turdi. Hazrat Umar (roziyallohu anhu) yonib turgan shamni o‘chirib, boshqasini yoqdi. Bu holat Abdurahmon ibn Avf (roziyallohu anhu)ning diqqatini tortdi. Shunda Umar (roziyallohu anhu)ga: “Yo Amirul mo‘minin oldingizda sham yonib turardi, nega uni o‘chirib, boshqasini yoqdingiz?” deb so‘radi.
Hazrat Umar (roziyallohu anhu) tabassum bilan: “Yo Abdurahmon o‘chirganim davlatning shami. Yoqqanim esa o‘zimning shaxsiy shamim. Davlat ishlari bilan mashg‘ul bo‘lsam birinchi shamni yoqaman. Hozir sen bilan suhbat qurib o‘tirganimda dalat shamini yoqish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Shuning uchun uni o‘chirib, o‘zimning shamimni yoqdim. Agar bunday qilmasam oxiratda Allohga qanday javob beraman”, dedi.
Halollik hamisha har bir inson uchun zaruriy fazilatdir. Kishining o‘zi va oilasi uchun foydalangan maishiy xizmatlarga to‘lovlarni o‘z vaqtida xolis ado etishi jamiyat oldidagi katta burchi va vazifasidir. Isrofning eng og‘ir gunohlardan ekanini his etib, hamma ishda tejamkor va tadbirli bo‘lish musulmon axloqining zarur shartlaridandir. Qanchalik halollik mezoniga amal qilsak, yurtimiz shuncha tinch va obod, farzandlarimiz odob-axloqli, insofli, diyonatli bo‘lib voyaga yetadi.
Abdurahmon ABDURAHMONOV
Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani
“Birlashgan” jome masjidi imom-xatibi
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatuhu
Bugun sizlarga 6 yoshli bir qizaloq haqida so‘zlab beraman. Qizaloqning ismi Tessi bo‘lib, u kambag‘al oilada yashardi. Uylarining birinchi qavatida dorixona joylashgan edi.
Qizaloq kunlarning birida ota-onasiga bildirmasdan shu dorixonaga bordi. Dorixonachi uzoq yil ko‘rishmagan chikagolik bir do‘sti bilan suhbat qurardi. Ular dorixonaga kirgan qizaloqni payqamay, gaplashishda davom etardilar. Oxiri Tessi stolni taqillatib, qo‘lidagi bir dollarni sotuvchining oldiga qo‘ydi-da: “Iltimos menga mo‘jiza berib yuboring” dedi.
Sotuvchi hayron bo‘lib: “Senga nima kerak qizaloq?” dedi.
Qizaloq: “Mana bir dollar, menga mo‘jiza kerak” dedi.
“Biz mo‘jiza sotmaymiz” dedi sotuvchi.
Qizaloq bu gapni eshitishi bilan yig‘lab yubordi. “Iltimos qilaman, menda yana 11 sent ham bor, menga mo‘jiza topib bering”.
Sotuvchi: “Menda sen izlayotgan narsa yo‘q. Kechirasiz, lekin men senga yordam berolmayman”, dedi.
Dorixonachining oldida turgan do‘sti tiz cho‘kib, qizaloqdan so‘radi: “Siz qanday mo‘jiza sotib olmoqchisiz?”.
“Ukam, ukam.... kasal. U yuqori qavatdagi uyimizda ahvoli og‘ir holatda yotibdi. Hozirgina shifoxonadan keldi. Lekin miyasidagi shishni davolab bo‘lmayapti. U o‘lib qoladi, ukam yashashi uchun menga mo‘jiza kerak” dedi jajji qizaloq ko‘zlari yoshga to‘lib.
Ha, qizcha mo‘jizani sotib olsa bo‘ladigan narsa deb o‘ylardi. Chunki u shifokorning ukasi og‘ir kasal ekani, buning uchun katta mablag‘ kerakligi haqida aytgan so‘zlarini eshitgandi. Shifokorning bu so‘zlaridan keyin Tessi ko‘zlari yoshga to‘lgan otasining umidsizlik bilan aytgan ushbu so‘zlarini ham eshitgandi: “Endi...endi o‘g‘limizni faqat mo‘jiza qutqara oladi”.
Shuning uchun qizaloqqa mo‘jiza juda zarur edi.
“Sizda necha pul bor?” deb so‘radi haligi chikagolik odam.
“Bir dollarim va yana o‘n bir sentim bor”, dedi Tessi.
“Qanday ham yaxshi, mening mo‘jizam uchun aynan shuncha kerak bo‘ladi” deb jilmaydi va jajji mushtiga pullarini qisib olgan qizchaning qo‘lidagi pulni olib, “Qani menga uyingni ko‘rsat-chi, ukangni ko‘rmoqchiman” dedi.
Ma’lum bo‘lishicha, bu odam taniqli neyroxirurg shifokor Karlton Armstrong ekan. U dunyodagi eng yaxshi neyroxirurglardan biri edi.
Shifokor qizaloq bilan birga uyga bordi va Tessining ukasini ko‘rib: “Men sizning farzandingizni mutlaqo bepulga davolayman”, dedi. Tessining oilasi bundan nihoyatda xursand bo‘lishdi. Mo‘jiza sodir bo‘layotganiga ishonishmasdi.
Shifokor Armstrong jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli amalga oshirdi va uning bu amaliyotda qo‘llagan uslubi butun dunyo tibbiyot maktablarida o‘rgatiladigan bo‘ldi.
Tez orada Tessining ukasi butunlay sog‘lom holda uyga qaytdi. “Sizning o‘z oyoqlaringiz bilan uyimizga kelib qolishingiz bu – haqiqiy mo‘jiza. Pulimiz ham yo‘q edi. Nahotki, bepulga shunday murakkab amaliyotni qilib bergan bo‘lsangiz”, dedi qizaloqning otasi. Bu gaplarni qizaloq Tessi eshitib qolib, yugurib keldi: “Yo‘q, kechirib qo‘yasiz hech bepul emas. Men bu mo‘jiza uchun 1 dollar va 11 sent to‘laganman”, dedi. Qizaloqning ota-onasi hayratlanib: “Yo‘g‘e, bu sening ishingmi?” deyishdi. Shifokor: “Ha, hammasiga shu jajji qizaloq sababchi”, dedi.
Ushbu hikoyadan o‘zimizga qanday foydalarni olishimiz mumkin:
Avvalo, yosh bolalarning beg‘uborligi, sof tabiat ekani. Bir narsaga shak-shubhasiz ishonishlari.
Ikkinchidan, Alloh taoloning rahmati kengligi.
Uchinchidan, agar bir narsaga chin qalbdan ishonsak va unga erishish uchun astoydil harakat qilsak, albatta mo‘jiza bizdan uzoq emasligiga guvoh bo‘lamiz.
Qissada guvohi bo‘lganingizdek, qizaloqning qat’iy ishonchi sababli Alloh taolo shifokorni yubordi. Natijada, qizaloqning ukasi tuzalib ketdi, mo‘jiza sodir bo‘ldi. Buning uchun bor yo‘g‘i 1 dollaru 11 sent sarflandi.
Davron NURMUHAMMAD