Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Iyun, 2025   |   11 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:36
Shom
19:57
Xufton
21:34
Bismillah
07 Iyun, 2025, 11 Zulhijja, 1446

Xulqning yomonligi iymon zaifligidan dalolatdir

21.02.2018   3777   6 min.
Xulqning yomonligi iymon zaifligidan dalolatdir

Iymon insonni yomonliklardan qaytaruvchi va yaxshiliklarga undovchi bo‘lgan Ilohiy bir quvvatdir. Shuning uchun ham Alloh bandalarini yaxshilikka chaqirishini va yomonlikdan qaytarishini ularning qalblarida joylashgan iymonlarining taqozosidir, deb O‘zining kitobida ularga «Ey mo‘minlar», deb muroja’at qilib, so‘ng ularga taklifotlarni aytadi. Masalan: «Ey mo‘minlar, Allohdan qo‘rqingiz va iymonlarida rostgo‘y bo‘lgan zotlar bilan birga bo‘lingiz». 

Payg‘ambar alayhissalom go‘zal xulq kuchli iymonga, yomon xulq esa iymon zaifligiga dalolat qilishini izohlab aytib o‘tganlar. 

Hech kimni pisand qilmay razil ishlarni qilib yuradigan xulqi bo‘zuq, uyatsiz odamni Rasululloh alayhissalom shunday sifatlaganlar: «Hayo va iymon bir- birlariga yaqindirlar. Agar ularning biri ketsa, ikkinchisi ham ketadi». 

Qo‘shnilariga zulm qilib yashagan kishini Rasululloh alayhissalom, mo‘min emas, deb e’lon qilganlar. «Allohga qasamki, u mo‘min emas, Allohga qasamki u mo‘min emas, deganlarida», sahobalar: «Kim u yo Rasululloh?», deb so‘radilar. Shunda Rasululloh alayhissalom: «Yomonliklari bilan qo‘shnilarini xotirjam qilmagan kimsa», deb javob berdilar. 

Rasululloh alayhissalom o‘zining sahobalariga behuda va lag‘vi gaplardan yuz o‘girish kerakligini ta’lim berib, ularga shunday der edilar: «Allohga va oxiratga iymon keltirgan kishi faqat yaxshilikni gapirsin, bo‘lmasa jim bo‘lsin».

Rasululloh s.a.v. Islom fazilatlarining natijalari yuzaga chiqqunicha chin iymonga suyanib Alloh risolasini insoniyatga yetkazib keldilar. 

To‘g‘ri, ba’zi bir o‘zlarini dindorlar deb hisob qilganlar farz ibodatlarini amalga oshirishlarida unga beparvolik bilan qaraydilar. Haq iymon va go‘zal xulqqa zid ishlarni qila turib, yana jamiyat orasida o‘zlarini haqiqiy dindor qilib ko‘rsatishga urinadilar. Rasululloh alayhissalom o‘z ummatlarini o‘shanday kimsalardan hazar qildirganlar, chunki inson ibodatlarning rohatini his qilmay, uning shakllarini taklif qilib ko‘rsatib berishga qodir. Shunday ekan insonlardagi fazilat mikdori va yurayotgan yo‘li qanchalar yorqinligi uning xulqiga bog‘liqdir.

Bu borada Rasululloh alayhissalomdan quyidagi hadis rivoyat qilingan: «Bir kishi payg‘ambarimiz alayhissalomga: «Ey Rasululloh, bir ayol menga o‘qiyotgan (nafl) namozi, tutayotgan (nafl) ro‘zasi va berayotgan sadaqalari ko‘pligini va lekin u qo‘shnilariga tili bilan ozor berib qo‘yishini aytdi», dedi. Shunda Rasululloh s.a.v.: «U ayol do‘zahda bo‘ladi», deb javob berdilar. So‘ng haligi kishi yana shunday dedi: «Ey Rasululloh alayhissalom, bir ayol o‘qiyotgan (nafl) namozi va tutayotgan (nafl) ro‘zasi ozligini va berayotgan sadaqasi esa faqat pishloqligini, lekin qo‘shnilariga umuman ozor bermasligini aytdi», dedi. Shunda Rasululloh alayhissalom: «U ayol jannatda bo‘ladi», dedilar.

Rasululloh s.a.v.ning ushbu bergan javoblariga e’tibor bersak unda go‘zal axloqni baholash hamda sadaqa berish manfaati boshqalarga ham yetishi mumkin bo‘lgan umumiy ibodat ekanligiga ishora bor.

Rasululloh o‘zlarining javoblarida axloqning iymonga va ibodatga bog‘liqligini aytib qo‘yish bilan birga, u axloq bu dunyo yaxshiligi va oxiratda esa do‘zax o‘tidan qutilishning asosiy garovi ekanligini belgilab berdilar. Albatta inson o‘z axloqini o‘nglashi bu muhim ishdir. Buning uchun esa insonga quyidagi narsalar zarurdir:

  1. Axloq, iymon va isloh bular uchalasi bir- birlaridan ajratilishi mumkin bo‘lmagan narsaligini inson bilishi.
  2. Shuni inson o‘z ongi va qalbiga jo qilishi.
  3. Insonga shu haqda har doim uzluksiz nasihat va ko‘rsatmalar berib turilishi. 

Bir kuni Rasululloh alayhissalom: «Muflis kim, uni bilasizlarmi?», deb sahobalariga savol berib qoldilar. «Muflis cho‘ntagida puli ham yo‘q odamdir», deb javob berishdi. Shunda u kishi aytdilar: «U muflis qiyomatga bu dunyoda namoz o‘qigan, ro‘za tutgan, zakot bergan bo‘lib, kimnidir so‘kkan, molini nohaq yegan, urgan, haqorat qilgan hamda konini to‘kkan bo‘lib boradi. Shunda Alloh o‘sha muflis va mazlumlar oralarida hisobot qilganida, ularga muflisning yaxshi amallaridan olib beriladi. Uning yaxshi amallari tamom bo‘lganida, endi mazlumlarning gunohlarini unga olib berilib hisobot qilinadi. Nihoyat muflisning savob amallari tugagach uni do‘zaxga uloqtiriladi». 

Ha, muflis shudir. Bu esa o‘zi ikki ming dinor qarzdor bo‘lib ming dinorlik savdo moli bor savdogarga o‘xshaydi. 

Bunday miskinni boy deb aytish mumkinmi? 

Ba’zan ibodat qilib, gunoh ishlarni esa doim qilib yurgan kishini taqvodor deb aytish ham mumkinmi? 

Rasululloh alayhissalom bu borada shunday deganlar: «Suv muzni eritib yuborgani kabi go‘zal xulq ham xatolarni yo‘q qilib yuboradi. Shuningdek sirka asalni fosid qilgani kabi, yomon xulq ham amalni fosid qiladi». 

Insonda razilliklar ko‘payib, uning zararlari oshkor bo‘lsa, inson dinidan chiqib ketadi. Mo‘minlikni da’vo qilishi ham yolg‘onga aylanadi. Go‘zal xulq bo‘lmasa dinning qanday kadr qimmati bo‘ladi? Allohning bandasi bo‘la turib nima uchun fosid ishlar qiladi? 

Iymonning kuchli axloqqa bog‘liq ekanligini Rasululloh alayhissalom quyidagicha tushuntirganlar: «Uchta narsa kimda bo‘lsa, u namoz o‘qisa ham, ro‘za tutsa ham, haj va umra qilsa ham, men musulmonlardanman desa ham u munofiqdir. U kishining yolg‘on gapirishi, va’daga xilof qilishi va omonatga xiyonat qilishidir».

 Yana boshqa rivoyatda shunday deganlar: «Kishi yolg‘on gapirsa, va’daga xilof, omonatga xiyonat qilsa, bu uning munofiqligiga alomatdir, garchi u namoz o‘qisa ham, ro‘za tutsa ham va o‘zini musulmon hisoblasa ham». 

Rasululloh bu borada yana shunday deganlar: «Insonda to‘rt xislat bo‘lsa u aniq munofiqdir. Agar to‘rt xislatning bittasi bo‘lsa ham uni tark qilmaguncha u insonda munofiqlikning bir xislati qoladi. U to‘rt xislat: insonning omonatga xiyonat qilishi, yolg‘on gapirishi va va’daga xilof qilishi». (Hadisda to‘rtinchi xislat zikr qilinmagan. M.G‘azzoliy). 

“Fazilatlar kitobi”dan olindi 

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muazzam kunlar og‘ushidamiz

05.06.2025   6947   4 min.
Muazzam kunlar og‘ushidamiz

Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.


Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.


Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.


Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan  ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.


Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!


Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.


Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.


Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni,  yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.


Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.


Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.


Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.

Xolmurod MAMAJONOV,

Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi

O'zbekiston yangiliklari