frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Qur’on karimda zikr etilgan 26 ta jonzot

21.02.2018   38679   5 min.
Qur’on karimda zikr etilgan 26 ta jonzot
  • Hudhud. U qushlarni ko‘zdan kechirib: «Nega men hudhudni ko‘rmayapman, balki u (beruxsat) g‘oyib bo‘luvchilardandir?! (Naml surasi, 20-oyat).
  • Bedana. Alloh dedi: «Ey, Isroil avlodi! Biz sizlarga dushmaningizdan najot berdik va sizlarga (Musoga Tavrot nozil qilish uchun) Tur (tog‘i)ning o‘ng tomonini va’dalashdik va sizlarga shirinlik va bedanalar yog‘dirdik (Toho surasi, 80-oyat)
  • Qarg‘a. Shundan so‘ng, Alloh unga birodari murdasini qanday ko‘mishni ko‘rsatish uchun yerni kavlovchi bir qarg‘ani yubordi. «Holimga voy! Nahot shu qarg‘achalik bo‘lishdan ojiz bo‘lsam? (Men ham) birodarim jasadini (tuproqqa) ko‘ma qolay», – dedi. Shunday qilib (u) pushaymon qiluvchilardan bo‘lib qoldi (Naml surasi, 31-oyat).
  • Asalari. (Ey, Muhammad!) Rabbingiz asalarilarga vahiy (bo‘yruq) qildi: «Tog‘larga, daraxtlarga va (odamlar) barpo qiladigan narsalarga in quringiz (Nahl surasi, 68-oyat).
  • Ko‘rshapalak. U kuni odamlar to‘zitib yuborilgan ko‘rshapalaklar kabi bo‘lurlar (Qoria surasi, 4-oyat).
  • Chivin. Alloh chivin, balki undan ham «yuqori» narsalar haqida zarbulmasal aytishdan uyalmaydi. Imonli kishilar-ku, uni (masalni) haqiqatan o‘zlarining Rabbi tomonidan (yuborilgan) haq narsa deb biladilar (Baqara surasi, 26-oyat-oyat).
  • Pashsha. Ey, insonlar! (Sizlarga) zarbulmasal qilindi. Bas, unga quloq tutingiz! Aniqki, sizlar Allohni qo‘yib, sig‘inayotgan narsalaringizning barchasi birlashganda ham, bir pashshani yarata olmaslar, agar pashsha ulardan biror narsani tortib olsa, uni undan ayirib ololmaslar. Talab qiluvchi ham, talab etiluvchi (butlar) ham zaiflik qilurlar (Haj surasi, 73-oyat).
  • Chigirtka. (Ular) ko‘zlari (qo‘rquvdan) quyiga boqqan hollarida, go‘yo to‘zigan chigirtkalar kabi qabrlaridan chiqib kelurlar (Qamar surasi, 7-oyat).
  • Bit va baqa. Shundan keyin ular ustiga to‘fon, chigirtka, bit, baqalar va qon (balolari)ni aniq mo‘jizalar sifatida yubordik. (Shundan) so‘ng (ham ular) kibr qildilar. (Ular oldindan) jinoyatchilar qavmi edi (A’rof surasi, 133-oyat).
  • Chumoli. To ular chumolilar vodiysiga yetganlarida, bir chumoli: «Ey, chumolilar! Uyalaringizga kiringiz, yana Sulaymon va uning lashkarlari o‘zlari sezmagan hollarida sizlarni ezib ketmasinlar!» – dedi (Naml surasi, 18-oyat)
  • O‘rgimchak. Allohdan o‘zgalarni do‘st tutgan kimsalarning misoli xuddi in qurib olgan o‘rgimchakka o‘xshaydi. Zotan, inlarning eng nimjoni, albatta, o‘rgimchak inidir, agar bilsalar (Ankabut surasi, 41-oyat).
  • Nahang baliq. Bas, malomatga qolgan holida uni bir nahang baliq yutib yubordi. Bas, agar u (Allohga doimo) tasbeh aytuvchilardan bo‘lmaganida, albatta, u (baliq) qornida, to (odamlar) qayta tiriladigan kunlarigacha (qiyomatgacha), qolib ketgan bo‘lur edi (Soffot surasi, 142-144-oyat).
  • Qo‘y. (Ularning biri dedi:) «Darvoqe, mana bu mening birodarim, uning to‘qson to‘qqiz sovliq qo‘yi bor, mening esa birgina sovlig‘im bordir. Bas, u: «O‘shani ham menga topshirgin!» – dedi va meni bahsda yengib qo‘ydi» (Sod surasi, 23-oyat).
  • Echki. Sakkiz juft (hayvonlar) – qo‘ydan ikki (jins) va echkidan (ikki jins)ni (yaratdi) (A’nom surasi, 143-oyat).
  • Sigir. Eslang, Muso o‘z qavmiga: «Alloh sizlarni (biror) sigir so‘yishga buyurdi», – deganida, ular: «Bizni istehzoga tutyapsanmi?» – dedilar. (Muso) dedi: «Johillardan bo‘lib qolishimdan meni Alloh asrasin!» (Baqara surasi, 67-oyat).
  • Tuya. Axir, ular tuyalarga qarab, qanday yaratilganiga (G‘oshiya surasi, 17-oyat).
  • Ot. Qasamyod etaman pishqirib chopadigan, (chopganda tuyoqlaridan) chaqmoq chaqnatadigan, tong paytida (yov sari) bostirib boradigan, bas, o‘sha paytda (ortida) chang qoldiradigan, shu (chang) bilan (dushman) jamoasining o‘rtasiga kirib boradigan (ot)lar bilanki, haqiqatan, (kofir bo‘lgan) inson Parvardigori (ato etgan ne’matlar)ga noshukurdir! (Odiyot surasi, 1-6-oyat).
  • Xachir va eshak. U yana minishingiz uchun va ziynat sifatida otlar, xachirlar va eshaklarni (yaratdi). Yana, sizlar (hali) bilmaydigan narsalarni ham yaratur (Nahl surasi, 8-oyat).
  • Cho‘chqa. U sizlarga o‘limtik, qon, cho‘chqa go‘shti va Allohdan o‘zgaga atab so‘yilgan narsalarni (iste’mol qilishni qat’iy) harom qildi. Ammo, zulmkor va tajovuzkor bo‘lmagan holda, zaruratan, majbur bo‘lsa (ochlik tangligi yuzasidan tanovul  qilsa), unga gunoh yo‘qdir. Darhaqiqat, Alloh kechirimli va rahmlidir (Baqara surasi, 173-oyat).
  • Fil. (Ey, Muhammad!) Rabbingiz «fil egalari»ni ne qilganini ko‘rmadingizmi? (Fil surasi, 1-oyat).
  • Bo‘ri. (Ya’qub) dedi: «Uni olib ketishingiz meni juda tashvishlantirayapti, sizlar undan g‘aflatda bo‘lgan chog‘ingizda (nogoh) uni bo‘ri yeb ketishidan qo‘rqaman» (Yusuf surasi, 13-oyat).
  • It. Uxloq bo‘lsalar-da, (ko‘zlari ochiq bo‘lgani uchun) ularni uyg‘oq, deb o‘ylaysan. Biz ularni (chirib ketmasligi uchun) o‘ng tomon, so‘l tomonga aylantirib turarmiz. Ularning iti esa, ostonada ikki old oyoqlarini uzatib yotur. Agar ularni ko‘rib qolsangiz, dahshatga tushib, ulardan yuz o‘girib qochib ketgan bo‘lur edingiz (Kahf surasi, 18-oyat).
  • Maymun. Shanba (kuni)da sizlardan tajovuz qilganlarni bildingiz. Biz ularga: «Qadrsiz maymunlarga aylaningiz!», – dedik (Baqara surasi, 65-oyat).
  • Ajdaho. (Muso) asosini tashlagan edi, birdaniga u chin ajdahoga aylandi (Shuaro surasi, 32-oyat).

 

Davron NURMUHAMMAD to‘pladi

O‘MI Matbuot xizmati

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Marg‘ilonning uch muqaddas qadamjosi

14.08.2026   38   3 min.
Marg‘ilonning uch muqaddas qadamjosi

Marg‘ilon – Farg‘ona vodiysining eng qadimiy va o‘ziga xos shaharlaridan biri. Uning tarixini faqat me’moriy obidalar, qadimiy ko‘chalar yoki mashhur hunarmandchilik an’analari bilangina emas, balki asrlar davomida xalq e’zozida bo‘lib kelayotgan ziyoratgohlarsiz ham tasavvur etib bo‘lmaydi, xabar bermoqda O‘zA.

Shahardagi Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozor ana shunday tarixiy-ma’naviy maskanlar sirasiga kiradi. Ularning har biri o‘z tarixi, rivoyatlari va xalq xotirasidagi o‘ziga xos o‘rniga ega.

Marg‘ilonning qadimiy ziyoratgohlaridan biri Pir Siddiq majmuasidir. Xalq orasida bu qadamjo bilan bog‘liq turli rivoyatlar avloddan-avlodga o‘tib kelgan. Ziyoratgoh Pir Siddiq nomi bilan bog‘liq bo‘lib, “siddiq” so‘zi arab tilida haqgo‘y, rostgo‘y, haqiqatga sodiq inson ma’nolarini anglatadi. Shu jihatdan ziyoratgoh nomi ham xalq tasavvurida ezgulik, iymon va rostgo‘ylik kabi fazilatlar bilan uyg‘unlashib ketgan. Majmuadagi me’moriy yechimlar, ayniqsa, gumbazli inshootlar va qadimiy qabrlar Marg‘ilonning o‘tmishdagi shaharsozlik va me’morchilik an’analaridan darak beradi.

Pir Siddiq ziyoratgohi nafaqat ziyorat maskani, balki Marg‘ilonning tarixiy xotirasini o‘zida mujassam etgan qadamjolardan biri sifatida ahamiyatlidir. Marg‘ilon tarixi buyuk alloma Burhoniddin Marg‘inoniy nomi bilan chambarchas bog‘liq. XII asrda yashab ijod qilgan alloma islom huquqshunosligi, xususan, hanafiy fiqhi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan. Uning butun islom olamida mashhur bo‘lgan “Hidoya” asari asrlar davomida muhim huquqiy manba sifatida qadrlanib kelgan.

Marg‘ilonda alloma nomi bilan bog‘liq Chillaxona ham xalqning ma’naviy xotirasida alohida o‘rin tutadi. “Chillaxona” atamasi odatda insonning ma’lum muddat xilvatda qolib, tafakkur, ibodat va ruhiy tarbiya bilan mashg‘ul bo‘ladigan joyini anglatadi. Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi bilan bog‘liq rivoyatlar ham allomaning ilm yo‘lidagi mashaqqatli izlanishlari va ma’naviy kamolotini tasavvur qilishga yordam beradi. Bu maskanni faqat ziyoratgoh sifatida emas, balki buyuk allomaning ilmiy-ma’naviy merosini anglashga xizmat qiluvchi tarixiy xotira joyi sifatida ham baholash mumkin.

Marg‘ilondagi yana bir o‘ziga xos maskan – Kaptarli mozor. Uning nomi bilan bog‘liq xalq rivoyatlari turlicha. Ayrim hikoyalarda bu joyda kaptarlar ko‘p bo‘lgani, shu sababli mozor “Kaptarli” deb atalgani aytiladi. Kaptar esa xalq tasavvurida tinchlik, poklik va ezgulik ramzi sifatida qabul qilinadi. Kaptarli mozor haqidagi ma’lumotlarni ilmiy jihatdan chuqur o‘rganish Marg‘ilonning mahalliy tarixini yanada boyitishga xizmat qiladi. Buning uchun arxiv hujjatlari, qadimiy xaritalar, qabrtoshlaridagi yozuvlar, vaqf hujjatlari va xalq orasida saqlanib kelayotgan og‘zaki tarix namunalarini tadqiq etish muhim. Zero, xalq xotirasida asrlar davomida saqlanib kelayotgan rivoyatlar ham tarixiy-etnografik tadqiqotlar uchun qimmatli manba bo‘lishi mumkin.

Uch qadamjo – bir tarix. Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozorni birlashtirib turgan asosiy jihat ularning Marg‘ilonning ma’naviy qiyofasini shakllantirishdagi o‘rnidir. Bu qadamjolar xalqning ajdodlarga hurmat, muqaddas joylarni asrash, ezgulik va ma’rifatni qadrlash kabi an’analarini o‘zida mujassam etadi.

Ularning har biri Marg‘ilon tarixining turli qirralarini namoyon etadi: Pir Siddiq – diniy-ma’naviy merosni, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi – ilm va tafakkur an’analarini, Kaptarli mozor esa xalq xotirasi va mahalliy rivoyatlarning uzviyligini ifodalaydi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari