Hurmatli yurtdoshlar! Muslim. uz portali jamoasi tomonidan hayurtlarimizning Umra ibodatlari onlayn olib beriladi. Sizga ma’lumki, oldinroq umra amallarini ado etish uchun Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketgan ziyoratchilarimiz ibodatlarini davom ettirishayotgani haqida xabar bergan edik.
Mana shunday ulug‘ safarda muslim.uz saytining bir guruh ijodkorlari ham yurtdoshlarimiz ibodatlarini yoritishda jonbozlik ko‘rsatishmoqda. Shu kunga qadar to‘rtta to‘g‘ridan to‘g‘ri efir amalga oshirildi.
Ertaga ijodkorlarimiz, Makkai mukarrama shahridagi Arafot, Mino, Muzdalifa, Jamarot vodiylari hamda Savr, Nur tog‘larini, Hiro g‘orini ziyorat qilish jarayonlaridan lavhalarni onlayn efirga uzatishga harakat qilishadi.
Shunday ekan azizlar, ertaga 21 fevral kuni muslim.uz sayti va uning ijtimoiy tarmoqlarini kuzatsangiz, umrachilarimizning tabarruk joylardagi ziyoratlaridan siz ham baharamand bo‘lasiz degan umiddamiz, inshoolloh.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Savol: Men haydovchilik qilaman. Ba’zilar menga ma’lum miqdorda pul berib, uni boshqa shahardagi odamga yetkazishimni so‘rashadi. Shu puldan avval o‘zim foyda ko‘rib, so‘ng aytilgan odamga to‘liq qilib yetkazsam bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, bu ish joiz emas. Chunki bu omonatga xiyonat qilish hisoblanadi. Omonatga olingan puldan faqat egasi rozi bo‘lsagina ishlatish mumkin. Ammo egasi rozi bo‘lmasa, yoki egasiga bildirmay ishlatilsa, bu xiyonat sanaladi. Omonatga xiyonat qilish esa, katta gunoh va munofiqning belgilaridan biridir. Bu haqda faqih Nizomiddin Shoshiy rahimahulloh shunday zikr qiladilar:
“Omonatdor, vakil va g‘osib (birovning molini zo‘rlik bilan olgan kimsa)lar molning ayni o‘zini o‘zlarida olib qolib, uning mislini (qiymatini) to‘lashlari mumkin emasdir” (“Kitabul-xamsiyn” kitobi).
Shuningdek, alloma Ibn Nujaym rohimahulloh shunday naql qiladilar: “Omonatga olingan buyum boshqa kishiga na omonatga beriladi, na qarzga (bepul foydalanish uchun) beriladi, na ijaraga beriladi va na garovga qo‘yiladi. Agar omonatdor ulardan birortasini qilsa, javobgar bo‘ladi” (“Al-Bahrur-roiq” kitobi).
Xulosa qilib aytganda, haydovchilarning yuqoridagi birovning omonatidan beruxsat foydalanishlari va undan daromad ko‘rishlari shar’an joiz emasdir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.