Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Mart, 2025   |   12 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:22
Quyosh
06:40
Peshin
12:38
Asr
16:40
Shom
18:29
Xufton
19:42
Bismillah
12 Mart, 2025, 12 Ramazon, 1446

O‘zbekistonda o‘tgan yili yaqin qarindoshlar o‘rtasida 200 ga yaqin qotillik sodir etildi

20.02.2018   3426   5 min.
O‘zbekistonda o‘tgan yili yaqin qarindoshlar o‘rtasida 200 ga yaqin qotillik sodir etildi

2017 yilda oilaviy kelishmovchiliklar sababli yaqin qarindoshlar bir-biriga nisbatan sodir etgan qotilliklar soni 200 ga yaqin bo‘ldi. Bu haqda Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov O‘zA muxbiri bilan suhbatida ma’lum qildi.

Ushbu jinoyatlarning 62 tasi er xotiniga, 10 tasi xotin eriga, 119 tasi esa yaqin qarindoshlar tomonidan bir-birlariga nisbatan sodir etilgan. Bunday noxushliklar asosan Samarqand viloyati (27), Toshkent shahri (24), Toshkent (22) va Farg‘ona (21) viloyatlarida ko‘proq uchradi.

Har qanday jinoyat sodir bo‘lishi tashvishlanarli, biroq bu jarayonda xotin-qizlar, voyaga yetmaganlar uchrayotgani yanada ayanchli holat.

Masalan, ro‘yxatga olingan jinoyatlarning 9,5 mingdan ortig‘i xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan. Farg‘onada 1625, Toshkent shahrida 1592, Toshkent viloyatida 1402, Samarqandda 1066, Andijonda 972 va Namanganda 751 nafar ayol jinoyatga qo‘l urgan.

Joylarda uyushmagan, tarbiyasi og‘ir, ish va o‘qishga joylashmagan yoshlar 26579 ta jinoyat sodir qilgan. Maktab o‘quvchilari, akademik litseylar va kasb-hunar kolleji o‘quvchilari tomonidan 1,5 mingdan ziyod jinoyat sodir etilgan.

Voyaga yetmaganlar tomonidan 1430 ta jinoyat, shundan, 778 ta o‘g‘rilik, 79 ta bezorilik, 77 ta talonchilik, 45 ta badanga og‘ir tan jarohati yetkazish, 42 ta bosqinchilik va 29 ta firibgarlik holati qayd etilgan.

O‘zA xabari

Bu – jamiyatimizni nihoyatda tashvishga soladigan holat. Mo‘min-musulmonlar har doim tinchlik va xotirjamlikda yashashni bir-biriga xayrixoh va duogo‘y bo‘lib hayot kechirishni dasturulamal bilganlar. Ayniqsa, qarindosh-urug‘lar o‘rtasida silai rahmga e’tibor qaratilgan bo‘lsa, er-xotinlik masalasida ularning o‘rtasida muhabbat bo‘lishiga, agar muhabbati u darajada bo‘lmasa, er-xotin farzandlarining kamolini o‘ylab, elning oldida ularning boshi egilib qolmasin, degan andeshada shariatimiz ko‘rsatmalariga muvofiq bir-birining haqlarini ado etib yashab yuravergan. Lekin biri ikkinchisiga pichoq o‘qtalish darajasiga borishi shu vaqtga qadar tasavvurga ham sig‘maydigan holat edi. Zotan, Qur’oni karimda: “Biror jonni o‘ldirmagan yoki Yerda (buzg‘unchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarini qilmagan insonni o‘ldirgan odam xuddi hamma odamlarni o‘ldirgan kabidir. Unga hayot baxsh etgan (o‘limdan qutqarib qolgan) odam esa barcha odamlarni tiriltirgan kabidir”, deyilgan (Moida, 32-oyat).

Yana bir oyati karimada Alloh taolo aytadi:  “Alloh taqiqlagan jonni nohaq qatl qilmangiz! Aql yuritishingiz uchun (Allohning) hukm qilgani shu(lar)dir” (An’om surasi, 151-oyat).

Alloh taolo oyati karimalarida odam o‘ldirishning nihoyatda og‘ir gunoh ekanini uqtirishi barobarida, Payg‘ambar alayhissalom ham ko‘plab hadisi shariflarida qotillikning mudhish jinoyat ekanini bildirib, bu ishga qo‘l urgan kishi benihoya shiddatli azobga uchrashini ta’kidlab aytganlar. Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:

“Alloh taolo barcha gunohlarni kechirishi mumkin, biroq Allohga shirk keltirgan holda o‘lgan kishini va bir mo‘minni qasdan o‘ldirgan mo‘minning gunohini kechirmaydi”  (Abu Dovud va Nasoiy rivoyat qilganlar).

Ushbu ogohlantirish mana bu hadis bilan yanada quvvatlangan:  “Agar osmon va yer ahllarining barchalari bir mo‘minning qonini (to‘kish)da ishtirok etsalar, batahqiq Alloh taolo ularning barchalarini do‘zax oloviga yuzlari bilan uloqtiradi” (Imom Termiziy rivoyati).

Oilaviy qotilliklar Toshkent shahri, Toshkent, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarda ko‘p uchraganining sabablaridan biri, bu shaharlarda aholi gavjumligi va turli millat vakillarining aralash yashashidir. Chunki bunday hududlarda  ko‘pchilik bir-birini tanimaydi va ayniqsa, ko‘p qavatli uylarda yashovchilar o‘rtasidagi qo‘shnichilik aloqalari unchalik yaqin bo‘lmaydi.

Mana, bugun samarqandlik bir erkak xotinini o‘ldirib qo‘ygani haqida xabar tarqaldi. Nega? Chunki  odamlarning asabi chatoq. Millaiy tarbiyamizga yot, ishqiy sarguzashtlarga boy, personajlari bag‘oyat tajang va axloqsiz seriallarni muntazam tomosha qilish ham insonning asabiga ta’sir qiladi va u ham serial qahramonlariga o‘xshab qotillikka, behayolikka moyil bo‘lib qoladi. Serial muxlislaridan “Buning nimasini ko‘ryapsiz?” deb so‘rasangiz, “Shunchaki...”  deb javob beradi. Ammo shuni ham unutmaslik kerakki, ularning ahvoli balchiqqa tushib top-toza chiqaman deb o‘ylagan nodon kishiniki kabidir.

Aka-ukaning, er-xotinining yoki xotin erining yoxud qo‘shni qo‘shnisining joniga qasd qilishni o‘ylashining o‘zi gunohi kabira hamda o‘ta johillikdir. O‘zi odamlar shundoq ham bu dunyoda bitta sabab bilan yashab yuradi. O‘shagina sababdan ham uni mosuvo qilishga urinish Rabbimizning istagiga qarshi borish bo‘ladi. Parvardigorga qarshi borganga esa yordam beruvchi bo‘lmaydi.

 

O‘MI Matbuot xizmati

 

 

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Qur’onni tadabbur bilan o‘qing va tinglang!

12.03.2025   1562   3 min.
Qur’onni tadabbur bilan o‘qing va tinglang!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Alloh taolo O‘z Kalomida tadabbur qilish haqida bunday marhamat qiladi:

﴿كِتَٰبٌ أَنزَلۡنَٰهُ إِلَيۡكَ مُبَٰرَكٞ لِّيَدَّبَّرُوٓاْ ءَايَٰتِهِۦ وَلِيَتَذَكَّرَ أُوْلُواْ ٱلۡأَلۡبَٰبِ ٢٩﴾

Biz senga nozil qilgan Kitob muborakdir. Aql egalari uning oyatlarini tadabbur qilishlari va eslashlari uchundir(Sod surasi, 29-oyat).

﴿أَفَلَا يَتَدَبَّرُونَ الْقُرْآَنَ وَلَوْ كَانَ مِنْ عِنْدِ غَيْرِ اللَّهِ لَوَجَدُوا فِيهِ اخْتِلَافًا كَثِيرًا﴾

“Qur’on (oyatlarining ma’nolari) haqida (chuqurroq) fikr yuritmaydilarmi?! Agar (u) Allohdan o‘zganing huzuridan (kelgan) bo‘lsa edi, unda ko‘pgina qarama-qarshi gaplarni topgan bo‘lur edilar” (Niso surasi, 82-oyat).

Qur’onni tadabbur qilish, ya’ni, uni chuqurroq anglashga intilish juda zarur ishdir. Mo‘minlar Qur’on tilovat qilar ekanlar uning oyatlari borasida tafakkur yuritib, unda keltirilgan qissalaru xabarlardan ibrat olishlari lozim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon Qur’on tilovat qilsalar uni tartil bilan tilovat qilib, uning har bir oyatini tadabbur etar edilar. Tafakkur ila o‘qilgan suralar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sochlarini oqartirgan.

Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Abu Bakr roziyallohu anhu: “Yo Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sochingizga oq tushibdimi?” deb so‘radi. Shunda u zot alayhissalom: “Mening sochimni Hud, Voqea, Mursalot, Naba’ va Takvir (suralari) oqartirdi”, dedilar” (Imom Termiziy, Imom Hokim, Imom Bayhaqiy, Imom Abu Ya’lo rivoyati).

Hud surasining ikki oyati Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sochlarini oqartirgan oyatlardan hisoblanadi.

Imom Bayhaqiy “Shu’ab al-iymon” nomli asarida Ali Shatoriydan quyidagilarni bayon qiladi: “Yo Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sochimni Hud surasi oqartirdi deb aytganingizni eshitdim, dedi.

Shunda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Ha shunday, deb javob berdilar.

Yo, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam suradagi payg‘ambarlar qissasi-mi yoki ularning ummatlarining holimi sizning sochingizni oqartirdi.

Yo‘q, payg‘ambarlar ham ularning ummatlari haqidagi oyatlar ham sochimni oqartirgani yo‘q. Balki suradagi Bas, (ey, Muhammad!) buyurilganingizdek to‘g‘ri bo‘ling! oyati sochimni oqartirdi, dedilar.

Shu bois, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Alloh taoloning o‘zidan to‘g‘ri yo‘lda mustaqim qilishini so‘rab ko‘p duo qilar edilar. Xususan, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ya, muqallibal qulubi sabbit qalbiy a’la diynik (Yo, Qalblarni o‘zgartiruvchi Zot, qalbimni o‘zingning diningda sobit qil)” deb duo qilar edilar.

Qur’onni ko‘p tilovat qilishlik bizni Allohga yaqin qiladi. Qur’onni o‘qish qanchalik savobli bo‘lsa, uni tinglash ham shunchalik savobli amallardandir.

Shunday ekan, Qur’onga muxlis bo‘lib, uni tilovat qilganimizda ham, tinglaganimizda ham tadabbur qilaylik.

Davron NURMUHAMMAD