Biror olim yo‘qki, ustozsiz ilm egallagan, ravnaq topib, yuksalgan bo‘lsa. Tolibi ilm olimlarni hurmatlashi bilan ilmdan manfaat topadi. Donishmandlarimiz: “Kim nimaga erishgan, fazilat va daraja topgan bo‘lsa faqat hurmat, odob saqlash bilan erishibdi”, deb aytganlar. Chindan ham, farishtalarga dars o‘tgan Iblis beodoblik, hurmatsizlik sababli g‘ururga ketib, Alloh taoloning rahmatidan quvildi.
Barcha buyuk zotlar ustozlarini hamda ahli ilmlarni izzat-ehtirom qilish bilan ulug‘ martabalarga erishgan. Aksincha, kimki ularga nisbatan yomon munosabatda bo‘lsa, hurmat qilmasa olgan ilmlari dunyo-oxirati uchun zarar bo‘lgan.
Imom Zarnujiy ustozlarni hurmatlash, ularga nisbatan odob axloqli bo‘lish ilmning hurmati sanaladi, deydi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Men ilm shahri bo‘lsam, Ali uning darvozasi”, degan Ali roziyallohu anhu esa: “Menga bir dona harf o‘rgatgan kishining quliman. Xohlasa sotsin, xohlasa qullikdan ozod qilsin, xohlasa qul qilib ishlatsin”, degan.
Sa’diy She’roziy: “O‘g‘lining olim bo‘lishini istagan ota ilm yo‘lida yurganlarni hurmat qilsin, ularga izzat-ikrom ko‘rsatib, xayr-ehson qilsin. Agar o‘g‘li olim bo‘lmasa, albatta, nevarasi olim bo‘ladi”, deganlar.
Abdulloh ibn Muborak hamisha usozlarining xizmatini qilar va: “Ustozlar xizmatini sidqidildan ado etishning o‘zi yarim ilmdir”, der ekan.
Bir kuni ibn Muborakdan “Odamlar ichida hurmatga eng sazovorlari kimlar?” deb so‘rashganda, “Olimu ulamolar”, deb javob berdi. Chunki ular o‘z ilmlari bilan haq yo‘lni ko‘rsatadilar. Bilimli bo‘lish insonni boshqa maxluqotlardan ajratib turadigan alohida xususiyatdir.
Ustozlarining xizmatlarini ado etgan shogirdlardan yurtimiz dovrug‘ini dunyoga tanitgan ulug‘ olimlar, atoqli imomlar yetishib chiqdi. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Hafs Nasafiy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abu Mansur Moturidiy rahimahumulloh kabi buyuk olimlar va mutafakkirlarning yaratgan boy ilmiy merosi jahon madaniyati va tamadduniga bebaho xazina bo‘lib qo‘shildi.
O‘MI Matbuot xizmati
Uydan faqirlikni quvishda Ixlos surasini o‘qish haqida
Sahl ibn Sa’d Su’adiy roziyallohu anhudan rivoyat qiladi, ansorlardan bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib faqirlik va yashash qiyinligidan shikoyat qildi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: “Uyingga kirsang, uyda biron kim bo‘lsa salom ber. Hech kim bo‘lmasa menga salovot ayt va “Qul huvallohu ahad”ni bir marta o‘qi”, dedilar.
U kishi shunday qilgandi, Alloh taolo unga mo‘l rizq ato etdi, rizqini ko‘payib berdi va hatto (orttirib) qo‘shnilariga ehson qila boshladi.
“Tafsiri Abul futuh” va “Mustadrok”dan