Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Yanvar, 2025   |   19 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:45
Peshin
12:39
Asr
15:42
Shom
17:26
Xufton
18:44
Bismillah
19 Yanvar, 2025, 19 Rajab, 1446

Hurmatga sazovor zotlar – olimu ulamolar

20.02.2018   4218   2 min.
Hurmatga sazovor zotlar – olimu ulamolar

Biror olim yo‘qki, ustozsiz ilm egallagan, ravnaq topib, yuksalgan bo‘lsa. Tolibi ilm olimlarni hurmatlashi bilan ilmdan manfaat topadi. Donishmandlarimiz: “Kim nimaga erishgan, fazilat va daraja topgan bo‘lsa faqat hurmat, odob saqlash bilan erishibdi”, deb aytganlar. Chindan ham, farishtalarga dars o‘tgan Iblis beodoblik, hurmatsizlik sababli g‘ururga ketib, Alloh taoloning rahmatidan quvildi.

Barcha buyuk zotlar ustozlarini hamda ahli ilmlarni izzat-ehtirom  qilish  bilan ulug‘ martabalarga erishgan. Aksincha, kimki ularga nisbatan yomon munosabatda bo‘lsa, hurmat qilmasa olgan ilmlari dunyo-oxirati uchun zarar bo‘lgan.

Imom Zarnujiy ustozlarni hurmatlash, ularga nisbatan odob axloqli bo‘lish ilmning hurmati sanaladi, deydi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Men ilm shahri bo‘lsam, Ali uning darvozasi”, degan Ali roziyallohu anhu esa: “Menga bir dona harf o‘rgatgan kishining quliman. Xohlasa sotsin, xohlasa qullikdan ozod qilsin, xohlasa qul qilib ishlatsin”, degan.

Sa’diy She’roziy: “O‘g‘lining olim bo‘lishini istagan ota ilm yo‘lida yurganlarni hurmat qilsin, ularga izzat-ikrom ko‘rsatib, xayr-ehson qilsin. Agar o‘g‘li olim bo‘lmasa, albatta, nevarasi olim bo‘ladi”, deganlar.  

Abdulloh   ibn   Muborak  hamisha usozlarining  xizmatini  qilar va: “Ustozlar  xizmatini  sidqidildan ado etishning o‘zi yarim ilmdir”, der ekan.

Bir kuni ibn Muborakdan “Odamlar ichida hurmatga eng sazovorlari kimlar?” deb so‘rashganda, “Olimu ulamolar”, deb javob berdi. Chunki ular o‘z ilmlari bilan haq yo‘lni ko‘rsatadilar. Bilimli bo‘lish insonni boshqa maxluqotlardan ajratib turadigan alohida xususiyatdir.

Ustozlarining xizmatlarini ado etgan shogirdlardan yurtimiz dovrug‘ini dunyoga tanitgan ulug‘ olimlar, atoqli imomlar yetishib  chiqdi. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Hafs Nasafiy, Abu Ali  ibn Sino, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abu Mansur Moturidiy rahimahumulloh kabi buyuk olimlar va mutafakkirlarning yaratgan boy ilmiy merosi jahon madaniyati va tamadduniga bebaho xazina bo‘lib qo‘shildi.

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Qur’onni yodlay olmayapman

17.01.2025   7511   2 min.
Qur’onni yodlay olmayapman

Al-Kisoiy al-Kufiy 119/737 yil Kufada dunyoga kelgan.

To‘liq ismi: Ali ibn Hamza ibn Abdulloh ibn Bahman ibn Fayruzm al-Kisoiy al-Kufiy. Imom al-Kisoiy yoshligida ilm o‘rganishga juda intilardi, lekin boshlang‘ich davrda muvaffaqiyat qozona olmasdi. Bir safar Qur’onni yod olishda qiynalgach, ustoziga: “Men hech narsani yodlay olmayapman, charchadim”, dedi.
Ustoz unga sabr qilishni va Qur’onning barakasiga ishonishni tavsiya qildi. Shundan so‘ng, Imom al-Kisoiy sabr bilan harakat qilib, Qur’onni mukammal yod oldi va keyinchalik mashhur qiroat imomlaridan biri bo‘ldi. Bu voqea sabr va mehnatning samarasini eslatadi.

Hayoti: Al-Kisoiy Kufada tug‘ilgan va tilshunoslikda ham, qiroatda ham yuqori maqomga ega bo‘lgan. Undan nega «Kisoiy» deb nom olganligi haqida so‘rashganida u, – "chunki men hajda kisoda (kiyimda) ehrom bog‘laganman", deb javob bergan ekan. U asli fors bo‘lib, Bani Asad qabilasining qullaridan edi.  

Ilmiy faoliyati: Uning asosiy ustozlari Hamza al-Kufiy va boshqa yirik qiroatchilar bo‘lgan. Bundan tashqari Kufa maktabini asoschisi hisoblanadi.
Muoz al-Harro va Abu Ja’far Ruasiylarda nahvdan tahsil oldi. Ular-dagi ilmlarni olib bo‘lib, ulardan qoniqmay qolgach, Basraga kelib Iso ibn Umar, Abu Amr ibn al-Alo va Al-Xalil ibn Ahmaddan ilm o‘rgangan. Qiroatni esa Sho‘ba ibn Hajjojdan ta’lim olgan. 

U zot juda ko‘p asarlar ham yozgan: "Kitab muxtasar fi an-nahv" (Nahvga oid qisqa bo‘lgan kitob), "Kitab al-hudud fi an-nahv"  (Nahvdagi hadlar oid kitob), "Kitob al-qiroat (Qiroatga doir kitob)", "Kitab al-adad (Sonlarga doir kitob)", "Kitab ixtilaf al-adad (Sonlarning ixtilofiga oid kitob)", "Kitab al-huruf (Harflarga oid kitob)", "Kitab maoniy al-Qur’an (Qur’on ma’nolari haqidagi kitob)" kabi ko‘plab kitoblar yozgan. 
Nahvdan Farro uning xos shogirdlaridan hisoblanadi. 

Kisoiy 189/805 yil Roy shahrida vafot etgan.

Matkarimov Nurmuhammad,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.