Alloh haq subhanahu va taolo yerni yaratib unga o‘zining maxluqotlari ichidan eng mukammali bo‘lgan insonni xalifa (o‘rinbosar) qilib yaratdi. So‘ng insonlarni o‘zaro bir-birlari bilan bo‘ladigan munosabatlarini go‘zal xulq va yuksak odob darajasida amalga oshishi uchun o‘zining Payg‘ambarimiz Muhammad alayhis salomni o‘sha qavmga mos talimotlar ila yubordi. Payg‘ambarlar o‘zlari yuborilgan qavm ichidagi bazi bir salbiy illatlarni tuzatish hamda ularda bo‘lgan go‘zal xulq va odoblarni yanada mukammalroq ko‘rinishda yetkazishga bor ko‘ch-g‘ayratlarini sarfladilar. Ulardan ilm-marifat va odob-axloqlarni talim olgan kishilar bu yuksak merosni o‘zlarining avlodlariga yetkazdilar. Shu tarzda bu buyuk meros avloddan-avlodga o‘tib yanada takomillashib keldi.
Nabiylarning so‘nggi bo‘lmish suyukli payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam shariat va go‘zal-axloqlarni tamomiga yetkazish hamda yanada takomillashtirish uchun yuborildilar. Payg‘ambarimiz sollollohu alayhi vasallam o‘zlari bilan yashayotgan hamda o‘zlaridan keyingi ummatlariga katta amallarni bayon qilib berish bilan cheklanib qolmasdan balki eng nozik ishlardagi odoblarni ham talimini berdilar. Sahobai kiromlar ilm marifat bulog‘i bo‘lmish Nabiy sollallohu alayhi vasallamning barcha go‘zal axloqlariga ergashib u zotdan katta bir hayot maktabini o‘rgandilar. Keyinchalik bu ilm-marifat bo‘log‘ining shifobahsh suvlaridan bahramand bo‘lgan sahobai kiromlar o‘zlaridan keyin kelgan tobe’inlarni ushbu buloqdan bahramand qildilar. Tobeinlar ham bu ulkan masulyatli ishni o‘zlaridan keyingi kishilarga yetkazdilar. Shu zaylda bu ulkan va masulyatli meros avloddan avlodga o‘tib keldi.
Shunday ulkan meroslarimizdan biri ustoz va shogird o‘rtasidagi munosabat bo‘lib, bunda shogird ustoziga nisbatan qanday odob-axloqlarni rioya qilishi lozim ekani haqida to‘xtalib o‘tiladi.
Ustoz-shogirdlik tushunchasi yuksak milliy qadriyatlarimizdan hisoblanib, bu borada ham asrlar davomida shakllangan tartib-qoidalarga amal qilib kelinadi. Xalqimizda yaxshi bir ibora bor, ota-onalar ustozga farzandlarini shogird qilib topshirgan vaqtlarida “Eti sizniki, suyagi bizniki”, deya aytadilar. Agar ushbu so‘zga zohiran etibor bersak, juda ham salbiy manoni anglatayotgandek go‘yo. Aslida esa bunday emas, ushbu iborani tub negiziga e’tibor qaratsak, unda juda ham katta bir masulyatli mehnat borligini ko‘rishimiz mumkin. Bu bilan ota-ona farzandini hayoti davomida ilm-marifatli,odob-axloqli bo‘lib voyaga yetishi uchun ustozga o‘g‘lining kelajak taqdirini bus-butun ishonib topshirayotganini bildiradi. O‘z navbatida ustoz ham shogirdi taqdiriga o‘zini mas’ul bilib, bor ilmu salohiyati va iqtidoru hunarini unga o‘rgatishga hamda mehrini berishga intilgan.
Husayn Voiz Koshifiyning “Futuvvatnomai sultoniy” kitobida ustoz qanday bo‘lishi, shogirdlik shartlari nimalardan iborat ekani haqida batafsil ma’lumot beriladi:
“Agar komil ustoz kim deb so‘rasalar, u pok mazhabli (har-xil noto‘g‘ri oqimlarga aralashmagan to‘g‘ri etiqoddagi kishi), o‘z aybini ko‘radigan, dono va tamyizli(oqni qoradan, to‘g‘rini noto‘g‘ridan ajrata oladigan) kishidir, deb aytgil. Unda hasad, gina va baxillikdan asar ham bo‘lmasligi kerak.
Agar shogirdlik binosi nimaning ustiga quriladi, deb so‘rasalar, irodat ustiga, deb aytgin. Irodat nima deb so‘rasalar, ustoz nimaiki aytsa, uni jon qulog‘i bilan eshitish, chin ko‘ngil bilan qabul qilish va vujud a’zolari orqali amalda ado etishdir. Agar shogird uchun nima yaxshi deb aytsalar, pok e’tiqod, deb ayt, chunki faqat e’tiqod kishini murodga yetkazadi...”
Agar shogird nima orqali mutlubi-maqsadiga yetadi, deb so‘rasalar, xizmati orqali deb aytgin. Agar xizmatining binosi nimaga qurilgan, deb so‘rasalar, rohatni tark etish va zahmatni chekish asosiga, deb aytgin.
Agar shogirdlikning ruknlari nechta, deb so‘rasalar, turtda deb ayt:
Birinchisi – mard bo‘lib ishga kirishish.
Ikkinchisi – sidqidildan xizmat qilish.
Uchinchisi – ko‘ngilni va tilni bir-biriga muvofiq tutish.
To‘rtinchi – nasihatga quloq solish va ustozdan eshitganini yodda tutib, unga amal qilish.
Keyin shogird bo‘layotgan tolibi ilm ustozi oldida o‘zini qanday tutishi va qaysi odoblarga amal qilishi kerakligi haqida gap ketadi. Agar shogirdlikning odobi nechta, deb so‘rasalar, sakkizta deb ayt:
Birinchisi – ustozi oldiga kirganda yoki ko‘rganida birinchi bo‘lib salom berishligi.
Ikkinchisi – ustozning oldida oz gapirish.
Uchinchisi – boshni oldinga egib turish.
To‘rtinchisi – ko‘zni xar tomonga yugurtirmaslik.
Beshinchisi – agar masala so‘ramoqchi bo‘lsa, oldin ustozdan ijozat olish.
Oltinchisi – ustoz javob aytganda, etiroz bildirmaslik.
Yettinchisi – ustoz oldida boshqalarni g‘iybat qilmaslik.
Sakkizinchisi – o‘tirib turishda hurmatni to‘liq saqlash.
Mazkur odoblarga bizdan oldin yashab o‘tgan ajdodlarimiz og‘ishmay (bekamu ko‘st) amal qilib kelganlar. Shu sababli ham ular ustozlarining duolari bilan yetuk olim, mutafakkir hamda barcha insonlar o‘rnak oladigan darajadagi hayot maktabi bo‘lishgan.
Shu o‘rinda jurnallardan birida yozilgan bir maqolada buyuk ajdodimiz Alisher Navoiy hazratlari bilan bog‘liq bir ibratli voqe’a keltirilgan edi. Unda “Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy hazratlari o‘rtasidagi ustoz-shogirdlik munosabatlari, ulug‘ bobokaloniimz Alisher Navoiy hazratlarini o‘z ustozlariga ko‘rsatgan xurmatlari juda ham yuksak etiborga sazovor ekani, Alisher Navoiy hayotida ham, ijodida ham Abdurahmon Jomiyga ixlosmand shogird bo‘lganlari bayon qilingan. Shuningdek, “Xamsa”chilikda ham ustozlari Abdurahmon Jomiyning an’analarini davom ettiradilar. Ustozining “Nafahotul uns” asarini yanada boyitib, “Nasoyimul muhabbat” nomli yangi asar yaratadilar. Dostonlarida ham, ko‘plab boshqa asarlarida ham ustozi nomini tilga olib, unga bo‘lgan izzat-hurmatini kamoli ehtirom bilan izhor etadilar.
Bobokalonimiz Alisher Navoiy hazratlari shunday deb aytganlar:
Agar shogird shayxulislom, agar qozidur,
Agar ustoz rozi – Tangri rozidur.
Barcha tolibi ilmlar! Mazkur pandu nasihat va odoblarga amal qilishlari lozim. Chunki ustoz va tolibi ilmlar ajdodlarimizning uzoq yillik ilm-marifatlari va yuksak tajribalari asosida shakllangan boy meroslari bilan to‘la ziynatlansagina ular kabi dunyoga barcha sohalarda ustoz bo‘lishi mumkin. Alloh taolo ustozlarimizga ulkan g‘ayrat tolibi ilmlarga esa go‘zal xulq ato etib barchalarini o‘z panohida asrab ularni bu dunyoda ham oxiratda ham bitmas-tuganmas ajr mukofatlar bilan mukofatlasin. Omiyn!.
Saidmuhammad Muhibullayev,
Xoja Buxoriy nomli o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi
O‘MI Matbuot xizmati
#xabar #kirish_imtihoni #hadis_ilmi_maktabi
Bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Hadis ilmi maktabining 2025-2026 o‘quv yili uchun qabul imtihonlari boshlandi.
Shu munosabat bilan erta tongda Toshkent shahridagi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf jome masjidida bo‘lib o‘tgan tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutasaddilari, imtihon oluvchi pedagog-o‘qituvchilar, abituriyentlar ishtirok etdi.
Dastlab Hadis ilmi maktabi rektori Barot domla Amonov qabul imtihonlarini yuqori saviyada o‘tkazish uchun ko‘rilgan tayyorgarlik ishlari, abituriyentlarga yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot berdi.
Tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maqsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov va Diniy idora raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov nutq so‘zladi. Notiqlar yurtimizda diniy ta’limga berilayotgan e’tibor haqida so‘z yuritish barobarida qabul imtihonlarida abituriyentlarning bilimlilarini saralab olish asosiy maqsad ekanini alohida ta’kidlashdi. Shuningdek, imtihonlarni shaffof, ochiq va oshkora o‘tkazilishi ta’minlanishiga urg‘u berishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Cho‘lponov tomonidan ijodiy imtihonni o‘tkazish tartibi va baholash mezonlari tushuntirildi. Shundan so‘ng Qabul hay’ati a’zolari, abituriyentlar va ota-onalar guvohligida imtihon varaqalari solingan va muhrlangan maxsus qoplar ochilib, ijodiy imtihonga start berildi.
Ma’lumot o‘rnida, bugun “Hadis” va “Mustalahul hadis” fanlaridan og‘zaki ijodiy imtihon o‘tkaziladi. Ertaga, 25 iyul kuni Arab tili va O‘zbekiston tarixi fanlaridan test sinovlari bo‘lib o‘tadi.
2025-2026 o‘quv yili imtihonlari haqidagi so‘nggi yangiliklarni @qabulmuslimuz telegram sahifasida kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati