Foto: O‘zA
O‘zbekiston Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida inson huquqlari buzilishining oldini olish maqsadida barcha vaqtincha saqlash va tergov hibsxonalari, maxsus qabulxonalar, ma’muriy qamoqni o‘tash joylari, jazoni ijro etish muassasalarini videokuzatuv moslamalari bilan jihozlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi. Bu haqda Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov O‘zA muxbiri bilan suhbatida ma’lum qildi.
Belgilangan vazifalar doirasida jazoni ijro etish tizimi faoliyati tubdan takomillashtirilmoqda. Jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlar yotoqxonalari, yordamchi binolar bugungi kun talablari asosida qayta qurilib, zarur jihozlar bilan to‘liq ta’minlandi.
Jazoni ijro etish sohasini xalqaro standartlarga moslashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Toshkent shahridagi 1-tergov hibsxonasining yangi binoga ko‘chirilgani bu borada muhim qadam bo‘ldi. Toshkent viloyati Zangiota tumanida yangidan qurilgan zamonaviy tergov hibsxonasida barcha shart-sharoitlar mavjud bo‘lib, oshxona, kutubxona, yuvinish xonasi va boshqa maishiy xizmat ko‘rsatish xonalari zarur jihozlar bilan ta’minlangan.
Jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarni ijtimoiy-foydali mehnatga jalb etish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Muassasalar huzurida davlat unitar korxonalari tashkil etildi. Bundan ko‘zlangan maqsad mahkumlarni mehnatga jalb etish orqali tarbiyalash, ularda kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish va olinayotgan daromadni qamoqda saqlanayotgan shaxslar sharoitini yanada yaxshilashga yo‘naltirishdir. Jazoni ijro etish muassasalari ishlab chiqarish korxonalari tomonidan 2017 yil mobaynida 123,2 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.
Prezidentning 2017 yil 6 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 25 yilligi munosabati bilan afv etish to‘g‘risida»gi farmoniga asosan jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, jinoyatni bilib-bilmay sodir etgan, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 2700 nafar mahkum afv etildi. Mazkur farmon ijrosi to‘liq ta’minlandi.
2017 yil davomida insonparvarlik tamoyili asosida jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan 1932 mahkum ozodlikka chiqarildi, 8835 mahkum manzil-koloniyalariga o‘tkazildi, 9462 mahkumning jazosi yengilrog‘i bilan almashtirildi.
Tergov hibsxonalari, vaqtincha saqlash hibsxonalari, maxsus qabulxonalar, ma’muriy qamoqni o‘tash joylari, jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar ustidan uzluksiz nazoratni olib borish maqsadida mazkur muassasalar videokuzatuv vositalari bilan ta’minlanmoqda. Joriy yilning 1 mart kuniga qadar ushbu muassasalarda videokuzatuv moslamalarini o‘rnatish ishlari to‘liq tugallanadi.
Prezident topshirig‘iga asosan turli diniy oqimlarga boshqalar ta’sirida yoki yoshlik qilib, oqibatini bilmasdan kirib qolganlarning «pushaymonlik arizalari»ni o‘rganish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Diniy ekstremistik oqimlarga kirganlarning har biriga nisbatan mavjud hujjatlar din ulamolari, yaqinlari, qo‘ni-qo‘shni va qarindosh urug‘lari, mahalla ahli fikrini inobatga olgan holda o‘rganilmoqda. Shu asosda tegishli komissiya tomonidan xulosalar qabul qilinmoqda. Buning natijasida o‘tgan yilning o‘zida 18 mingdan ortiq shaxs maxsus hisobdan chiqarildi.
Manba: https://daryo.uz
Bo‘rilar ovga chiqishganida itga duch kelib qolishdi. Uni yemoqchi bo‘lishdi. Shunda it: “Meni yemanglar! Sizlarni qo‘ylarga boshlab boraman”, dedi. Shunday qilib bo‘rilar itning sotqinligi tufayli ikki yilcha podaga qiron keltirishdi. Oxiri cho‘ponlar qo‘ylarni boshqa joyga ko‘chirib, sotqin itni bog‘lab tashlab ketishdi.
Ovga kelgan bo‘rilar hech narsa topolmay, bog‘liq turgan itni yeyishdi. Qorinlari to‘ygach: “Harholda bu bizga ishlagan edi, suyaklarini ko‘maylik”, deya itning suyaklarini ko‘mishdi. Qabrga bir belgi qoldirmoqchi bo‘lishdi. Lekin na do‘stlik, na dushmanlikni ifodalovchi bir belgi qoldira olishmadi. Biri:
– U do‘stlarimizdan edi, – dedi. Boshqasi:
– U sohibiga sotqinlik qilgan, bizga do‘st bo‘lolmasdi. Axir shuning uchun ham uni yeb qo‘ydik-ku, – dedi.
– Unda dushmanimiz, deylik.
– U bizga loyiq dushman ham emasdi. Chunki o‘ta qo‘rqoq edi. Hatto itlik mavqeini ham saqlay olmagandi.
Bo‘rilar shunday deya itning qabridan ham nafratlanishdi va ustiga hojat chiqarib ketishdi.
Xulosa shuki, xoindan hatto hayvonlar ham nafratlanadi. Endi insonning xoinligi qanday baholanishini tasavvur qilavering. Xoinlik – inson hayotida eng og‘ir gunohlardan biridir. Xoinlik faqatgina molu dunyoda emas, balki so‘zda, va’dada, ishonchda ham bo‘ladi. Xiyonat insonning qalbidagi tozalikni yo‘qotadi, jamiyatdagi ishonchni izdan chiqaradi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Qiyomat kuni Alloh taolo huzurida eng yomon inson – ishonch qilib biror ish topshirilgan, ammo u xiyonat qilgan kishidir» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Har bir musulmon kishi bilishi kerakki, xoinlik nafaqat dunyoda, balki oxiratda ham og‘ir oqibatlarga olib keladi. Shu bois, inson oilasi, jamiyati va e’tiqodi oldida doim halol, sadoqatli, ishonchli bo‘lishi lozim.
Akbarshoh Rasulov