Alloh behisob hamdlar bo'lsin shunday tinch, osoyishta va imkoniyatlari keng Vatanda hayot kechirmoqdamiz. Qisqa vaqt oralig'ida yurtimizni dunyo tanidi. Buning barchasi yurtimizda olib borilayotgan adolatli, keng ko'lamli islohotlar natijasi va Robbimizning berayotgan barakasi tufayli. Alloh taolo insoniyatga qanday ne'mat bergan bo'lsa, hammasini hisobini so'rashi muborak kitoblarimizda bayon qilishgan.
Albatta isloxotlar jamiyatdagi ma'lum kamchiliklarga barham berish, adolat o'rnatish uchun o'tkaziladi. Natijada jamiyatda har jihatdan sog'lom muhit paydo bo'la boshlaydi. Hozirgi yashab turgan jamiyatimizda yutuqlar bilan bir qatorda ko'plab turli kamchiliklar mavjud ekanini ham inkor qilmasligimiz kerak. Bu kamchilik, nuqsonlarni bartaraf qilish uchun aholi orasida ko'plab targ'ibot-tushuntirish ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar o'tkazib kelinmoqda va sezilarli ijobiy natijalar ham ko'zga tanlanmoqda.
Yana shunday bir vosita borki, agar inson unga amal qilishda mahkam bo'lsa, jamiyat o'z o'zidan salohitli tomonga o'zgarib boradi. Bu vosita sunnati nabaviydir. Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan etib kelgan barcha hadislarning mohiyati avvalo jamiyatni yaxshi tomonga o'zgartirishdir. Bir hadis misolida buni ko'rib chiqsak.
Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Menga o'z nafslaringiz haqidan oltita narsaga kafillik bering, men ham sizlarga jannat kafolatini beraman.
E'tibor berilsa bu hadisda saqlanishlik ma'nosida sanab o'tilgan amallar har qanday o'zini madaniyatli, namunali deb hisoblaydigan jamiyatda ham qo'llab-quvvatlanadi.
Jamiyat har jihatdan sog'lom bo'lishi inson o'zini isloh qilishiga ham bog'liq. Birgina yuqoridagi hadisni insonlar o'z hayotiga tadbiq qilishi bilan yashab turgan jamiyatida kuzatilayotgan firibgarlik, tovlamachilik, omonatga xiyonat, fahsh ishlar, o'g'rilik va boshqa shu kabi buzuqliklarni isloh qilishligi mumkin bo'ladi. Demak, biz insonlarga sof sunnatdagi amallarini etkazsak yoki o'z hayotimizga tadbiq qilib namuna bo'lsak, jamiyatimizda xozirda muammoli vaziyat deya ta'kidlanayotgan holatlardan asta-sekin qutilib, ma'daniy-axloqiy, insoniy jihatdan ijobiy natijalar ko'rsatkichlarini yanada yuqori ko'targan bo'lar edik.
Toshkent islom instituti 3-kurs
talabasi Nodirbek Nishonov
O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini hayotga tatbiq etish, milliy va diniy merosni chuqur o‘rganish hamda ma’naviy-ma’rifiy bilimlarni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar doirasida Farg‘ona, Qashqadaryo va boshqa hududlardan kelgan imom-xatiblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldilar. Ular Markazdagi muzey ekspozitsiyalari, noyob qo‘lyozmalar, Renessans davrlariga bag‘ishlangan bo‘limlar va zamonaviy interaktiv yechimlar bilan tanishib, ushbu maskanni ilm, ta’lim va ma’naviyatni uyg‘unlashtirgan muhim milliy platforma sifatida baholadilar, xabar bermoqda iccu.uz.
Farg‘ona viloyati Buvayda tumani «Katta mahalla» masjidi imom-xatibi Rahmatulloh G‘oyibnazarov Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur Markazni yosh avlod uchun muhim ma’rifat maskani sifatida baholadi.
«Bu yerda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy meros va mamlakatimiz taraqqiyoti haqidagi ekspozitsiyalarni ko‘rib katta taassurot oldik. Bu yerga kelgan har bir inson o‘z tarixini chuqurroq anglaydi, yoshlar esa ilmga va vatanparvarlikka yanada ko‘proq intiladi. Bu yerda olgan bilim va taassurotlarimizni xalqimizga yetkazishni o‘zimizga vazifa deb bilamiz», — dedi u.
Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani bosh imom-xatibi, «Muborak» jome masjidi imom-xatibi Otabek Xolmurodov Markaz kutubxonasida ilmiy izlanishlar uchun yaratilgan sharoitlarga e’tibor qaratdi.
Uning ta’kidlashicha, elektron kitoblar fondi, Brayl alifbosidagi adabiyotlar, maxsus tadqiqot xonalari va noyob manbalarning bir joyda jamlangani Markazni nafaqat muzey, balki keng qamrovli ilmiy resurs markaziga aylantirgan.
«Bu kutubxona ilmiy izlanish bilan shug‘ullanuvchilar uchun haqiqiy bilim maskani ekan. Bu yerda yaratilgan sharoitlar ilm ahlini yanada ko‘proq izlanishga undaydi. Biz bu imkoniyatlar haqida yoshlarimizga albatta targ‘ibot olib boramiz», — dedi u.
Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani bosh imom-xatibi Ahmadxon Nizomov esa Markazning ilmiy konsepsiyasiga alohida to‘xtaldi.
Uning fikricha, har bir ekspozitsiya ortida keng ko‘lamli tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar mujassam bo‘lib, bu yerdagi interaktiv muhit tashrif buyuruvchilarni faqat tomoshabin emas, balki izlanuvchiga aylantiradi.
«Bu yerga bir marta kelib barchasini to‘liq anglash qiyin. Har bir ekspozitsiya ortida katta ilmiy mehnat mujassam. Ayniqsa, allomalarimiz merosi, tadqiqot markazlari va interaktiv imkoniyatlar insonni yanada chuqur izlanishga chorlaydi. Bu maskan kelajak avlod uchun ulkan ma’naviy boylik va Yangi O‘zbekistonning ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim poydevordir», — dedi u.
Tashrif yakunida ishtirokchilar Markazda jamlangan boy ilmiy va madaniy meros, raqamli ekspozitsiyalar hamda ta’lim imkoniyatlarini keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish Uchinchi Renessans g‘oyalarini hayotga tatbiq etish, milliy o‘zlikni anglash va ilmiy merosga qiziqishni yanada kuchaytirishga xizmat qilishini qayd etdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati