Buxoroi sharif – Ayyub alayhissalomning duosini olgan, ne-ne oshiqu oriflar, avliyolar qo‘nim topgan barakotli va tabarruk maskan. Ushbu muborak maskandan dinimizning ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan sharafli olimlar yetishib chiqqani bois uning Islom olamida munosib o‘rni bor.
Ha darvoqe, Ayyub alayhissalomning duosi. Mo‘tabar manbalarda keltirilishicha, Alloh taolo shayton la’inga Rasulining sadoqatini namoyish qilish uchun uni molu davlatidan, farzandlaridan judo qilib o‘zini inson bolasi chidashi qiyin bo‘lgan og‘ir dardga mubtalo qilib qo‘yganidan keyin Ayyub alayhissalomga dunyo tor bo‘lib qolgan ekan. Dardining og‘iridan emas, odamlarning gap-so‘zidan. Tanasini qurt yeyayotgan payg‘ambarni ko‘rgan odamlar undan irganib qochar, nobop so‘zlarni ham gapirar ekan. Ularning ta’na-dashnomlaridan qochib mushtipar xotini bilan yer yuzini kezib yurib Buxoroga kelib qolgan ekan. Buxoro xalqi u zotga hurmat-ehtirom ko‘rsatib, birmuncha vaqt yaxshi parvarish qilibdi. U zot ketar chog‘ida juda ham minnatdor bo‘lib Alloh taolodan ushbu yurtga baraka so‘rab duo qilgan ekan.
Ana o‘sha duoning sharofati ila Buxoroda har doim ma’murlik bo‘lgan. Buyuk olimlar yetishib chiqqan. O‘tgan azizlarning hurmatini qilib prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifini Bahouddin Naqshband majmuasi ziyoratidan boshladi. Ziyorat odobiga binoan shu yerda yotgan azizlarning ruhlariga bag‘ishlab Qur’oni karimdan tilovat qilindi. Ziyorat davomida Davlatimiz rahbariga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari hamrohlik qildi.

Yurtimiz qadim sivilizatsiya uchoqlaridan biri hisoblanadi. Buyuk Ipak yo‘li aynan bizning vositasi ila ushbu makonda turli xalqlar madaniyati tutashgan. Umuminsoniy ta’limotlar ham aynan dunyo davlatlariga shu yerdan olib o‘tilgan. Ayniqsa, muqaddas Islom dini krnib kelganidan so‘ng Markaziy Osiyoda, xususan, Buxoroda katta yuksalish yuz berdi. Bu makonda odamzotning aqlini shoshiradigan darajada tezlikda ko‘plab olimlar yetishib chiqdi. Ana o‘shalarning hisobiga yurtimiz qadamjolarga boy bo‘ldi. Ularning ilmi ziyosidan foydalanish uchun maktab-madrasalar qurildi. Bu o‘z navbatida olimu ulamoning, oshig‘u oriflarning safini yanada kengaytirdi. Prezidentimiz rahnamoligida milliy madaniy merosimizni asrab-avaylash, rivojlantirish, yurtimizdagi tarixiy obida va yodgorliklarni tiklash, o‘rganish va kelajak avlodlarga yetkazish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Esingizda bo‘lsa, davlatimiz rahbari o‘tgan yili 10 mart kuni Bahouddin Naqshband majmuasida bo‘lib, bu yerni yanada obod maskanga aylantirish, ziyoratchilar uchun zarur sharoitlar yaratish borasida mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar bergan edi. Ushbu majmuaning nihoyatda ko‘rkam, shinam va salobatli bir holatga keltirilishi, ayniqsa, ziyoratchilar uchun namunali sharoitlar yaratilishi shuning uchun zarurki, bu manzilga ziyorat keluvchilar – yurtimiz ziyoratchilari va xorijlik ziyorat turizmiga keluvchilar hisobiga yildan yilga ortib boraveradi. Negaki, musulmon davlatlari, ayniqsa, Indoneziya, Turkiya, Malayziya, Pokiston, Eron kabi davlatlarda, shuningdek, musulmon aholi ko‘p yashaydigan Hindiston, Xitoy kabi davlatlar hamda aholisining muayyan qismi islom diniga kirgan Yevropa va Osiyo davlatlarida naqshbandiylik tariqatiga kirgan, hazrati Bahouddin Naqshbandning maqbarasini ziyorat qilishni istagan dindosh birodarlarimiz juda ham ko‘p va ularning soni ushbu davlatlar aholisi ortishiga mutanosib ravishda ortib boraveradi. Qo‘shni davlatlarimiz aholisining ham ko‘pchiligi ushbu tariqatga ergashadi.
Prezidentimiz o‘tgan vaqt mobaynida qilingan ishlarni ko‘zdan kechirdi va kerakli maslahatlar berdi.
Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy esa xojagon tariqatining asoschisi, Bahouddin Naqshband hazratlarining ma’naviy uztozidir, ya’ni Bahouddin Naqshband uvaysiz bo‘lib, hol ilmida Abduxoliq G‘ijduvoniyning ruhidan tarbiyat topgan. Prezidentimizning 2017 yil 11 iyulda «Abduxoliq G‘ijduvoniy tavalludining 915 yilligini va Bahouddin Naqshband tavalludining 700 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi farmoyishi qabul qilingan edi. Ushbu farmoyish ijrosi yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda. Shavkat Mirziyoyevga mazkur sanalar munosabati bilan amalga oshiriladigan ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-amaliy tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» haqida ma’lumot berildi.
Davlatimiz rahbari mazkur tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish, buning uchun barcha manbalardan foydalanish lozimligini ta’kidladi.
Abduxoliq G‘ijduvoniy, Orif Revgariy, Ali Romitaniy, Boboyi Samosiy, Mahmud Fag‘naviy, Sayyid Amir Kulol, Bahouddin Naqshband kabi me’moriy majmualarni o‘z ichiga olgan yetti pir ziyoratgohi nafaqat yurtdoshlarimiz, balki butun dunyo musulmonlari uchun tabarruk maskanlar hisoblanadi. Ushbu azizlar bir silsilaning xalqasini navbati bilan tebratgan piri komillar hisoblanadi.
Prezidentimizga mazkur majmualarni rekonstruksiya qilish va yangi sayyohlik yo‘nalishlarini ochish bo‘yicha qilinadigan ishlar haqida ma’lumot berildi. Unga muvofiq, bu majmualar qayta ta’mirlanib, qo‘shimcha bino va inshootlar quriladi. Atrofi obodonlashtirilib, mehmonxona, choyxona, savdo majmualari, avtoturargohlar barpo etiladi.
Mazkur majmualar o‘rtasidagi umumiy masofa 122 kilometr. Shavkat Mirziyoyev majmualar orasidagi yo‘llar bo‘yida zamonaviy infratuzilma tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Buxoro davlat universiteti huzurida Buxoro tarixini o‘qitadigan maxsus fakultet ochish kerakligini ta’kidladi.
– Yetti pir yotgan qadamjolar orasidagi yo‘llar bo‘yida ular haqidagi ma’lumotlar aks etsin. Ziyoratga kelganlar keng ma’lumotga ega bo‘lsin. Buning uchun kadrlar tayyorlashga e’tibor berish kerak, – dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari Buxoro viloyatida bog‘chada bolalarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, xodimlar bilan muloqot qildi.
– Maktabgacha ta’limga bejiz bunchalik e’tibor qaratayotganimiz yo‘q, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bolalar ayni bog‘cha yoshida bilimni tez va oson o‘zlashtiradi, bir umrga eslab qoladi. Shuning uchun ushbu tizim rivoji bilan bog‘liq masalalar doim diqqatimiz markazida bo‘lishi kerak.
Buxoro shahrining tarixiy qismida viloyatda turizm sohasini yanada rivojlantirish konsepsiyasi asosida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishgan prezidentimiz viloyatda 2018 yilda turizmni yanada rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq, 61 loyihani hayotga tatbiq etish ko‘zda tutilgani, jumladan, 32 mehmonxona, 12 motel, 10 istirohat bog‘i barpo etilib, “Buxoro Palas”, “Varaxsha” va “Zarafshon” mehmonxonalari rekonstruksiya qilinishi, turizm bo‘yicha xalqaro va milliy tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish, restoranlar qurish, sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi transport vositalari xarid qilish, madaniy meros obyektlarini tadbirkorlarga ijaraga berish, havo sharida sayohatni tashkil qilish, G‘ijduvon, Shofirkon, Vobkent va Jondor tumanlarida qishloq turizmini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgani, ushbu loyihalarni amalga oshirish masalasida faol ishlash zarurligiga urug‘u berdi.

Binobarin, ushbu loyihalar ijrosi natijasida viloyatga kelayotgan xorijiy va mahalliy sayyohlar oqimini sezilarli darajada ko‘payadi. Yangi ish o‘rinlari ko‘payadi.
Darhaqiqat, dunyoda turizmdan mo‘may foyda olayotgan shunday davlatlar borki, ularda sayohat yoki ziyorat qiladigan narsa unchalik zo‘r emas, ammo ular xizmatlarni shu qadar zo‘r yo‘lga qo‘yganki, o‘sha xizmatlarining o‘zi turistlarni mamlakatiga jalb qiladi. Yana shunday davlatlar borki, ular ziyorat obyektidan imkoni qadar unumli foydalanadi. Masalan, Hindistonga Tojmahalni ziyorat qilishga borgan kishi birato‘la Agraga uchib bora olmaydi. Chunki samolyot Dehliga qo‘nadi. Dehliga borgan kishi tabiiyki, shu yerda mehmonxonaga qo‘noq bo‘ladi. Keyin ertasiga taksi kira qilib Agraga yo‘l oladi. Taksi ham Tojmahalga qadar olib bormaydi. U uch-to‘rt chaqirim berida to‘xtaydi. Bu yog‘iga rikshalar turadi. Ulardan birini kira qilishga majbursiz. Hindiston davlati ana shu yo‘l bilan xiyla odamning tirikchiligi o‘tadigan qilib qo‘ygan. Misrda ham shu yo‘l tutilgan.
Ammo bizning ziyoratgohlarimizning maqomi ularnikidan bir necha bor baland. Biz ham ziyoratchilarga ham sifatli ko‘rsatib, ularning yurtimizdan mamnun bo‘lib ketishini hamda davlatimizga turistlar vositasida kiradigan valyuta tushumini oshirishning optimal choralarini qilmog‘imiz darkor. Shuning uchun ham davlatimiz rahbari viloyatga o‘tgan yilgi tashrifida Buxoro shahrining sayyohlik infratuzilmasini yanada rivojlantirish maqsadida uning tarixiy qismida hunarmandlar mavzesi qurish, Haqiqat va Xo‘ja Nurobod ko‘chalarini kengaytirib saylgohga aylantirish, Poyi Kalon va Mir Arab madrasalarini qayta ta’mirlash bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.
Shunga muvofiq, Haqiqat ko‘chasi kengaytirilib, 1,5 metr qalinlikdagi tuproq qatlami olib tashlandi, tarixiy obidalar atrofi ochildi. Ko‘cha bo‘ylab birinchi qavatida do‘kon va ustaxonalar bo‘lgan, ikkinchi qavatida hunarmandlar oilalari yashaydigan uylar qurishga kirishildi. Natijada ko‘cha shaharning tarixiy qismiga monand saylgohga aylanib bormoqda. Viloyatga kelayotgan sayyohlar bu yerga ham tashrif buyurib, usta-hunarmandlar ishi bilan tanishmoqda, ipak gilamlar, kashtalar, zarbof to‘nlar, turli kiyim-kechak, uy-ro‘zg‘or buyumlari, suvenirlar xarid qilib, Buxoroning qadimiy dovrug‘ini dunyoga yanada keng yoyishga munosib hissa qo‘shmoqda.
Joriy yilda Poyi Kalon majmuasidagi tarixiy obidalarni ta’mirdan chiqarish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqildi. Xo‘ja Nurobod ko‘chasida joylashgan Abdulazizxon va Ulug‘bek madrasalarida ta’mirlash va tiklash ishlari amalga oshiriladi. Ark qo‘rg‘oni majmuasi atrofi obodonlashtirilib, uning ichkarisidagi bino va inshootlar ta’mirlanadi. Mir Arab madrasasini qayta tiklash va uning yangi o‘quv binosini qurish ishlari olib boriladi. Shu ko‘chaning o‘zida hunarmandlar rastasi quriladi.
Shavkat Mirziyoyev eski shahar qismining turizm infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari bilan tanishar ekan, ushbu hudud tom ma’noda Buxoroning yuragi bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Prezidentimiz Mir Arab madrasasi bino va inshootlari, turistlarga xizmat ko‘rsatuvchi avtoulovlar, infratuzilma obyektlarini ko‘zdan kechirdi. Zotan, ayni kunlarda ko‘plab davlatlarning musulmonlariga bosh bo‘lib turgan muftiylar, imom-xatiblarning shirin xotiralari ushbu maskanga bog‘langan. Ular shu yerda tahsil olib ilm hosil qilgan. Tabiiyki, ular o‘z qavmiga Mir Arab madrasasi haqida so‘zlab berib ularni bu makonlarga kelishga qiziqtirib qo‘yadi. Umuman, bu yerda o‘qimagan musulmonlar ham ulug‘ allomalarning aksari shu yerda o‘qiganini eshitgan bois Mir Arab madrasasini bir bora ziyorat qilishini diliga tugib yuradi.
Amalga oshirilayotgan loyihalar bitsa, inshoalloh, Buxoroi sharifga keluvchi ziyoratchilarning soni ortib boraveradi, azizlarimiz boshida o‘qilayotgan tilovati Qur’onlar ko‘payaveradi va bundan ularning ham ruhi shod bo‘ladi.
O‘MI matbuot xizmati
Shri-Lankaning “Solombo Times” nashrida “O‘zbekistonda Yangi uyg‘onish davri: kelajak texnologiyalari yordamida buyuk o‘tmishni qayta tiklash” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Shri-Lankalik taniqli jurnalist Fazan Navaz tomonidan yozilgan ushbu materialda so‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonni bunyod etish, “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirishga qaratilgan islohotlar va ularning samarali natijalari xususida so‘z yuritilgan.
Muallifning yozishicha, Markaziy Osiyo markazida sokin, ammo ulkan ahamiyatga ega inqilob yuz bermoqda. Bu kurash qurol-yarog‘ bilan emas, balki qo‘lyozmalar, muzeylar va mikrochiplar yordamida amalga oshirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston Samarqand va Buxoro kabi shaharlar jahon ilm-fani, she’riyati va falsafasining yetakchi markazlari bo‘lgan O‘rta asrlardagi “Oltin asr” shon-shuhratini qayta tiklashga intilmoqda.
Bu jarayonning o‘ziga xos jihati shundaki, O‘zbekiston ming yildan ziyod tarixga ega madaniy merosni asrash, qayta tiklash va keng ommaga yetkazish uchun sun’iy intellekt hamda raqamli texnologiyalardan faol foydalanmoqda.
Nashrda O‘zbekistonning boy madaniy va tarixiy merosi hamda uni saqlash bo‘yicha islohotlarga to‘xtalib o‘tilgan. Qayd etilganidek, bu zamin insoniyat tarixidagi eng buyuk allomalarga beshik bo‘lgan. Astronom va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek Samarqandda yulduzlarni hayratlanarli darajada aniq kuzatish imkonini bergan rasadxona barpo etgan. Xorazmdagi Ma’mun akademiyasi olimlari esa Yevropada Renessans boshlanishidan ancha avval matematika va tibbiyot sohalarida yuksak yutuqlarga erishgan edi.
O‘zbekiston yetakchisi bu tarixiy merosni tez-tez tilga olib, Mirzo Ulug‘bekni nafaqat buyuk olim, balki ilm-fanni eng yuksak qadriyat deb bilgan davlat arbobi sifatida ta’riflaydi. Davlat rahbari bugungi yangilanish jarayonini “Uchinchi Renessans” deb atab, uni O‘zbekistonning ilmu ma’rifat va madaniyat markazi sifatidagi mavqeini qayta tiklashga qaratilgan umummilliy loyiha sifatida baholaydi. Tarixchilar ta’biri bilan aytganda – bu atama mintaqada avval mavjud bo‘lgan ikki buyuk yuksalish davridan keyingi navbatdagi uyg‘onish bosqichini anglatadi.
Muallifning fikricha, O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini amalga oshirish shunchaki gap emas, balki davlat siyosatiga aylangan.
“Bu ulkan maqsadning eng yorqin ramzi joriy yil Toshkentda qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazidir. 2026 yil mart oyida 40 mamlakatdan tashrif buyurgan 1500 dan ortiq mutaxassis ishtirokida qurib bitkazilgan mazkur markaz o‘z bag‘rida islom olamining eng noyob yodgorliklaridan biri – VII asrga mansub Usmon Mus'hafini saqlaydi. Shuningdek, bu yerda ilmiy laboratoriyalar, restavratsiya ustaxonalari va arxivlar faoliyat yuritadi. Markaz allaqachon dunyodagi eng chiroyli yangi muzeylardan biri sifatida e’tirof etilgan”, – deya qayd etgan jurnalist.
Materialda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston yondashuvining boshqalardan ajratib turadigan muhim jihati – bu sun’iy intellektdan iqtisodiy taraqqiyot vositasi sifatidagina emas, balki madaniy merosni muhofaza qilish vositasi sifatida ham foydalayotganidadir.
Sun’iy intellekt turizm sohasini ham tubdan o‘zgartirmoqda. Bu tashabbus 2026 yilda mamlakatga 12 million sayyohni jalb qilish rejasining bir qismi hisoblanadi.
Fazan Navaz o‘z maqolasini “Uchinchi Renessans” o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga to‘liq erishadimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Biroq bugunning o‘zidayoq O‘zbekiston qanday yo‘ldan odimlab borayotgani aniq ko‘rinib turibdi”, – degan so‘zlar bilan yakunlagan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati