Sayt test holatida ishlamoqda!
22 May, 2025   |   24 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:20
Quyosh
04:58
Peshin
12:25
Asr
17:28
Shom
19:45
Xufton
21:16
Bismillah
22 May, 2025, 24 Zulqa`da, 1446

Buxoroda turizmni yanada rivojlantirish konsepsiyasi bilan tanishuv

18.02.2018   6088   3 min.
Buxoroda turizmni yanada rivojlantirish konsepsiyasi bilan tanishuv
Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahrining tarixiy qismida viloyatda turizm sohasini yanada rivojlantirish konsepsiyasi asosida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. 

Buxoro o‘zining betakror tarixiy obidalari, osori-atiqalari, asrlar osha davom etib kelayotgan milliy hunarmandlik an’analari bilan yurtimiz turistik jozibadorligini oshirishda ulkan salohiyatga ega. 

bd5a7f43-d3b8-022a-2fce-7ab245d85341.jpg
 
2018 yilda viloyatda turizmni yanada rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq 61 loyihani hayotga tatbiq etish ko‘zda tutilgan. Jumladan, 32 mehmonxona, 12 motel, 10 istirohat bog‘i barpo etilib, “Buxoro Palas”, “Varaxsha” va “Zarafshon” mehmonxonalari rekonstruksiya qilinadi. Bundan tashqari, turizm bo‘yicha xalqaro va milliy tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish, restoranlar qurish, sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi transport vositalari xarid qilish, madaniy meros obyektlarini tadbirkorlarga ijaraga berish, havo sharida sayohatni tashkil qilish, G‘ijduvon, Shofirkon, Vobkent va Jondor tumanlarida qishloq turizmini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. 

Ushbu loyihalar natijasida viloyatga kelayotgan xorijiy va mahalliy sayyohlar oqimini sezilarli darajada ko‘paytirishga erishish mumkin. Tarmoqda xizmatlar eksporti hajmi ortib, ko‘plab yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi. 

27e9f807-2c11-872a-7865-b7ae3ca8fc68.jpg
 
Davlatimiz rahbari viloyatga o‘tgan yilgi tashrifi chog‘ida Buxoro shahrining sayyohlik infratuzilmasini yanada rivojlantirish maqsadida uning tarixiy qismida hunarmandlar mavzesi qurish, Haqiqat va Xo‘ja Nurobod ko‘chalarini kengaytirib saylgohga aylantirish, Poyi Kalon va Mir Arab madrasalarini qayta ta’mirlash bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. 

Shunga muvofiq Haqiqat ko‘chasi kengaytirilib, 1,5 metr qalinlikdagi tuproq qatlami olib tashlandi, tarixiy obidalar atrofi ochildi. Yo‘l atrofida birinchi qavatida do‘kon va ustaxonalar bo‘lgan, ikkinchi qavatida hunarmandlar oilalari yashaydigan uylar qurishga kirishildi. Natijada ko‘cha shaharning tarixiy qismiga monand saylgohga aylanib bormoqda. Viloyatga kelayotgan sayyohlar bu yerga ham tashrif buyurib, usta-hunarmandlarning ish jarayoni bilan tanishmoqda, ipak gilamlar, kashtalar, zarbof to‘nlar, turli kiyim-kechak, uy-ro‘zg‘or buyumlari, suvenirlar xarid qilib, Buxoroning qadimiy dovrug‘ini dunyoga yoyishga munosib hissa qo‘shmoqda. 

2018 yilda Poyi Kalon majmuasidagi tarixiy obidalarni ta’mirdan chiqarish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqildi. Bundan tashqari, Xo‘ja Nurobod ko‘chasida joylashgan Abdulazizxon va Ulug‘bek madrasalarida ta’mirlash va tiklash ishlari amalga oshiriladi. Ark qo‘rg‘oni majmuasi atrofi obodonlashtirilib, uning ichkarisidagi bino va inshootlar ta’mirlanadi. Mir Arab madrasasi binosini qurish va qayta tiklash ishlari olib boriladi. Shu ko‘chada hunarmandlar rastasi quriladi. 

Shavkat Mirziyoyev eski shahar qismining turizm infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari bilan tanishar ekan, ushbu hudud tom ma’noda Buxoroning yuragi bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. 

Davlatimiz rahbariga shaharning tarixiy qismidagi madaniy meros obyektlarini ta’mirlash va tiklash, ulardan samarali foydalanish, tarixiy obidalarni qamrab olgan Buxoro shahar kichik halqa yo‘li hamda piyodalar yo‘laklari qurish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rekostruksiya qilish, "O‘zmilliybank” tomonidan mamlakatimizda zamonaviy kinoteatrlar tarmog‘ini barpo etish loyihalari haqida ma’lumot berildi. 

Prezident har bir loyiha yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini berdi. Mir Arab madrasasi bino va inshootlari, turistlarga xizmat ko‘rsatuvchi avtoulovlar, infratuzilma obyektlarini ko‘zdan kechirdi. 
 

Matnazar Elmurodov, O‘zA
 
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Ehromda vazelin ishlatish

19.05.2025   4802   2 min.
Ehromda vazelin ishlatish

Cavol: Issiq havoda ko‘p yurish natijasida ayrim odamlarda ikki oyog‘i orasi qizarib, achishadi. Ehromda shunday holatda malham, vazelin kabi narsalar surtsa bo‘ladimi?


Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Ehromdagi kishi siz aytgandek holatga tushib qolganda yoki tovoni yorilganda xushbo‘y bo‘lmagan malhamlardan foydalanishi mumkin. Bunda hech qanday jarima lozim bo‘lmaydi. Agar xushbo‘y malham yoki vazelindan foydalansa, bunda sadaqa qilishi lozim bo‘ladi. Agar ko‘p marta surtsa, jonliq so‘yish vojib bo‘ladi. Shuning uchun bunday kasallikka duchor bo‘lgan inson imkon qadar xushbo‘y bo‘lmagan malhamlardan foydalanishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu haqida fuqaholarimiz bunday deydilar:

وَلَوْ دَاوَى بِهِ جُرْحَهُ أَوْ شُقُوقَ رِجْلَيْهِ فَلَا كَفَّارَةَ عَلَيْهِ ؛ لِأَنَّهُ لَيْسَ بِطِيبٍ فِي نَفْسِهِ إنَّمَا هُوَ أَصْلُ الطِّيبِ أَوْ طِيبٌ مِنْ وَجْهِ فَيُشْتَرَطُ اسْتِعْمَالُهُ عَلَى وَجْهِ التَّطَيُّبِ.

“Ehromdagi kishi jarohat, oyoq yoriqlarini zaytun yog‘i bilan yog‘lasa, zimmasiga hech narsa vojib bo‘lmaydi. Chunki u xushbo‘ylik emas, balki xushbo‘ylik olinadigan narsa yoki bir jihatdangina xushbo‘ylik xolos. Kafforat vojib bo‘lishligi uchun uni xushbo‘ylanish uchun iste’mol qilgan bo‘lishi shart” (“Hidoya” kitobi).

Alloma Kamol Ibn Humom rahimahulloh aytadilar: “Ehromdagi inson yog‘ yoki sirkani yesa, jarohati yoki tovonidagi yoriqlariga surtsa yo qulog‘iga tomizsa, unga hech qanday jarima lozim bo‘lmaydi” (“Fathul Qodir” kitobi).

 

Mulla Ali al-Qoriy rahimahulloh aytadilar:

 ولو تداوى بالطيب او بدواء فيه طيب غالب ولم يكن مطبوخا فألزقه بجراحته يلزمه صدقة اذا كان موضع الجراحة لم يستوعب عضوا

“Agar xushbo‘y narsa bilan yoki xushbo‘ylik g‘olib bo‘lgan narsa bilan davolansa va ular olovda pishirilgan bo‘lmasa, so‘ng uni jarohatiga yopishtirsa va jarohat bir to‘liq a’zoni tashkil qilmagan bo‘lsa, sadaqa lozim bo‘ladi”. Vallohu a’lam.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.