Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Yanvar, 2025   |   20 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:44
Peshin
12:39
Asr
15:43
Shom
17:28
Xufton
18:45
Bismillah
20 Yanvar, 2025, 20 Rajab, 1446

Qur’on qalblarga nur olib kiradi

18.02.2018   6780   4 min.
Qur’on qalblarga nur olib kiradi

Prezidentimizning 2017 yil 1 sentyabr kuni Hazrati Imom majmuasida davlat, jamoat, yoshlar tashkilotlari vakillari va diniy soha xodimlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda bergan ko‘rsatmalari asosida mamlakatimizning barcha hududida “O‘zbekiston Qur’on musobaqasi” o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon ALIMOV ushbu tadbirni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsadlar, uning ma’naviy-ma’rifiy hayotimizdagi ahamiyati haqida quyidagilarni so‘zlab berdi:

— Bismillahir Rohmanir Rohiym. Haqiqatan, Qur’oni karim insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlaydigan, aql yurgizib, tafakkur qilib o‘qilsa, hidoyatga chorlaydigan muqaddas kitobdir. Zero, Qur’oni karimda: “Albatta, bu Qur’on eng to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etur va ezgu ishlarni qiladigan mo‘minlarga katta mukofot borligi haqida bashorat berur” (“Isro” surasi, 9-oyat) deb marhamat qilingan. Inson Qur’oni karim oyatlarini yod olgani sari ruhi yengillashib, komillikka yetishib boraveradi. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam ham Qur’oni karimni o‘qigan, yod olgan va boshqalarga yetkazgan kishilarni insonlarning eng yaxshisi deb ta’riflaganlar. Bir hadisi sharifda: “Sizlarning yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib, so‘ng uni (boshqalarga ham) o‘rgatuvchilardir” (Imom Buxoriy), deb bayon qilingan.

Qur’on muqaddas kitob, o‘xshashi yo‘q, tengsiz bir ilohiy mo‘jizadir. Bu buyuk Kitobning kalimalari zamirida o‘ta teran ma’no-mazmun borligi, shuningdek, har qaysi inson Qur’oni karimning oyatlarini eshitgan paytda beixtiyor unga quloq tutib qolishi, butun vujudi bilan berilib tinglashi — bularning barchasi ushbu ulug‘ Kitob butun olamlarning yaratuvchisi bo‘lmish buyuk Allohning ilohiy so‘zi ekaniga yana bir dalolatdir.

Yurtboshimiz tashabbusi bilan Qur’on musobaqasi o‘zgacha ruhda, ko‘tarinki kayfiyatda, ommaviy tarzda o‘tkazilmoqda. Bu bejiz emas. Zero, Qur’oni karimni yodlash, tinglash va anglashda hikmat ko‘p. Prezidentimiz ta’birlari bilan aytganda: “Qur’onni eshitish, eshita olish — yuksak ma’naviyat, ma’rifat. Qur’on hech qachon yomonlikka da’vat qilmaydi. Agar Qur’oni karimni eshita olsak, eshittira olsak, bu muvaffaqiyat bo‘ladi. Elimizga nur keladi”.

Qur’on musobaqasini tashkil etishga jiddiy tayyorgarlik ko‘rildi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan Qur’oni karim musobaqasini o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy hay’atning ishchi yig‘ilishlarida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar belgilab olindi. Qur’oni karim musobaqasini o‘tkazish bo‘yicha Nizom, tashkiliy hay’at yo‘riqnomasi, baholash mezonlari va musobaqani o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar bosqichlariga tayinlangan 22 nafar hakam uchun o‘n kun davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasida o‘quv mashg‘ulotlari olib borildi. Ular yetuk ulamolar va mutaxassislardan musobaqani yuqori darajada tashkil etish, ishtirokchilarni adolat va shaffoflik bilan baholash bo‘yicha ma’ruzalar tinglashdi. 

2018 yil 4 — 15 yanvar kunlari joylarda qatnashchilar saralandi. Har bir hududdan 18 — 25 va 26 — 40 yosh toifalarida erkaklar hamda ayollar bo‘lib, jami 5366 nafar ishtirokchi ro‘yxatga olindi. Ular ikki yo‘nalishda, ya’ni “Hifz” (to‘liq yod olgan) va “Tilovat” (qisman yod olgan) bo‘yicha bellashishmoqda.

“O‘zbekiston Qur’on musobaqasi” uch bosqichli bo‘lib, uning birinchi — tuman-shahar (saralash) bosqichi yakunlandi. Shu kunlarda musobaqaning ikkinchi, ya’ni viloyat bosqichi Jizzax viloyatining Zomin tumanidagi “Ma’rifatli” jome masjidida bo‘lib o‘tmoqda. Ta’kidlash joizki, musobaqaning ilk bosqichi ham aynan shu masjidda yuqori darajada boshlangan edi. Navbatdagi — viloyat bosqichini ham mazkur hududdan boshlashga qaror qildik. Ikkinchi bosqichga jami 324 nafar qori yigit-qiz yo‘llanma oldi. Musobaqa jarayonini diniy idoraning muslim.uz sayti orqali onlayn kuzatib, qalblarni ilohiy kalom ziyosi bilan to‘ldirishga chorlaymiz.  

Qur’on musobaqasiga qiziqish qay darajada ekani havo sovuq bo‘lishiga qaramay, to‘p-to‘p bo‘lib kelgan, tadbirni kuzatgan yurtdoshlarimiz yuz-ko‘zida yaqqol ko‘rindi. Mana shunday fayzu barakotli kunlardan mamnun bo‘lgan hamyurtlarimiz qo‘llarini duoga ko‘tarib, uning shukronasi uchun yaratgan Parvardigorimizga hamdu sanolar aytishmoqda, bu ishga tashabbuskor bo‘lgan davlatimiz rahbari, tashkiliy ishlarga bosh mutasaddilar va muhtaram ulamolarimiz haqiga duolar qilishmoqda. “Ko‘pning duosi ko‘l bo‘ladi”, deganlaridek, ana shunday xayrli va fazilatli tanlovlar o‘tayotgan yurtimizga yaxshiliklar urug‘i yog‘ilib, kunlarimiz bundan-da nurafshon bo‘lajak, inshoolloh.

«Xalq so‘zi» muxbiri

Dilshod KARIMOV yozib oldi.

Manba: http://xs.uz

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Masjidda tahoratni 2 narsa ketkazadi

15.01.2025   4309   3 min.
Masjidda tahoratni 2 narsa ketkazadi

Dinimizda poklikka alohida e’tibor qaratilgan. Ibodatlarning ulug‘laridan biri namoz amalini durust bo‘lishi tahoratga bog‘liq. Namozda tahorat to‘liq va mukammal bo‘lishi kerak. Tahorat masalasi haqida Qur’oni karim va hadislarda ko‘plab hukmlar kelgan.

Xususan ajdodimiz, buyuk muhaddis Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy rahimahulloh ham o‘zlarining «Al-Jome’ as-Sahih» asarida alohida bo‘lim ochib unga «Tahorat kitobi» deb nom bergan. Va eng avval bobni tahorat haqida kelgan Moida surasining Ey iymon keltirganlar! Namozga turmoqchi bo‘lsangiz, yuzlaringizni va qo‘llaringizni chig‘anoqlari ila yuvinglar. Boshlaringizga mas'h tortinglar. Va oyoqlaringizni to‘piqlari ila yuvinglar” degan 6-oyatini keltirgan. Va davomida “Nabiy alayhissalom tahoratni bir marta, ikki marta va uch marta qilinishini bayon qildilar”, degan.

Keyin esa “Tahoratsiz namoz qabul bo‘lmaydi” deb ikkinchi bobga nom berdi va unda Abu Hurayra roziyallohu anhuning hadisini keltirdi. U hadisni Imom Buxoriyga ustozi Is'hoq ibn Ibrohim Hanzaliy aytdi, unga Abdurrazzoq, unga Ma’mar, unga Hammom ibn Munabbih aytdi, u Abu Hurayradan eshitgan. Abu Hurayra aytadi: “Rasululloh sollalllohu alayhi vasallam marhamat qilib, betahorat kishi tahorat qilmagunicha namozi qabul qilinmaydi, dedilar. Bir kishi shu vaqtda “Ey Abu Hurayra, tahoratni nima sindiradi?" dedi. U zot, ovozli va ovozsiz yel", dedilar.

Hadisda “qabul bo‘lmaydi” deyildi. Alloma Ibn Hajar rahimahulloh, bu yerdagi namoz qabul qilinmasiligi “qabuli isobat” topilmagani uchundir, deganlar. Ya’ni, namoz fiqhiy qoidalar asosida ado qilinmagan, sababi namozni sharti bo‘lgan tahorat bo‘lmagani uchun ibodat qabul bo‘lmaydi.

Aslida “qabul” so‘zi Alloh taolo qabul qilgan amalga ishlatiladi. Namozxon ibodatni “qabuli isobat” bilan, ya’ni fiqhiy qoidalar asosida ado qilgan bo‘lsa-da, unga riyo aralashtirsa, Alloh qabul qilmagan bo‘ladi, bunda “qabuli ijobat” topilmagan hisoblanadi.

Matndagi “la tuqbalu – qabul qilinmaydi” degan jumlani “qabuli isobat” yoki “qabuli ijobat” deb taqsimlashga hojat yo‘q. Chunki “la tuqbalu” “mardud” ma’nosida, ya’ni namoz tahoratsiz rad qilinadi, deganidir.

Hadisda Abu Hurayra tahoratni buzadigan ikki  narsani sanadi, u zotning nazdida shu ikkovigina tahoratni buzadimi, deyilsa, bunga ulamolar javob berishadi:

Birinchi ehtimol: Ha, faqat shu ikkisi bo‘lishi mumkin;

Ikkinchi ehtimol: Alomma Kashmiriy aytadi, bu savol-javob masjidda bo‘lgan. Masjidda esa tahorat sinishi shu ikkisi bilan bo‘ladi. Va yana odamlarni nazdida bu ikkisi tahorat sindiradigan narsa emas, deb o‘ylagan bo‘lishlari mumkin. Shu ikkinchi ehtimol ulamolar nazdida birinchi ehtimoldan rojih – afzalroq.

Demak, tahorat namozni durust yo nodurust bo‘lishiga sabab bo‘lib, har bir namozxon tahoratga katta e’tibor qaratish lozim.

Abdulbosit Meliboyev,
Toshkent Islom instituti talabasi.