15 fevral kuni Toshkent shahri, Shayxontohur tumanidagi xonadonda yong‘in sodir bo‘lishi oqibatida ushbu xonadonda yashab kelgan bir oilaning yetti nafar a’zosi hayotdan ko‘z yumgani haqiba xabar berilgandi.
Ma’lum bo‘lishicha, «Hilol» nashriyotida bir necha yillar davomida muharrir bo‘lib ishlagan, «Tafsiri Hilol», «Kifoya» kabi asarlarni tahrir qilgan Shahobiddin hoji Odilovning yaqinlari ham ushbu falokat tufayli halok bo‘lgan.
Shu munosabat bilan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining hamdardliklarini yetkazish maqsadida, Diniy idora mas’ullari ushbu xonadonga bordilar.
Musibatzada xonadan egalariga chin ko‘ngildan ta’ziya izhor etib, muftiy hazratlarining hamdardliklari yetkazildi. Bunday og‘ir sinovlarni chinakam mo‘minlarga xos sabru matonat bilan qarshi olishlarida Yaratgan Robbimiz madadkor bo‘lishini tiladilar.
Qur’oni karim tilovat qilinib, marhumlar haqqiga bag‘ishlandi.
Alloh taolo ushbu marhumlarni O‘z rahmatiga olib, sabru jamil ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
“Yangi O‘zbekistonning fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” tashabbusi doirasida Respublikamiz hojilari ishtirokida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari qizg‘in davom etmoqda.
Aytib o‘tish joizki, 2024 yilning 18 iyulidan 2025 yilning 6 fevraliga qadar o‘tkazilgan 65 ming 729 ta tadbir doirasida 402 931 nafar yurtdoshimiz qamrab olindi. Ularning oilaviy sharoitlaridan kelib chiqib, tinchlik qadri va shukronalik, yoshlar tarbiyasi, illatlarga barham berish, ilm-ma’rifatga targ‘ib, yot g‘oyalarga qarshi kurashish mavzularida suhbatlar o‘tkazildi. Ehtiyojmandlar holidan xabar olinib, oziq-ovqat mahsulotlari, moddiy yordamlar berildi.
Ushbu xayrli ishlarga diniy soha vakillari bilan bir qatorda 11 mingdan ziyod hojilar jalb etilgan bo‘lib, ular mahallalarda amaliy ishlarda ko‘ngilli ravishda ishtirok etishmoqda. Nizoli oilalarni yarashtirishda, yot unsurlar ta’siriga tushib qolganlarni to‘g‘ri yo‘lga qaytarishda muhtaram hoji ota-onalarimizning ko‘maklari katta bo‘lmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati