15 fevral kuni Toshkent shahri, Shayxontohur tumanidagi xonadonda yong‘in sodir bo‘lishi oqibatida ushbu xonadonda yashab kelgan bir oilaning yetti nafar a’zosi hayotdan ko‘z yumgani haqiba xabar berilgandi.
Ma’lum bo‘lishicha, «Hilol» nashriyotida bir necha yillar davomida muharrir bo‘lib ishlagan, «Tafsiri Hilol», «Kifoya» kabi asarlarni tahrir qilgan Shahobiddin hoji Odilovning yaqinlari ham ushbu falokat tufayli halok bo‘lgan.
Shu munosabat bilan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining hamdardliklarini yetkazish maqsadida, Diniy idora mas’ullari ushbu xonadonga bordilar.
Musibatzada xonadan egalariga chin ko‘ngildan ta’ziya izhor etib, muftiy hazratlarining hamdardliklari yetkazildi. Bunday og‘ir sinovlarni chinakam mo‘minlarga xos sabru matonat bilan qarshi olishlarida Yaratgan Robbimiz madadkor bo‘lishini tiladilar.
Qur’oni karim tilovat qilinib, marhumlar haqqiga bag‘ishlandi.
Alloh taolo ushbu marhumlarni O‘z rahmatiga olib, sabru jamil ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun buyuk mutafakkir, shoir va davlat arbobi Mir Alisher Navoiy tavallud topgan kun.
U zotning ijodidan bir shingil:
Qaro ko‘zum, kelu, mardumlig‘ emdi fan qilg‘il,
Ko‘zum qarosida mardum kibi vatan qilg‘il.
Sharh: Hazrat qalblari mahbubiga murojaat etish uchun, avvalo, so‘z, ibora yoxud tashbeh izlaydilar. Inson tanasining eng zarur va aziz bo‘lgan a’zosi ko‘z ne’mati ekan, ulug‘ shoir sevimli mahbubning ko‘zlarini tasavvur etadilar. Islomiy manbalarni mukammal bilgan Hazrat Navoiy Rasuli akram sallollohu alayhi vasallamning ko‘zlari tim qora ekanligini ta’kid etaroq, bevosita iyhom san’ati bilan - ham sevimli Payg‘ambarimiz alayhissalomga xayolan murojaat etadilar, ham ul zoti bobarakotni o‘zlarining ko‘zlari o‘rnida tasavvur qilib, ulug‘laydilar.
Darhaqiqat, “Rasululloh alayhissalomning ko‘zlari qorasi tim qora edi”.
Mardumak – ko‘zning gavhari. Ma’lumki, ko‘z qabul qilgan tasvirlar ana shu mardumakda, gavharakda aks etib turadi. Fan – kasb, hunar ma’nosini anglatadi. Ulug‘ shoir Rasululloh sallollohu alayhi vasallamga iltijo bilan: “Ey qaro ko‘zli Rasululloh, ko‘zlarimdek azizim, Sizni tushlarimda ko‘ray, ko‘zlarim mardumi ichida doimo siymongiz aks etib tursin, mening ko‘zlarim mardumi bo‘lishingiz bir hunardek takror-takror bo‘lsin. Vatan – tark etib bo‘lmaydigan maskan, Ko‘zim mardumini faqatgina Sizning aksingiz egallasin, yo Rasululloh, bu vatanga boshqa hech kim kirmasin”, demoqdalar.
Filologiya fanlari doktori, professor Dilorom Salohiy