«Agar ahli kitoblar imon keltirganlarida va taqvo qilganlarida edi, albatta, ularning gunohlarini kechirgan va (jannatdagi) so‘lim bog‘larga kiritgan bo‘lur edik» (Moida surasi, 65-oyat).
«Yana meni (oxiratda) ne’matlar bog‘ining vorislaridan qilgin!» (Shuaro surasi, 85-oyat).
«Imon keltirgan va ezgu ishlarni qilganlarni esa, imonlari sababli Parvardigorlari hidoyat qilur, ne’mati mo‘l jannat (bog‘)larda ostilaridan anhorlar oqib turgay» (Yunus surasi, 9-oyat)
«Parvardigorlari ularga O‘z tarafidan rahmat, rizolik va ular uchun ne’matlari doimiy (bo‘lmish) jannat (bog‘)lari to‘g‘risida xushxabar berur» (Tavba surasi, 21-oyat).
«Alloh mo‘minlar va mo‘minalarga ostidan anhorlar oqib turadigan, mangu yashaladigan jannat (bog‘)laridagi yoqimli maskanlarni va’da qildi. Allohning rizosi esa, (hammasidan) buyukroqdir. Ana shu(lar) ulkan yutuqdir» (Tavba surasi, 72-oyat).
«(U) abadiylik bog‘lari bo‘lib, (ular) u joylarga ota-bobolari, jufti halollari va zurriyotlaridan iborat solih (banda)lar bilan birga kirurlar» (Ra’d surasi, 23-oyat).
«Ular ostidan anhorlar oqib turadigan mangu jannatlarga kirurlar. Ular uchun u yerda xohlagan narsalari bordir. Taqvodorlarni Alloh mana shunday mukofotlagay» (Nahl surasi, 31-oyat).
«Albatta, imon keltirgan va ezgu ishlarni qilgan zotlar uchun Firdavs bog‘lari manzil bo‘lur» (Kahf surasi, 107-oyat).
«Imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlar uchun qilgan amallari sababli jannat maskanlari manzil bo‘lur» (Sajda surasi, 19-oyat).
«Alloh (odamlarni) tinchlik diyori (jannat)ga chorlaydi va xohlagan kishini to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etadi» (Yunus surasi, 25-oyat).
Davron NURMUHAMMAD
to‘pladi
O‘MI Matbuot xizmati
Kecha, 24 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov raisligida Zangiota tumanidagi «Eshonguzar» jome masjidida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘MI Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Muzaffar domla Kamolov, Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov, bosh imom o‘rinbosarlari, Zangiota tumanidagi masjidlar imomlari, hududlardagi hoji otalar, hoji onalar ishtirok etdi.
Yig‘ilishdan so‘ng tumandagi kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, ehtiyojmand oilalarga kirilib, ularga zarur ko‘maklar ko‘rsatildi.
Shuningdek, arzimas sabablar bilan nizolashgan oilalar, kelin-kuyovlar kayvoni hoji otanlar, hoji onalar ko‘magida yarashtirildi.
Tumandagi 21 ta masjid imom-xatiblari hojilar bilan birga bilib-bilmay aqidasi buzuq kimsalar tuzog‘iga tushib qolgan yoshlar bilan ham suhbatlar olib borishdi. Ularga Imom Moturidiy rahimahullohning ta’limoti tushuntirildi.
Bir kunning o‘zida o‘nlab oilalarga kirib, ko‘ngli o‘ksiklar holidan xabar olish, yosh oilalarni yarashtirish, adashgan insonlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish – savobi ulug‘ amal. Zero, hadisi sharifda Nabiyyi muhtaram alayhissalom: «Kim bir mo‘mindan bu dunyo mashaqqatlaridan bir mashaqqatni ketkazsa, Alloh taolo undan Qiyomat kuni mashaqqatlaridan birini ketkizadi. Kim bir kambag‘alning ishini yengillatsa, Alloh uning bu dunyoyu oxiratidan ishlarini yengillatadi. Kim bir musulmonning aybini berkitsa, Alloh taolo uning aybini bu dunyoyu oxiratda berkitadi. Modomiki banda o‘z birodarining yordamida ekan, Alloh ham uning yordamida bo‘ladi», dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati