O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifini Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qilishdan boshladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ziyorat davomida Davlatimiz rahbariga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari hamrohlik qildi. Maqbarada qur’on tilovat qilingan.
Davlat rahbari Buxoro viloyatida muqaddas qadamjolar ko‘pligi, ularni ziyorat qilish yurtdoshlarimiz uchun ham qarz, ham ulkan saodat ekanini ta’kidlab, yosh avlodni ajdodlarimizning ma’naviy merosi asosida tarbiyalash haqida so‘z yuritganlar.
Shu yerda Abduxoliq G‘ijduvoniy va Bahouddin Naqshband tavallud sanalarini nishonlash, “Yetti pir” nomi bilan mashhur qadamjolarni obodonlashtirish loyihalari haqida ma’lumot berilgan.
Shavkat Mirziyoyev rejalashtirilgan qurilish ishlari mazmunan chuqur o‘ylanmaganini tanqid qilib, allomalarimiz yubiley sanalarini ularga munosib tarzda, dunyo olimlarini jalb qilgan holda yuksak saviyada nishonlash zarurligini ta’kidlagan.
“Yetti pir” maqbaralarini obod qilish, ularni bir yo‘l bilan bog‘lash loyihalarini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berib o‘tganlar
O‘MI Matbuot xizmati
Joriy yilning 6 may kuni Mir Arab o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida navbatdagi ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.
Unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari D.Maxsudov tomonidan muassasa o‘qituvchilari, xodimlari hamda talabalariga "Fuqarolarning vijdon erkinligini ta’milash va diniy sohadagi davlat siyosati Konsepsiyasi"ning mazmun-mohiyatini ifoda etuvchi maxsus kurs mashg‘uloti o‘tib berildi.
Tadbir davomida Konsepsiyada mustahkamlangan vijdon erkinligi tamoyillari, diniy e’tiqod erkinligini ta’minlashga qaratilgan qonunchilik asoslari va fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish masalalari keng yoritildi. Diniy-ma’rifiy sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Manba: Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Axborot xizmati