Sayt test holatida ishlamoqda!
16 May, 2025   |   18 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:28
Quyosh
05:04
Peshin
12:24
Asr
17:25
Shom
19:39
Xufton
21:08
Bismillah
16 May, 2025, 18 Zulqa`da, 1446

Diydiyo

16.02.2018   4348   4 min.
Diydiyo

Olis qishloqlarning birida yoshi o‘tib qolgan Sobir ota degan odam yashardi. Otaning ikki kelini bor edi-yu, ammo ulardan sira ko‘ngli to‘lmas edi.

Otaxon har kuni azonda turar, mol-hollarga qarab uydagi boshqa yumushlar bilan andarmon bo‘lib kun o‘tkazardi.

Yaxshi hamki, otaning baxtiga qo‘shnisi Qamar bobo bor. Har safar ko‘chada uchratib qolsa ichidagi hamma dard-u hasratini unga to‘kib soladi. Qamar bobo ham Sobir otaning dardlarini tinglab zerikmaydi. Bir muddat o‘yga tolgancha jim qoladi-yu, keyin u ham o‘zining hasratlaridan so‘zlay boshlaydi. Aslida, ikki qariya bir-birining uyida bir piyola choy ustida gurunlashib o‘tirsa bo‘lardi. Ammo Qamar boboning kampiri chatoq, o‘lgudek ziqna. Sobir otaning esa kelinlari... unikiga Qamar bobo bir martagina kirib ketganida tushmagur kelinlari ortidan rosa gap qildi. Qamar bobo boshqa unikiga chiqmadi.

Shu-shu ikki qariya faqat ko‘cha bo‘yidagi to‘nka o‘rindiqda o‘tirib olib hasratlashadi.

Mana hozir ham Sobir ota Qamar boboni uchratdi-yu, diydiyosini  boshladi:

–Ey qadrdonim! Vaqt deganlari yomon ekan. Buni qarang, bir pasda yetmishni ham urib qo‘yibmiz.

–_Gapirmang, do‘stim, gapirmang! Bizning davrimiz o‘tdi! Keksayganda yaqinlarim orasida izzat-hurmatda ko‘raman deganimda Xudo boshimga mana shu kunlarni solib o‘tiribdi! O‘tgan yili yakka-yu yolg‘iz farzandimdan ayrildim! Bu ham yetmaganidek kelinim bizni tashlab ketib qoldi. Kampirim ham asabidan ayrilgan, ikki gapining birida menga zarda qiladi. Eh, bu hayotga kelib biron ro‘shnolik ko‘rganimni eslay olmayman do‘stim!

–_Nimasini aytasiz, men ham shu ikki kelinimdan kuyib yuribman. Loaqal bittasi o‘likmisan, tirikmisan demasa, holimdan bir xabar olmasa! Eh, o‘g‘illarim ham menga teskari, ikkovi ham xotinining yonini oladi! Bu ham yetmaganidek, butun tanam tuni bilan qaqshab chiqadi. Shu ham yashashmi, Qamarjon! Qarigan chog‘imda menga bu azoblar nega kerak! Eh, izzat nafsing poymol bo‘lmasin ekan! Xudo-yo, undan ko‘ra jonimni olib qo‘ya qolsa nima qilardi!

–_Peshonamiz sho‘r ekan-da Sobirboy, sho‘r ekan! Bo‘lmasa, endi dunyoga nazar sola boshlaganimizda urush degan baloni ko‘rarmidik. Endi bola bo‘lib o‘ynaymiz deganda ocharchilik, qahatchiliklarni  ko‘rarmidik. O‘qishga kiramiz deb shaharga borib xoru zor bo‘lib qaytib kelarmidik. Keksayib kuchdan qolganimizda mana shu qora kunlarni ko‘rarmidik! E, Xudoyim, bizni mana shu tinch, to‘q zamonlarda yaratmaydimi? Mana anavi Nabini qarang, tushmagur hali juda yosh! Xudo ham ishini yurishtirib unga obro‘ berib qo‘ygan. Mana yaqinda uylandi. Xotini ham hurliqo! Bu ham yetmaganidek dang‘illama uy soldi! Mana buni haqiqiy hayot desa bo‘ladi do‘stim! Biz esa... gohida boshqalarning totli hayotini ko‘rganimda o‘zimning achchiq qismatimni o‘ylab ich-ichimdan yig‘lagim keladi!

–_Hayot shu ekan-da! Baxtga yetganlar bor, yetmaganlar bor! Biz bechoralar esa o‘lgunimizcha shu ahvolda qolib ketamiz! Hali besh kunligimiz bormi, yo‘qmi...

Shu choq ularning yonidan yugurgancha Mamaraimning o‘g‘li o‘tib qoldi. Yigitcha qariyalarni ko‘rdi-da halloslab borib duduqlanib qoldi.

–_Hay, Mamaraimning o‘g‘limisan? Namuncha halloslamasang? Tinchlikmi o‘zi? – dedi chollar bir ovozdan.

Yigitcha bir muddat gapirolmay jim qoldi. Ammo keyin qaltirab asta gap boshladi:

–_Nabi....Nabi akam... avtohalokatda vafot etibdi!..

Bu xabarni eshitib Sobir ota ham, Qamar bobo ham bir muddat chuqur o‘yga toldilar. Bir oz jim o‘tirdilar-da, keyin uy-uylariga kirib ketishdi...

O‘sha tongda bomdod namoziga masjidga chiqqan odamlar o‘z safida Qamar bobo va Sobir otani ham ko‘rdilar.

Sherzod Haydarbekov

O‘MI Matbuot xizmati  

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Masjidi Nabaviydagi 5 mehrob

14.05.2025   3265   3 min.
Masjidi Nabaviydagi 5 mehrob

Masjidi Nabaviy Madina shahrida joylashgan bo‘lib, Islom tarixidagi eng muqaddas joylardan biridir. Masjid Muhammad sollallohu alayhi vasallam tomonidan hijratning birinchi yilida, 622 yili barpo etilgan va musulmonlar uchun Makkadagi Masjidul Harom va Quddusdagi Masjidul Aqsodan keyingi uchinchi muqaddas masjid hisoblanadi. Masjidi Nabaviydagi mehroblar masjidning tarixiy va ma’naviy ahamiyatini aks ettiradi.

Mehrob – masjidda namoz vaqtida imom turadigan va qiblani ko‘rsatuvchi joy. Masjidi Nabaviydagi kengaytirishlar va qayta qurish jarayonlarida mehroblar o‘zgarib borgan. Masjidning dastlabki ko‘rinishi sodda shaklda bo‘lib, mehrob ham biror bir narsa bilan belgilanmagan. Keyinchalik, Umaviylar, Abbosiylar, Usmoniylar va Saudiylar davrida mehroblar naqshinkor san’at namunalari bilan bezatildi.

1. Payg‘ambar mehrobi. Mehrobi Nabaviy Masjidi Nabaviydagi eng muhim va asosiy mehrobdir. Mehrob Ravzada, Payg‘ambar alayhissalomning qabrlari va minbarlari orasida joylashgan. Payg‘ambar alayhissalom davrlarida U zot namoz o‘qigan joyda biror belgi bo‘lmagan, 707-710 yilda ilk bor Umaviy xalifasi Valid ibn Abdulmalik tomonidan bu joyga birinchi mehrob o‘rnatilgan.

Masjidda hozirgi shakldagi mehrob 1482 yilda Mamluk sultoni Qaytbey tomonidan qurilgan bo‘lib, keyinchalik Usmonlilar va Saudiya podshohi Fahd davrlarida ta’mirlangan. Mehrob tilla bilan qoplangan xattotlik yozuvlari va go‘zal naqshlar bilan bezatilgan.

2. Usmoniy mehrobi. Mehrobi Usmoniy hozirda ko‘p foydalaniladigan asosiy mehrob bo‘lib, Usmon ibn Affon roziyallohu anhu davrida 651 yilda masjid kengaytirilganidan qurilgan. Qibla devorining markazida joylashgan Usmon ibn Affon mehrobi o‘rnida dastlab belgi bo‘lgan.

3. Mehrobi tahajjud. Mehrob Payg‘ambar alayhissalom tahajjud namozini o‘qigan joyni bildiradi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tungi namozlarini Masjidi Nabaviyning ustunlaridan biri yonida o‘qir edilar. Keyinchalik bu ustun yonida mehrob qurildi, ammo so‘nggi yillardagi qayta ta’mirlash ishlarida olib tashlandi va uning o‘rniga Qur’oni karim mus'haflari uchun kitob javoni o‘rnatilgan.

4. Sulaymoniy mehrobi. Mehrobi Sulaymoniy Hanafiy mehrobi deb ham nomlanadi. Sulaymoniy mehrobi Ravzadan tashqarida, Payg‘ambar alayhissalom minbarlarining o‘ng tomonida joylashgan. Bu mehrob hanafiy mazhabidagilarning namozgohi bo‘lgan. 1532 yili Sulton Sulaymon I buyrug‘i bilan bunyod etildi.

5. Fotima mehrobi. Fotima rohiyallohu anho uylari yaqinida, tahajjud mehrobining janubida, Nabiy alayhissalom hujralari atrofida joylashgani, maqbara o‘ralgani bois mehrob ko‘rinmaydi.

Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va islom tarixi fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi.