Olis qishloqlarning birida yoshi o‘tib qolgan Sobir ota degan odam yashardi. Otaning ikki kelini bor edi-yu, ammo ulardan sira ko‘ngli to‘lmas edi.
Otaxon har kuni azonda turar, mol-hollarga qarab uydagi boshqa yumushlar bilan andarmon bo‘lib kun o‘tkazardi.
Yaxshi hamki, otaning baxtiga qo‘shnisi Qamar bobo bor. Har safar ko‘chada uchratib qolsa ichidagi hamma dard-u hasratini unga to‘kib soladi. Qamar bobo ham Sobir otaning dardlarini tinglab zerikmaydi. Bir muddat o‘yga tolgancha jim qoladi-yu, keyin u ham o‘zining hasratlaridan so‘zlay boshlaydi. Aslida, ikki qariya bir-birining uyida bir piyola choy ustida gurunlashib o‘tirsa bo‘lardi. Ammo Qamar boboning kampiri chatoq, o‘lgudek ziqna. Sobir otaning esa kelinlari... unikiga Qamar bobo bir martagina kirib ketganida tushmagur kelinlari ortidan rosa gap qildi. Qamar bobo boshqa unikiga chiqmadi.
Shu-shu ikki qariya faqat ko‘cha bo‘yidagi to‘nka o‘rindiqda o‘tirib olib hasratlashadi.
Mana hozir ham Sobir ota Qamar boboni uchratdi-yu, diydiyosini boshladi:
–Ey qadrdonim! Vaqt deganlari yomon ekan. Buni qarang, bir pasda yetmishni ham urib qo‘yibmiz.
–_Gapirmang, do‘stim, gapirmang! Bizning davrimiz o‘tdi! Keksayganda yaqinlarim orasida izzat-hurmatda ko‘raman deganimda Xudo boshimga mana shu kunlarni solib o‘tiribdi! O‘tgan yili yakka-yu yolg‘iz farzandimdan ayrildim! Bu ham yetmaganidek kelinim bizni tashlab ketib qoldi. Kampirim ham asabidan ayrilgan, ikki gapining birida menga zarda qiladi. Eh, bu hayotga kelib biron ro‘shnolik ko‘rganimni eslay olmayman do‘stim!
–_Nimasini aytasiz, men ham shu ikki kelinimdan kuyib yuribman. Loaqal bittasi o‘likmisan, tirikmisan demasa, holimdan bir xabar olmasa! Eh, o‘g‘illarim ham menga teskari, ikkovi ham xotinining yonini oladi! Bu ham yetmaganidek, butun tanam tuni bilan qaqshab chiqadi. Shu ham yashashmi, Qamarjon! Qarigan chog‘imda menga bu azoblar nega kerak! Eh, izzat nafsing poymol bo‘lmasin ekan! Xudo-yo, undan ko‘ra jonimni olib qo‘ya qolsa nima qilardi!
–_Peshonamiz sho‘r ekan-da Sobirboy, sho‘r ekan! Bo‘lmasa, endi dunyoga nazar sola boshlaganimizda urush degan baloni ko‘rarmidik. Endi bola bo‘lib o‘ynaymiz deganda ocharchilik, qahatchiliklarni ko‘rarmidik. O‘qishga kiramiz deb shaharga borib xoru zor bo‘lib qaytib kelarmidik. Keksayib kuchdan qolganimizda mana shu qora kunlarni ko‘rarmidik! E, Xudoyim, bizni mana shu tinch, to‘q zamonlarda yaratmaydimi? Mana anavi Nabini qarang, tushmagur hali juda yosh! Xudo ham ishini yurishtirib unga obro‘ berib qo‘ygan. Mana yaqinda uylandi. Xotini ham hurliqo! Bu ham yetmaganidek dang‘illama uy soldi! Mana buni haqiqiy hayot desa bo‘ladi do‘stim! Biz esa... gohida boshqalarning totli hayotini ko‘rganimda o‘zimning achchiq qismatimni o‘ylab ich-ichimdan yig‘lagim keladi!
–_Hayot shu ekan-da! Baxtga yetganlar bor, yetmaganlar bor! Biz bechoralar esa o‘lgunimizcha shu ahvolda qolib ketamiz! Hali besh kunligimiz bormi, yo‘qmi...
Shu choq ularning yonidan yugurgancha Mamaraimning o‘g‘li o‘tib qoldi. Yigitcha qariyalarni ko‘rdi-da halloslab borib duduqlanib qoldi.
–_Hay, Mamaraimning o‘g‘limisan? Namuncha halloslamasang? Tinchlikmi o‘zi? – dedi chollar bir ovozdan.
Yigitcha bir muddat gapirolmay jim qoldi. Ammo keyin qaltirab asta gap boshladi:
–_Nabi....Nabi akam... avtohalokatda vafot etibdi!..
Bu xabarni eshitib Sobir ota ham, Qamar bobo ham bir muddat chuqur o‘yga toldilar. Bir oz jim o‘tirdilar-da, keyin uy-uylariga kirib ketishdi...
O‘sha tongda bomdod namoziga masjidga chiqqan odamlar o‘z safida Qamar bobo va Sobir otani ham ko‘rdilar.
Sherzod Haydarbekov
O‘MI Matbuot xizmati
Shu yil 3 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Namangan viloyat bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbosiddinov raisligida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilayotgan masjidlarning imom-xatib va mutavallilari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Ko‘rilgan masalalar masjidlardagi qurilish-ta’mirlash ishlari shaharsozlik me’yorlariga to‘liq muvofiq bo‘lishi va qurilishga oid hujjatlarni talabga muvofiq yuritish hamda qurilishlar sodda, oddiy va dabdabadan holi bo‘lishi bo‘yicha mas’ullarga zaruriy tavsiyalar berildi. Qurilish-ta’mirlash ishlarini sifati va belgilangan vaqtda yakunlash zarurligi yana bir bor eslatildi.
Barcha imom-xatib va xodimlarga masjidlar hamda ularga olib boruvchi 100 metr masofadagi yo‘llardagi tozalash va obodonlashtirish ishlari doimiy bo‘lishi, namozxonlar uchun sharoitlarni yanada qulay bo‘lishi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, tahoratxonalardagi sharoitlarni zamonaviy talab darajasiga keltirish kabi vazifalar yuklatildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
atbuot xizmati