Alloh taolo insonni aziz va mukarram qilib yaratib, jamiki mavjudotu tabiatni uning istirohati uchun yaratdi va ne’matlarni bani Odamning amallariga munosib tarzda berib qo‘ydi. Buning hikmati – inson ana shu ne’matlarning nima uchun serob bo‘lishi va nima uchun va kam bo‘lishiga ibrat ko‘zi bilan boqsin.
Yana Rabbimizning hikmatlaridan biri – mulk uchun mas’ul bo‘lgan kishiga g‘ayritabiiy ilhom ham ato qiladiki, uning sirini tafakkur qilgan kishilar biladi.
O‘tgan yilning 1 sentyabrida bu yilgi qishning qanday kelishini kim bilar edi? Bu qish ko‘p og‘ir keldi: Yaqin Sharq va Afrika davlatlarining aksarida qurg‘oqchilik hukm surayapti. Har doim seryog‘in bo‘ladigan mintaqalarda esa har yilgidan ko‘proq qor yog‘ayapti.
Xullas, o‘sha kuni “Hazrati Imom” majmuasiga tashrif buyurgan prezidentimiz dabdurustdan Qur’on musobaqasini o‘tkazish to‘g‘risida taklif aytib qoldi. Buni eshitgan keksa-yu yoshning qalbi sevinchga to‘ldi. Ammo bu xursandchilikning boshlanishi ekanini endi-endi anglayapmiz.
Davlatimiz rahbarining bu tashabbusidan ruhlangan O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati, xususan, muftiy hazratlari musobaqani tez kunlarda o‘tkazish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatib mas’ul shaxslarni tayin qildilar. Shu bilan qishning chillasida O‘zbekiston Qur’on musobaqasi boshlanib ketdi.
Buni ko‘rgan ba’zi yurtdoshlarimiz shunday ajoyib musobaqa bahorda yoki yozda o‘tkazilganda yanada yaxshi bo‘lardi-da, deyishdi. O‘zimizga ham sovuq o‘tib ketgan kezlarda, ayozda dildirab o‘tirgan otaxonu onaxonlarni, yoshlarimizni ko‘rganda, to‘g‘risi, o‘zimiz ham issiq kunlarda bo‘lgan zo‘r bo‘lar ekan-da, degan xayolga bordik.
Ammo, azizlar, sovuq o‘z yo‘liga-ku, qorni sog‘inib ko‘zimiz nigoron bo‘ldi. Yurtimizga qurg‘oqchilik tahdid sola boshladi. Yig‘inlarda, masjidlarda, matbuot sahifalarida Rabbimizdan qor so‘rab iltijolar qildik.
Biz o‘zimiz bilib-bilmay yuraveribmiz, qaysi hududda Qur’on musobaqasi o‘tgan bo‘lsa, o‘sha yerga qor yog‘ibdi. Musobaqa Surxondaryoda bo‘lganda Surxon qorga burkandi; Qashqadaryoda bo‘lganda Qashqa vohasiga qor berdi; Toshkent shahrida bo‘lganda esa Osmon eshiklari ochildi va poytaxtimizdan boshlab hamma yoq oppoq qorga burkandi.
Ana Qur’on musobaqasining sharofati. Bu musobaqa muqarrar qurg‘oqchilikning oldini olmoqda.
Ana dastlab yurtboshimizning, keyin muftiy hazratlarining qalbiga solingan ilhomning hikmati!..
O‘MI Matbuot xizmati
Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi tashkil topganiga 35 yil to‘lgani munosabati bilan Olmaota shahrida “Markaziy Osiyo va Qozog‘istonda Islom: tarixiy an’analar va zamonaviy imkoniyatlar” mavzusida nufuzli xalqaro anjuman o‘tkazildi. Unda turli davlatlardan kelgan islom ulamolari ishtirok etishdi. Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi direktor o‘rinbosari G‘ulomiddin Xolboyev ham qatnashib, “Sun’iy ong (intellekt) va uning hukmi” mavzusida chiqish qildi.
Darhaqiqat, sun’iy ong (SO) – odam kabi fikrlab, qo‘yilgan muammoga yechim topishga yo‘naltirilgan bugungi texnologiya. Garchi u turli uskuna va jihozlar ko‘rinishida bo‘lsa ham, qaror qabul qilish, insoniy xulq-atvorga taqlid qilish kabi qobiliyatlarga ega.
Axborot asri deb atalayotgan bugunga kelib ilm-fan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari juda ham tez va shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Taraqqiy etgan o‘lkalarda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish kengayib, u ko‘plab sohalarga kirib bormoqda. Ushbu “ong”ning shar’iy hukmiga aniqlik kiritish zamona faqihlari oldida turgan muhim vazifalardan. Zero, undan musulmonlar ham keng miqyosda foydalanmoqda.
O‘zbekiston ulamolari vakili G‘ulomiddin domla Xolboyevning chiqishi shu ma’noda katta qiziqish bilan tinglandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati