Sayt test holatida ishlamoqda!
02 May, 2025   |   4 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:50
Quyosh
05:19
Peshin
12:25
Asr
17:17
Shom
19:24
Xufton
20:48
Bismillah
02 May, 2025, 4 Zulqa`da, 1446

Osmondan fayz yog‘ildi, baraka yog‘di

16.02.2018   3327   2 min.
Osmondan fayz yog‘ildi, baraka yog‘di

Alloh taolo insonni aziz va mukarram qilib yaratib, jamiki mavjudotu tabiatni uning istirohati uchun yaratdi va ne’matlarni bani Odamning amallariga munosib tarzda berib qo‘ydi. Buning hikmati – inson ana shu ne’matlarning nima uchun serob bo‘lishi va nima uchun va kam bo‘lishiga ibrat ko‘zi bilan boqsin.   

Yana Rabbimizning  hikmatlaridan biri – mulk uchun mas’ul bo‘lgan kishiga g‘ayritabiiy ilhom ham ato qiladiki, uning sirini tafakkur qilgan kishilar biladi.

O‘tgan yilning 1 sentyabrida bu yilgi qishning qanday kelishini kim bilar edi? Bu qish ko‘p og‘ir keldi: Yaqin Sharq va Afrika davlatlarining aksarida qurg‘oqchilik hukm surayapti. Har doim seryog‘in bo‘ladigan mintaqalarda esa har yilgidan ko‘proq qor yog‘ayapti.

Xullas, o‘sha kuni “Hazrati Imom” majmuasiga tashrif buyurgan prezidentimiz dabdurustdan Qur’on musobaqasini o‘tkazish to‘g‘risida taklif aytib qoldi. Buni eshitgan keksa-yu yoshning qalbi sevinchga to‘ldi. Ammo bu xursandchilikning boshlanishi ekanini endi-endi anglayapmiz.

Davlatimiz rahbarining bu tashabbusidan ruhlangan O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati, xususan, muftiy hazratlari musobaqani tez kunlarda o‘tkazish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatib mas’ul shaxslarni tayin qildilar. Shu bilan qishning chillasida O‘zbekiston Qur’on musobaqasi boshlanib ketdi.

Buni ko‘rgan ba’zi yurtdoshlarimiz shunday ajoyib musobaqa bahorda yoki yozda o‘tkazilganda yanada yaxshi bo‘lardi-da, deyishdi. O‘zimizga ham sovuq o‘tib  ketgan kezlarda, ayozda dildirab o‘tirgan otaxonu onaxonlarni, yoshlarimizni ko‘rganda, to‘g‘risi, o‘zimiz ham issiq kunlarda bo‘lgan zo‘r bo‘lar ekan-da, degan xayolga bordik.

Ammo, azizlar, sovuq o‘z yo‘liga-ku, qorni sog‘inib ko‘zimiz nigoron bo‘ldi. Yurtimizga qurg‘oqchilik tahdid sola boshladi. Yig‘inlarda, masjidlarda, matbuot sahifalarida Rabbimizdan qor so‘rab iltijolar qildik.

Biz o‘zimiz bilib-bilmay yuraveribmiz, qaysi hududda Qur’on musobaqasi o‘tgan bo‘lsa, o‘sha yerga qor yog‘ibdi. Musobaqa Surxondaryoda  bo‘lganda Surxon qorga burkandi; Qashqadaryoda bo‘lganda Qashqa vohasiga qor berdi; Toshkent shahrida bo‘lganda esa Osmon eshiklari ochildi va poytaxtimizdan boshlab hamma yoq oppoq qorga burkandi.

Ana Qur’on musobaqasining sharofati. Bu musobaqa  muqarrar qurg‘oqchilikning oldini olmoqda.

Ana dastlab yurtboshimizning, keyin muftiy hazratlarining qalbiga solingan ilhomning hikmati!..   

O‘MI  Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Xivada zamonaviy "Arda Xiva" majmuasi ochildi

02.05.2025   595   4 min.
Xivada zamonaviy

 

Xorazm viloyatining turizm salohiyatini yuzaga chiqarish bo‘yicha qilinayotgan ishlar katta natija bermoqda, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri. 
 

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, buni hududga xorijiy sayyohlarning tashrifi yetti-sakkiz yil oldingi davrga nisbatan 30 barobar ko‘payganida ham ko‘rish mumkin. Sohadagi o‘zgarishlar hisobiga viloyat turizm xizmatlari eksporti 2017 yildagi 7 million dollardan o‘tgan yilda 380 million dollarga yetdi.

 

Sir emas, ilgari hudud turizmi haqida gapirilganda ko‘pchilik faqat Ichan qal’ani hayoliga keltirar edi. Keyingi vaqtlarda bu boradagi qarashlar butunlay o‘zgardi. Sayyohlar uchun qirqdan ortiq turistik yo‘nalishlar ishlab chiqildi va ularning umumiy soni yuztaga yetdi.

 

Endi bu yerda yana bir noyob majmua – "Arda Xiva" bor. Uning ochilishi Xorazm viloyatiga Prezident tashrifining muhim voqeasi bo‘ldi.

 

Majmua qadim kent ichra yana bir betakror shaharni eslatadi. Mazkur maskan o‘zida tarix va bugunni uyg‘unlashtirgan me’moriy yechimi bilan noyob loyiha sanaladi.

 

"Arda Xiva" hududdagi 25 gektarlik past unumli, sho‘rxok maydonda qurildi. Uning bir tomoni 150 gektarlik G‘ovuk ko‘lga tutashib ketgani, bu maydonlarda esa yashil hududlar tashkil etilayotgani loyihani sayyohlar uchun yanada jozibador ko‘rsatishga xizmat qiladi.

 

Davlatimiz rahbari majmua bo‘ylab yurib, bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. Hunarmandchilik, badiiy va amaliy san’at ko‘rgazmalari hamda bozor rastalarini tomosha qildi.

 

Bu yerda sayyohlarga xizmat ko‘rsatish uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Xususan, qadimiy shahar muhitini aks ettiruvchi binolar, jami ming o‘rinli 20 ta mehmonxona qurildi. Ochiq-yopiq akvapark va attraksionlar, uch ming o‘rinli amfiteatr va musiqali favvora barpo etildi.

 

Shuningdek, tarixiy qiyofadagi 11 ta hunarmand uyi, sharqona bozor, "Ko‘hna Urganch" muzeyi mehmonlar uchun qiziqarli bo‘ladi. Ikki kilometrlik kanalda qayiqda sayr qilish imkoniyati yana bir o‘ziga xos yangilik.

 

Beshta kinoteatr va konsert zali, ko‘plab restoranlar, zargarlik markazi, savdo do‘konlari va rastalari, suv moto-turizmi joyi hamda avtoturargoh zamonaviy talablarga mos tarzda qurilgan. Hududdagi barcha inshootlar uchun yagona sovitish va isitish tizimi barpo etilgan. Elektr energiyasi ta’minoti uchun quyosh panellari o‘rnatilgan.

 

Majmua yiliga uch million nafar tashrif buyuruvchini qabul qilish imkoniyatiga ega. Bu yerda ikki mingdan ziyod kishi ish bilan ta’minlanadi.

 

Ichan qal’a tarixiy bo‘lsa, "Arda Xiva" Xorazmning zamonaviy "tashrif qog‘ozi" bo‘ladi.

 

Davlatimiz rahbari shu yerda xorazmlik yoshlar bilan samimiy muloqot qildi.

 

- Har qanday zaxira, yerosti boyliklari qachonlardir tugaydi. Lekin bobolarimiz bizga shunday buyuk ma’naviy meros, ulug‘vor obidalar qoldirganki, ular asrlar davomida xalqqa xizmat qilib kelayapti. Biz mana shu boylikdan elimiz manfaati yo‘lida foydalanishimiz kerak. Ancha ishlar qilindi, lekin hali rejalar ham ko‘p. Men bu yo‘lda siz, yoshlarga ishonaman. Sizlar baland cho‘qqilarni ko‘zlab, shunga yarasha bilim olsangiz, zamonaviy kasblarning ustasi bo‘lsangiz, yuksak maqsadlarimizga albatta erishamiz, - dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

 

Yoshlarning o‘qishdagi muvaffaqiyatlari, orzu-intilishlari haqida fikr almashildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari