Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Aprel, 2025   |   1 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:55
Quyosh
05:23
Peshin
12:25
Asr
17:15
Shom
19:21
Xufton
20:44
Bismillah
29 Aprel, 2025, 1 Zulqa`da, 1446

“Muazzineki, haq ibodatig‘a nido qilg‘ay, jon anga fido!”

16.02.2018   4645   9 min.
“Muazzineki, haq ibodatig‘a nido qilg‘ay, jon anga fido!”

Bugun “Hazrati Imom” jome masjidida Olmazor tumani qorilarining qiroatini tingladik. Yosh-yosh yigitlar, yuzidan nur yog‘iladi. Bir qiroat qildilarki, ko‘ngillar yayradi. Ularni ko‘rgan har kishi borki, farzandlarining ham ulardek xushovoz qorilar bo‘lishni orzu qiladi. Qanday ajoyib o‘g‘lonlar!..

Peshin namoziga turganimizda, adashmasam, ziynat qori Muhammad Loyiq Aminov azon chaqirdi. Muazzinning ushbu azondagi ohangi shu vaqtga qadar eshitgan azonlarimiz ohangiga unchalik o‘xshamas edi. Lekin juda ham go‘zal. Shunaqa uslub ham bor ekan-da, deb qoyil bo‘ldik.

Azonning kishi tabiatiga kuchli ta’sir ko‘rsatishini barcha birdek e’tirof qiladi. Chunki u erinib o‘tirgan kishini g‘ayratga undaydi, mast uyquda yotgan odamni uyg‘otadi, namoziga bee’tibor kimsalarni xijolat qiladi, dahriylarning boshiga to‘qmoqdek tegadi va yana biz bilmagan fazilatlar juda ham ko‘p uning.

Ana shu jihatlaridan kelib chiqib, mo‘min-musulmonlarning hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan azonning tarixiga bir ko‘z yugurtirib chiqsak foydadan xoli bo‘lmaydi, degan umiddamiz. Albatta. azonning tarixi obdon o‘rganilsa  katta kitob ham bo‘ladi. Ammo biz iymonlashish niyatida bilganimizcha so‘z yuritishni niyat qildik. 

Namozga qanday chaqirish maslahati

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hijrat qilib Madinaga kelganlarida shahar aholisi u zotni katta xursandchilik bilan kutib oldi. Makkalik muhojirlar va madinalik ansor Alloh rizoligi yo‘lida do‘stu birodar bo‘ldi. Ansorlar muhojirlardan molini ham, jonini ham ayamadi, qo‘lidan nima yaxshilik kelsa hammasini qildi. Makkada mushriklarning qattiq zulmidan ezilgan muhojirlar ana shu yerga kelganidan keyin kun ko‘rgandek bo‘ldilar.

Shu tariqa, bu muazzam shaharda Islom dini keng yoyildi. Musulmonlarning boshi uzra soya solib turgan xatarlar ortda qola boshlagach, ularga namoz, zakot, ro‘za farz qilindi, had (jazo turi) joriy qilindi, halol va haromning chegaralari belgilab berildi.

Dastlabki kezlarda musulmon­lar namozga hech qanday chaqiriqsiz to‘planib kelaverardi. Ammo bunda ba’zilar namozga kechikib qolmaslik uchun vaqtli kelib juda ko‘p vaqt sarflasa, ba’zilar kechikib qolar edi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yahudiylar ibodatlariga chaqiradigandek karnay chaldirmoqchi bo‘ldilar, so‘ng bu fikrdan qaytdilar, so‘ngra musul­monlarni chaqirish uchun zang chalmoqchi bo‘ldilar. 

Umar roziyallohu anhu va Abdulloh ibn Zaydning tush ko‘rgani

Ibn Hishomdan Atoga ibn Jurayj bunday degani rivoyat qilinadi: «Ubayd ibn Umayr al-Laysiydan shunday deganini eshit­dim: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va sahobalar namozga zang chalib chaqirishga ittifoq qildilar. Shunga muvofiq Umar ibn Xattob roziyallohu anhu zang uchun ikkita yog‘och sotib olmoqchi bo‘lib yurgan kunlarda bir kecha tushida namozga azon aytish kerakligi ishora qilinadi. So‘ng ko‘rgan tushini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aytmoqchi bo‘lib borganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga vahiy kelib bo‘lgan va Bilol roziyallohu anhu azon aytayotgan edi. Umar tushi haqida xabar bergach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: «Vahiy sendan ilgarilab ketdi (ol­din keldi)», dedilar.

O‘sha kunlarning birida Abdulloh ibn Zayd ibn Sa’laba ibn Abdu Rabbih Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzuriga kelib: «Ey Allohning Rasuli! Bu kecha tushim­da oldimdan egniga yashil kiyim kiygan, qo‘lida zang tutgan bir kishi o‘tdi. Men undan: «Ey Allohning bandasi! Bu zangni sotmaysanmi?» deb so‘radim. U: «Buni nima qilasan?» dedi. Men: «Bu bilan namozga chaqiramiz», dedim. U: «Senga bundan ham yaxshiroq narsani o‘rgataymi?» dedi. Men: «U nima ekan?» dedim. U: «Sen bunday degin: Allohu akbar! Allohu akbar! Allohu akbar! Allohu akbar! Ashhadu alla ilaha illalloh! Ashhadu alla ilaha illalloh! Ashhadu anna Muhammadar Rasululloh! Ashhadu anna Muhammadar Rasululloh! Hayya ala-s-solah! Hayya ala-s-solah! Hayya ala-l-falah! Hayya ala-l-falah! Allohu akbar! Allohu akbar! La ilaha illalloh! deb o‘rgatdi», dedi. 

Azonni birinchi bo‘lib Bilol roziyallohu anhu chaqirgan

Abdulloh ibn Zayd Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aytib bergach, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Alloh xohlasa, bu rost tush. Borgin-da, uni Bilolga o‘rgat va u azon aytsin. Chunki uning ovozi senikidan balandroq», dedilar. Bilol azon aytgach, uyida o‘tirgan Umar buni eshitdi va darhol to‘nini su­dragancha Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib: «Ey Allohnig Payg‘ambari! Sizni haq bilan yuborgan Zotga qasamki, xuddi shu nar­sani men ham tushimda ko‘rdim», dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohga hamd bo‘lsin!» dedilar. 

Muazzinlarning darajasi

Muazzinlarning martabasi qanchalik bo‘lishi haqida ko‘p hadislar rivoyat qilingan. Ammo gapimiz cho‘zilib ketmasligi uchun Muoviya roziyallohu anhudan rivoyat qilingan mana bu hadis bilan kifoyalanamiz. “Rasululloh  sollallohu alayhi vasallam: «Qiyomat kuni muazzinlar eng bo‘yi uzun kishilar bo‘ladi (ya’ni darajalari baland kishilar bo‘lishadi)», dedilar” (Imom Muslim rivoyati).

Muazzinning qanchalik mahorat ila yoqimli ovozda azon chaqirishi insonlarning kayfiyatiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Chiroyli chaqirilgan azon odamlarni qanchalik xursand qilsa, o‘rniga keltirmasdan azon chaqirgan kishi ularni ranjitadi.

Mo‘tabar manbalarning birida o‘qigan edim. Bir zamonlar qaysidir qishloqda bir muazzin bo‘lgan ekan. U shunchalar bemaza ovozda azon chaqirar ekanki, odamlar qaniydi azonni shu odam chaqirmasa deb orzu qilar ekan. Qishloqning donishmandi uning azon chaqirishidan qutulishning chorasini topibdi. U aytgan fikrga barcha rozi bo‘libdi. Muazzinga agar boshqa qishloqqa ko‘chib ketsang, senga butun qishloq xalqi bir dinordan beramiz, deyishibdi. U taklifga jon deb rozi bo‘libdi. Uyini sotib qishloq aholisi yig‘ib bergan pulni cho‘ntakka joylab boshqa qishloqqa ko‘chib ketibdi. U odam ko‘chib borgan qishlog‘ida ham azon chaqiribdi. Keyin oradan uch-to‘rt kun o‘tib qishlog‘iga kelib o‘sha donishmandga uchrab: “U qishloqning odamlari agar boshqa joyga ko‘chib ketsang, ikki dinordan yig‘ib beramiz, deyapti, nima qilsam ekan?” deb maslahat so‘rabdi. Donishmand unga: “Ko‘nma, ular ikki barobardan ham ko‘p beradi”, debdi.

Hazrat Navoiy ham “Mahbub ul-qulub” asarida xushovoz muazzinlarni va ularning aksi bo‘lgan azonchilarni quyidagicha ta’riflagan:

“Muqriylar zikrida

Muazzineki, haq ibodatig‘a nido qilg‘ay, jon anga fido, agar yaxshi vast birla ado qilg‘ay. Agar poklik va niyoz bu ishga mulhaqdur, omu xos ko‘ngliga maqbuli mutlaqdur. Bu nido yomonlarni fisq kunjidin masjid sori boshqarur andoqki, fusungar yilonni tarona bila teshukdin chiqarur. Agar muqriy lavanddur, bad ovozi kulg‘udidur, lahni nosoz, badani vuzu’ qaydidin nopok va xush vaqt rioyatidin bebok. Ruhi toat zavqidin bexabar va uni savt ul-hamirdin ankar. Man’ va nahy tufrog‘in og‘zig‘a urmoq avlo, balki toq minordan uchurmoq avlo.

Ruboiy:

Muqriyki, erur pokro‘ va zohidvash,

Alxoni xush va husni adosi dilkash.

Jon anga fidoki, ruh etar andin g‘ash,

Agar bo‘lsa muning aksi nafas urmasa xash”. 

Azonning chaqirilishi daqiqalar orasida ham uzilmaydi

Birlashgan Arab Amirliklari olimlari Yer sharida bir kecha-kunduzda bir daqiqa ham azon ovozi tinmay yangrashini ilmiy asosda isbotlashdi. Matematik olim Al-Fadil bunday deydi: "Sayyoramiz 360 vaqtlik meridianga ega. Bir meridiandan ikkinchi meridian vaqti 4 daqiqa farq qiladi. azon aytilishi qoidasiga ko‘ra, to‘g‘ri aytilgan azon uchun ham 4 daqiqa vaqt sarflanadi. Shunga ko‘ra, bir meridianda azon aytib tugatilishi bilan keyingi meridianda azon aytish boshlanadi. Shu tariqa azon Yer yuzida 1440 daqiqa yoki 24 soat aytilishi davom etadi.

Taklif

Yaratganga shukr yurtimizda Qur’on musobaqasi chiroyli tarzda o‘tyapti. Ushbu musobaqa yakuniga yetganidan so‘ng muazzinlar musobaqasi o‘tkazilsa bo‘lmasmikan. Siz nima deysiz?

Damin JUMAQUL

O‘MI Matbuot xizmati

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston ulamosi xalqaro anjumanda chiqish qildi

28.04.2025   4719   1 min.
O‘zbekiston ulamosi xalqaro anjumanda chiqish qildi

Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi tashkil topganiga 35 yil to‘lgani munosabati bilan Olmaota shahrida “Markaziy Osiyo va Qozog‘istonda Islom: tarixiy an’analar va zamonaviy imkoniyatlar” mavzusida nufuzli xalqaro anjuman o‘tkazildi. Unda turli davlatlardan kelgan islom ulamolari ishtirok etishdi. Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi direktor o‘rinbosari G‘ulomiddin Xolboyev ham qatnashib, “Sun’iy ong (intellekt) va uning hukmi”  mavzusida chiqish qildi.
 

Darhaqiqat, sun’iy ong (SO) – odam kabi fikrlab, qo‘yilgan muammoga yechim topishga yo‘naltirilgan bugungi texnologiya. Garchi u turli uskuna va jihozlar ko‘rinishida bo‘lsa ham, qaror qabul qilish, insoniy xulq-atvorga taqlid qilish kabi qobiliyatlarga ega.


Axborot asri deb atalayotgan bugunga kelib ilm-fan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari juda ham tez va shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Taraqqiy etgan o‘lkalarda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish kengayib, u ko‘plab sohalarga kirib bormoqda. Ushbu “ong”ning shar’iy hukmiga aniqlik kiritish zamona faqihlari oldida turgan muhim vazifalardan. Zero, undan musulmonlar ham keng miqyosda foydalanmoqda.


O‘zbekiston ulamolari vakili G‘ulomiddin domla Xolboyevning chiqishi shu ma’noda katta qiziqish bilan tinglandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

 

O‘zbekiston ulamosi xalqaro anjumanda chiqish qildi
O'zbekiston yangiliklari