Bugun “Hazrati Imom” jome masjidida Olmazor tumani qorilarining qiroatini tingladik. Yosh-yosh yigitlar, yuzidan nur yog‘iladi. Bir qiroat qildilarki, ko‘ngillar yayradi. Ularni ko‘rgan har kishi borki, farzandlarining ham ulardek xushovoz qorilar bo‘lishni orzu qiladi. Qanday ajoyib o‘g‘lonlar!..
Peshin namoziga turganimizda, adashmasam, ziynat qori Muhammad Loyiq Aminov azon chaqirdi. Muazzinning ushbu azondagi ohangi shu vaqtga qadar eshitgan azonlarimiz ohangiga unchalik o‘xshamas edi. Lekin juda ham go‘zal. Shunaqa uslub ham bor ekan-da, deb qoyil bo‘ldik.
Azonning kishi tabiatiga kuchli ta’sir ko‘rsatishini barcha birdek e’tirof qiladi. Chunki u erinib o‘tirgan kishini g‘ayratga undaydi, mast uyquda yotgan odamni uyg‘otadi, namoziga bee’tibor kimsalarni xijolat qiladi, dahriylarning boshiga to‘qmoqdek tegadi va yana biz bilmagan fazilatlar juda ham ko‘p uning.
Ana shu jihatlaridan kelib chiqib, mo‘min-musulmonlarning hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan azonning tarixiga bir ko‘z yugurtirib chiqsak foydadan xoli bo‘lmaydi, degan umiddamiz. Albatta. azonning tarixi obdon o‘rganilsa katta kitob ham bo‘ladi. Ammo biz iymonlashish niyatida bilganimizcha so‘z yuritishni niyat qildik.
Namozga qanday chaqirish maslahati
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hijrat qilib Madinaga kelganlarida shahar aholisi u zotni katta xursandchilik bilan kutib oldi. Makkalik muhojirlar va madinalik ansor Alloh rizoligi yo‘lida do‘stu birodar bo‘ldi. Ansorlar muhojirlardan molini ham, jonini ham ayamadi, qo‘lidan nima yaxshilik kelsa hammasini qildi. Makkada mushriklarning qattiq zulmidan ezilgan muhojirlar ana shu yerga kelganidan keyin kun ko‘rgandek bo‘ldilar.
Shu tariqa, bu muazzam shaharda Islom dini keng yoyildi. Musulmonlarning boshi uzra soya solib turgan xatarlar ortda qola boshlagach, ularga namoz, zakot, ro‘za farz qilindi, had (jazo turi) joriy qilindi, halol va haromning chegaralari belgilab berildi.
Dastlabki kezlarda musulmonlar namozga hech qanday chaqiriqsiz to‘planib kelaverardi. Ammo bunda ba’zilar namozga kechikib qolmaslik uchun vaqtli kelib juda ko‘p vaqt sarflasa, ba’zilar kechikib qolar edi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yahudiylar ibodatlariga chaqiradigandek karnay chaldirmoqchi bo‘ldilar, so‘ng bu fikrdan qaytdilar, so‘ngra musulmonlarni chaqirish uchun zang chalmoqchi bo‘ldilar.
Umar roziyallohu anhu va Abdulloh ibn Zaydning tush ko‘rgani
Ibn Hishomdan Atoga ibn Jurayj bunday degani rivoyat qilinadi: «Ubayd ibn Umayr al-Laysiydan shunday deganini eshitdim: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va sahobalar namozga zang chalib chaqirishga ittifoq qildilar. Shunga muvofiq Umar ibn Xattob roziyallohu anhu zang uchun ikkita yog‘och sotib olmoqchi bo‘lib yurgan kunlarda bir kecha tushida namozga azon aytish kerakligi ishora qilinadi. So‘ng ko‘rgan tushini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aytmoqchi bo‘lib borganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga vahiy kelib bo‘lgan va Bilol roziyallohu anhu azon aytayotgan edi. Umar tushi haqida xabar bergach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: «Vahiy sendan ilgarilab ketdi (oldin keldi)», dedilar.
O‘sha kunlarning birida Abdulloh ibn Zayd ibn Sa’laba ibn Abdu Rabbih Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzuriga kelib: «Ey Allohning Rasuli! Bu kecha tushimda oldimdan egniga yashil kiyim kiygan, qo‘lida zang tutgan bir kishi o‘tdi. Men undan: «Ey Allohning bandasi! Bu zangni sotmaysanmi?» deb so‘radim. U: «Buni nima qilasan?» dedi. Men: «Bu bilan namozga chaqiramiz», dedim. U: «Senga bundan ham yaxshiroq narsani o‘rgataymi?» dedi. Men: «U nima ekan?» dedim. U: «Sen bunday degin: Allohu akbar! Allohu akbar! Allohu akbar! Allohu akbar! Ashhadu alla ilaha illalloh! Ashhadu alla ilaha illalloh! Ashhadu anna Muhammadar Rasululloh! Ashhadu anna Muhammadar Rasululloh! Hayya ala-s-solah! Hayya ala-s-solah! Hayya ala-l-falah! Hayya ala-l-falah! Allohu akbar! Allohu akbar! La ilaha illalloh! deb o‘rgatdi», dedi.
Azonni birinchi bo‘lib Bilol roziyallohu anhu chaqirgan
Abdulloh ibn Zayd Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aytib bergach, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Alloh xohlasa, bu rost tush. Borgin-da, uni Bilolga o‘rgat va u azon aytsin. Chunki uning ovozi senikidan balandroq», dedilar. Bilol azon aytgach, uyida o‘tirgan Umar buni eshitdi va darhol to‘nini sudragancha Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib: «Ey Allohnig Payg‘ambari! Sizni haq bilan yuborgan Zotga qasamki, xuddi shu narsani men ham tushimda ko‘rdim», dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohga hamd bo‘lsin!» dedilar.
Muazzinlarning darajasi
Muazzinlarning martabasi qanchalik bo‘lishi haqida ko‘p hadislar rivoyat qilingan. Ammo gapimiz cho‘zilib ketmasligi uchun Muoviya roziyallohu anhudan rivoyat qilingan mana bu hadis bilan kifoyalanamiz. “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qiyomat kuni muazzinlar eng bo‘yi uzun kishilar bo‘ladi (ya’ni darajalari baland kishilar bo‘lishadi)», dedilar” (Imom Muslim rivoyati).
Muazzinning qanchalik mahorat ila yoqimli ovozda azon chaqirishi insonlarning kayfiyatiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Chiroyli chaqirilgan azon odamlarni qanchalik xursand qilsa, o‘rniga keltirmasdan azon chaqirgan kishi ularni ranjitadi.
Mo‘tabar manbalarning birida o‘qigan edim. Bir zamonlar qaysidir qishloqda bir muazzin bo‘lgan ekan. U shunchalar bemaza ovozda azon chaqirar ekanki, odamlar qaniydi azonni shu odam chaqirmasa deb orzu qilar ekan. Qishloqning donishmandi uning azon chaqirishidan qutulishning chorasini topibdi. U aytgan fikrga barcha rozi bo‘libdi. Muazzinga agar boshqa qishloqqa ko‘chib ketsang, senga butun qishloq xalqi bir dinordan beramiz, deyishibdi. U taklifga jon deb rozi bo‘libdi. Uyini sotib qishloq aholisi yig‘ib bergan pulni cho‘ntakka joylab boshqa qishloqqa ko‘chib ketibdi. U odam ko‘chib borgan qishlog‘ida ham azon chaqiribdi. Keyin oradan uch-to‘rt kun o‘tib qishlog‘iga kelib o‘sha donishmandga uchrab: “U qishloqning odamlari agar boshqa joyga ko‘chib ketsang, ikki dinordan yig‘ib beramiz, deyapti, nima qilsam ekan?” deb maslahat so‘rabdi. Donishmand unga: “Ko‘nma, ular ikki barobardan ham ko‘p beradi”, debdi.
Hazrat Navoiy ham “Mahbub ul-qulub” asarida xushovoz muazzinlarni va ularning aksi bo‘lgan azonchilarni quyidagicha ta’riflagan:
“Muqriylar zikrida
Muazzineki, haq ibodatig‘a nido qilg‘ay, jon anga fido, agar yaxshi vast birla ado qilg‘ay. Agar poklik va niyoz bu ishga mulhaqdur, omu xos ko‘ngliga maqbuli mutlaqdur. Bu nido yomonlarni fisq kunjidin masjid sori boshqarur andoqki, fusungar yilonni tarona bila teshukdin chiqarur. Agar muqriy lavanddur, bad ovozi kulg‘udidur, lahni nosoz, badani vuzu’ qaydidin nopok va xush vaqt rioyatidin bebok. Ruhi toat zavqidin bexabar va uni savt ul-hamirdin ankar. Man’ va nahy tufrog‘in og‘zig‘a urmoq avlo, balki toq minordan uchurmoq avlo.
Ruboiy:
Muqriyki, erur pokro‘ va zohidvash,
Alxoni xush va husni adosi dilkash.
Jon anga fidoki, ruh etar andin g‘ash,
Agar bo‘lsa muning aksi nafas urmasa xash”.
Azonning chaqirilishi daqiqalar orasida ham uzilmaydi
Birlashgan Arab Amirliklari olimlari Yer sharida bir kecha-kunduzda bir daqiqa ham azon ovozi tinmay yangrashini ilmiy asosda isbotlashdi. Matematik olim Al-Fadil bunday deydi: "Sayyoramiz 360 vaqtlik meridianga ega. Bir meridiandan ikkinchi meridian vaqti 4 daqiqa farq qiladi. azon aytilishi qoidasiga ko‘ra, to‘g‘ri aytilgan azon uchun ham 4 daqiqa vaqt sarflanadi. Shunga ko‘ra, bir meridianda azon aytib tugatilishi bilan keyingi meridianda azon aytish boshlanadi. Shu tariqa azon Yer yuzida 1440 daqiqa yoki 24 soat aytilishi davom etadi.
Taklif
Yaratganga shukr yurtimizda Qur’on musobaqasi chiroyli tarzda o‘tyapti. Ushbu musobaqa yakuniga yetganidan so‘ng muazzinlar musobaqasi o‘tkazilsa bo‘lmasmikan. Siz nima deysiz?
Damin JUMAQUL
O‘MI Matbuot xizmati
Bugungi kunda taomlanish madaniyatimiz tobora g‘arb madaniyatiga moslashib borayotgani hech kimga sir emas. Restoranlarda vilkalar va pichoqlardan foydalanish odatiy holga aylangan, hatto o‘zimizning milliy taomlarimizni ham qo‘l bilan yeyishdan uyaladiganlar topiladi. Aslida esa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning taomlanish odoblariga nazar tashlasak, go‘shtni pichoq bilan emas, tishlab yeyish tavsiya qilinganini ko‘ramiz.
Oisha roziyallohu anho rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deydilar: "Go‘shtni pioq bilan kesib yemanglar, chunki bu ajam (musulmon bo‘lmagan)larning ishi. Uni tishlab yenglar, shunda yeyish osonroq va mazasi yoqimliroq bo‘ladi" (Abu Dovud, 3778-hadis).
Yana bir hadisi sharifda Sofvan ibn Umayya roziyallohu anhu bunday deydilar: "Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga taomlanayotib, go‘shtni suyagidan qo‘lim bilan ajratib yedim. Shunda u zot: Suyakni og‘zingga yaqin olib kelib yegin, ana shunda mazali va yoqimli bo‘ladi”, dedilar (Abu Dovud, 3779-hadis).
Bu hadislar bizga nimani o‘rgatadi? Eng avvalo, taomlanish madaniyati g‘arbga ergashish bilan o‘lchanmasligini anglatadi. Bugungi kunda ba’zi kishilar qo‘l bilan ovqat yeyishni madaniyatsizlik deb bilishadi. Aslida esa, bu aynan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan biridir. Sunnatga mos kelgan narsa hech qachon or va uyat bo‘lishi mumkin emas.
Bundan tashqari, qo‘lda yeyishda miya ovqatga tayyorgarlik ko‘radi va hazm jarayoni yaxshiroq kechadi. Qo‘llar bilan ovqatni ushlaganda miya oshqozonga hazm jarayonini boshlash haqida signal yuboradi. Qo‘llar teridagi mikrobiota (foydali bakteriyalar) tufayli organizmning immunitetini kuchaytiradi. Qo‘l bilan yeyishda kishi ovqatning tuzilishi va haroratini his qilib, shunga muvofiq ish ko‘radi. Qo‘l bilan ovqat yeganda odam sekinroq yeydi va tanasiga yetarlicha to‘yinganlik signalini berishga imkoniyat beradi. Bu esa ortiqcha ovqat yeyishning oldini oladi. Bolalar uchun qo‘l bilan ovqat yeyish motorika (mayda qo‘l harakatlari) va mustaqillikni rivojlantiradi.
Demak, taomlanishda ham biz sunnatni unutmasligimiz, o‘z madaniyatimiz va islomiy qadriyatlarimizga sodiq qolishimiz kerak. G‘arb qadriyatlari hayotimizning ajralmas qismiga aylanib borayotgan bir paytda, biz sunnat yo‘lidan uzoqlashmaylik!