O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Vatan. Har bir kishining tug‘ulub o‘skan shahar va mamlakatini shul kishining vatani deyilur. Har kim tug‘ulgan, o‘sgan yerini jonidan ortuq suyar. Hatgo bu vatan hissi tuyg‘usi hayvonlarda ham bor. Agar bir hayvon o‘z vatanidan — uyuridan ayirilsa, o‘z yeridagi kabi rohat-rohat yashamas, maishati talx bo‘lub, har vaqt dilining bir go‘shasida o‘z vatanining muhabbati turar.
Biz turkistonlilar o‘z vatanimizni jonimizdan ortuq suydig‘imiz kabi, arablar Arabistonlarini, qumlik, issig‘ cho‘llarini, eskimo‘lar shimol taraflarini, eng sovuq qor va muzlik yerlarini boshqa yerlardan ziyoda suyarlar. Agar suymasalar edi, havosi yaxshi, tiriklik oson yerlarga o‘z vatanlarin tashlab hijrat qilurlar edi. Bobolarimiz: «Kishi yurtida sulton bo‘lguncha, o‘z yurtingda cho‘pon bo‘l», demishlar (Abdulla Avloniy. Tanlangan asarlar).
Shariat manbalarida Vatanni himoya qilish farzi ayn, ya’ni barchaga barobar buyurilgan amal deb belgilab qo‘yilgan. Agar dushman bostirib kelsa, ayol kishi o‘z eridan, qul o‘z xojasidan izn so‘rab o‘tirmasdan jangga chiqib ketaverishi mumkin. Vatan himoyasi muqaddas amallardan ekani, undan yuz o‘girish yoki biror bahonani ro‘kach qilib, uni himoya qilmaslik og‘ir gunoh ekani yuqorida keltirilgan fikrlardan dalolatdir.
Imom Tabaroniy rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo roziligi yo‘lida bir kun chegara hududida posbonlik qilish bir oy kechalari ibodat qilib, kunduzlari nafl ro‘za tutishdan afzaldir”, deganlar.
Dinimiz ta’limotida inson o‘zi yashab turgan vatanini, dinini, oila ahlini himoya qilishi eng ulug‘ amallardan ekanligi ta’kidlangan.
Imom G‘azzoliy hazratlari: “Har bir inson o‘z yeriga, garchi u tap-taqir sahro bo‘lsa ham qattiq bog‘lanadi. Vatanni sevish inson ruhiyatidagi asl tabiatdir. Ushbu tabiat vatanda yashashda huzur-halovat, undan uzoq bo‘linganda sog‘inch, hujum qilinganda mudofaa va kamsitilganda g‘azab hislarini paydo qiladi”, degan.
Hukamolardan biri: “Kishining vafodorligi uning o‘z vatani uchun qayg‘urishidan, birodarlarini sog‘inishidan va umrining zoye ketkazgan lahzalariga o‘kinib yashashidan bilinadi”, degan.
Ulamolardan biri: “Har bir kimsaga ma’lumdirki, hayot olamida insonning eng sevgan, qadrli, qimmatli to‘rt narsasi bordir. Bu to‘rt narsaga ega bo‘lmagan kishilar insonlik sharafidan mahrum bo‘lurlar. Ular: ozodlik va erkinlik, mehnat bilan topilgan molga o‘zi egalik qilmog‘i, tug‘ilib o‘sgan ona vatani hamda asrlar bo‘yi asrab-avaylab kelayotgan muqaddas dini”, degan ekan.
Har bir shaxs o‘zi yashab turgan joyini ardoqlab, uni himoya qilishi – o‘z joni, moli, ota-onasi va farzandlarini himoya qilishi vatanparvarlik hisoblanadi. Bu ish ulkan savob ekani haqida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Moli, joni, dini va ahli ayolini himoya qilish yo‘lida halok bo‘lgan kishi shahidlik maqomini topadi” (Imom Termiziy rivoyati).
Inson o‘z Vataniga xiyonat qilishi, undagi ota-onasi, farzandlari va xalqining qadriga yetmasligi, ularni o‘ylamasdan Vatanga qarshi qurol ko‘tarishi – dinimizdagi eng og‘ir gunoh va juda katta jinoyatdir! Vatanni sevishimizga bir qancha sabablar bor. Jumladan, Alloh taolo taqdirimizni shu yerga bitdi. Shu Vatanda tug‘ilib o‘sdik, tarbiya topdik. Bu Vatanda eng sevimli qarindoshlarimiz, yaqinlarimiz yashashadi. Buning ziyodasiga bu zaminni son-sanoqsiz ulug‘ zotlar, Allohning do‘stlari vatan tutishgan.
Vatanni yaxshi ko‘rish, vatanni qo‘msash tuyg‘usi barcha maxluqotlarda ham bor. Baliq suvga, hayvon o‘zining iniga, hasharot uyasiga intiladi. O‘sha aqli yo‘q jonivorlar ham, hasharotlar ham o‘zining uyini taniydi, uni quradi, unda jufti bilan yashab, naslini davom ettiradi, zarur paytda uni himoya ham qiladi.
Shunday ekan, aqlu zakovat va tafakkur ato etilgan, borliqdagi mavjudotlarning gultoji bo‘lgan insonda esa bu tuyg‘u yuksak darajada rivojlangan bo‘lishi lozim. Bu borada Imom G‘azzoliy hazratlari: “Vatanning ham haqlari bo‘ladi. Ularning birinchisi shu vatanda yashaganda tinch-xotirjam, shukrona qilib yashash haqqidir. Shuningdek, vatandan ketganda uni sog‘inish, vatan kamsitilganda g‘azablanish, vatanga hujum qilinganda uni himoya qilish ham vatanning shu yurtda tug‘ilib-o‘sganlar zimmasidagi haqqidir”, degan ekan.
Inson qayerda dunyoga kelsa ana shu yer uning uchun qadrli, kindik qoni to‘kilgan joy hamma narsadan ham qimmatli dargohdir. Biror sabab bilan vatanini tashlab, boshqa yurtlarga ketgan inson eng og‘ir damlarda uni qumsab, ko‘z oldiga keltirishi va tug‘ilib o‘sgan zamini xaqida biror qayg‘uli xabar eshitganda qalban ezilishi ham vatanga bo‘lgan muhabbatning belgisidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu bilan Madinai munavvaraga ko‘chib ketayotganlarida orqalariga o‘girilib, o‘z vatani Makkai mukarramaga qarab: “(Ey Makka), sendan ko‘ra menga sevimliroq va suyukliroq shahar yo‘q! Agar qavmim meni sendan chiqarmaganida, aslo sendan boshqa joyni makon tutmasdim”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Insonning o‘z Vatani oldida bir necha vazifalari bo‘lib, ularning eng muhimlari uchtadir:
1. Vatanning haqqiga duo qilish.
2. Vatan obodligi uchun moddiy va ma’naviy hissa qo‘shish.
3. Vatanda fasod va buzg‘unchilik ishlari bilan mashg‘ul bo‘lmaslik.
Demak, inson o‘zi tug‘ilib o‘sgan vatanini qadriga yetishi, haqqiga duo qilishi va obodligiga hissa qo‘shishi bilan birga birinchi vatani bo‘lmish – jannatga borish sabab va omillarini bajarib, ularni unutmasligi zarur. Chunki Mulla Ali Qori rahmatullohi alayh o‘zlarining “Mirqotul mafotih” kitoblarida: “Insonning birinchi vatani – jannat” deganlar. Zero, Odam alayhissalom va Havvo onamiz birinchi jannatda yashaganlar va undan ma’lum sabablarga ko‘ra tushurilganlar.
Biz hayotimiz davomida dunyodagi Vatanimizni obod qilish bilan birga, oxiratdagi vatanimizga ham zaxira qilib borishimiz darkor. Mahmudxo‘ja Behbudiy: “Vatan va ahli diyorning qadri musofirotda ma’lum bo‘lur. Haqiqatan, vatan muqaddasdur. Qadrini bilmoq kerak. Sotmasg‘a va va o‘lg‘uncha ayrilmasg‘a kerakdur”, degan edi.
Xalqimizning ham ko‘p ming yillik tarixi ajdodlarimizning yurt ozodligi va tinchligi yo‘lida yuksak matonat va mardlik namunalarini ko‘rsatganlar. Ular ahamoniylar, makedoniyaliklar, arablar, mo‘g‘ullar va keyinchalik Chor Rossiyasi bosqinlari chog‘ida yovga qarshi kurashda ko‘rsatgan jasurligi va mardligi ham shunday xulosa chiqarish imkonini beradi. Ayol bo‘lishiga qaramay malika To‘maris Vatan uchun jangga kirib bosqinchilarni tor-mor qilgani, Shiroq kuchli aql-idroki va botirligi bilan dushman qo‘shinlarini suvsiz cho‘lu biyobonlarda mahf etgani, Spitamen boshchiligida yurt mudofaasiga bel bog‘lagan ajdodlarimiz ozodlik va mustaqillikni himoya qilib, yuksak mardlik va jasorat namunalarini ko‘rsatganlari bizda cheksiz g‘urur, faxr va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otadi.
Vatanga bo‘lgan mehru muhabbat har qanday muammoni yechishga, har qanday yovuz kuchni yengishga qodir. Ana shunday muhabbat Jaloliddin Manguberdini taqdirning og‘ir zarbalariga dosh berishga, metin iroda va harbiy salohiyatni namoyish etib, chingiziylar bilan murosasiz kurash olib borishga undagan edi.
Kubroviya tariqati asoschisi Najmiddin Kubroning “Yo hayot, yo sharafli o‘lim” deya g‘anim bilan jangga kirib, mardlarcha halok bo‘lgani esa, Vatan ozodligi, mustaqilligi, yurt tinchligi hamma narsadan ulug‘ligini ko‘rsatuvchi yorqin hayotiy misol bo‘la oladi. Vatanni himoya qilish naqadar ulug‘ savob, har bir musulmonning zimmasidagi farzi hisoblansa, unga xiyonat qilish, qurol bilan bostirib kelish shu qadar katta gunoh, eng oliy jazoga loyiq jinoyat hisoblanadi.
Vatan himoyasi yo‘lida harbiylarimizning xizmatlari beqiyosdir. Har bir vijdonli inson haqiqatni tan olishi darkorki, barchamiz xotirjam tinch orom olib uxlab yotganimizda, harbiyrlar sarxadlarimizni qo‘riqlab, jonlarini yurtimiz tinchligiga fido qilib, qiyinchilik va mashaqqat bilan oila yaqinlaridan ham avval barcha vatandoshlarimiz xavfsizligi bilan tunu-kun xizmatdalar. Vatan ravnaqi yo‘lida xizmat qilayotgan barcha harbiy yurtdoshlarimizni turli balo va ofatlardan, yomon ko‘z va so‘zlardan Alloh o‘z panoxida asrasin.
Doniyor NORXO‘DJAYEV,
Mustaqil tadqiqotchi. Sharqshunos, filolog.