Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Aprel, 2025   |   25 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:05
Quyosh
05:32
Peshin
12:26
Asr
17:11
Shom
19:15
Xufton
20:35
Bismillah
23 Aprel, 2025, 25 Shavvol, 1446

Siz ham utrujjamisiz?

15.02.2018   12934   6 min.
Siz ham utrujjamisiz?

Qur’on tinglovchilarga xushxabar! 

Alloh taologa behisob hamdu sanolarimiz bo‘lsinki, qariyb bir oydan beri davom etayotgan Respublika Qur’on musobaqasining fayzu futuhi poytaxtimiz Toshkent shahrida boshlanib ketdi. Allohning muborak Kalomiga ixlosmand xalqimiz xushovoz qorilarning go‘zal tilovatlarini qalblari to‘la muhabbat bilan tinglamoqda. Respublika bo‘ylab Qur’on musobaqasini xoh bevosita bo‘lsin, xoh jonli efirda bo‘lsin tinglab borayotgan Qur’on muxlislariga xushxabar bermoqchimizki, Habibimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim Alloh taolo kitobidan bir oyatni eshitsa, unga ikki (ko‘p) savob yoziladi”, deb marhamat qildilar.

Sizlarga xushxabar bo‘lsin, Qur’ondan bir harf tilovat qilsangiz, Alloh taolo o‘nta savob beradi. Demak, bir dona oyatda qancha harf bo‘lsa, uni o‘n barobaricha savobga erishasiz. Tinglaganingizda esa uni yana ikki barobarga ko‘paytiring. Endi bir o‘ylab ko‘ring-chi, musobaqaning bir kunida qancha oyat tinglamoqdasiz? Bundan Alloh taoloning bandalariga bo‘lgan rahmati naqadar cheksizligini anglab yetasiz.

Qur’on tilovatini tinglashning boshqa foydalari ham ko‘p. Abdudoim Kahil bunday degan: “To‘liq sog‘ayishni istagan bemor har kuni bir necha soatdan Qur’on eshitsin. Uning ma’nosini anglashga urinsin. Zero, Qur’on mazmunini tushunish ham shifodir”.

Darhaqiqat, Qur’on tinglashning sog‘likka ham behisob foydalari borki, u bilan inson tinchlanadi, xotirjam bo‘ladi. Bu esa bemorning sog‘ayishiga kuchli omil bo‘ladi.

Qur’on tinglagan inson oxiratni eslaydi, natijada hayotini to‘g‘rilashga urinadi, xatti-harakatlarini nazorat qiladi, Qur’on tinglaganimizda ko‘zimizga yosh kelishi ham bejiz emas... 

Qorilarning yuksak martabasi bor 

Ummu Dardo roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Men Oisha (onamiz) oldiga borib: “Jannatga kirganlar ichida Qur’on o‘qigan bilan o‘qimagan orasida qanday farq bor?” deb so‘radim. Oisha (onamiz): “Jannat pog‘onalari Qur’on oyatlariga teng. Jannatga kirganlar ichida hech kim Qur’on o‘qiganlardan afzal bo‘la olmaydi”, deb javob berdi”.

Shunday ekan, qorilarimizga xushxabar bo‘lsinki, ularning uzoq yillar chekkan zahmatlari evaziga Alloh taolo o‘ziga xos mukofot tayinlab qo‘ygan. U esa jannatning eng yuqori darajasidir.

Yana bir rivoyatda: “Qorilar jannatga kirganlaridan so‘ng ularga “O‘qi va ko‘taril!” deb xitob qilinadi. Qori o‘qir ekan, jannatning darajalaridan ko‘tarilib boraveradi. Qayerda o‘qishdan to‘xtasa, o‘sha qavat uning jannatdagi maqomi bo‘ladi”. Demak, Qur’ondan kim qancha yod olsa, shunga qarab o‘zining martabasini belgilaydi. U holda o‘z maqomimizni jannatning eng yuqori darajasidan tayinlab olishimizga nima monelik qilmoqda? Allohdan so‘rab, yangi tashkil qilinayotgan “Arab tili kurslari”ga yozilib, tezroq arab tilida savodimizni oshirib, Allohning kalomini yod olishga kirishaylik. Zero, “Insonlar ichida Allohning xos bandalari bor. Qur’on ahli – Allohning ahli va xos bandalaridir”, deb Habibimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar. Qur’on hofizlari – insonlar ichra Allohning xos bandalaridir. Bunday maqomga erishishga barchamizning imkoniyatimiz bor. Biz faqat g‘ayrat-shijoatli bo‘lsak shuning o‘zi kifoya. 

Qur’on ahlining ota-onasiga xushxabar!

Qur’oni karimni farzandlarimizga o‘rgataylik. Maktab darslaridan bo‘shaganda Qur’on tilovat qilsin, vaqti behuda o‘tmaydi. Go‘dakligidan shunga o‘rgansa, ko‘p vaqt o‘tmay, to‘la yodlab oladi, axir dono xalqimiz bejizga “Qatra-qatra ko‘l bo‘lur” demagan. Allohning huzuriga borganimizda esa bizga shafoatchi bo‘ladi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qaysi bir inson dunyoda farzandiga Qur’on yodlatsa, qiyomat kuni otasiga toj kiydirilur”, deganlar. Boshqa bir rivoyatda esa: “Ota-onasiga butun dunyoning qiymati ham unga teng kelmaydigan kiyim kiydiriladi. Ular: “Buni nima sababdan kiydik?”, deb hayron bo‘lganlarida, ularga: “Farzandingiz Qur’onni qo‘lga kiritgani uchun” deyiladi”, deb farzandlarini qori qilgan ota-onaga xushxabar berdilar. Donishmand xalqimizZar qadrini zargar biladi”, deganidek, Qur’on va qorilarning qadrini musobaqa sharofati bilan hamma bilib oldi. 

Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhudan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Qur’on o‘qiydigan mo‘min xuddi utrujjaga o‘xshaydi. Uning hidi yoqimli, mazasi shirin. Qur’on o‘qimaydigan mo‘min esa xurmoga o‘xshaydi. Uning hidi yo‘q, ammo mazasi shirin. Qur’on o‘qiydigan munofiq esa rayhon kabi xushbo‘y, ammo mazasi achchiq. Qur’on o‘qimaydigan munofiq huddi hanzala kabi yanglig‘, hidsiz va ta’mi achchiqdir”, deganlari rivoyat qilingan.

Izoh: “Utrujja” sitrus meva bo‘lib, apelsinga o‘xshash  “shirin limon”dir. Hajmi ikki kaft miqdoricha, hidi xushbo‘y va mazasi shirin meva.

“Xurmo” deyilganda arab xurmosi nazarda tutilgan. Ma’lumingizki, arab xurmosining mazasi totli bo‘lsa-da, uning hidi yo‘q.

“Hanzala” esa ta’mi va hidi yoqimsiz bo‘lgan o‘simlik turi. Mevasi apelsindan sal kattaroq bo‘ladi. 

“Xurmo bo‘lib qoldik”

Unashtirilishi niyat qilingan qori yigit va qoriya qiz uchrashuvga chiqibdi. Yuzlashgani zahoti qiz gap cho‘zilib ketmasin degan andeshada yigitdan: “Siz utrujjamisiz?, deb so‘radi. Yigit darhol savolning mazmunini anglab: “Utrujjamiz-ku, ammo to‘yning tashvishlari bilan bo‘lib ayni kunlarda xurmo bo‘lib turibmiz”, deb javob berdi. Qoriya qiz yigitning javobidan qanoat hosil qilib chiroyli jilmayib qo‘ydi. So‘ng yigit: “Siz-chi?” deb so‘ragan edi, tabassum qilib: “Biz utrujjamiz”, deya javob berdi.

Savol: “Siz ham utrujjamisiz?”

Alloh taolo barchamizni Qur’on hofizlaridan bo‘lishimizni nasib qilsin! 

O‘MI matbuot xizmati 

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Fatvo markazi ulamosi Iordaniyada malaka oshirmoqda

21.04.2025   11033   1 min.
Fatvo markazi ulamosi Iordaniyada malaka oshirmoqda

Joriy yil 2025 yil 13-23 aprel kunlari Iordaniya vaqflar, Islomiy ishlar va Muqaddas ziyoratgohlar vazirligi podshoh Abdulloh II nomidagi Voizlar tayyorlash va malakasini oshirish institutida navbatdagi o‘quv bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi mas’ul xodimi Yorqin domla Jumabayev ishtirok etmoqda. 

Ta’kidlash lozimki, Ammon murojaatnomasining mazmuni 200 dan ortiq musulmon ulamolar hamda 50 dan ortiq mamlakatdan kelgan bayonotlar bilan umumiylashtirildi.

Murojaatnomada insonlar orasidagi o‘zaro hurmat va tinchlikni saqlash muhimligiga e’tibor qaratilgan. Bu hujjat islomda murosa va birlikka chaqiruvchi muhim qadam bo‘lib, musulmonlar orasida o‘zaro hurmat va yordamni ta’minlash uchun ishlatilgan g‘oyalardan biri hisoblanadi. Ushbu 2025 yilgi malaka oshirish kursi 46-davra hisoblanadi.

Ma’lumot o‘rnida Ammon murojaatnomasi 2004 yil 9 noyabrda (Ramazon) Iordaniya podshohi Abdulloh II tomonidan Islom dunyosida yaxshilik, o‘zaro hurmat va birlikni ta’kidlab e’lon qilingan. Har yili "Ammon murojaatnomasi" va uning mazmunini yetkazish bo‘yicha voizlar malakasini oshirish kurslari tashkil etib kelinadi. 

O‘tgan yillarda o‘tkazilgan malaka oshirish kurslarida musulmon dunyosining 20 dan ortiq davlatdan vakillar ishtirok etgan. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Fatvo markazi ulamosi Iordaniyada malaka oshirmoqda Fatvo markazi ulamosi Iordaniyada malaka oshirmoqda Fatvo markazi ulamosi Iordaniyada malaka oshirmoqda Fatvo markazi ulamosi Iordaniyada malaka oshirmoqda Fatvo markazi ulamosi Iordaniyada malaka oshirmoqda Fatvo markazi ulamosi Iordaniyada malaka oshirmoqda Fatvo markazi ulamosi Iordaniyada malaka oshirmoqda
O'zbekiston yangiliklari