Sayt test holatida ishlamoqda!
05 May, 2025   |   7 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:45
Quyosh
05:15
Peshin
12:25
Asr
17:19
Shom
19:28
Xufton
20:52
Bismillah
05 May, 2025, 7 Zulqa`da, 1446

Siz ham utrujjamisiz?

15.02.2018   13151   6 min.
Siz ham utrujjamisiz?

Qur’on tinglovchilarga xushxabar! 

Alloh taologa behisob hamdu sanolarimiz bo‘lsinki, qariyb bir oydan beri davom etayotgan Respublika Qur’on musobaqasining fayzu futuhi poytaxtimiz Toshkent shahrida boshlanib ketdi. Allohning muborak Kalomiga ixlosmand xalqimiz xushovoz qorilarning go‘zal tilovatlarini qalblari to‘la muhabbat bilan tinglamoqda. Respublika bo‘ylab Qur’on musobaqasini xoh bevosita bo‘lsin, xoh jonli efirda bo‘lsin tinglab borayotgan Qur’on muxlislariga xushxabar bermoqchimizki, Habibimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim Alloh taolo kitobidan bir oyatni eshitsa, unga ikki (ko‘p) savob yoziladi”, deb marhamat qildilar.

Sizlarga xushxabar bo‘lsin, Qur’ondan bir harf tilovat qilsangiz, Alloh taolo o‘nta savob beradi. Demak, bir dona oyatda qancha harf bo‘lsa, uni o‘n barobaricha savobga erishasiz. Tinglaganingizda esa uni yana ikki barobarga ko‘paytiring. Endi bir o‘ylab ko‘ring-chi, musobaqaning bir kunida qancha oyat tinglamoqdasiz? Bundan Alloh taoloning bandalariga bo‘lgan rahmati naqadar cheksizligini anglab yetasiz.

Qur’on tilovatini tinglashning boshqa foydalari ham ko‘p. Abdudoim Kahil bunday degan: “To‘liq sog‘ayishni istagan bemor har kuni bir necha soatdan Qur’on eshitsin. Uning ma’nosini anglashga urinsin. Zero, Qur’on mazmunini tushunish ham shifodir”.

Darhaqiqat, Qur’on tinglashning sog‘likka ham behisob foydalari borki, u bilan inson tinchlanadi, xotirjam bo‘ladi. Bu esa bemorning sog‘ayishiga kuchli omil bo‘ladi.

Qur’on tinglagan inson oxiratni eslaydi, natijada hayotini to‘g‘rilashga urinadi, xatti-harakatlarini nazorat qiladi, Qur’on tinglaganimizda ko‘zimizga yosh kelishi ham bejiz emas... 

Qorilarning yuksak martabasi bor 

Ummu Dardo roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Men Oisha (onamiz) oldiga borib: “Jannatga kirganlar ichida Qur’on o‘qigan bilan o‘qimagan orasida qanday farq bor?” deb so‘radim. Oisha (onamiz): “Jannat pog‘onalari Qur’on oyatlariga teng. Jannatga kirganlar ichida hech kim Qur’on o‘qiganlardan afzal bo‘la olmaydi”, deb javob berdi”.

Shunday ekan, qorilarimizga xushxabar bo‘lsinki, ularning uzoq yillar chekkan zahmatlari evaziga Alloh taolo o‘ziga xos mukofot tayinlab qo‘ygan. U esa jannatning eng yuqori darajasidir.

Yana bir rivoyatda: “Qorilar jannatga kirganlaridan so‘ng ularga “O‘qi va ko‘taril!” deb xitob qilinadi. Qori o‘qir ekan, jannatning darajalaridan ko‘tarilib boraveradi. Qayerda o‘qishdan to‘xtasa, o‘sha qavat uning jannatdagi maqomi bo‘ladi”. Demak, Qur’ondan kim qancha yod olsa, shunga qarab o‘zining martabasini belgilaydi. U holda o‘z maqomimizni jannatning eng yuqori darajasidan tayinlab olishimizga nima monelik qilmoqda? Allohdan so‘rab, yangi tashkil qilinayotgan “Arab tili kurslari”ga yozilib, tezroq arab tilida savodimizni oshirib, Allohning kalomini yod olishga kirishaylik. Zero, “Insonlar ichida Allohning xos bandalari bor. Qur’on ahli – Allohning ahli va xos bandalaridir”, deb Habibimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar. Qur’on hofizlari – insonlar ichra Allohning xos bandalaridir. Bunday maqomga erishishga barchamizning imkoniyatimiz bor. Biz faqat g‘ayrat-shijoatli bo‘lsak shuning o‘zi kifoya. 

Qur’on ahlining ota-onasiga xushxabar!

Qur’oni karimni farzandlarimizga o‘rgataylik. Maktab darslaridan bo‘shaganda Qur’on tilovat qilsin, vaqti behuda o‘tmaydi. Go‘dakligidan shunga o‘rgansa, ko‘p vaqt o‘tmay, to‘la yodlab oladi, axir dono xalqimiz bejizga “Qatra-qatra ko‘l bo‘lur” demagan. Allohning huzuriga borganimizda esa bizga shafoatchi bo‘ladi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qaysi bir inson dunyoda farzandiga Qur’on yodlatsa, qiyomat kuni otasiga toj kiydirilur”, deganlar. Boshqa bir rivoyatda esa: “Ota-onasiga butun dunyoning qiymati ham unga teng kelmaydigan kiyim kiydiriladi. Ular: “Buni nima sababdan kiydik?”, deb hayron bo‘lganlarida, ularga: “Farzandingiz Qur’onni qo‘lga kiritgani uchun” deyiladi”, deb farzandlarini qori qilgan ota-onaga xushxabar berdilar. Donishmand xalqimizZar qadrini zargar biladi”, deganidek, Qur’on va qorilarning qadrini musobaqa sharofati bilan hamma bilib oldi. 

Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhudan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Qur’on o‘qiydigan mo‘min xuddi utrujjaga o‘xshaydi. Uning hidi yoqimli, mazasi shirin. Qur’on o‘qimaydigan mo‘min esa xurmoga o‘xshaydi. Uning hidi yo‘q, ammo mazasi shirin. Qur’on o‘qiydigan munofiq esa rayhon kabi xushbo‘y, ammo mazasi achchiq. Qur’on o‘qimaydigan munofiq huddi hanzala kabi yanglig‘, hidsiz va ta’mi achchiqdir”, deganlari rivoyat qilingan.

Izoh: “Utrujja” sitrus meva bo‘lib, apelsinga o‘xshash  “shirin limon”dir. Hajmi ikki kaft miqdoricha, hidi xushbo‘y va mazasi shirin meva.

“Xurmo” deyilganda arab xurmosi nazarda tutilgan. Ma’lumingizki, arab xurmosining mazasi totli bo‘lsa-da, uning hidi yo‘q.

“Hanzala” esa ta’mi va hidi yoqimsiz bo‘lgan o‘simlik turi. Mevasi apelsindan sal kattaroq bo‘ladi. 

“Xurmo bo‘lib qoldik”

Unashtirilishi niyat qilingan qori yigit va qoriya qiz uchrashuvga chiqibdi. Yuzlashgani zahoti qiz gap cho‘zilib ketmasin degan andeshada yigitdan: “Siz utrujjamisiz?, deb so‘radi. Yigit darhol savolning mazmunini anglab: “Utrujjamiz-ku, ammo to‘yning tashvishlari bilan bo‘lib ayni kunlarda xurmo bo‘lib turibmiz”, deb javob berdi. Qoriya qiz yigitning javobidan qanoat hosil qilib chiroyli jilmayib qo‘ydi. So‘ng yigit: “Siz-chi?” deb so‘ragan edi, tabassum qilib: “Biz utrujjamiz”, deya javob berdi.

Savol: “Siz ham utrujjamisiz?”

Alloh taolo barchamizni Qur’on hofizlaridan bo‘lishimizni nasib qilsin! 

O‘MI matbuot xizmati 

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar

Imom Moturidiyga qanday unvonlar berilgan?

28.04.2025   9891   1 min.
Imom Moturidiyga qanday unvonlar berilgan?

Ilgari musulmonlar ayrim ulamolarni ulug‘lab, “Shayxul Islom” (Islom dini shayxi), “Faxrul Islom” (Islom dini faxri), “Hujjatul Islom” (Islom dini hujjati), “Najmul ulamo” (Ulamolar yulduzi), “Muftiy saqolayn” (Insu-jin muftiysi), “Lisonul mutakallimiyn” (Mutakallimlarning so‘zlovchi tili) kabi unvonlar bilan ataganlar. Bunday atash aslo mubolag‘a bo‘lmagan. Balki u muhtaram ulamolar haqiqatdan ushbu unvonlarga loyiq bo‘lganlar. Masalan, “Shamsul aimma” (Imomlar quyoshi) unvoni berilgan Saraxsiy rahmatullohi alayh o‘n ikki ming risolani yod olgani naql qilingan.

Abu Mansur Moturidiyni yaqindan tanigan ulamolar va shogirdlari tomonidan u zotning martabalarini namoyon etuvchi ko‘plab unvonlar berilgan:  

–      Imomul hudo (To‘g‘ri yo‘lga boshlovchi);

  • Imomul mutakallimiyn (Kalom ilmi olimlari peshvosi);
  • Musahhihu aqoidil muslimiyn (Musulmonlarning aqidalaridan xatolarni tuzatuvchi);
  • Roisu ahli sunna val jamoa (Ahli sunna val jamoa boshlig‘i);
  • Nosirus sunna va qomi’ul bid’a (Sunnatni himoya qiluvchi va bid’atlarni bostiruvchi);

–  Muvattidu aqoidi ahlis sunna (Ahli sunna aqidalari asoschisi).

Abu Mansur Moturidiyning mazkur unvonlari ham aslo mubolag‘a emas, balki u zot haqiqatan shu martabaga loyiq zot bo‘lganlar.

Ulamolar aytadilarki, Hujjatul Islom (Islom dini hujjati) deyilganda faqat Imom G‘azoliy tushunilganidek, Imomul hudo (to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi) deyilganda ham faqat Imom Moturidiy tushuniladi.   

Abdulqodir Abdur Rahim,
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti
katta o‘qituvchisi.