Mamlakatimizda o‘tkazilayotgan Qur’on musobaqasini ko‘rish, unga some’ bo‘lib, fayzu-rahmat kechalarida ishtirok etish niyatida yurtdoshlarimiz soni kundan-kunga ortib bormoqda. Xo‘sh, bu kabi marosimlarda musulmon kishi o‘zini qanday tutishi lozim? Qur’onga hurmat, uni eshitish odoblari nimalardan iborat? Quyidagi maqola aynan shu haqda:
Qur’oni Karim Alloh taoloning O‘z Payg‘ambari Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ga vahiy orqali nozil qilgan kalomidir. Shu sababdan ham Qur’on muqaddas ilohiy kalom hisoblanadi. Har bir musulmon uning haybatini qalbda his qilib, hurmatini o‘z o‘rniga qo‘yishi lozim. Mujtahid ulamolarimiz oyat va hadislarga asoslanib, Qur’on ya’ni, Mus'haf va uning qiroatiga tegishli bo‘lgan fiqhiy hukmlarni batafsil bayon qilganlar. Qur’on qiroati ustozlari esa, Qur’on o‘qish, tajvid qoidalariga rioya qilish, o‘rganish, tinglash va unga amal qilish fazilatlari va odoblari hamda Qur’onni to‘liq yodlagan qoriga beriladigan ajr-savoblar haqida yetarlicha so‘z yuritganlar.
Biz ushbu maqolada Qur’oni karimga tegishli odoblardan biri Qur’on tilovatini tinglash odobi haqida to‘xtalib o‘tmoqchimiz.
Alloh taolo bu borada O‘zining kalomida shunday marhamat qilgan:
“Qur’on o‘qilganda uni tinglangiz va sukut saqlangiz! Shoyad (shunda) rahm qilingaysiz!”
Namoz ilk farz qilinganda namoz ichida o‘zaro gaplashish joiz bo‘lgan. Ushbu oyati karima namozda gapirishni nasx (bekor) qilib, jim turib Qur’onga quloq solishga buyurgan. Ya’ni, xos sabab bilan nozil bo‘lgan. Lekin ulamolarimiz Lafzning umumiyligi e’tiborga olinadi, sababning xosligi emas” degan qoidaga ko‘ra, “uni tinglangiz va sukut saqlangiz” buyrug‘i namoz ichi va namozdan tashqariga barobar tegishlidir, deyishgan.
Ibn Jazviy: “Ushbu oyatga ko‘ra, Qur’onga quloq soluvchiga rahmat nihoyatda yaqin bo‘ladi”, degan.Mazkur qoidalarga asosan, ulamolarimiz Qur’oni karim tilovat qilinganda unga jim turib, quloq osish vojibligi haqidagi hukmni chiqarganlar. Xususan, hanafiy mazhabi ulamolari namozda imom qiroat qilganida, iqtido qiluvchilar jim quloq osishi lozimligini alohida ta’kidlaganlar.
Ibn Obidin (rahmatullohi alayh) aytadi: “Aslida, Qur’onga quloq solish farzi kifoyadir. Chunki bunda unga e’tibor qilish, zoye qilmaslik bo‘lgan haqni bajarish bor”.
Hamaviy ustozi, qozilar qozisi Minqoriyzoda ismi bilan mashhur bo‘lgan Yahyo (rahmatullohi alayh)dan “Qur’onga quloq solish farzu ayndir”, degan so‘zni naql qilgan.
Darhaqiqat, hanafiy ulamolarimiz bir insonning Qur’on tinglashi o‘zi qiroat qilishidan afzaldir, deyishadi. Chunki, tinglovchi tinglashi bilan farzni ado qiladi. Qur’on qiroati esa, farz emas. Abu Su’ud: “Qur’on tinglash qiroat qilishdan savobliroqdir, chunki tinglash farz, qiroat farz emas”, degan.
Ba’zi ulamolar Qur’on tilovatiga quloq solmasdan boshqa gap-so‘zlar bilan mashg‘ul bo‘lish, shariatga nisbatan odobsizlik bo‘lishini aytishgan.
Shu bilan birga, jumhur ulamolar Qur’onnig barcha tajvid va qiroat qoidalariga rioya qilinib o‘qilgan qiroatga jim quloq tutish lozimligini alohida ta’kidlaganlar.
O‘z o‘rnida oqil musulmon Qur’onning hurmatiga rioya qilgan holda o‘zini ham, boshqalarni ham gunohkor qilmaslik uchun odamlar ish bilan mashg‘ul bo‘ladigan o‘rinlarda baland ovozda tilovat qilmasligi lozim. Biror kishi insonlar o‘z ishlari bilan mashg‘ul bo‘ladigan ishxonalarda, oldi-sotdi qiladigan bozorlarda, dars bilan mashg‘ul bo‘ladigan darsxonalarda, uy ishlari bilan mashg‘ul bo‘lganda baland ovozda Qur’on o‘qisa, eshituvchilar uzrli sanalib, tilovat qilgan odam gunohkor bo‘ladi. Bunday holatlarda eshituvchilardan gunohning soqit bo‘lishi, insonlarni qiyin ahvolga solib qo‘ymaslik uchundir. Zero, Alloh bizga dinda qiyinchilik qilmagan. Bunday o‘rinlarda tilovat qilgan kishi Qur’on hurmatini zoye qilgani uchun gunohkor bo‘ladi.
Musulmon inson uchun tajvid qoidalariga rioya qilib, go‘zal ovozda qiroat qiladigan qoridan tilovat qilib berishini so‘rab, uni tinglashi mustahabdir. Imom Navaviy aytadilar: “Bilginki, ko‘pchilik ulamolar (Alloh ulardan rozi bo‘lsin) chiroyli ovozli qiroat sohiblaridan tilovat qilib berishlarini so‘rashib, ularni tinglashar edilar. Ilmiy majlislarini Qur’on tilovati bilan boshlab, Qur’on tilovati bilan nihoya qilar edilar”.
Eng muhimi bu Payg‘ambarimizning sunnati hamdir. Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhum aytadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) menga: “Menga qiroat qilib bergin”, dedilar. Men: “Ey Rasululloh, Qur’on sizga nozil qilingan bo‘lsa, sizga men qiroat qilib berayinmi?”, dedim. U zot “Ha”, dedilar.Boshqa rivoyatda “Men Qur’onni boshqadan eshitishni xush ko‘raman”, dedilar. Men “Niso” surasini o‘qib, “Har bir ummatdan (o‘z payg‘ambarini) guvoh sifatida keltirganimizda va sizni (ey, Muhammad!) ularga guvoh qilib keltirganimizda, (ularning holi) ne kechur?!” oyatiga yetganimda, “Yetarli” dedilar. Qarasam ikki ko‘zlaridan yosh oqayotgan ekan”, deyilgan.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning boshqadan Qur’on eshitishni xush ko‘rganlari, Qur’on qiroatini ustozdan o‘tkazib olish sunnat ekanini bildirib qo‘yish ehtimolidan bo‘lishi mumkin. Yoki yaxshi tadabbur qilish uchun bo‘lishi ham mumkin, chunki qiroat qilgan odam uning tajvid qoidalari va hukmlariga rioya qilaman, deb, eshitgan odamchalik tadabbur qilish imkoni bo‘lmaydi.
Imom Dorimiy va boshqalar Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilishgan. U zot Abu Muso Ash’ariy (roziyallohu anhu)ga: “Bizga Rabbimizni eslatgin” , der, Abu Muso esa uning huzurida Qur’on o‘qir edi.
Shuningdek Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Qur’on qiroatini o‘rganishni va mohir qorilardan puxta o‘zlashtirib olishni buyurganlar. Shu sababdan ham sahobiylarga: “Qur’onni to‘rt kishidan olinglar: Abdulloh ibn Mas’ud, Solim, Muoz va Ubay ibn Ka’bdan”, deb buyurganlar. U zotning ushbu buyruqlari ummatning keyingilariga mohir qorilaridan Qur’onni yaxshi o‘rganib olishlariga buyruq bo‘lib qolaveradi.
Har bir musulmon Qur’onni bevosita qoridan eshitadimi yoki biror texnik vositalari orqali eshitadimi, jim turib tinglashga intilishi va Qur’on qiroati majlisi odoblariga qat’iy rioya qilishi lozim.
Farhod JO‘RAYEV
Shayxontohur tumani, “Xuvaydo” jome masjidi imom noibi
O‘MI Matbuot xizmati
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati