Jahon bo‘ylab xalqlar o‘rtasidagi madaniyatlar qorishuvi yuqori cho‘qqiga chiqmoqda. Negaki, insonlarni turli xildagi yengil-yelpi turmush tarziga targ‘ibot qilish daromad topishning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylanib ulgurdi.
Birgina misol, har yili 14 fevral kuni dunyo bo‘yicha 1 milliard donadan ortiq «valentinka» sotiladi. Ana shu otkritkalarning 85 foizini hissiyotlarga beriluvchan ayollar va yoshlar sotib olar ekan. Ushbu biznesga ilk bor 1847 yilda Ester Xaulen ismli ayol qo‘l urib, inglizcha namunadagi otkritkalar chop etishni yo‘lga qo‘yadi va tez orada boyib ketadi. «Valentinka» deb ataladigan otkritkalar o‘sha vaqtda Xaulenlar oilasiga yiliga 100 ming dollar atrofida daromad keltirardi. «Forbs» jurnalining yozishicha, dunyoning otkritka chop etuvchi eng yirik kompaniyalaridan biri «Xolmark» 2007 yilda insoniy tuyg‘ularni otkritkalarga joylab sotish orqali 4 milliard 400 million dollar ishlab olgan. 19 asrda AQSHda «valentinka»larning ommalashuvi har qanday bayramning tijorat, pul topish asosiga qurilishiga turtki berdi.
Shu o‘rinda savol tug‘ilishi tabiiy. Avliyo Valentin kuni qanday bayram, nima uchun bu bayram bizning yoshlarga daxl qilishi kerak?
Avliyo Valentin – nasroniy cherkovi shahid deb tan olgan avliyoning ismidir. Rivoyatlarga ko‘ra, avliyo Valentinni miloddan avvalgi 296 yilda Rim imperatori Klavdiy II qatl etdirgan. 350 yilda esa uning xotirasiga bag‘ishlab, qatlgoh o‘rnida cherkov qurilgan.
Nasroniy e’tiqodiga ko‘ra, avliyo Valentin tinchligu sevgiga da’vat qilgan va shu sababli qatl qilingan. Shundan buyon ushbu majusiy bayrami Sevishganlar bayrami deb atalgan, avliyo Valentinning o‘zi esa sevishganlarga homiylik qiluvchi avliyo deb hurmatlangan.
Nasroniy cherkovi peshvolari bu an’ana yoshlarning axloqiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, deb topib, unga qarshi chiqqan. Xususan, Italiyada bu bayram man’ qilib qo‘yilgan, chunki u aynan Italiyada juda keng nishonlangan. Avliyo Valentin kuni Italiyada 18,19 asrlarga kelibgina qayta tiklangan. O‘sha choqdan boshlab g‘arb mamlakatlarida «Valentin kitoblari» – ishqiy she’rlar yozilgan kitobchalar sotila boshlangan. Bunday kitoblarda sevgi izhor qilish haqida maslahatlar ham bo‘lgan. Sevishganlar ishqiy maktublar yozishda shu kitobdan foydalangan.
Bundan bir necha asr oldin sevgi izhorlarini oshiq va ma’shuqalarning o‘zlari bitishi urf bo‘lgan. Bu endigina rivojlanishga yuz tutgan Poligrafiya sanoatida millionlab nusxada turli shakl va har xil izhorlar bitilgan otkritkalar chop etilib, ushbu sohaga istiqbol bag‘ishlagan.
Bu bayramga islomiy munosabatga kelsak, bu haqda al-Azhar Universitetining fiqh professori doktor Said Ibrohim Solih shunday deydi:
Islom – Allohga muhabbat, zuhd va taqvo dini, solih va haq ishlarda hamkorlik dinidir. Biz qodir Allohdan barchamizni O‘zining mutlaq rahmati soyasi ostiga olishini so‘rab iltijolar qilamiz. Alloh taolo Hujurot surasining 10-oyatida: «Albatta, mo‘minlar birodardirlar, bas, ikki birodaringiz o‘rtasini isloh qiling, Allohga taqvo qiling, shoyadki, rahm qilinsangiz», degan.
Shu o‘rinda aytish kerakki, sevgi-muhabbat, oila qurish – Alloh in’om etadigan ne’mat. Ammo uni sun’iy tashkil qilish mumkin emas. Agar shunday qilinsa, bu sevgi ham, muhabbat emas, balki nafsoniy hirslarga berilish, unga tobelik bo‘lib qoladi.
Darhaqiqat, Islom mo‘min-musulmonlarni boshqa dinlarni hurmat qilishga targ‘ib qiladi. Ammo «Avliyo Valentin kuni» hech qanday diniy asosga ega bo‘lmagan yangilik, ya’ni bid’atdir. Islom bunday bid’atlarni qoralaydi. Islom aqidasiga ko‘ra, musulmonlar bir-birlarini har doim yaxshi ko‘rmog‘i lozim. Islomda buning uchun yilning biror kunini tayinlab qo‘yish degan narsa yo‘q. Binobarin, musulmonlar «Valentin kuni» kabi bunday «yangiliklar» va irimlarga ergashishlari mumkin emas. Shubhasiz, bu «bayram» dinimizga yot bo‘lgan urf bo‘lib, u kishilarni haqiqiy sevgidan uzoq bo‘lgan, axloqsizlikka, hatto zinoga yaqinlashtiradi.
G‘arb olamida paydo bo‘lgan Avliyo Valentin kuni yoki “sevishganlar kuni” yurtimizga kirib keldi. Buning sababi texnika taraqqiyoti internet maydonidagi axborot almashinuvi dunyo xalqlarini urf-odatlarini bir-birlariga oshno qilib qo‘ydi. Natijada diniy va dunyoviy ilmlardan orqada qolgan yoshlar bu kabi g‘arbona urf odatlarga ergashmoqda.
14 fevral biz uchun shoh va shoir bobomiz Zahriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun sifatida ahamiyatli. Yoshlarni ajdodlarimiz namunasida tarbiyalashda Temurbek naslidan bo‘lgan Bobur Mirzoning hayot va ijod yo‘li katta ibrat maktabi hisoblanadi. U jismonan, ma’nan yetuk shaxs, katta ishlarga qodir davlat arbobi hamda buyuk sarkarda sifatida ehtiromga sazovordir. Ushbu kun har yili mamlakatimizda keng nishonlanadi.
Alhamdulillah, iste’dodli, zamonaviy bilimga ega yoshlarimiz yaxshi an’anani yo‘lga qo‘ydi. Ya’ni ayni shu kuni O‘zbekiston yoshlari internet orqali Bobur tug‘ilgan kuniga bag‘ishlangan mavzu — #BoburDay, minglab izohlar berish yordamida jahondagi eng muhakama qilinadigan mavzulari, ya’ni "trendleri", qatoriga olib chiqmoqda.
Aslida yot illatlar mafkuraviy bo‘shliqlarni to‘ldiradi, g‘oyaviy jihatdan immuniteti mustahkam yerda razilliklar, yengil-yelpi qarashlar ildiz ota olmaydi. So‘nggi yillarda milliy qadryatlarimiz, o‘zligimizga yanada chuqurroq nazar solyapmiz, sof islom dini g‘oyalarini targ‘ib qilyapmiz. Ana shu kabi ezgu ishlar natijasida yoshlarimiz oq-qorani ajratib, milliy urf-odat va an’analarimizga ommaviy qaytmoqda.
14-fevralning Bobur tug‘ilgan kuni sifatida internet orqali targ‘ib qilinishi nafaqat yurtimiz yoshlari, balki qo‘shni davlatlar, boringki, Bobur bobomizning dong‘i yetgan, uning ijod na’munalaridan xabardor xalqlar yoshlari o‘rtasida ham Avliyo Valentinmas, balki Mirzo Bobur kuni sifatida ommalashsa ajab emas.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
M.Yo‘ldoshev
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi dunyodagi islom san’ati to‘plamlari mavjud muzey, markaz, kutubxona kabi joylarda bo‘lib, islom sivilizatsiyaga oid kolleksiyalar bilan tanishmoqda. Markaz quyida islom san’ati to‘plamlari bo‘yicha eng yirik muzeylar beshligini taqdim etadi:
1. Islom san’ati muzeyi (Qohira, Misr)
Qohiradagi Islom san’ati muzeyi dunyoning eng ulkan muzeylaridan biridir. U o‘zining noyob va kamdan-kam uchraydigan yog‘och ishlovlari, artefaktlar, keramikalar, shisha, kristallar va matolar bilan butun islom dunyosidan to‘plangan buyumlar bilan mashhur. Yillar davomida muzeyda 2500 dan ortiq artefaktlar 25 galereyada namoyish etilgan bo‘lsa-da, muzeyda 102 000 dan ortiq buyum mavjud. Eng muhim artefaktlardan biri — Qur’onning noyob qo‘lyozmasi bo‘lib, ba’zi qismlarida kumush siyoh bilan yozilgan kaligrafiya mavjud.
2. Islom san’ati muzeyi (Doha, Qatar)
Qatarning poytaxti Doha shahrida joylashgan ushbu muzey 1980 yillarning oxirlaridan boshlab to‘plangan artefaktlar bilan tanilgan. Ushbu muzeyda dunyodagi eng katta islom san’ati kolleksiyalari jamlangan bo‘lib, bu muzey 1400 yil davomida uch qit’ada musulmon san’ati va artefaktlarini namoyish etadi. Ba’zi artefaktlar Ispaniya, Iroq, Eron, Hindiston, Turkiya, Misr va Markaziy Osiyodan keltirilgan. Muzeyda VII asrdan XIX asrgacha bo‘lgan metall ishlovlari, keramika, zargarlik buyumlari, yog‘och ishlovlari, matolar va shisha asarlarini o‘z ichiga olgan ijod namunalari namoyish etiladi.
3. Og‘a Xon muzeyi (Toronto, Kanada)
Bu muzeyda islom san’ati hamda Eron san’atiga doir noyob topilmalar jamlangan va u Toronto shahrida joylashgan. Muzeyda islom tarixining barcha davrlaridan olingan san’at asarlari va meroslarining to‘plami mavjud. Og‘a Xonning shaxsiy to‘plamlari, Londonning Islom tadqiqotlari instituti va Sadriddin Og‘a Xonning oilaviy to‘plamlari ham shular jumlasidan. Artefaktlar orasida keramika, metall ishlovlari va rasmlar mavjud. Ma’lumotlarga ko‘ra, muzeyda Ibn Sinoning “Tib qonunlari” asarining eng qadimgi nusxasi (1052 yil) va IX-X asrlarga oid Qur’oni Karimning sahifasi saqlanadi.
4. Turk va Islom san’ati muzeyi (Istanbul, Turkiya)
Istanbulning Fotih tumanida joylashgan ushbu muzey 1524 yilda qurilgan va avval Pargali Ibrohim Poshshoning saroyi bo‘lgan. Muzeyda muhim islom xattotlik san’ati, plitkalar, gilamlar va turli turk madaniyatlarini namoyish etuvchi etnografik ko‘rgazmalar mavjud. Turli davrlar va mintaqalardan bo‘lgan turar-joylar rekonstruksiya qilinib, ko‘rgazmalarda namoyish etilgan.
5. Pergamon muzeyi (Berlin, Germaniya)
Pergamon muzeyi Berlin shahrida joylashgan bo‘lib, 1910-1930 yillarda qurilgan. Muzey ikki qismga bo‘lingan: Yaqin Sharq muzeyi va Islom san’ati muzeyi. Har yili bir milliondan ortiq odam muzeyga tashrif buyuradi. Muzey Germaniyadagi eng ko‘p tashrif buyurilgan san’at muzeyi sifatida e’tirof etiladi. Muzeyda VII-XIX asrlar orasidagi artefaktlar, Ispaniyadan Hindistongacha bo‘lgan mintaqalardan keltirilgan. Eng mashhur artefaktlardan biri — Mshatta fasadi, bu sahrodagi saroy devorining bir qismi bo‘lib, Iordaniya janubida joylashgan.
Manba (https://rahyafteha.ir/en/14721/5-museums-with-the-largest-collection-of-muslim-art/)
Islom sivilizatsiyasi markazi
Axborot xizmati