Ba’zan bozorlarda, mahallalarda, ko‘p qavatli uylar atrofida qo‘l-oyog‘i butun, sog‘ligi joyida, tog‘ni ursa, talqon qiladigan kishilarning tilanchilik qilib yurganlarini ko‘ramiz. Shunday qilishlari to‘g‘rimi?
To‘rt muchasi sog‘lom bir kunlik yeguligi bor kishining tilanchilik qilishini dinimiz qattiq qoralaydi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Hech kimdan hech narsa so‘rama, agar qamching yerga tushib ketsa ham”, deyish bilan insonlardan behojat bo‘lishga chaqirganlar.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytadilar: “Insonlar nazdida eng yaxshi inson insonlardan behojat bo‘lganidir va insonlar g‘azabini keltiradigan inson ularga muhtoj bo‘lgan insondir. Alloh nazdida eng yaxshi inson Unga muhtoj bo‘lgan kishidir. Allohning g‘azabini keltiradigan inson boshqalarga muhtoj bo‘lib, Yaratgandan behojat kishidir”.
Insonlardan behojat bo‘lish uchun tinmay mehnat qilish va halol rizq qidirish kerak.
Alloh taolo marhamat qiladi:
“U (Alloh) sizlarga Yerni xoksor (bo‘ysunuvchi) qilib qo‘ygan zotdir. Bas, u (Yer)ning har tomonida (sayohat, tijorat yoki dehqonchilik qilib) yuraveringiz va (Allohning bergan) rizqidan tanovul qilingiz! (Qiyomat kuni) tirilib chiqish Uning huzurigadir” (Mulk, 15).
Alloh taolo hatto hayit, bayram kunlari ham mehnat qilish va rizq qidirishga buyurgan:
“Bas, qachonki, namoz ado qilingach, yerda tarqalib, Allohning fazli (rizqi)dan istayveringiz! Allohni ko‘p yod etingiz! Shoyad (shunda) najot topsangiz” (Juma, 10).
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) har bir kishini peshona teri bilan kun kechirishga undaganlar va o‘zlari ham mehnat qilishni yaxshi ko‘rganlar.
Rivoyat qilinishicha, kunlarning birida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sahobalar bilan o‘tirganlarida ulardan bir kishi haqida gap ketadi: “U kunduzlari ro‘za tutadi va kechalari zikr qiladi”, deyishadi va bundan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) xursand bo‘lib, unga o‘xshashni buyuradilar, deb o‘ylashadi. Lekin Rasululloh: “Sizlardan kimning oziq-ovqati va kiyim-kechagi yetarli?”, deb so‘radilar. Ular: “Barchamizniki”, deyishdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sizlar undan yaxshisizlar”, dedilar. Buni eshitgan sahobalar mehnat qilishga va “arava”larini o‘zlari tortishga ahd qilishdi.
Mo‘min kishi tadbirkor bo‘lishi kerak. Jamiyatdagi ishsiz kishilarni ish bilan ta’minlash ham ulug‘ savob. Mashoyixlar aytganidek: “Xohlab turgan narsangdan behojat bo‘l, uning tengi bo‘lasan. Xohlagan narsangga muhtoj bo‘lsang, uning asiri bo‘lasan. Xohlaganingga yaxshilik qil, amiri bo‘lasan”.
Birovga qaram, mute bo‘lishdan, odamlardan tama qilishdan saqlanaylik.
Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhu)ning hayotlarida bo‘lib o‘tgan voqeani eslash foydadan xoli emas. Ali (roziyallohu anhu) aytadilar: “Kunlarning birida och qolib, Madina ko‘chalariga chiqib ish qidirdim. Tuproq yig‘ib, chelakda suv tashib, xurmolarni sug‘orayotgan ayolga duch keldim. Unga o‘n olti chelak suv tashib berdim va qo‘llarim qavarib ketdi. Kaftimni yozib unga qavariqlarni ko‘rsatdim. U menga o‘n oltita xurmoni sanab berdi. Men xurmolarni olib, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) oldilariga keldim va bo‘lib o‘tgan ishni aytib berdim. Rasululloh (alayhissalom) xursand bo‘ldilar va men bilan xurmo yedilar”.
Payg‘ambarlar ham rizqlarini mehnat qilib, peshona teri to‘kib topishgan. Tarixdan ma’lum, Odam (alayhissalom) dehqonchilik, Nuh (alayhissalom) duradgorlik, Dovud (alayhissalom) temirchilik va Idris (alayhissalom) xattotlik bilan shug‘ullanganlar.
“So‘ragan edingiz” kitobi asosida tayyorlandi
O‘MI Matbuot xizmati
Savol: Hozirgi kunda ayrim odamlar qabristonlardan o‘zlari, oilasi uchun yer sotib olib, sag‘ana qildirib qo‘yishmoqda. Bu ishlari to‘g‘rimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qabristonlar omma foydalanishi uchun hukumat tarafidan berilgan umumiy joy hisoblanadi, hech kimning shaxsiy mulki emas.
Shunga ko‘ra unga kimdir egalik qilishi, u joydan yer sotishi yoki sotib olishi mumkin emas. Bizdan avvalgi avlodlar, ota-bobolarimiz qabristondan biror narsani olishga, hatto qurigan giyoh olishdan ham cho‘chiganlar.
Hozirda ham ayrim odamlar qabristondagi meva va o‘t-o‘lanlardan foydalanish haqida ko‘p savol berishlari bejizga emas, ana shu hadikdan paydo bo‘lgan. Ammo ming afsuski, ayrim odamlar tomonidan kimlar bilandir til biriktirib, yer sotib olish holati oz bo‘lsa-da, paydo bo‘lmoqda. Bundan ehtiyot bo‘lish lozim. Chunki bu nohaqdan yer olish hisoblanadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam qattiq ogohlantirib, bunday deganlar: “Kim bir qarich yerni nohaqdan olsa, qiyomat kuni uni yetti qavat yer yutadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Sa’id ibn Zayd roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir qarich yerni zulm ila olsa, qiyomat kuni uning bo‘yniga yetti qavat yer osib qo‘yiladi”, deganlar (Muttafaqun alayh).
Bu ishning qanchalik og‘ir ekanini tushunmagan odamlar turli vositalar bilan bir qarich bo‘lsa ham birovning yerini o‘ziga qo‘shib olishga harakat qiladilar. Islomda bu ish zulm hisoblanadi va katta gunoh sifatida qoralanadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.