“Darhaqiqat, sizlar (farzandlar) jannat rayhonlarisiz”
(Umar ibn Abdulaziz rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Aqro’ ibn Horis Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rib qoldi. U zot (nevarasi) Hasan yoki Husaynni o‘payotgan edilar. Aqro’ “Mening o‘n nafar farzandim bor ulardan birortasini o‘pmaganman”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim rahm qilmasa, rahm qilinmaydi”, dedilar”.
Alloh taolo ato etgan ne’matlarning ichida biri borki, u bo‘lmasa, insonning, xossatan, bolajon o‘zbek xalqining uyida quvonch bo‘lmaydi. U – farzand ne’matidir. Ana shu ne’mat xalq ifodasida “Bolali uy bozor – bolasiz uy mozor”, deb ta’riflanadi.
Biroq Alloh taolo ushbu ne’matni hammaga ham ato qilavermaydi. Ba’zilarni ko‘p yillar kutdirib ko‘z yoshlarini qonga aylantirib, ana undan keyin beradi. Ba’zilarni esa butkul “tirnoq”qa zor qilib qo‘yadi. Boshqalari esa shunday buyuk ne’matning qadriga yetmaydi.
Kuni kecha daryo.uz saytida uch nafar ayol 20 kunlik chaqaloqni sotmoqchi bo‘layotganda qo‘lga olingani haqida xabar berildi. Undan bir oz oldin turli saytlarda yangi tug‘ilgan chaqalog‘ini sotmoqchi bo‘lgan ota-ona qamalgani, 24 yoshli ona 4 yoshli, 23 yoshli ona 3 yoshli qizchasini, yana bir eri tashlab ketgan 30 yoshli ayol bir necha oylik chaqalog‘ini “boqa olmayman” deb sotmoqchi bo‘lgani va 16 yoshli o‘zi hali go‘dak bo‘lgan ona ham o‘z farzandini sotishga uringan vaqtda qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.
Aslida odam savdosi hamma zamonlarda eng o‘tkir muammolardan biri bo‘lib kelgan. Biroq bu illat bizning o‘zi yemay bolasiga yedirgan, o‘zi kiymay bolasiga kiydirgan bolajon xalqimizda hech qachon bo‘lmagan. Aksincha, xalqimiz og‘ir davrlarda ham boshqa millatlarning 400 mingdan ortiq farzandini bag‘riga olib, mehrini berib katta qilgan. Hozir esa ba’zilarga o‘zi dunyoga keltirgan farzandi ham ortiqchalik qilayotganga o‘xshaydi. Nima xalqimiz o‘sha vaqtlarda Alloh taoloning “Roziq” – “Rizq beruvchi” sifatiga ishongan-u, biz moddiyatga shu qadar berilib ketganimizdan ishonmay qo‘ydikmi?
Alloh taolo An’om surasining 151-oyatida: “Keling, Rabbingiz sizlarga harom qilgan narsalarni tilovat qilib beraman: “Unga hech narsani shirk keltirmang! Ota-onangizga yaxshilik qiling. Ochlikdan qo‘rqib, bolalaringizni o‘ldirmang. Biz sizlarni ham, ularni ham rizqlantirurmiz... Fahsh – buzuq ishlarning oshkorasiga ham, maxfiysiga ham yaqinlashmang... “Ushbularni sizga amr qildikki, shoyad aql yuritsangiz”, – deb ayt”, deya marhamat qiladi.
Darhaqiqat, johiliyat davrida odamlar farzandlarini “boqa olmayman” deb o‘ldirib yuborar edi. Endi esa ma’rifat-madaniyat cho‘qqisiga chiqqan davrga kelib o‘sha bahona bilan sotishga o‘tib olishdimi?! Axir Alloh taolo “ularni ham rizqini O‘zimiz beramiz” demoqda-ku! Bu hodisalar odamlarimizning asl milliyligidan naqadar uzoqlashgani va ularning diniy savodi ustida hali ko‘p mehnat qilishimiz kerakligidan dalolat beradi.
Buning yana bir sababi esa o‘ylamasdan zinoga qo‘l urib, homilador bo‘lib qolishdir. So‘ng ular bu sharmandalikni berkitish uchun farzandini yo ko‘chaga tashlab ketish yoki sotib yuborib, undan qutulishgacha yetib boradi. Alloh taolo yuqoridagi oyatda “Fahsh – buzuq ishlarning oshkorasiga ham, maxfiysiga ham yaqinlashmang”, deb ularning yomon oqibatidan ogohlantirmoqda.
Nomusini boy bergan ayolning jamiyatda hech qanday qadr qiymati qolmagani kabi farzandini sotgan ayolning ham bag‘rida bir o‘pirilish bo‘ladi va uni u keyin yuzta erga tegib chiqsa ham, mingta bola tug‘sa ham to‘ldira olmaydi – bag‘ri bo‘m-bo‘sh bo‘lib turaveradi.
Fiqhiy kitoblarning “Savdo-sotiq” bobida shunday masala keladi: “Hur – ozod insonni sotish qat’iyan mumkin emas. Chunki inson sotiladigan narsa emas. Ozod insonning ustidan egalik qilishga hech kimning haqqi yo‘q. Zero, Alloh taolo Isro surasining 70-oyatida: “Batahqiq, Biz bani odamni azizu mukarram qilib qo‘ydik”, deb marhamat qiladi. Biror kishi shunday savdo qilsa ham, uning savdosi botil bo‘ladi”, deb aytiladi.
Islom dini hur odamning savdosini biror holatni mustasno qilmasdan mutlaqo harom qilgan. Zero, Alloh taolo azizu mukarram qilib qo‘ygan insonni xor qilishga hech kimning haqqi yo‘q. Bu ishlar esa gunohi azimdir. Har bir ish uchun ertaga javob beriladi. U kunda esa “Kim rahm qilmagan bo‘lsa, rahm qilinmaydi”. Alloh taolodan ularga tavfiq berishini so‘raymiz.
O‘MI matbuot xizmati
Savol: Biz tomonlarda o‘g‘il farzand uchun qilinadigan sunnat (xatna) to‘yiga kelinning otasi yoki aka-ukalari so‘qim (so‘yiladigan qoramol) olib borishlari shartdek bo‘lib qolgan. Hatto bu narsa kelin tarafdagilarning burchi degan tushuncha ham bor. Shuning uchun ayrim hollarda ba’zi otalar nevarasini sunnat to‘yiga yerini sotish yoki katta qarzlarni olishgacha majbur bo‘layapti. Shu ishlar dinimizda bormi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizda xatnani bor ekanligi barchaga ma’lum va bu uchun ziyofat qilib berish ham bor. Ammo bu narsa farz yoki vojib, hatto sunnat ham emas, balki u ayrim sahobiylarning shunchaki odati bo‘lgan. Lekin u hozirgi kunda avj olgandek bema’ni dabdabozlik bilan emas, balki tor doirada kamtarona dasturxon yozib o‘tkazilgan.
Demak, aslida sunnat ham bo‘lmagan ushbu “to‘y”ga so‘qim olib kelish qiz tomonning burchi deyish mantiqsiz ekani ko‘rinib turibdi. Buni johilona hoyu havas ortidan paydo bo‘lgan xurofot desak, to‘g‘riroq bo‘ladi. Aynan mana shunaqa tayini yo‘q “majburiyat”lar tufayli qanchadan-qancha oilalar jabr ko‘ryapti va hatto ayrim oilalar “so‘qim qilinmagani yoki olib kelingan so‘qimning kichkinaligi” sababidan buzilib ketishgacha ham bormoqda.
Dinimizda hadya ulashishga targ‘ib qilingan. Ammo bu chin yurakdan hamda beruvchiga malol kelmasdan amalga oshirilishi kerak.
Shunday ekan, kuyov tomonga yuboriladigan novvoslarni hadya deb bo‘lmaydi. Chunki bu narsa oshkora yoki zimdan qilingan talab yoki kelin tomonning odamlardan uyalib yoxud “qizim xijolat bo‘lmasin”, deb qiladigan “sovg‘asi” bo‘ladi. Kuyov tomonning kelin tomonga bunday talablar qo‘yishi katta xato va gunoh sanaladi. Qolaversa, chin ko‘ngildan berilmagan narsani yeyish ham shubhali hisoblanadi. Zero Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
لا يحل مال امرئ مسلم الا عن طيب نفسه رواه احمد
“Musulmon kishining moli boshqaga halol emas, faqatgina o‘zi rozi bo‘lib, ko‘nglidan chiqarib bersagina, halol bo‘ladi” (Imom Ahmad rivoyati).
Shunday ekan, bunday ishga chek qo‘yish lozim. Agar qilmoqchi bo‘lsalar, kuyov tomon imkoni darajasida o‘zlari qilsinlar. Agar imkonlari bo‘lmasa, qaynotani zimmasiga yuklamasliklari lozim. Imkon bo‘lmagani uchun bu kabi ehsonni qila olmasa, gunohkor bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.