Hozirda bu so‘zni ko‘pchilik johillik belgisi sifatida qabul qiladi va “bilmayman” deyishdan or etadi. Aslida qanday bo‘lishi kerak? Shariatimizda bu haqda qanday ko‘rsatmalar mavjud?
Kishi bilmaydigan narsasi haqida so‘ralganda, “Bilmayman, Alloh bilguvchidir”, deb javob berishi va o‘zidan olimroq kimsaning oldiga borishga tavsiya qilmog‘i lozim. Zero, Qur’oni karimda Alloh taolo farishtalardan bilmagan narsalari haqida so‘raganida ular: “Sen poksan! Biz faqat Sen o‘rgatgan narsalarnigina bilamiz. Albatta, Sen o‘ta bilguvchi va o‘ta hikmatli zotdirsan”, deb javob berishgan. Shu ma’noda yana bir hadis vorid bo‘lgan. Bir kishi Rasululloh alayhissalomdan: “Eng yomon yer qaysi joydir?”, deb so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bilmayman”, dedilar va Jabroildan bu haqda so‘radi. Jabroil ham bilmasligin aytdi va u ham o‘z navbatida Mikoildan so‘radi. Mikoil alayhissalom: “Yerlarning eng yaxshisi masjidlar va eng yomoni bozorlardir”, deb javob berdi. Sahobiylardan Ibn Umar roziyallohu anhu ham “bilmayman”, deb javob berishdan uyalmasdilar. Bu kabi misollarni sahobalar, tobeinlar va boshqa faqih olimlar hayotida juda ko‘p uchratishimiz mumkin. Bilmaslikni tan olish ilmga nisbatan insofli bo‘lish demakdir. Ibn Abdulbarr bu haqda shunday degan: “Ilmning barakasi va odobi unga nisbatan insofli bo‘lishdadir”. Molik ibn Anas: “Zamonamizga nima bo‘ldi, insof juda kamayib ketdi?!” Bu molik ibn Anas davridagi gap, ammo bizning zamonda-chi?! Afsuski, insonlar o‘rganish uchun emas, mansabga erishish uchun ilm o‘rganmoqdalar. Ularning ilm olishdan maqsadi olimlar bilan tortishib, mujodala qilish orqali tanilish, ko‘zga ko‘rinish bo‘lib qoldi. Bu tarzda ilm o‘rganish qalbni qoraytirishini va odamlar orasida adovat urug‘ini sochishini xayolllariga ham keltirmaydilar. Buning asosiy sababi shundaki, taqvo va Allohdan qo‘rqish kabi mo‘minlik sifatlari yo‘qolib bormoqda. Umar roziyallohu anhu davridagi adolat qayerda qoldi. U zot bilan ro‘y bergan bir hodisaga nazar solaylik. Umar roziyallohu anhu islohotlarining birida shunday dedi: “Ayollarning mahrini 40 uqiyyadan oshirmanglar, hatto zodagonlarning qizi bo‘lsa ham. Agar kim bundan oshirsa, uni baytul molga qo‘shib yuboraman”. Shunda odamlar orasidan bo‘yi uzun bir ayol turib: “Senga nima bo‘ldi, bu nima deganing?” dedi. Umar roziyallohu anhu: “Nega bunday deyapsan?” deb so‘radilar. Ayol: “Axir Alloh taolo: “Va agar ayollarning biriga uyum-uyum molni mahr qilib bersangiz, undan hech narsani qaytarib olmang!”, demaganmi?” dedi. Shunda Umar roziyallohu anhu: “Ayol to‘g‘ri gapirdi, erkak adashdi”, dedilar. Butun islom olamining amiri ayol kishi oldida o‘z xatosini qay tarzda tan olganiga boqing! Bilmaslikni tan olishda bundan ham yaxshiroq ibrat bormi! Zero ilmlidan-da ilmliroq bordir va bu Allohga qadar davom etaveradi. Alloh ilmsizlikdan pok va munazzah Zotdir. Insu jinsning va farishtalarning ilmida chegara bor. Alloh esa o‘ta bilguvchi va hamma narsadan xabardor Zotdir.
Abdulloh tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Juma kuni o‘n ikki soatdir. Undan qaysi soatda musulmon Allohdan biror narsa so‘rasa, Alloh taolo unga o‘sha narsani berur. Uni asrdan keyingi oxirgi soatda izlanglar", dedilar.
Solihlardan biri aytadi: "Juma kuni asr bilan shom orasida duo qilganimda Robbim duolarimni ijobat qilaverdi. Hatto Robbimdan biron narsa so‘rashga uyaladigan bo‘lib qoldim".
Fazl ibn Fazola rahimahulloh juma kuni asr namozini o‘qigach to quyosh botgunicha duo qilishdan to‘xtamas edi.