Chiroyli tarbiya berish ota-onaning farzandi oldidagi burchlaridandir. Bu haqni ado etish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, insondan katta mas’uliyat, mashaqqat talab qiladi.Farzand tarbiyasi bilan bog‘liq muammolarni, ularning sabablarini tadqiq etish ota-onalar uchun foydali bo‘lishi tabiiy.
Bola tarbiyasiga eng oldin ota-ona javob beradi. Ular bolalarini zarur va foydali mashg‘ulotlar bilan band qilishi kerak. Bola ongi bo‘sh turmaydi. Uydagi tarbiya bolani qoniqtirmasa, u ko‘chaga intiladi va o‘zi bilmagan holda boshqa “dunyo” komiga kira boshlaydi.
Bugun kim bilan o‘tirib gaplashsangiz, darrov farzandiga begona va buzg‘unchi g‘oyalar ta’sir etayotganidan shikoyat qiladi. Ba’zi xonadonlarda farzandlar axloqi katta muammoga aylangan.
Yangi asrda axborot tezligi taraqqiyotga ijobiy ta’sir ko‘rsatyapti. Ayni choqda qator muammolarni ham keltirib chiqaryapti. Internet va uyali telefon orqali yoshlarga qilinayotgan hujumlardan saqlanish eng katta muammoga aylandi. Ehtiyot choralari izlanyapti, lekin bu yechim va choralar ko‘pi faqat nazariy, ularni amalda qo‘llash qiyin.
Bugun ko‘plar takrorlaydigan iboralar: “Farzandim meni tushunmaydi”; “Menga itoat qilmaydi”; “Nasihatimga quloq solmaydi”; “Kunduzi uxlab, tunda televizor ko‘radi”; “Aka-ukalari bilan janjallashadi”; “Ko‘p yolg‘on gapiradi” va hokazo... Bu muammolarning yechimi bor albatta.
O‘tgan ulug‘larimiz bola xulqi buzilishiga ko‘pincha ota-ona sababchi bo‘lishini ta’kidlashgan.
Ichki asosiy sabablar:
– oilani boshqarishda ota-onaning muayyan tutumi va aniq maqsadi yo‘qligi;
– Alloh taolodan yordam so‘ramaslik yoki so‘rashda kamchilikka yo‘l qo‘yish;
– bola go‘daklik davridanoq tarbiya uslublarini yo‘lga qo‘ymaslik yoki ularni bilmaslik;
– moddiy ta’minotni haddan oshirib yuborish yoki umuman ta’minlamaslik;
– bolaning ta’lim olishdan maqsadi yo‘qligi yoki darslarni o‘zlashtira olmasligi; maktabga ota-ona majburlashi bilan borishi;
– bolaning ota-onadan qoniqmasligi;
– murabbiydan qo‘rqishi;
– ota-onadan mehr ko‘rmay, boshqalardan shirin so‘zlar eshitishi;
– ota-onaning farzandi oldida janjallashishi;
– ota-onaning farzandlaridan birinigina maqtashi;
– ishlarni faqat chaqqon bolaga yuklab, boshqalariga e’tibor bermasligi;
– otaning uzoq vaqt uyda bo‘lmasligi;
– kichik yoki arzimas xatoni bo‘rttirish;
– uydagi holat bilan talab qilinayotgan narsaning bir-biriga zidligi;
– bolaning xatosini to‘g‘ri tushuntirmaslik, boshqa bolalarga solishtirish. Bu ish xato. Chunki har bir bola o‘z shaxsiyati va tabiatiga ega.
Tashqi ta’sirlar:
– muallimning o‘zi o‘rgatayotgan fan maqsadini bilmasligi;
– tashqarida ham o‘rnak bo‘ladigan shaxsning yo‘qligi;
– shahvatni qo‘zg‘atuvchi omillar;
– aloqa vositalari rivojlanib ketishi tufayli yomon do‘stlarning ko‘pligi;
– ta’lim-tarbiyaning zamon talablariga mos emasligi;
– tengdoshlaridan tashqi ko‘rinishi bilan ajralib turishi;
– ortiqcha qo‘pollik va qattiqqo‘llik hamda o‘rinli-o‘rinsiz kaltaklayverish. Bu illatlar tufayli bolaning fe’li buziladi.
Bugun bu muammolar qarshisida chorasizdek turib qolmasligimiz yoki voqelikdan ko‘z yumib olmasligimiz kerak. Uyimiz, ko‘cha-ko‘y, yashab turgan jamiyatimizdagi muhit, ta’lim-tarbiya muassasalari – bularning barchasi tarbiya omillaridir. Ammo hozir dunyoning har tomonidan yoshlarga maxsus yo‘naltirilayotgan maqsadli “tarbiya uslublari” ham borligini unutmaylik. Zero, yaxshi bola ikki dunyo saodatiga vosita bo‘luvchi sadaqai joriyamiz bo‘ladi.
Imommuhammadxon MUNAVVARQORI o‘g‘li tayyorladi.
O‘MI Matbuot xizmati
Tasavvuf masalasi ham salafiylar tomonidan qattiq tanqidga olingan va ko‘r-ko‘rona rad etiladigan mavzulardan biridir. Tasavvuf, tariqat, suluk, shayx, murid va shu kabi atamalarni eshitishlari bilan mavzuni inkor qilishga tushib ketadilar. Lekin aslida ham shundaymi?
Ming yillardan beri Islomning ruhi bo‘lib kelgan va Islom ummati og‘ishmay amal qilib kelayotgan bu mavzu rad etilishi kerakmi?!
Tasavvuf – bu Allohni tanish va nafsni poklashni o‘rgatadigan va shu yo‘ldagi harakatlarni ifodalaydigan, ularni anglatadigan va bu holatlarga erishish uchun nima qilish kerakligini tushuntiradigan bir ilmdir. Tasavvuf islomiy ilmlarning eng sharaflisidir. Bu ilmning sharafi, mavzusining sharafi bilandir.
Modomiki, tasavvufning maqsadi, mavzusi ma’rifatulloh – Allohni bilish-tanish ekan, u o‘z-o‘zidan islomiy ilmlarning eng sharaflisi bo‘ladi. Tasavvuf bizga nima qilsak, Alloh bizni sevadi? Nima qilsak, qalbimizda bo‘lishini istaganimiz “Alloh sevgisi” hosil bo‘ladi, kabi savollarga javob beradi va bu maqomga erishish yo‘llarini o‘rgatadi.
Tasavvufga ulamolar tomonidan ko‘plab ta’riflar berilgan. Shayx Ibrohim ibn Muvallid Roqqiy rahmatullohi alayh o‘zining kitoblarida bu ta’riflarni yuzdan oshig‘ini jamlagan.
Shayx Muhammad ibn Ali Qassob rahimahulloh: “Tasavvuf bu – saodat asrida sharafli qavmning eng oliyjanob kishisidan sodir bo‘lgan eng go‘zal xulqlardir”, degan.
Shayx Abu Muhammad Jaririy rahimahulloh: “Tasavvuf – har bir go‘zal xulqni olish va har bir yomon xulqni tark qilishdir”, dedi.
Shayx Muhammad ibn Ali ibn Husayn ibn Ali ibn Abu Tolib rahimahulloh: “Tasavvuf – go‘zal xulq bilan bir ma’noda bo‘lib, kimning xulqi senikidan go‘zal bo‘lsa, tasavvufi ham go‘zaldir”, degan.
Shayx Abu Hafs Naysoburiy rahimahulloh: “Tasavvuf – uning barchasi odobdir. U har bir vaqt, har bir hol va har bir maqomning odobidir”, degan.
Tasavvuf ba’zi kishilar: “Bu narsa hijriy uchinchi asrdan keyin paydo bo‘lgan bid’at, avvalgi davrda bo‘lmagan. Qur’oni karim va hadisi sharifda “Tasavvuf” so‘zi biror marta zikr qilinmagan”, deb da’vo qilayotganidek keyin paydo bo‘lib qolgan bid’at ilm emas, balki u barcha shar’iy ilmlar qatori Islomning avvalidan mavjuddir.
Qur’oni karimda va hadisi shariflarda “Tasavvuf” so‘zini biror marta kelmagani uni islomiy ilm emasligiga dalil bo‘lmaydi. Chunki boshqa islomiy ilmlarning ham nomlari Qur’on va hadisda zikr qilinmagan. Agar Qur’on va hadisda zikr qilinmagan narsalarni inkor qilsak, juda ko‘plab narsalardan voz kechishimizga to‘g‘ri keladi.
Tasavvuf Islomning avvalgi asrlaridan beri mavjud bo‘lib, u ham boshqa islomiy ilmlar qatori Qur’on va sunnatdan olingan. Bunga Qur’on, hadis va tobeinlarning so‘zlarida dalillar bor. Avval aytganimizdek tasavvufning asosiy vazifasi insonning nafsini tarbiyalash, gunohlardan poklash va botiniy amallarini tartibga solishdir.
Alloh taolo An’om surasining 120-oyatida bunday marhamat qilgan:
﴿وَذَرُوا ظَاهِرَ الْإِثْمِ وَبَاطِنَهُ﴾
“Va oshkora hamda maxfiy gunohlarni tark qilinglar!”.
Alloma Alouddin Ali ibn Muhammad Bag‘dodiy rahimahulloh bu oyati karimani tafsir qilib: “Oshkora gunohdan tashqi a’zolar bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan. Maxfiy gunohdan qalb bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan” degan.
Zohiriy a’zolar bilan qilinadigan gunohlarni tark qilishni va unga beriladigan jazolarni fiqh fani o‘rgatsa, qalb kasalliklarini davolashni aynan tasavvuf o‘rgatadi. Boshqa oyati karimada shunday deyiladi:
﴿قَدْ أَفْلَحَ مَنْ زَكَّاهَا﴾
“Batahqiq, kim u(nafs)ni poklasa, yutuqqa erishdi” (Shams surasi, 9-oyat).
Darhaqiqat, inson oxiratda yutuqqa erishishi uchun, jahannam olovidan omonda bo‘lishi uchun bu dunyoda kufrdan, shirkdan, nifoqdan va turli gunoh va qalb kasalliklaridan o‘zini poklashi kerak.
Alloh taolo bu oyati karimalarda bandalarini kufr, shirk va gunohlardan o‘zlarini poklashga buyurmoqda. Mana shu poklashni o‘rgatadigan fanni “Tasavvuf” deb nomlash insonlar orasida urf bo‘lgan.
Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida tasavvuf ehson deb nomlangan. “Jabroil hadisi” deb nomlangan mashhur hadisi sharifda “ehson” ayni tasavvuf ekani namoyon bo‘ldi.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Birdan ustimizda oppoq kiyimli, sochlari qop-qora odam paydo bo‘ldi. Unda safarning asari ko‘rinmas edi. Uni birortamiz tanimas ham edik. U kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘g‘rilariga o‘tirdi. Ikki tizzasini u zotning ikki tizzalariga tiradi. Ikki kaftini sonlari ustiga qo‘ydi va: “Ey Muhammad, menga Islom haqida xabar ber”, dedi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Islom “Laa ilaaha illallohu Muhammadur Rasululloh”, deb shahodat keltirmog‘ing, namozni to‘kis ado qilmog‘ing, zakot bermog‘ing, Ramazon ro‘zasini tutmog‘ing, agar yo‘liga qodir bo‘lsang, Baytni haj qilmog‘ing”, dedilar.
“To‘g‘ri aytding”, dedi u. Biz undan ajablandik. O‘zi so‘raydi, o‘zi tasdiqlaydi.
“Menga iymon haqida xabar ber”, dedi.
“Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga iymon keltirmog‘ing, yaxshiyu yomon qadarga iymon keltirmog‘ing”, dedilar.
“To‘g‘ri aytding”, dedi.
“Menga ehson haqida xabar ber”, dedi u.
“Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.
“Menga Soat (qiyomat)dan xabar ber”, dedi.
“So‘raluvchi bu haqda so‘rovchidan bilimliroq emas”, dedilar.
“Uning alomatlaridan xabar ber”, dedi.
“Cho‘ri o‘z xojasini tug‘ishi, yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al cho‘ponlarning bino qurishda bir-birlaridan o‘zishga urinishlarini ko‘rmog‘ing», dedilar. So‘ngra u (qaytib) ketdi. Bas, birmuncha vaqt o‘tkazdim. So‘ngra u zot menga:
“Ey Umar, so‘rovchi kimligini bildingmi?” dedilar.
“Alloh va Uning Rasuli biluvchidir”, dedim.
“Albatta, u Jabroildir. Sizlarga diningizni o‘rgatgani kelibdi”, dedilar».
Ushbu hadisi sharifda dinning asllari iymon, Islom, ehson, zohiriy va botiniy amallarni isloh qilish va oxirat kuni haqida va bularning barchasi din ekanligini xabari berilmoqda.
Hadisi sharifda zikr qilingan “Islom”ni fiqh ilmi o‘rgatadi. “Iymon” qismini aqoid ilmi o‘rgatadi. Bizning mavzumizga bevosita bog‘liq bo‘lgan “ehson” qismini esa tasavvuf ilmi o‘rgatadi va bu hadisi sharifda bunga amaliy namuna ham bor.
Jabroil alayhissalom: “Menga ehson haqida xabar ber”, deganlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.
Tasavvufning asosiy maqsadlaridan biri ham banda qilayotgan har bir ibodatida, amalida Alloh uni ko‘rib turganini va bu amaliga qiyomat kuni albatta savol-javob bo‘lishini qalban his qildirishdir.
“Tasavvuf” so‘zi Islomning dastlabki asrida ishlatilmagan bo‘lsa-da, keyingi davrlarda “so‘fiy” so‘zi ishlatilganini kuzatishimiz mumkin.
Ulamolar mutavotir hadisning qanday bo‘lishi va shartlarini bayon qilib aytadilarki “Mutavotir hadis – uning sanadidagi har bir tabaqada juda ko‘p roviy rivoyat qilgan. Ana shu roviylarning barchasi rivoyat qilingan hadisni o‘zgartirishga kelishib olishlari mumkinligini aql inkor etadi”.
Shunday ekan, tasavvuf ilmi ham ikkinchi asrdan (tobeinlar asridan) to shu kungacha minglab shariatimiz peshvolari orqali ham naqlan, ham amalan mutavotir holatda bizgacha yetib kelgan. Shuning o‘zi ham tasavvuf ilmining shar’iy ilm ekaniga yetarli dalil bo‘ladi.
Mashhur muhaddis olim, Shayx Shoh Valiyyulloh Dehlaviy rahimahulloh: “Suhbatlarimiz va ta’lim-tarbiyamiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga sahih va mashhur sanad bilan yetib borgan tariqat odobidir”, degan.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi