Savobli ishlarning umri uzun, oqibati xayrli bo‘ladi. Ayni kunlarda mahalla-guzarlariga boramizmi, masjid-madrasalarga kiramizmi, ijtimoiy tarmoqlarni kuzatamizmi, oynai jahonni tomosha qilamizmi – barchasida o‘lkamizda o‘tayotgan Qur’on musobaqasi, xushovoz qorilar tilovatlari, xonadonlardagi Kalomulloh takrorlari haqida so‘z yuritilayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.
Bu xayrli tadbirdan bahra olib qolay degan ixlosmandlarning sanog‘i yo‘q. Kimdir masjidda erta tongdan xizmatda, kimdir atrofni supur-sidiri bilan band, yana kimdir “menga qanday yumush bor?” deya himmat kamarini beliga bog‘lab turibdi. Turli tashkilotlar xodimlari ham qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib xizmatga shay turishibdi.
Hosili kalom, hamma savob umidida, ana shu fayzli kunlardan nasiba olib qolish niyatida yugurib-yelmoqda. Chunki bugunga qadar bu kabi ulug‘ ish bo‘lmagan. Musobaqani yoritishga kelgan ommaviy axborot vositalari xodimlari ham odatdagidek, bir-ikkita tasvir olib, jonsaraklik bilan ikkinchi kosmik tezlikda jo‘nab ketmayapti, balki musobaqa oxirigacha qatnashib, duolarga biz ham qo‘shilib qolaylik, deb jarayonni jonli uzatib berishga harakat qilmoqda.
Taassufki, shunday ulug‘ yangilik, oddiy odamlarning quvonchu shodliklari, chin yurakdan aytilgan dil so‘zlari negadir markaziy nashrlarimizda yoritilmayapti?
Davlatimiz rahbari “Oddiy odamlar bugungi kunda bo‘layotgan o‘zgarishlarni sezishi kerak”, deb bot-bot takrorlayotgan, Qur’on musobaqasini o‘tkazish haqida tashabbus ko‘rsatib: “Qur’onni eshitish, eshita olish yuksak ma’naviyat, ma’rifat. Qur’on hech qachon yomonlikka da’vat qilmaydi. Agar, Qur’oni karimni eshita olsak, eshittira olsak, bu muvaffaqqiyat bo‘ladi. Elimizga nur keladi”, deb turgan bo‘lsa-da, respublikamizda yetakchi sanalgan nashrlar butun mamlakat bo‘ylab, har kuni har hududda katta bayram tusida o‘tayotgan Qur’on musobaqasi haqida lom-mim demayotgani ajablanarli. Musobaqalar bir oydan beri davom etayotgan bo‘lsa-da, bu haqda birorta xabar uzatmagan nashrlar ham bor.
Haqiqatning yuzi yorug‘
Qur’on musobaqasining shukuhi qay darajada ekanini odamlarning havo sovuq bo‘lishiga qaramay, to‘p-to‘p bo‘lib kelganlari, chillaning sovug‘i avjiga chiqqan kunlarida ham tashqarida o‘tirib musobaqani kuzatgan yurtdoshlarimiz yuz-ko‘zidan yaqqol ko‘rish mumkin. Ana shunday kunlardan mamnun bo‘lgan hamyurtlarimiz ko‘zlarida yosh bilan qo‘llarini duoga ko‘tarib, yaratgan Parvardigorga hamdu sanolar aytmoqda. Bu ishga tashabbuskor bo‘lgan davlatimiz rahbari haqqiga duolar qilmoqda.

Prezidentning Davlat maslahatchisi, senator, Yoshlar ittifoqi raisi Qahramon Quronboyev Qur’on musobaqasini o‘tkazishdan eng asosiy maqsad yoshlarning Islom diniga bo‘lgan e’tiborini yanada oshirish, ularning imon-e’tiqodini yanada ziyoda qilish ekanini aytdi. Musobaqaning respublika bosqichini eng yuqori darajada tashkil etamiz, deb alohida ta’kidladi.
Namangan, Sirdaryo, Qashqadaryo, viloyatlarida shaxsan viloyat hokimi, Jizzax, Andijon, Xorazmda esa viloyat hokimi o‘rinbosarlari, Surxondaryo, Samarqand viloyatlari va Chirchiq shahrida hokimiyatning mas’ul xodimlari musobaqa qatnashuvchilarini tabriklab ularga muvaffaqiyatlar tiladi. Bu e’tibor ushbu rahbarlarning o‘z aholisi ma’naviyatiga befarq emasligini ko‘rsatadi. Ayniqsa, Navoiy shahar hokimi Umarbek Xalilovning “Allohning kalomini yod olgan kishi hech qachon kam bo‘lmaydi”, Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorovning “Islom diniga berilgan erkinlikni Qur’on musobaqasi dunyoga yana bir karra isbotladi” degan so‘zlari bilan boshlangan chiqishlari barchani quvontirdi.
Internet saytlarida musobaqa keng yoritilmoqda. Mamlakatimizning 12 ta hududida o‘tkazilgan tuman-shahar saralash bosqichlari saytlarda jonli efirda yoritilmoqda. Bu borada Diniy idoraning muslim.uz sayti juda faol harakat qilayotir. Onlayn videolar bir oy davomida bir million marta ko‘rilib, musobaqa materiallari har haftada qariyb bir milliondan ortiq qamrovga erishdi.
Ushbu ma’lumotlarga diniy idoraning hududiy vakilliklarining rasmiy saytlari va xususiy saytlar e’lon qilgan materiallarni qo‘shsak, bu sonlar bir necha millionlarni tashkil etadi. Shundan kelib chiqib aytganda, Qur’on musobaqasini xalqimiz behad intiqlik bilan qarshi oldi.
Shu o‘rinda kun.uz, daryo.uz, azon.uz, islom.uz, muslimat.uz, xabar.uz, asr.uz darakchi.uz, sof.uz, podrobno.uz, uz24.uz, telegraf.uz va xorijdagi interfaks.ru, islam-today.ru, sputniknews-uz.com, regnum.ru, rusisworld.com kabi axborot saytlari musobaqani yoritishda yetakchilik qilayotganlarini alohida qayd etish lozim.
Respublikamizning aksar viloyatlaridagi yirik peshlavhalarda Qur’on musobaqasining e’lonlari berilgani xalqimizning kayfiyatini yanada ko‘tardi.
O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining qator telekanallarida, jumladan, “Madaniyat va ma'rifat”, “Yoshlar”, “Uzbekiston-24” kanallarida Qur’on musobaqasining muntazam efirga uzatilayotgani, informatsion ko‘rsatuvlarda musobaqaning davom etayotgani haqida lavhalar berib borilayotgani barchamizni quvontirmoqda.
Yurtdoshlarimizning taklif va istaklari inobatga olinib, 12 fevraldan boshlab Qur’on musobaqasi uchun “Madaniyat va ma'rifat” telekanali dasturidan maxsus vaqt ajratildi. Endi musobaqa haqida lavhalar har kuni muayyan bir vaqtda oynaijahonda uzatilmoqda.
O‘tgan hafta davlatimiz rahbari Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishish jarayonida Chilonzor tumanidagi yangi barpo etilayotgan masjidga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomini berishni taklif etdiki, bu xalqimizning yurtboshimizga bo‘lgan muhabbatini yanada ziyoda qildi. Prezidentimiz xayrli ish boshlanishi oldidan, Shayx hazratlarining shaxsiyati haqida iliq so‘zlarni aytib, Qur’oni karimga bo‘lgan samimiy munosabatini yana bir karra: “Qur’onni o‘qigan odam, uni ilmiy bilgan odam hech qachon kam bo‘lmaydi”, deb ifodaladi.
Bu – ayni haqiqat, donishmandning so‘zidir. Darhaqiqat, Allohning kalomini tilovat qilish bo‘yicha musobaqa o‘tkazish g‘oyasi, Uning ilmlarini o‘rganish bo‘yicha markazlaru maktablar, oliy o‘quv yurtlari, akademiyalar tashkil etish uyg‘oq qalblarga yanada ilhom bag‘ishlab, g‘aflatdagi qalblarni esa uyg‘otib yubordi. Bu o‘quv markazlari xalqimizning asl milliyligiga qaytishiga o‘zining ulkan hissasini qo‘shadi, inshoalloh.
Ortda qolmaylik, eskicha ehtiyotkorlikdan voz kechaylik
Xalqimizning asr osha to‘planib kelgan orzulari ro‘yobga chiqib, jonajon yurtimizda ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan islohotlar bo‘layotir. Har kuni bir yangilik, bir xushxabar eshitmoqdamiz. Odamlar ma’naviyatida ham tubdan o‘zgarishlar bo‘layotgani, dinu diyonatni o‘rganishga, kitob mutolaa qilishga hamda ilm olishga bo‘lgan ishtiyoq ortayotganini kuzatish mumkin.
Qur’on musobaqasini butun diyorimiz bo‘ylab xalqimiz bayram qilmoqda, qariyb hamma OAV yoritmoqda. Biroq “Xalq so‘zi”, “O‘zbekiston ovozi”, “Narodnoye slovo”, “Pravda Vostoka” va O‘zbekiston axborot agentligi kabi respublikamizdagi eng yetakchi, xalqning quvonchu tashvishlari bilan yashaydigan nashrlar yoritmayotgani hammani ajablantirdi. Diyorimiz buyuk olimu ulamolar zamini ekanini butun dunyoga ko‘rsatish fursati paydo bo‘lgan vaqtda, mutasaddi vazirliklar, xorijdagi elchixonalarimiz saytlari sukut saqlab turibdi. Bu unchalik ijobiy hodisa emas. Ayrim viloyat rahbarlari nega ana shunday katta shodiyona tadbirlarga e’tiborsiz qaramoqda yoki buning bir siri bormi?..
Mamlakatimiz rahbari Qur’on musobaqasini keng jamoatchilikka ko‘rsatishni talab qilib turgan bir pallada voqealar rivojidan chetda turish, aqalli bitta ham material e’lon qilmaslikning zamirida bizga qorong‘u bo‘lgan nimalar bor? Aslida bu kabi ommaviy tadbirlarni hamma tashkilotlar o‘z nashrlarida, veb-saytlarida yoritib borsalar yaxshi emasmi. Zotan, Prezidentimiz ham aynan shuni talab qilmayaptimi!
Yetakchi nashrlarimiz yurtimizning qaysi bir kunjagida bir arzimagan voqea sodir bo‘lsa, o‘shani yoritmayaptimi? O‘sha kichkinagina hodisani ko‘rgan ko‘zlari butun dunyoga dovruq solayotgan Qur’on musobaqasini ko‘rmayotganini nima deb tushunish mumkin?

Islom dinida xayrli ishlarda sadoqat bilan xizmat qiladigan insonlar doim ulug‘lanadi. Qur’oni karimda Alloh taolo: “Ayting: «Ishlangiz! Albatta, Alloh, Rasuli va mo‘minlar ishlaringizni ko‘rajaklar. Shuningdek, albatta, g‘oyib va oshkora (ishlar)ni biluvchi (zot) huzuriga qaytarilursiz. Bas, (o‘shanda) sizlarga qilgan ishlaringiz xabarini berur” (Tavba, 105), deb ta’kidlagan.
Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh taolo sizlardan biringiz amal qilib, o‘sha amalini mohirlik bilan bajarganingizni yaxshi ko‘radi” (“Jome as-sag‘ir”), deb marhamat qilganlar.
Demak, har birimiz bu foniy dunyoda ma’lum yumushlarga vazifador ekanimizni, Yaratgan Parvardigorimiz uni biz uchun tayin qilgani, bu ham bir imtihon ekanini anglab yetmog‘imiz darkor. Qur’on musobaqasining eng ajoyib tuman-shahar bosqichi yakunlanmoqda, keyin viloyat bosqichi boshlanadi, so‘ng respublika bosqichi bo‘lib o‘tadi. Biz bu xayrli ishda imkoniyati bor barcha yurtdoshlarimizni ixlos bilan ishtirok etishini so‘rab qolamiz. Maqsadimiz – bunday ulug‘ ishlarning fayzu barakotidan, savoblaridan barchamiz bahramand bo‘laylik.

O‘MI Matbuot xizmati
Qirol Abdulaziz nomidagi Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirq oltinchi xalqaro tanlovning saralash bosqichi 7 avgust kuni Makka shahridagi musobaqalar o‘tkaziladigan joyda 133 davlatdan 334 nafar ishtirokchi (erkak va ayollar) ishtirokida boshlandi.
IQNA "Minbar" gazetasiga tayanib xabar berishicha, Qirol Abdulaziz nomidagi Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirq oltinchi xalqaro tanlovning saralash bosqichi bir kun avval Makkadagi musobaqalar o‘tkaziladigan joyda boshlangan va final bosqichini Masjidul Haromda o‘tkazish uchun zamin tayyorlagan.
Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirning saralash bosqichida hakamlar hay’atlari eng yuqori aniqlik va shaffoflik standartlariga rioya qilgan holda, Qur’on tilovati uslublari va qoidalariga ixtisoslashgan taniqli xalqaro hakamlar guruhi nazorati ostida erkak va ayol ishtirokchilarning chiqishlarini tinglab, final bosqichiga kimlar o‘tishini aniqladi.
Tanlovning joriy bosqichi 133 mamlakatdan 334 nafar ishtirokchi (erkak va ayollar) ishtirokida o‘tkazilmoqda, ular besh toifa: "Shatibiya" usuli bo‘yicha yetti xil qiroat asosida Qur’oni Karimni to‘liq yodlash (qiroat va nazariy bilimlarni, shuningdek, tajvid qoidalarini a’lo darajada bajarish va rioya qilishni o‘z ichiga oladi); a’lo darajada ijro etish, tajvidga rioya qilish va so‘zlarni sharhlash bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket o‘n beshta juzni yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket beshta juzni yodlash bo‘yicha bellashmoqda.
Vazirlik ushbu global qur’oniy tadbirning muvaffaqiyatini ta’minlash uchun elektron hakamlik tizimini joriy etish, ishtirokchilarni baholashda adolat va aniqlikni ta’minlash uchun tashkiliy va keng qamrovli platformani yaratish, shuningdek, ularga turli xil xizmatlarni taqdim etish kabi barcha imkoniyatlarini ishga solishda davom etadi.
Qirol Abdulaziz nomidagi xalqaro musobaqa dunyodagi eng yirik Qur’on musobaqalaridan biri hisoblanib, uning umumiy pul mukofotlari miqdori 10 million saudiya rialidan oshadi.
Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, "Sayyid Muhiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda "Xadichai Kubro" qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari himoya qilishi haqida avval xabar berilgan edi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati