Mana, salkam bir oydirki, yurtimiz bo‘ylab keng miqyosda o‘tkazilayotgan Qur’oni musobaqasi sabab rahmat nurlari taralmoqda. Alloh taoloning Kalomiga ishtiyoqmand ko‘ngillar hidoyat va rahmat, shifo oyatlarini jon qalblari bilan tinglamoqdalar.
Muhtaram yurtboshimiz tashabbuslari bilan o‘tkazilayotgan O‘zbekiston Qur’on musobaqasining viloyatlardan Toshkent shahriga kirib kelishiga ham sanoqli kunlar qoldi. Ayni daqiqalarda musobaqaga tayyorgarlik ishlari avjida. Toshkent shahri bo‘yicha ko‘chalarda e’lonlar namoyish etilmoqda. Toshkent shahrida musobaqaning dastlab tuman bosqichlarida jami 486 kishi ishtirok etadi.
Musobaqaning Toshkent shahar hududiy (tuman) bosqichlari 2018 yil 13-15 fevral kunlari o‘tkazilishi belgilangan. Tuman bosqichlari 5 ta hududga bo‘lingan holda belgilangan joylarda tashkil etilishi haqida xabar bergan edik.
O‘MI Matbuot xizmati
Savol: Men Turkiya davlatida avtomashinalarni yuvish xizmati (avtomoyka)da ishlayman. Ba’zan taksi haydovchilarining mashinalarini yuvganimizda ichida mijozlarning buyumlari va pullari tushib qolgan bo‘ladi. Shu pullarni o‘zimizga olsak bo‘ladimi yoki taksichiga berishimiz kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Mazkur buyum va pullar sizning ham, taksichining ham mulki emas, balki o‘z egasining mulkidir. Shuning uchun egasiga qaytarish lozim. Buning uchun siz topilmani taksichining o‘ziga qaytarib berasiz va u haqiqiy egalarini topish chorasini ko‘radi. Egasidan beruxsat ishlatib yuborishi gunoh hisoblanadi.
Zayd ibn Xolid al-Juhaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim yo‘qolgan narsani tanitmay o‘ziniki qilib olsa, zalolatga ketuvchidir”, deganlar (Imom Muslim va Imom Ahmad rivoyat qilgan).
Hozirgi vaqtda unutib qoldirilgan buyumlarning egasini topishning turli yo‘llari mavjud. Unutib qoldirilgan narsalar buyum va pul singari chirib, aynib qolmaydigan narsalar bo‘lsa, egasi chiqqunicha o‘zida saqlab turadi va egasini topishga jiddiy kirishadi.
Egasini topishdan butkul umidi uzilgan vaqtda o‘zi muhtoj bo‘lsa, sadaqa o‘rnida o‘ziga ishlatishi, boy bo‘lsa, faqirlarga egasining nomidan sadaqa qilib yuborishi lozim bo‘ladi.
Keyinchalik egasi topilib qolsa, holatni tushuntiradi. Agar egasi rozi bo‘lsa, sadaqaning savobi unga bo‘ladi. Egasi rozi bo‘lmay, narsasini talab qilsa, qiymatini to‘lab beradi va qilingan sadaqaning savobi ana shu taksichining o‘ziga bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.