Chirchiq shahrida bo‘lib o‘tayotgan Qur’on musobaqasi ishtirokchilarini tabriklash uchun Chirchiq shahri hokimi o‘rinbosari Jahongir Matkarimov tashrif buyurdi va biz bilan suhbatda shunday dedi:
– Chirchiq shahrimizda Qur’on musobaqasi o‘tkazilishini eshitgan aholimiz hokimlikkka va ushbu jome masjidga juda ko‘plab murojaatlar qilishdi. Necha yoshdan qatnashiladi, qanday ishtirok qilinadi, tartibi qanaqa, degan savollar bilan juda katta qiziqishlar bildirishdi. Bundan juda xursand bo‘ldik. Albatta, Qur’onning mazmuni insonni ma’naviyatga, tarbiyali bo‘lishga chorlaydi, imom-e’tiqodni mustahkamlaydi. Ma’naviyatning asosi ham Qur’oni karimda. Ma’naviyat insonning irodasini baquvvat qiladi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, Qur’onni eshita olish va eshittira olish ham yuksak ma’naviyatdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun, 25 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yurtimizning turli hududlaridan kelgan fuqarolarni qabul qilib, muammo, arz va takliflarini tingladilar.
Qabul jarayonida Andijon, Namangan, Farg‘ona, Buxoro, Samarqand, Toshkent, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahridan kelgan fuqarolarning masjidlar holati, oilaviy masalalar, diniy ta’lim, haj-umra hamda moddiy yordam olish yuzasidan murojaatlari ko‘rib chiqildi.
Jumladan, oilaviy munosabatlarda kelganlarga muammolar yechimi bo‘yicha maslahatlar, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Ayrim masalalar bo‘yicha murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Darhaqiqat, birovning dardini yengillatish, uning tashvishlari osongina bartaraf etilishiga hissa qo‘shish – savobi ulug‘ amal. Chunonchi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “... Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishni aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Mana shunday qabul jarayonlari mamlakatimizdagi barcha jome masjidlarda haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati