Aziz Qur’on muxlislari ertaga, 10 fevral kuni Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida qorilar musobaqasining hududiy bosqichiga oq fotiha beriladi. Poytaxt viloyatida Qur’on musobaqasini katta bayram qilib o‘tkazishga puxta hozirlik ko‘rilmoqda.
Bu hududda tiriklik chog‘ida hikmatga to‘la so‘zlari ila kishilarni eng to‘g‘ri yo‘lga boshlab, o‘zidan keyin o‘chmas iz qoldirib ketgan zotlar ko‘p bo‘lgan. Ularning ortidan ergashgan insonlar hech qachon adashmagan va adashmaydi ham. Mana shunday zotlardan biri Sulaymon Boqirg‘oniyning shogirdi va izdoshi Zangi ota Himmatiy hazratlaridir. Zangi ota Himmatiy kamtarona hayot kechirgan bo‘lsa-da, ko‘p odamlarning hidoyat topishida, ma’nan yuksalishida va axloqiy kamolga yetishida buyuk xizmatlar qilib o‘tgan zotdirlar.
Toshkent viloyati yana ko‘p mashhur allomalarga beshik bo‘lgan zamin hisoblanadi. Bo‘stonliq tumani, Bog‘iston qishlog‘idagi Shayx Umar Bog‘istoniy ham mo‘tabar shaxslardan bo‘lgan. Ushbu ulug‘ zotni Bahouddin Naqshband ham hurmat qilgani tarixiy manbalarda qayd etilgan. Bulardan tashqari “Shomilqori avliyo”, “Zarkent ota”, “Shoabdumalik bobo”, “Xojakorsoz ota”, “Adham sahoba”, “Said ota“ va “Bobo Mochin” kabi o‘nlab avliyo zotlar ushbu tabarruk zaminda yashab o‘tganlar.
Mana shunday ulug‘ zotlar hoqi poki qo‘nim topgan tabarruk maskanlarda ertadan boshlab uch kun davomida Qur’oni karim oyatlari yangraydi. Haqiqatan Qur’on tilovati bilan mahalla-guzarlarimiz, xonadonlarimizga fayz kirmoqda, umrimiz, hayotimiz barakali bo‘lmoqda.
Muhtaram do‘stlar, ertaga 10 fevral kuni Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida, 11 fevral kuni Chirchiq shahrida, 12 fevral kuni Zangiota tumanida bo‘ladigan qorilar musobaqasiga marhabo!
Bizning muslim.uz portali orqali musobaqani jonli kuzating.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Shu yilning 12 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov fuqarolarni qabul qilib, ularning murojaat va taklif-mulohazalarini tingladi.
Mazkur qabul jarayonida fuqarolar tomonidan bildirilgan shar’iy masalalar, masjidlar qurish, haj va umra, ishga joylashish, oilaviy munosabatlar, kitob chop etish, moddiy yordam va sohani rivojlantirishga oid masalalar atroflicha o‘rganilib, mas’ullarga qisqa muddatlarda hal etish yuzasidan topshiriq berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati