«Xalq so‘zi» gazetasida Ahmad Tursunning Sitsiliyadagi Buxoriy qishlog‘i tarixi haqidagi maqolasi chop etildi. Quyida maqola to‘liqligicha e’tiboringizga havola etiladi.
Tarix fanlari doktori, professor Robert Landa Sitsiliya oroliga qilgan sayohati chog‘ida bu yerdagi Bukkeri qishlog‘iga qo‘ndi va, tabiiyki, olimlarga xos qiziquvchanligi tufayli qishloqning tarixi bilan qiziqdi. Ma’lum bo‘lishicha, «Bukkeri» degani «buxoriy» so‘zining buzib aytilgan shakli bo‘lib, to‘qqizinchi-o‘ninchi asrlarda Buxorodan kelgan bir jamoa orolni maskan tutgan ekan.
Buxoriylar olis Italiyadagi bu orolga qanday borib qolishgan? Tarixdan ma’lumki, milodiy sakkizinchi asrda musulmonlar Sitsiliyani fath etdi va 1091 yilgacha bu yerda hukmronlik qildi. Fotihlar orasida arablar, barbarlar, zanji afriqoliklar va boshqa Islom mamlakatlarining vakillari bo‘lgan. Italiya sharqshunosi Mikele Amarning hisobiga ko‘ra, hozir orolda bir vaqtlar musulmonlar barpo etgan yoki egallagan shahar va mavzelarning arabcha 328 nomi hamon saqlanib qolgan.
Musulmonlarning kemalari Sitsiliyadagi istehkomlari yordamida Italiya, Fransiya, Ispaniya sohillariga Islom da’vati bilan yetib bordi. Ayni paytda orolda musulmonlar hukmronligi o‘rnatilganidan keyin qishloq xo‘jaligi gullab-yashnadi, sun’iy sug‘orish keng qo‘llanila boshladi. O‘sha paytda butun Yevropaga notanish bo‘lgan pilla, paxta, shakarqamish, sholi, po‘rtahol, limon, xurmo yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. Bu yerda navshatir olishdi, yirik temir koni ochildi. Musulmon Sitsiliyasi qo‘shni o‘lkalarni oziq-ovqat, gazlama, qurilish yog‘och-taxtasi bilan ta’minlay boshladi. Orolning arab tojirlari Neapol, Salerno, Amalfo va Italiya janubidagi boshqa savdo shaharlarida muqim joylashib olishdi. Shoir va sayyohlar Sitsiliya bog‘lari, daryolari, favvoralarini, bu yerda o‘tkaziladigan musulmon bayramlarining jozibasini basma-basiga kuylashardi.
1061—1091 yillarda orolning tinchi buzildi. Italiya janubida o‘rnasha boshlagan normanlarga qarshi qattiq kurash olib borishga to‘g‘ri keldi. Normanlar oxiri orolni bosib olishdi. Biroq Sitsiliyadagi arab-Islom madaniyatining kuchi va uning bosqinchilarga ta’siri shunchalik katta ediki, hokimiyat almashuvi ham hech narsani o‘zgartira olmadi. Shaharlik musulmonlarning anchagina qismi orolni tark etib, Misr va Mag‘rib o‘lkalariga ko‘chib ketgan bo‘lsa-da, normanlar davlatida arab tili va madaniyati gullab-yashnayverdi. Musulmonlar hamon muhim vazifalarni egallab turishardi. Arab hunarmandlari va tojirlari o‘z imtiyozlarini, shu jumladan, Islom diniga e’tiqod qilish erkinligini saqlab qolishdi. Ular yashayotgan mahallalarda masjidlar hamon ko‘kka bo‘y cho‘zib turardi. Normanlar o‘z armiyalarida musulmon jangchilar va arab muhandislaridan foydalanishardi.
Normanlar hukmronligi davrida (1091-1194) Sitsiliyada musulmon kiyimlari, arab tilidagi yozishmalar, musulmon taqvimi sanalari va Qur’on oyatlari zarb qilingan tangalar keng tarqalgan edi. Saroyda arab mudarrislari va so‘z ustalari xizmat qilishardi.
O‘n ikkinchi asrda qirol Rojer Ikkinchi saroyida ulug‘ arab olimi Abu Abdulloh al-Idrisiy istiqomat tutgan edi. Mag‘ribda tug‘ilgan, xulafoi roshiddining to‘rtinchisi hazrati Ali (roziyallohu anhu)dan tarqagan idrisiylar vakili bo‘lmish bu olimni keyinchalik Islom dunyosida «Ash-sharif as-saqoliy» (sharafli sitsiliyalik) deb ataydigan bo‘lishdi. Uning qalamiga mansub «Hayratga tushgan sayyohning turli o‘lkalardagi mashg‘ulotlari» nomli kitob o‘sha paytdagi jug‘rofiy asarlarning eng mo‘tabar va ishonchlisi bo‘lib, uzoq asrlar mobaynida musulmon va nasroniy olimlar orasida ilmiy qimmatini yo‘qotmay turdi.
Sitsiliyadagi arab-Islom madaniyati o‘n ikkinchi-o‘n uchinchi asrlarda, ayniqsa, bir paytning o‘zida Olmoniya imperatori va Quddusi sharif qiroli bo‘lgan Fridrix Ikkinchi davrida gullab-yashnadi. Uning saroyida arab she’riyati, musiqasi, urf-odatlari hukmron edi. Qirol bir qancha musulmon olimlari va faylasuflariga homiylik qildi, o‘zi chin muxlisi bo‘lgan Ibn Sino va Ibn Rushd asarlarini arabchadan lotin tiliga o‘girishga farmon berdi.
O‘n beshinchi asrga kelib Sitsiliyada arab tili yo‘qolib ketsa-da, arab-Islom hazorasining oroldagi ta’siri uzoq vaqt muhrlanib qoldi. Uning izlari aholi maskanlari nomlarida, til lahjalarida, ayrim urf-odatlarda, orolning hozirgi fuqarolari tarixiy xotirasida saqlanib qolgan. Oroldagi Buxoriy qishlog‘i ana shu olis tarixning bir shu’lasidir.
Manba: https://daryo.uz
Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.
Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.
Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.
Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.
Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.
Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni, yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.
Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.
Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.
Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi