Hayo, nomus iymondandir.
Hayosiz doimo xoru zalildir.
Alisher Navoiy
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam birodariga hayo haqida tanbeh berayotgan kishi oldidan o‘tayotib: «Uni tek qo‘y! Hayo iymondandir!” deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Islomda 77 ta sho‘ba bo‘lib, uning bittasi hayodir. Albatta, iymonli kishi hayoli bo‘lishi zarurdir. Komil mo‘min bo‘lishi uchun ham hayo kerak.
Hayosiz kishiga doim balo, ofat yetib turadi, odamlarning orasida ham martabasi tushib ketadi, hurmatini yo‘qotadi.
Oilada ota o‘g‘il bolalarni tarbiyalasa, ona qizlarga odob berib, yurish-turish, kiyinish madaniyatini har doim o‘rgatishi kerak. Hozirgi kunga kelib ayrim yoshlar g‘arb madaniyatiga taqlid qilib bormoqda. Bu millatning madaniyati, milliyligi yo‘qolib borishiga sabab bo‘layotgan omillardandir.
Ming afsuslar bo‘lsinki, bugungi kunda aksar yoshlarimiz besharm, behayo bo‘lib ketmoqda, ularning og‘zidan chiqayotgan so‘zlarga o‘zlari uyalmasalar-da, atrofdagilar noqulay ahvolga tushib qolmoqda. Yoshlarni bunday ahvolga solayotgan narsa nima bo‘lishi mumkin, deymiz. Bunga sabab oiladagi muhit. Xalqimizda bir gap bor: «Qush uyasida ko‘rganini qiladi». Haqiqatdan ham, farzandlar eng ko‘p ma’lumotni ota-onasidan yig‘adi, ota-ona behayo so‘zlarni gapiradi, urush-janjal qiladi, bola esa ularning amalini qaytaradi. Oiladagi muhit nosog‘lom bo‘lsa, farzandga katta ta’sir ko‘rsatadi. Yarim kechasi bola ko‘chadan kirib keladi, bunga ota-ona befarq qaraydi. Ayniqsa, qiz bolalarda ham shunday holatlar kuzatilmoqda. Ularga uy eshigini otaning o‘zi ochib, “Yaxshi keldingmi?!” – deb kutib olishlarini kuzatmoqdamiz. Ana shunday hol behayolikka, sharmandalikka olib borishini nahotki o‘ylashmaydi?! Ota “Qayerdan kelding?”, “Kim bilan eding?”, “Nega kech kelding?” kabi savollar bermasa. Ustiga-ustak yigit – qizlarning kiyimlari ham qoniqarli emas. Kiyimlardagi chet tilida yozilgan behayo so‘zlarga ham ular beparvo. Ota-ona “Bolam falon joyda o‘qiydi, meni qizim…”, deb kerilishdan oldin farzandlarining xulq-atvorini hech kuzatib ko‘rganmi?! Kiyadigan kiyimiga befarq, natijada, farzandlarining behayo bo‘lib tarbiyalanayotganlari, eng avvalo, ota-onalarga bog‘liq. Muqaddas dinimizda hayo ham katta ne’mat ekanligi ta’kidlanadi. Ota-ona oldida farzanlarning ibosi, farzandar oldida ota-onaning sharm-hayosi, aka-singil, opa-uka, tog‘a-jiyan, qondoshlik hayosi bo‘lishi zarur. Bu mening otam-onam, akam, singlim, xohlaganimni qilsam bo‘laveradi, degan holatlarning ham, afsuski, guvohi bo‘lmoqdamiz. Yo‘q, aslida unday emas, hayo hammani to‘sib turuvchi pardadir. Hatto shunaqa holatlar ham kuzatilmoqdaki, behayo qiliqlar tufayli oilalarning tinchligi buzilmoqda. Ularga tanbeh bermoqchi bo‘lsang, “Bezbetni ishi besh”, deb kulishadi. Bularning bari safsata. Behayolikning oqibati noxushlikdir.
Ulamolardan biri Fuzayl ibn Iyoz badbaxtning nishonasi besh narsada ekanligini ta’kidlaganlar:
– Besharm va behayo bo‘lmoq;
– Ko‘ngli qattiq bo‘lmoq;
– Dunyoga moil bo‘lmoq;
– Ko‘zi yoshsiz bo‘lmoq;
– Umidsiz bo‘lmoq;
Chindan ham, kishidan hayo ketsa, ko‘ngli qattiqlashadi, insonlar orasiga og‘rinmasdan nizo solishga harakat qiladi, dunyoga muhabbati borgan sari oshadi, hoy-havasga beriladi, ammo hayo haqida o‘ylab ham ko‘rmaydi.
Agar odamda zarracha hayo bo‘lsa, o‘zini ham, boshqalarni ham noqulay holga solib qo‘ymaslikka urinadi.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:“Allohdan haqiqiy hayo bilan hayo qilinglar!”, deb marhamat qildilar. Biz:“Ey, Allohning elchisi! Allohga shukrki, biz hayo qilamiz”, dedik. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Allohdan haqiqiy hayo bilan hayo qilishlik boshni va unda joylashgan narsalarni, qorinni va unda to‘ldirilgan narsalarni asramog‘ing, o‘limni (bir rivoyatda: qabrlarni) va sinovlarni eslamog‘ingdir. Kimki oxiratni xohlasa, dunyo ziynatini tark qilur. Kimki mana shunday qilsa, muhaqqaq, Allohdan haqiqiy hayo qilgan bo‘lur”, – dedilar (Termiziy, Hokim, Ahmad, Tabaroniy rivoyat qilishgan).
Hayoli kishilar o‘zlarni chiroyli tutadilar, bo‘lar-bo‘lmas gaplarni gapirib kishilarni o‘ziga qaratishga harakat qilmaydilar.
Iyas ibn Qurra rohmatullohi alayhi shunday rivoyat qiladilar:
«Umar ibn Abdulazizning huzurida edim. Uning oldida hayo zikr qilindi va odamlar:
– Hayo dindandir, – dedilar.
Shunda Umar:
– Yo‘q! Hayo dinning hammasidir! – dedi”.
Demak, hayo dinning barchasi ekan, kishi hayosi bilan dinining go‘zalligini ko‘rsatib turadi hamda o‘zidagi dini, olgan tarbiyasini hayosi orqali yanada go‘zallashtiradi.
Shunday qilib, insonning tarbiyali, hayoli bo‘lishida ota-onaning o‘rni beqiyosdir. Farzand birinchi bo‘lib ota-onadan o‘rnak oladi, ularga qarab ish tutadi.
Xulosa qilib aytganda, hayoli kishi barchaning hurmatiga sazovor bo‘ladi. Hayo faqat yaxshilik va xayrli ishlarga yetaklaydi. Hayosizlik esa yomonlik, nafratga olib boradi. Hayo insonlarning ziynati bo‘lib, har doim yaxshilikka sababchi bo‘ladi. Yoshlarimizni hayoli va kattalarni hurmat qiladigan qilib tarbiyalash – har bir ota-onaning burchidir. Ayni paytda, qizlarimiz va kelinlarimiz momolarimizdan ibrat olsalar va shu ibratlari natijasida kelajak avlodni sog‘lom va barkamol qilib tarbiyalasalar, elimiz, yurtimiz ravnaqi uchun ulkan hissa qo‘shgan bo‘lardilar.
Muqaddas BUZRUKXONOVA
“Xadichai Kubro” ayol-qizlar o‘rta maxsus
islom bilim yurti tolibasi
O‘MI Matbuot xizmati
Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.
Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.
Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.
Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.
Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.
Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni, yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.
Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.
Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.
Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi