Alloh taolo insonga bu imtihon dunyosida nafsi bilan kurashib, uni yomon illatlardan poklashni buyurgan.
Har bir tug‘ilgan inson yoshligida ta’lim-tarbiya olib, nafsini to‘g‘ri yo‘lga solmasa, nafsi ammora darajasida qolib ketadi. Ammora (yomonlikka undovchi) nafs, shak-shubhasiz, insonni halokatga olib boradi. Alloh taolo Yusuf alayhissalomdan hikoyatan: «Nafsimni oqlamayman. Zero, nafs yomonlikka undovchidir. Faqat Rabbim rahm qilganlar bundan mustasnodir. Albatta, Rabbim kechirimli va rahmli zotdir» (Yusuf, 53), deb marhamat qiladi.
Inson ibodat qilsa, zikr bilan qalbini jilolasa, nafsini jilovlay oladi va uning nafsi lavvoma (o‘zini malomat qiluvchi) bo‘ladi. U o‘z xato va kamchiliklarini anglay boshlaydi. Bu bosqich komillik sari qo‘yilgan birinchi qadam. Alloh taolo uning nomi bilan qasam ichadi: «…malomatchi nafs bilan qasamyod eturman, (qiyomat kuni qayta tirilib, hisob-kitob qilinursiz)!» (Qiyomat, 2).
Bunda nafs o‘z-o‘ziga pandu nasihat qilib, “Ey nafs, qachongacha gunoh loyiga botasan? Allohning huzuriga borganingda nima deb javob berasan?” deb koyiydi. Nafsi insofga kelib, ixlos va muhabbat bilan amal qila boshlagach, uchinchi bosqich – mulhimaga (imkon qadar Alloh taoloning buyruq va qaytariqlariga bo‘ysunuvchi) o‘tadi.
Natijada banda amallarni ixlos, zavq-shavq bilan qilib, orom oladi. Shundan keyin solih banda to‘rtinchi bosqich – nafsi mutma’innaga (chin bandalik lazzatini totib, xotirjam bo‘lgan) o‘tadi.
«Ular imon keltirgan va qalblari Allohning zikri bilan orom oladigan zotlardir. Ogoh bo‘lingiz, Allohni zikr etish bilan qalblar orom olur (va taskin topur)» (Ra’d, 28).
Alloh taolo zikri bilan orom olgan qalbda boshqa insonlarga nisbatan gina-kudurat, hasad, adovat, ko‘ngilqoralik, xushomadgo‘ylik bo‘lmaydi. Istagi Alloh taoloning roziligi bo‘ladi, komillik darajasiga ko‘tariladi va beshinchi bosqich – nafsi roziya-marziyaga (Alloh taolodan rozi bo‘lgan va Uning roziligini topgan) o‘tadi.
«Ey xotirjam (sokin) jon! (Ato etilgan ne’matlardan) rozi bo‘lgan (Allohdan) rozilik topgan holingda, Rabbing (huzuri)ga qayt! Bas, (solih) bandalarim (safi)ga qo‘shilgin va jannatimga kir!» (Fajr, 27–30).
Ibodat va zikrlar bilan orom olgan nafs, Alloh taolo bergan ne’matlarga rozi bo‘ladi, undan Alloh taolo ham rozi – “marziya” bandaga aylanadi.
Payg‘ambarlarning nafslari nafsi “sofiya”dir. Alloh taolo barcha solih bandalariga nafsi “marziya” bosqichiga yetishni nasib etsin.
Mavjuda ABDULLAYEVA,
“Xadichai Kubro” ayol-qizlar islom o‘rta-maxsus bilim yurti mudarrisasi tayyorladi.
Bilasizmi? Silikat moddasiga boy bo‘lgan tuproqqa dafn qilingan insonning skeleti vaqt o‘tishi bilan tosh va xarsangga aylanadi.
Agar u pirit (temir sulfidi) moddasiga boy mintaqaga dafn qilinsa, unday jasad temir haykalga aylanib qolishi mumkin!
Bu ilmiy haqiqat yaqinda aniqlangan bo‘lsa-da, Qur’onda bu haqida 1445 yil oldin hayratlanarli tarzda juda aniqlik bilan bayon etilgan. Qur’onda bunday deyilgan:
وَقَالُوا أَإِذَا كُنَّا عِظَامًا وَرُفَاتًا أَإِنَّا لَمَبْعُوثُونَ خَلْقًا جَدِيدًا
"Ular: “Biz suyaklarga va chang- tuproqlarga aylanib ketganimizdan keyin ham, yangitdan tiriltirilamizmi?” dedilar. “Sen ularga, toshga yoki temirga aylaninglar”, deb ayt"
(Isro surasi, 50-oyat).
Bu oyat yaqin yillarda kashf etilgan — suyaklari toshga aylangan yoki temir haykalga aylangan qazilmalarga ochiq va ravshan ishora qilmoqda. Go‘yoki Qur’onda xabar berilgan ushbu dalillar olimlar kashf qilishlarini uzoq asrlardan beri kutib yotgandek.
Shunday ekan, aqlli inson bunday ochiq-oydin va ravshan mo‘jizani qanday inkor qila oladi? Qur’onning bu mo‘jizasi kunduzdagi quyoshdek ravshan emasmi?
Homidjon domla ISHMATBЕKOV