frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Yoshlarni yot g'oyalar ta'siridan asraylik!

10.05.2023   3318   7 min.
Yoshlarni yot g'oyalar ta'siridan asraylik!

Yoshlar tarbiyasi barcha davrlarning eng dolzarb masalasi bo'lib kelgan. Tarixchi Gerodot o'zining Sharqqa qilgan safarlari chog'ida Misr ehromlaridagi bir bitik uni ajablantirgan: “Yoshlarning tarbiyasi buzilib ketyapti. Nima qilmoq kerak?!”

Muarrix bu yozuvni o'qiganiga ham ikki ming yildan oshib ketdi. Yozuvning bitilganiga esa, kim bilsin qancha vaqt bo'lgan? Demak, yoshlar masalasi hamisha ham o'z dolzarbligini yo'qotmagan, bunga hamma davrlarda ham turli darajada munosabat bildirilgan.

Ulug' ma'rifatparvar alloma Mahmudxo'ja Behbudiy yoshlarga murojaatnomasida, jumladan, bunday yozadi: “...Ushbu taraqqiy etgan zamonda ilmsiz, ma'rifatsiz, quruq taassub bilan yashab bo'lmaydi. Hozirgi zamonaviy taraqqiyot va rivojlanish shunday kuchli bo'lmoqdaki, ozgina fursat o'tar-o'tmas quruq va chirigan taassublarimizni ildizi bilan qo'porib tashlaydi. Shuning uchun barcha yoshlarimiz bu borada bir narsaga tayanishlari mumkin. Bu narsa ilmu ma'rifatdir” (“Oyna” jurnali, 1914 yil, 41-son).

Bashariyat yaralibdiki, tarbiya masalasining dolzarbligi hech qachon kun tartibidan tushmagan. Muqaddas dinimizda ham tarbiyaga katta e'tibor qaratiladi, alohida urg'u beriladi. Rog'ib Asfahoniy ta'riflaganidek, tarbiya – insonning diniy, fikriy va axloqiy quvvatlarini uyg'unlik hamda muvozanat ila o'stirishdir.

Islomda farzand tarbiyasi ota‑onaning eng mas'uliyatli va uzoq davom etadigan burchlaridandir. Zotan, ota‑onaning farzand ne'matiga haqiqiy shukri ham aynan tarbiya mas'uliyatini sharaf bilan to'g'ri ado etish orqali yuzaga chiqadi. Amaliy shukr – berilgan ne'matni ne'mat beruvchi Zotni rozi qiladigan tarzda tasarruf qilishdir. Binobarin, farzand ne'matiga amaliy shukr qilish o'sha farzandni Alloh taologa itoat qiladigan banda qilib tarbiyalash orqali amalga oshiriladi.

Qur'oni karimda odamzotni tarbiyaga chorlaydigan oyatlar ko'p. Hususan, Luqmoni Hakimning o'g'liga qilgan nasihati keltirilgan oyatlar tarbiyaning oliy namunasi, insonning zurriyoti oldidagi burchi va farzandning otasidagi haqqi haqida bayon qiladi: «(Luqmon yana dedi): «Ey o'g'ilcham! Shubha yo'qki, agar xantal (o'simligining) urug'idek (yaxshi yoki yomon amal qilinadigan) bo'lsa, bas, u (amal) biror xarsang tosh ichida yo osmonlarda yoki er ostida bo'lsa, o'shani ham Alloh keltirur. Zero, Alloh lutfli va ogoh zotdir. Ey o'g'ilcham! Namozni barkamol ado et, yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar hamda o'zingga etgan (balolar)ga sabr qil! Albatta, mana shu puxta ishlardandir. Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va erda kerilib yurmagin! Chunki Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas. (Yurganingda) o'rtahol yurgin va ovozingni past qilgin!»(Luqmon surasi, 16–19-oyatlar).

Tarbiya inson kamolotining asosidir. Bizda farzand tarbiyasi har bir oila uchun asosiy vazifa bo'lib kelgan. Qadimdan xalqimiz tarbiyaga alohida e'tibor qaratgan. Bejiz “Bir bolaga etti mahalla ota-ona”, deyilmaydi.

Lekin, afsuski, bugun farzand tarbiyasini ota-onadan ko'ra ko'proq telefon, internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlar bajaryapti, desak, xato bo'lmaydi. Chunki darvozasiz shahar bo'lgan ijtimoiy tarmoqlar aqidasi buzuq, sof islom ta'limotiga zid g'oyalar bilan yoshlarning ongu shuurini zaharlashga chiranmoqdalar.

Bunday sharoitda ota-onaga, ustoz va murabbiylarga – barcha barchaga – yoshlarni e'tibordan chetda qoldirmaslik, ulargt har qachongidan ko'ra ko'proq nazorat qilib turish vazifasi yuklanadi. Abu Said Hudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Sizdan kim bir munkar ishni ko'rsa, qo'li bilan qaytarsin, agar qodir bo'lmasa, tili bilan qaytarsin, agar qodir bo'lmasa, dili bilan qaytarsin, ana o'sha eng zaif iymondir”, dedilar (Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan).

Davlatimiz tomonidan qonun asosida ochib qo'yilgan o'rta maxsus diniy ta'lim muassaalari, oliy diniy ta'lim maskanlari, Qur'oni karim va tajvidni o'rgatish kurslari faoliyat yuritayotgan bo'lishiga qaramasdan, afsuski, ayrim yoshlar o'zlaricha internetdan, ijtimoiy tarmoqlardan “ustoz”lar axtarishmoqda. Bu juda xavfli holat.

Shu bilan birga, O'zbekiston musulmonlari idorasining rasmiy veb portali www.muslim.uz, www.fatvo.uz va O'MI tizimiga qarashli bir necha rasmiy internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar ishlab turgan bo'lishiga qaramasdan, hozir ham faoliyati taqiqlangan saytlar va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish holatlari kuzatilayotgani achinarli holdir.

Farzandlarimiz diniy ilm bilan bir qatorda dunyoviy fanlarni ham puxta o'zlashtirish shart. Aslida, ilmni diniy yoki dunyoviy deb ajratishning o'zi xato. Bugungi taraqqiyot asrida yoshlarimiz har jihatdan barkamol bo'lishi zarur. Aks holda jadidchi ma'rifatparvar bobomiz Munavvarqori Abdurashidxonov aytganidek: “Bugungacha Ovro'po xalqi osmonga uar ekan, bizda soch va soqol nizolari, ovro'polilar dengiz ostida suzar ekan, bizda uzun va qisqa kiyimlar janjallari, Ovro'po shaharlari bugun elektrik isitilar va yoritilar ekan, bizda maktablarda jo'g'rofiyo va tabiyot o'qitish, o'qitmaslik ixtiloflari... davom etadi” (“Turkiston” gazetasi, 1923 yil), kabi muammolar girdobidan chiqib keta olmaymiz.

Diniy ilmlar bilan dunyoviy bilimlarni puxta o'zlashtirgan kishini hech kim chalg'ita olmaydi. Chunki u har bir ishini aql tarozisiga solib amalga oshiradi. Milliy qadriyatlarimizga, muqaddas dinimizning sof ta'limotiga zid hech qanday ta'sirga aldanmaydi.

Shunday ekan, o'g'il-qizlarimizning zamon talablariga javob beradigan darajada voyaga etkazish har birimizning oldimizda turgan katta mas'uliyatdir. Bugunning bolasi jismonan sog'lom, ma'nan etuk, o'z fikriga ega, kasb-hunarni egallagan, zamonaviy texnologiya yutuqlarini yaxshi o'zlashtirgan bo'lishi shart. Shundagina ko'zlangan maqsadga erishish oson bo'ladi.

 

Abduqahhor domla YuNUSOV,

Toshkent shahar bosh imom-xatibi

 

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan ko‘cha rekonstruksiya qilinmoqda

14.08.2026   13756   1 min.
Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan ko‘cha rekonstruksiya qilinmoqda

Samarqandning tarixiy qismida turizm infratuzilmasini keng ko‘lamli yangilash ishlari davom etmoqda. Amalga oshirilayotgan loyihalarning asosiy maqsadi xorijiy sayyohlarning qolish muddatini uzaytirish, qulay shahar muhitini yaratish va bir vaqtning o‘zida mahalliy aholining hayot sifatini oshirishdan iborat.

“Samarkandskiy vestnik” nashriga ko‘ra, turizmni rivojlantirish dasturi doirasida eski shaharning 13 ta ko‘chasi bosqichma-bosqich zamonaviy piyodalar yo‘lagiga aylantirilmoqda. Bu yerda yangi xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etilmoqda, jamoat joylari obodonlashtirilmoqda, milliy me’morchilik an’analarini saqlab qolgan holda muhandislik kommunikatsiyalari va bino fasadlari yangilanmoqda.

Eng yirik loyihalardan biri Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan Buxoro ko‘chasini rekonstruksiya qilish bo‘ldi. Ko‘chaning 850 metr qismi to‘liq piyodalar hududiga aylantiriladi. Loyihani ishlab chiquvchilardan biri, Samarqand davlat texnika universiteti o‘qituvchisi Jasur Berdiqulovning ta’kidlashicha, ilgari bu yerda qatnov qismining torligi tufayli muntazam ravishda tirbandliklar yuzaga kelgan, qulay piyodalar yo‘laklarining yo‘qligi esa piyodalar uchun jiddiy noqulayliklar tug‘dirgan. Ishlar yakunlangach, ko‘cha xavfsiz jamoat maydoniga aylanadi. Aholi uchun alohida to‘xtash joyi ajratilgan bo‘lib, transport vositalarining kirishiga faqat zarurat tug‘ilganda maxsus xizmatlarga ruxsat beriladi. Shu bilan birga, suv, gaz, elektr va boshqa muhandislik tarmoqlari to‘liq modernizatsiya qilinmoqda.

Oltin asr mahallasida joylashgan Bag‘dod ko‘chasida ham ishlar davom etmoqda. Bu yerda 600 metrlik hudud obodonlashtirilmoqda. Loyiha doirasida zamonaviy turizm va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini yaratish, kichik biznes va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari