Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Aprel, 2025   |   22 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:11
Quyosh
05:36
Peshin
12:27
Asr
17:09
Shom
19:12
Xufton
20:31
Bismillah
20 Aprel, 2025, 22 Shavvol, 1446

Hanafiylik – sunnatga eng ko‘p amal qiluvchi mazhab

08.02.2018   9467   5 min.
Hanafiylik – sunnatga eng ko‘p amal qiluvchi mazhab

Ahli sunnat va jamoat ta’limotiga ergashuvchi to‘rt mazhab – hanafiylik, molikiylik, shofe’iylik va hanbaliylikning har birining asosini Qur’oni karim va hadisi sharif tashkil qilishi hech kimga sir emas. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflari har bir mazhab fiqhida asosiy manbalardan biri hisoblanadi. Mazhab imomlari hamda ularga ergashgan izdoshlaridan   hech biri hadisi sharifdan tashqariga chiqmagan. Hadisi sharif turganda, o‘z ra’ylari va fikrlarini ilgari surmagan. Bu hanafiy mazhabida yaqqol o‘z ifodasini topgan, desak xato bo‘lmaydi. Biroq, afsuski, Imomi A’zam Abu Hanifa rahimahulloh o‘z shogirdlari bilan birga hanafiylik mazhabini ta’sis qila boshlagan davrdan buyon to hozirgi kunimizgacha ushbu mazhab ahliga “ahli ra’y” degan tamg‘a bosilib keladi. Bu,  asosan, salbiy ma’noda ishlatiladi. Ya’ni, din va mazhab dushmanlari: “Ushbu mazhab vakillari o‘z fikrlarini oyat va hadisdan ustun qo‘yadilar; ular hadis turganda, uni olmasdan, o‘z ra’y-fikrlariga ergashadilar; hadisni olmasdan Imomi A’zamning gapini oladilar”, deganga o‘xshash bo‘htonni aytib keladilar.

Ibn Hajar al-Haytamiy rahimahulloh o‘zining Abu Hanifa rahimahullohning manoqiblari to‘g‘risida yozilgan “Al-Xayrot al-hison” risolasida bunday degan:  “Bilginki, ulamolarning Abu Hanifa va uning shogirdlarini “as'hobi ra’y” deyishlaridan maqsad, ularni kamsitish, ularni o‘z ra’ylarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan va u zotning sahobalarining gaplaridan ustun qo‘yadi, deb nisbatlash emasligini tushunmog‘ing lozim! Chunki, ular bundan xolidirlar!”

Haqiqat shuki, bizning hanafiy mazhabida boshqa mazhablarga nisbatan hadisga ergashish ortiqroqdir, hammadan ko‘ra bu mazhab sohiblari hadislar ma’nosini chuqurroq va mukammalroq tushunib yetadilar. Hanafiylikning asosiy manbasi Qur’oni karimdir. Undan so‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislari eng asosiy manba hisoblanadi. Hatto, hanafiy mazhabida zaif hadis soxtalik ehtimoli bo‘lgan quruq qiyosdan ustun qo‘yilgan.

Hanafiylik mazhabida zaif hadis turganda qiyosga, ra’yga o‘rin yo‘q, zaif hadisga amal qilinadi. Bu hanafiy mazhabining boshqa mazhablardan ko‘ra ustunligini ko‘rsatadi. Ular qanchalik hadisga amal qilishni da’vo qilsalar ham, biror bir masalaga zaif hadisdan boshqa dalil bo‘lmasa, unga amal qilmasdan o‘z ra’y-fikrlariga ko‘ra qiyos qilib hukm chiqaradilar. Hanafiylikda esa undoq emas. Biror bir masalaga zaif hadisdan boshqa dalil bo‘lmagan taqdirda, zaif hadisga amal qilinadi, ra’y-fikrga suyanib qiyos qilinmaydi. Xullas, hanafiylikda zaif hadis barcha turlari bilan mujtahidning yoki biror bir faqihning gapidan ustun hisoblanadi.

Imomi A’zam Abu Hanifa rahimahulloh: “Allohdan va uning Rasulidan kelgan narsalarni bosh-u ko‘z ustiga qabul qilamiz! Sahobadan kelgan narsalarning esa eng yaxshisini tanlab ergashamiz!  Ularning gaplaridan tashqari chiqmaymiz!” degan so‘zlarini barcha manoqib kitoblarda ko‘rishimiz mumkin.

Demak, to‘rtta mazhabning hech bir ta’sischisi hadisi sharifdan tashqari chiqmagan, hadisi sharif turganda, o‘z ra’ylari va fikrlarini ilgari surmagan. Bunga yorqin dalil sifatida mazhablarning Qur’oni karim va hadisi sharifdan dalillarni bayon qilgan kitoblarini ko‘pdan ko‘pini keltirish mumkin. Bunday kitoblar xar bir asrda o‘zgacha uslublar bilan yozilgan. Bu borada hanafiy mazhabida ham talaygina kitoblar bitilgan. Ularning har biri bir-biridan o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Mana shunday sara kitoblar qatorida Rabboniy olim, mufassir, muhaddis shayx Muhammad Abdulloh ibn Muslim Bahlaviyning “Adillat-ul hanafiyyati minal ahodisin nabaviyyati alal masoilil fiqhiyati” kitobini keltirish mumkin. Kitobni mutolaa qilgan kishi undagi boblar tartibining osonligi hamda hadislarni keltirishda muallifning hadis ilmi borasida juda zukko bo‘lganiga xayratda qolmay iloji yo‘q. Muallif kitobda hadislarni fiqhiy ahkomlarga monand qilib keltirgan.  Bir ming ikki yuz yetmishta hadisni o‘z ichiga olgan kitobni mutolaa qilgan har bir hanafiy mazhabiga ergashuvchi kishi o‘z mazhabi ulamolariga nisbatan hurmati ziyoda, qalbi xotirjam bo‘ladi.

Shuni e’tiborga olgan holda, mazhabimizni yanada yaxshiroq o‘rganish, har bir masalaga mukammal dalillar mavjud ekanini chuqurroq anglash va anglatish yo‘lida viloyat vakilligi saytida mazkur kitobdan zarur ma’lumotlar berishni yo‘lga qo‘ymoqdamiz. Ushbu xayrli ishni kitobni yaxshilab mutolaa qilgan va tarjimasini ham uddalayotgan Piskent tumanidagi “Sobirxon ota” masjidi imomi Sunnatulloh Abdulbositga topshirdik. Ezgu niyat ila boshlayotgan amalimizni Alloh xayrli va bardavom qilsin!

 

Xayrulla TURMATOV,

Toshkent viloyati bosh imom-xatibi

O‘MI Matbuot xizmati

Fiqh
Boshqa maqolalar

Do‘stning aybiga ko‘z yumiladimi?

18.04.2025   3909   2 min.
Do‘stning aybiga ko‘z yumiladimi?

Do‘stingiz sizga ayblaringizni aytishi, siz esa hushyor tortib, o‘zingizni o‘nglab olishingiz naqadar go‘zal!
Shu sabab Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: “Ayblarimni ko‘rsatib qo‘ygan kishiga Alloh rahm qilsin”, degan edilar.

Ulug‘lardan biri aytadi: “Har gal ko‘rishganingizda sizdan bir ayb topadigan birodaringiz, har safargi uchrashuvda qo‘lingizga bitta tillo tanga qistirib qo‘yadigan birodardan ko‘ra yaxshiroqdir”.

Darhaqiqat, ayblaringizni ko‘rsatib qo‘yadigan kishi sizni hadya va mol-dunyoga ko‘mib tashlaydigan kishidan yaxshiroqdir. 

Hotamul Asom aytadi: “Birodaringda birorta ayb ko‘rsang-u, uni berkitib, indamay qo‘yaverasang, shubhasiz, unga xiyonat qilibsan. Mabodo o‘zidan boshqaga aytadigan bo‘lsang, u holda g‘iybat qilibsan. Uning bu aybini yuziga solsang, do‘stligingni buzibsan. Shuning uchun ham unga yumshoqlik ila nasihat qil. Unga aybi nimada ekanini tushuntir. Biroq bu ishlarni odamlarning oldida qila ko‘rma!”.

Imom Shofe’iy aytadilar: “Birodariga maxfiy tarzda pand-nasihat qilgan kishi haqiqiy ma’noda nasihat qilibdi va uning obro‘sini saqlabdi. Kim birodariga oshkora (odamlarning oldida) nasihat qilsa, uni sharmanda qilibdi va obro‘sini to‘kibdi”.

Shoir aytadi:
Yolg‘iz paytim yomg‘ir ayla nasihating, 
Olamonda aslo bunday qila ko‘rma! 
Koyishdir ul jamoatda pand aytganing,
Quloq osmoqqa men hech rozi bo‘lmam!

Leonardo da Vinchi bunday degan: “Do‘stingga maxfiy holda tanbeh beravergin, biroq boshqalarning oldida uni maqtab qo‘y”.

Birodaringizning obro‘sini saqlang, zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Kim bir birodarining obro‘sini himoya qilsa, Alloh taolo qiyomat kuni o‘sha kishidan jahannam azobini daf qiladi” . 
O‘z-o‘zidan ma’lum bo‘ladiki, do‘stingizdan ayrilmaslik uchun uning ba’zi kamchiliklarini kechirishingizga to‘g‘ri keladi. 

Shoirlardan biri shunday degan edi:
Do‘stsiz yashamoqdan xavfsirab doim,
Yumib o‘taman kamu ko‘stiga ko‘zim.


Xolid ibn Safvondan “Birodarlaringiz orasida qay biri sizga mahbubroq?” – deb so‘rashganida, u kishi: “Qoqilishimni kechiradigan, kamchiliklarimni qabul qiladigan va xatolarimni berkitadigani”, deb javob bergan ekan. 

Suqrot aytadi: “Do‘sting uchun o‘zingni qurbon qilishing juda ham oson, biroq bu qurbonlikka tom ma’noda haqli bo‘lgan do‘stni topish anchayin mashaqqatdir”. 


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” 
nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.