Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Yanvar, 2025   |   6 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:34
Asr
15:28
Shom
17:12
Xufton
18:31
Bismillah
06 Yanvar, 2025, 6 Rajab, 1446

Umra ibodati qanday amalga oshiriladi

8.02.2018   72263   12 min.
Umra ibodati qanday amalga oshiriladi

Umr davomida eng kamida bir marta umra ibodatini ado etish sunnati muakkada hisoblanadi. Umra ibodatini yilning xohlagan vaqtida ado etish mumkin. Ya’ni umra qilish uchun  aynan biror vaqt tayin qilinmagan. Ammo besh kunda – arafa kuni, iydu qurbon va undan keyingi uch kunda umra qilish makruhi tahrimiy bo‘ladi. Chunki bu kunlar haj arkonlari ado etiladigan kunlardir. 

 Umra ibodati uchun eng afzal vaqt Ramazon oyi hisoblanadi. 

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hijratdan so‘ng to‘rt marta umra, bir marta haj qilganlar. 

Umra ibodati Qur’oni karimda haj ibodati bilan birga zikr qilingan: 

وَأَتِمُّوا الْحَجَّ وَالْعُمْرَةَ لِلَّهِ

“Alloh uchun haj va umrani tugal ado eting”[1]. 

Ya’ni Alloh taolo haj va umrani ado qiluvchilarga: “Haj va umraning shartlarini to‘kis ado etinglar. Ularni ado etish asnosida zohiriy va botiniy nuqsonlarga yo‘l qo‘ymanglar”, deya buyurgan. 

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam umra ibodati haqida shunday deganlar: 

عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ قَالَ الْعُمْرَةُ إِلَى الْعُمْرَةِ كَفَّارَةٌ لِمَا بَيْنَهُمَا وَالْحَجُّ الْمَبْرُورُ لَيْسَ لَهُ جَزَاءٌ إِلاَّ الْجَنَّةُ.

  رَوَاهُ مُسْلِمُ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Umra (oldin qilingan) umragacha (bo‘lgan) ikkalasining o‘rtasidagi (sag‘ira gunohlar)ga kafforot bo‘ladi. Mabrur hajning mukofoti albatta jannatdir”. Muslim rivoyat qilgan.

Ushbu hadisda umraning fazli ya’ni, ikkita umra o‘rtasidagi bandalarning haqlariga taalluqli bo‘lmagan sag‘ira gunohlar keyingi umra sababidan yuvilib ketishi xabar berilgan.

Umra so‘zi lug‘atda “ziyorat qilish” ma’nosini anglatadi. Istilohda esa “ maxsus shartlar bilan Baytullohni ziyorat qilish umra deyiladi”.

Umraning Hajdan farqlari:

– Umra farz emas balki sunnat;

– Umraning muayyan vaqti yo‘q;

– Arofatda turish yo‘q; 

– Muzdalifada turish yo‘q; 

– Shaytonga tosh otish yo‘q; 

– Ikki namozni jamlash yo‘q; 

–  Xutba yo‘q; 

–Tavofi qudum va vido yo‘q. 

Umra ibodatida quydagi amallar bajariladi: 

Ehrom bog‘lanadi;

Ka’bani tavof qilinadi;

Safo va Marva orasida sa’yi qilinadi;

Soch to‘liq oldiriladi yoki qisqartiriladi.

Ehrom bog‘lash haqida 

Umra qilishga kirishgan kishi miyqotdan ehromga kirishi lozim bo‘ladi. Bizda hozir umrachilarga dastlab Madinani ziyorat qilish rejalashtirilgani sababli ziyoratdan so‘ng umra qilish uchun Makkaga yo‘lga chiqqanlarida Zulhulayfa nomli joyda ehromga kiradilar. Ushbu joyda ehromga kiruvchilar uchun barcha sharoitlar hozirlab qo‘yilgan. Ehromga kirishda quyidagi amallar qilinadi: 

– G‘usl qilish; 

– Badanga xushbo‘ylik surish (ehromga emas); 

–  Ikki rakat namoz o‘qish; 

– Talbiya aytish. (Labbaykallohumma labbayk, labbayka la shariyka laka labbayk. Innal hamda van ne’mata laka val mulk. La shariyka lak). Talbiyani har aytishda uch martadan aytish mustahab bo‘ladi. To tavofni boshlagunicha imkon qadar ko‘proq talbiya aytishga harakat qilinadi. 

Ehromga kirgandan so‘ng quydagi ishlarni qilish mumkin bo‘lmaydi: 

Erkaklar uchun odatdagi tikilgan kiyimni kiyish, boshni yo yuzni uzrsiz yopib yurish;

Soch, soqol, yoki boshqa biror a’zosining tuklarini uzrsiz olish;

Qo‘llarining yoki oyoqlarining tirnoqlarini olish;

O‘pish va quchoqlashga o‘xshash narsalardan birini shahvat bilan qilish;

Biror a’zosiga uzrsiz xushbo‘y surish.

Agar ushbu ishlardan birortasi to‘liq bajarilsa, masalan, to‘liq bir kecha yo bir kunduz tikilgan kiyim kiyib yursa, yoki bir qo‘li yo bir oyog‘ining tirnoqlarini bir o‘tirishda to‘liq olib qo‘ysa, bir qo‘y so‘yish vojib bo‘lib qoladi. 

Ammo mazkur ishlardan birortasini to‘liq qilmasdan sodir etsa, masalan, tirnoqlaridan birini olib qo‘ysa, yoki biror a’zosiga to‘liq qilmasdan xushbo‘y surib qo‘ysa, 2 kg bug‘doy yoki uning qiymatini sadaqa qilish  shart bo‘lib qoladi. 

Umra qiluvchilar ado etayotgan amallari ibodat ekanini doimo yodda tutishlari va uni kamchiligu nuqsonlarsiz bajarishga astoydil harakat qilishlari lozim bo‘ladi. 

Ka’bani tavof qilish haqida 

Ka’bani tavof qilish umraning ruknlaridan biri bo‘lib, tavofdan oldin umra uchun ehromga kirgan bo‘lish shartdir. “Tavof” so‘zi “aylanib chiqish” ma’nosini anglatadi.  Istilohda esa: “Ka’bani 7 marta aylanib chiqish  tavof deb ataladi”. Tavofda to‘rtta aylanish farz, qolgan uchtasi vojib hisoblanadi. 

Tavof “Hajarul asvad”ning ro‘parasidan boshlanadi. Ka’bani aylanib tavofni boshlagan joyiga kelganda bir tavof hisoblanadi. “Hajarul asvad”ning ro‘parasiga kelganda “Bismillahi vallohu akbar” deya imkoni bo‘lsa, “Hajarul asvad” o‘piladi, agar boshqalarga ozor berish xavfi bo‘ladigan bo‘lsa, qo‘li bilan unga ishora qilinadi va o‘sha qo‘l o‘piladi, so‘ngra ikkinchi tavofga kirishiladi. 

Tavofning vojiblari: 

Tavofni “Hajarul asvad”dan boshlash;

Chap yelkasini Ka’ba tarafga qilib tavof qilish;

Satri avrat;

Qodir kishining o‘zi piyoda yurishi;

“Hatiym”ning orqasidan tavof qilish;

Tavofni 7 marta qilish;

Tahoratli bo‘lish;

Tavofdan keyin 2 rakat namoz o‘qish[2].

Tavofning sunnatlari: 

Erkaklar uchun ehromni o‘ng qo‘ltig‘ining tagidan va chap yelkadan olib o‘rash;

Erkaklar uchun avvalgi 3 tavofda qadamini kichik olib tez yurish;

Imkon bo‘lsa “Hajarul asvad”ni o‘pish.

Safo va Marva orasida sa’y qilish haqida 

Safo va Marva orasida sa’y qilish vojib amal hisoblanadi. Sa’y Safodan boshlanadi. Marvaga borish bir, qaytib Safoga kelish ikkinchi sa’y hisoblanadi. Shu tarzda davom etib sa’y Marvada nihoyalanadi.

Safoga chiqayotgan paytda quyidagi duoni o‘qish mustahab hisoblanadi:

بِاسْمِ اللهِ وَالصَّلاَةُ عَلَى رَسُولِ اللهِ اللَّهُمَّ افْتَحْ لِي أَبْوَابَ رَحْمَتِكَ وَأَدْخِلْنِي فِيِهَا

“Allohning nomi bilan boshlayman, Allohning elchisiga salovot bo‘lsin. Ey Allohim, menga rahmating eshiklarini ochgin va meni ularga kiritgin!”.

 Marvaga yurib ketayotganida quyidagi duoni o‘qib ketishi mustahab bo‘ladi:

 رَبِ اغْفِرْ وارْحَمْ وَ تَجَاوَزْ عَمَّا تَعْلَمْ إِنَّكَ أَنْتَ الْأَعَزُّ الْأَكْرَمُ

“Robbim, meni mag‘firat etgin va rahm qilgin (gunohlarimni) O‘zing bilib turibsan ularni afv qilgin. Albatta Sen eng aziz, eng karamli zotsan”. 

 Safo va Marvaning ustida chiqqanda quyidagi duoni o‘qish mustahab bo‘ladi:

 اَللهُ أَكْبَرُ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللهُ وَحْدَهُ لاَ شِرِيكَ لَهُ لَهُ الْمُلْكُ وَلَهُ الْحَمْدُ يُحْيِي وَ يُمِيتُ وَ هُوَ حَيٌّ لاَ يَمُوتُ بِيَدِهِ الْخَيْرُ وَهُوَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ قَدِيرٌ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللهُ وَلاَ نَعْبُدُ إِلاَّ إِيَّاهُ

“Alloh buyukdir, yolg‘iz Allohdan o‘zga iloh yo‘qdir. Uning sherigi yo‘qdir, barcha mulk va barcha hamdu sanolar Unikidir. Hayot beradigan ham, hayotni oladigan ham Udir. U hech qachon o‘lmaydigan doimiy tirikdir. Barcha yaxshiliklar Uning qo‘lidadir. U barcha narsaga qodirdir. Allohdan o‘zga iloh yo‘qdir. Faqatgina Unga ibodat qilamiz”.

Sa’yning vojiblari:

Tavofdan keyin qilish;

7 marta sa’y qilish;

Qodir kishining o‘zi yurishi;

Safodan boshlash.

Sa’yning sunnatlari:

Tavofning orqasidanoq qilish;

Tahoratli bo‘lish;

Tahlil, takbir aytish, duo qilish.

Soch oldirish yoki qisqartirish haqida

Sochni to‘liq oldirish yoki qisqartirish vojib amallardan hisoblanadi. Qisqartirish deganda boshdagi barcha sochlarni barmoq uchi miqdorida qisqartirish tushuniladi. Qisqartirishda boshdagi barcha sochlarni qisqartirmasdan faqatgina ba’zilarini qisqartirib qo‘yish erkaklar uchun makruh hisoblanadi. Agar boshning to‘rtdan biri miqdoridan kam joyi qisqartirilsa vojib ado etilmagan bo‘ladi va qo‘y so‘yish vojib bo‘lib qoladi. Boshida umuman sochi yo‘q odamlar boshning to‘rtdan biriga ustara yurg‘izib qo‘yishlari sunnat bo‘ladi.

Ayollarga esa sochlaridan barmoq uchi miqdorida qisqartirishlari lozim bo‘ladi. Ayollarning sochlarini to‘liq oldirishlari harom hisoblanadi.  Chunki bu tabiy xilqatni o‘zgartirishga o‘xshash bo‘lib qoladi. 

Soch oldirayotgan paytda quyidagi duoni o‘qish mustahab bo‘ladi: 

اللَّهُمَّ هَذِهِ نَاصِيَتِي بِيَدِكَ فَاجْعَلْ لِي بِكُلِّ شَعْرَةٍ نُورً يَوْمَ الْقِيَامَةِ وَامْحُ عَنِّي بِهَا سَيِّئَةً وَارْفَعْ لِي بِهَا دَرَجَةً اَللَّهُمَّ بَارِكْ فِي نَفْسِي وَ تَقَبَّلْ مِنِّي اَلللَّهُمَّ اغْفِرْ لِي وَلِلْمُحَلِّقِينَ وَالْمُقَصِّرِينَ يَا وَاسِعَ الْمَغْفِرَةِ

“Ey Allohim, ushbu peshona sochim Sening qo‘lingdadir. Qiyomat kunida har bir soch tolam miqdorida menga nur bergin va ularning har biri miqdorida mendan bir gunohni yo‘q qilgin, ularning har biri miqdorida darajamni ko‘targin. Ey Allohim, meni barakotli qilgin, mendan qabul qilgin.  Ey Allohim, meni, sochlarini to‘liq oldirganlarni va qisqartirganlarni ham barchalarini mag‘firat qilgin. Ey mag‘firati cheksiz Zot”. 

Soch oldirilgandan so‘ng umra ibodati nihoyasiga yetgan bo‘ladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam umra qiluvchilar ham hojilar singari Alloh taoloning “mehmoni” bo‘lishdek sharafga ega bo‘lishlarini xabar berganlar:

نْ أَبِي هُرَيْرَةَ عَنْ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَنَّهُ قَالَ الْحُجَّاجُ وَالْعُمَّارُ وَفْدُ اللَّهِ إِنْ دَعَوْهُ أَجَابَهُمْ وَإِنْ اسْتَغْفَرُوهُ غَفَرَ لَهُمْ.

    رَوَاه ابْنُ مَاجَه

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Hojilar va umra qiluvchilar Allohning mehmonlaridir, agar Unga duo qilsalar duolarini qabul qiladi, Undan mag‘firat so‘rasalar ularni mag‘firat qiladi”. Ibn Moja rivoyat qilgan. 

Ulamolar: “Umra qilgan kishining yaxshi holatga o‘zgarishi, qilgan umrasining maqbul bo‘lgani alomatidir”, deganlar.

Abdulqodir Abdur Rahim

[1] Baqara surasi, 196-oyat.

[2] Tavofdan keyingi 2 rakat namozni “Maqomi Ibrohim”da o‘qish mustahab, agar imkoni bo‘lmasa boshqa joylarda o‘qiydi. Ushbu namozda 1-rakaatiga “Kafirun”, 2-rakaatiga “Ixlos” suralarini zam qilish afzal.

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Og‘ir judolik

4.01.2025   4276   6 min.
Og‘ir judolik

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Yosh Muhammad ulg‘ayib katta bo‘lganidan keyin yaqindagina onasi bilan shu tuyada kelishganini eslardi. Ummu Ayman uning ko‘zyoshlarini artib borardi. Go‘yo ortlaridan onasi kelib qoladigandek yosh Muhammad orqalariga o‘girilib qo‘yardi. Ummu Ayman uni bag‘riga olib, boshini silab-silab qo‘yganini sira-sira esdan chiqarmadi.
Ularni kutib olishga Abdulmuttalib chiqdi. Bo‘lgan voqeadan bexabar bobo oldiga yugurib kelgan nabirasining qayg‘uli yuzini ko‘rib hayratlandi. “Nima bo‘ldi, bolam, onang qani?” deb so‘radi. Go‘dak javob bermay yig‘layverdi. Abdulmuttalib taajjublanib turganida Ummu Ayman yo‘lda nima bo‘lganini aytib berdi. Qariya qattiq qayg‘uga tushdi.

Nur yuzli nabirasini bag‘riga bosib, ko‘zlariga termuldi. “Jonim bolam, endi ota-onang ham, bobong ham men bo‘laman. G‘am chekma, doimo sening yoningdaman”, deb ko‘nglini ko‘tardi.
Bobo bergan so‘ziga og‘ishmay amal qildi. U chindan ham bu nabirasini boshqalariga qaraganda boshqacha yaxshi ko‘rar, yonidan bir qadam jildirmas, hech kimga ishonmasdi. Har gal yuziga qaraganida goh o‘g‘li Abdullohni, goh kelini Ominani eslab, yig‘lab olardi. Odamlar haybati va salobatidan qo‘rqadigan Abdulmuttalibning uyiga faqatgina yosh Muhammad ijozatsiz kira olardi. Hali yosh bo‘lishiga qaramay, ba’zi narsalarda bobo undan maslahat so‘rar va gapiga quloq tutardi. Oldiga taom keltirishsa, nabirasi kelmaguncha ovqatga qo‘l cho‘zmasdi.

Kunlarning birida ajoyib voqea sodir bo‘ldi. Yog‘in kamligi sababli Makkada qurg‘oqchilik bo‘lib turardi. O‘sha yili ham shunday bo‘ldi. Hamma qattiq tashvishlandi, chorva mollari nobud bo‘lishidan xavotirga tushishdi. Chunki mollarga ozuqa qolmagandi. Odamlar Abdulmuttalibning uyiga kyolib: “Ka’baning Robbi bo‘lgan Allohga duo qilaylik, yomg‘ir yog‘dirsin. Biz bir necha kundan beri duo qilyapmiz, ammo ijobat bo‘lmayapti”, deyishdi.

Ertasi kuni butun qavm to‘planib tog‘ tomondagi tepalikka chiqdi. Kichkina Muhammad ham ular bilan chiqdi. Abdulmuttalib qo‘lini duoga ochdi: “Ey ushbu Ka’baning Egasi, Ibrohim alayhissalomning Rabbi bo‘lgan Alloh, bizga rahm et, ustimizga yomg‘ir yog‘dirgin”, dedi. Shu payt yonida turgan nabirasiga ko‘zi tushib aytdi: “Mana bu yetim nabiramning hurmatidan bizga yomg‘ir ato qilgin”. Bolaning ham qo‘lchalari duoga ochildi. Osmon musaffo, quyosh charaqlab turar, bir dona ham bulut ko‘rinmasdi. Ammo birdan uzoqdan bulut ko‘zga tashlandi. Abdulmuttalib hayratlanib samoga qaradi. Bulut bir zumda Makka ustiga yetib keldi. Chaqmoq chaqib, momaqaldiroqdan keyin yomg‘ir quya boshladi. Odamlar uylariga borguniga qadar butun ust-boshlari ho‘l bo‘lib ketdi.

Albatta bu voqeaning hikmatini hech kim bilmasdi. Faqatgina Abdulmuttalib berilgan bu ne’mat nur yuzli nabirasi sababli ekanini tushunib turardi.
Vaqt o‘tar, hamisha nabirasini yetaklab yuradigan Abdulmuttalib ham asta-sekin qarib, kuchdan qolib borardi. Bir kuni yosh Muhammad yana og‘ir sinovga duch keldi. Onasidan ayrilgach, bobosi Abdulmuttalibga qattiq o‘rganib qolgan edi. Endi shu mehribon bobodan ham ayrilish arafasida edi. Ota-onam ham, bobom ham siz deb suyangan tog‘idan judo bo‘lish oson emas. Albatta, bu sinovlarning barchasi Allohning irodasi ila sodir bo‘lardi.
Ajali yetganda har bir jonning vafot etishi aniq haqiqat. Alloh taolo hech bir bandasiga “Buning falon ishi bor ekan, tugatib olsin”, “Yetim bolasi bor ekan, katta bo‘lsin”, “Uzatiladigan qizi bor ekan, to‘yini ko‘rsin”, deb muhlat bermaydi.

Abdulmuttalibni ham ajal izlab keldi. Bir kuni bu dunyoni tark etishini yaxshi bilgan Abdulmuttalib nur yuzli nabirasidan ayrilishni istamasdi. Jon berish arafasida atrofiga olazarak boqib “Muhammadim qani?” deb so‘radi. Atrofdagilar sevimli nabirani oldiga olib kelishdi. Abdulmuttalib: “Kel, bolam, oldimda o‘tirsang, biroz yengil bo‘laman”, dedi. Bu nurli nabirasining qo‘llaridan o‘pib, hidlab, bag‘riga bosar ekan, chiroyli ko‘zlaridan oqayotgan yoshlarni ko‘rib sabri chidamadi.
Qariya hamma farzandlarini to‘plab: “Men vafot etsam, bu nabiramga kim g‘amxo‘rlik qiladi?” deb so‘radi. Hamma amakilari yosh Muhammadni o‘zi bilan birga olib ketishni istadi. Chunki bu bola qayorga borsa, o‘sha yerga fayzu baraka yog‘ilishini yaxshi bilishardi. Abdulmuttalib bu gal nabirasidan so‘radi: “O‘zing nima deysan? Qaysi amaking bilan qolishni xohlaysan?” Go‘dak indamay o‘rnidan turib, halqa bo‘lib o‘tirgan amakilari orasidan Abu Tolibning quchog‘iga bordi. Shu tariqa qaror qabul qilindi. Demak, yosh Muhammad Abu Tolibni tanladi.

Abu Tolib otasi Abdulmuttalib kabi yosh Muhammadni ham, inisi Abdullohni ham juda yaxshi kurardi. Joni uzilayotgan Abdulmuttalib suyukli nabirasining sevikli o‘g‘li Abu Tolib bilan qolayotganidan ko‘ngli to‘ldi. Oxirgi nafasida ham yosh nurli nabirasi yuziga termilib turarkan, Abu Tolibga uni omonat topshirganini, aslo ozor bermaslik va mehrini ayamasligini vasiyat qilib olamdan o‘tdi.
Abdulmuttalibning vafoti butun Quraysh qabilasi, ayniqsa, hoshimiylar xonadoni uchun og‘ir judolik bo‘ldi. Salobatli, aql-farosatli va o‘z qavmi uchun jonini fido etishdan ham qaytmaydigan insondan ayrildilar. Abdulmuttalibning dafn marosimida butun qabila ishtirok etdi. Ular tobutni ko‘tarib ketishar ekan, yosh Muhammadning ko‘zlaridan tinmay yosh oqardi. Bu sinovlarning barchasi Alloh taolo tomonidan yosh Muhammadni payg‘ambarlikka tayyorlash uchun edi. Hammasi ummat, din, siz va biz uchun edi.

“Tasadduq, yo Rasululloh” kitobidan