Umr davomida eng kamida bir marta umra ibodatini ado etish sunnati muakkada hisoblanadi. Umra ibodatini yilning xohlagan vaqtida ado etish mumkin. Ya’ni umra qilish uchun aynan biror vaqt tayin qilinmagan. Ammo besh kunda – arafa kuni, iydu qurbon va undan keyingi uch kunda umra qilish makruhi tahrimiy bo‘ladi. Chunki bu kunlar haj arkonlari ado etiladigan kunlardir.
Umra ibodati uchun eng afzal vaqt Ramazon oyi hisoblanadi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hijratdan so‘ng to‘rt marta umra, bir marta haj qilganlar.
Umra ibodati Qur’oni karimda haj ibodati bilan birga zikr qilingan:
وَأَتِمُّوا الْحَجَّ وَالْعُمْرَةَ لِلَّهِ
“Alloh uchun haj va umrani tugal ado eting”[1].
Ya’ni Alloh taolo haj va umrani ado qiluvchilarga: “Haj va umraning shartlarini to‘kis ado etinglar. Ularni ado etish asnosida zohiriy va botiniy nuqsonlarga yo‘l qo‘ymanglar”, deya buyurgan.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam umra ibodati haqida shunday deganlar:
عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ قَالَ الْعُمْرَةُ إِلَى الْعُمْرَةِ كَفَّارَةٌ لِمَا بَيْنَهُمَا وَالْحَجُّ الْمَبْرُورُ لَيْسَ لَهُ جَزَاءٌ إِلاَّ الْجَنَّةُ.
رَوَاهُ مُسْلِمُ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Umra (oldin qilingan) umragacha (bo‘lgan) ikkalasining o‘rtasidagi (sag‘ira gunohlar)ga kafforot bo‘ladi. Mabrur hajning mukofoti albatta jannatdir”. Muslim rivoyat qilgan.
Ushbu hadisda umraning fazli ya’ni, ikkita umra o‘rtasidagi bandalarning haqlariga taalluqli bo‘lmagan sag‘ira gunohlar keyingi umra sababidan yuvilib ketishi xabar berilgan.
Umra so‘zi lug‘atda “ziyorat qilish” ma’nosini anglatadi. Istilohda esa “ maxsus shartlar bilan Baytullohni ziyorat qilish umra deyiladi”.
Umraning Hajdan farqlari:
– Umra farz emas balki sunnat;
– Umraning muayyan vaqti yo‘q;
– Arofatda turish yo‘q;
– Muzdalifada turish yo‘q;
– Shaytonga tosh otish yo‘q;
– Ikki namozni jamlash yo‘q;
– Xutba yo‘q;
–Tavofi qudum va vido yo‘q.
Umra ibodatida quydagi amallar bajariladi:
Ehrom bog‘lanadi;
Ka’bani tavof qilinadi;
Safo va Marva orasida sa’yi qilinadi;
Soch to‘liq oldiriladi yoki qisqartiriladi.
Ehrom bog‘lash haqida
Umra qilishga kirishgan kishi miyqotdan ehromga kirishi lozim bo‘ladi. Bizda hozir umrachilarga dastlab Madinani ziyorat qilish rejalashtirilgani sababli ziyoratdan so‘ng umra qilish uchun Makkaga yo‘lga chiqqanlarida Zulhulayfa nomli joyda ehromga kiradilar. Ushbu joyda ehromga kiruvchilar uchun barcha sharoitlar hozirlab qo‘yilgan. Ehromga kirishda quyidagi amallar qilinadi:
– G‘usl qilish;
– Badanga xushbo‘ylik surish (ehromga emas);
– Ikki rakat namoz o‘qish;
– Talbiya aytish. (Labbaykallohumma labbayk, labbayka la shariyka laka labbayk. Innal hamda van ne’mata laka val mulk. La shariyka lak). Talbiyani har aytishda uch martadan aytish mustahab bo‘ladi. To tavofni boshlagunicha imkon qadar ko‘proq talbiya aytishga harakat qilinadi.
Ehromga kirgandan so‘ng quydagi ishlarni qilish mumkin bo‘lmaydi:
Erkaklar uchun odatdagi tikilgan kiyimni kiyish, boshni yo yuzni uzrsiz yopib yurish;
Soch, soqol, yoki boshqa biror a’zosining tuklarini uzrsiz olish;
Qo‘llarining yoki oyoqlarining tirnoqlarini olish;
O‘pish va quchoqlashga o‘xshash narsalardan birini shahvat bilan qilish;
Biror a’zosiga uzrsiz xushbo‘y surish.
Agar ushbu ishlardan birortasi to‘liq bajarilsa, masalan, to‘liq bir kecha yo bir kunduz tikilgan kiyim kiyib yursa, yoki bir qo‘li yo bir oyog‘ining tirnoqlarini bir o‘tirishda to‘liq olib qo‘ysa, bir qo‘y so‘yish vojib bo‘lib qoladi.
Ammo mazkur ishlardan birortasini to‘liq qilmasdan sodir etsa, masalan, tirnoqlaridan birini olib qo‘ysa, yoki biror a’zosiga to‘liq qilmasdan xushbo‘y surib qo‘ysa, 2 kg bug‘doy yoki uning qiymatini sadaqa qilish shart bo‘lib qoladi.
Umra qiluvchilar ado etayotgan amallari ibodat ekanini doimo yodda tutishlari va uni kamchiligu nuqsonlarsiz bajarishga astoydil harakat qilishlari lozim bo‘ladi.
Ka’bani tavof qilish haqida
Ka’bani tavof qilish umraning ruknlaridan biri bo‘lib, tavofdan oldin umra uchun ehromga kirgan bo‘lish shartdir. “Tavof” so‘zi “aylanib chiqish” ma’nosini anglatadi. Istilohda esa: “Ka’bani 7 marta aylanib chiqish tavof deb ataladi”. Tavofda to‘rtta aylanish farz, qolgan uchtasi vojib hisoblanadi.
Tavof “Hajarul asvad”ning ro‘parasidan boshlanadi. Ka’bani aylanib tavofni boshlagan joyiga kelganda bir tavof hisoblanadi. “Hajarul asvad”ning ro‘parasiga kelganda “Bismillahi vallohu akbar” deya imkoni bo‘lsa, “Hajarul asvad” o‘piladi, agar boshqalarga ozor berish xavfi bo‘ladigan bo‘lsa, qo‘li bilan unga ishora qilinadi va o‘sha qo‘l o‘piladi, so‘ngra ikkinchi tavofga kirishiladi.
Tavofning vojiblari:
Tavofni “Hajarul asvad”dan boshlash;
Chap yelkasini Ka’ba tarafga qilib tavof qilish;
Satri avrat;
Qodir kishining o‘zi piyoda yurishi;
“Hatiym”ning orqasidan tavof qilish;
Tavofni 7 marta qilish;
Tahoratli bo‘lish;
Tavofdan keyin 2 rakat namoz o‘qish[2].
Tavofning sunnatlari:
Erkaklar uchun ehromni o‘ng qo‘ltig‘ining tagidan va chap yelkadan olib o‘rash;
Erkaklar uchun avvalgi 3 tavofda qadamini kichik olib tez yurish;
Imkon bo‘lsa “Hajarul asvad”ni o‘pish.
Safo va Marva orasida sa’y qilish haqida
Safo va Marva orasida sa’y qilish vojib amal hisoblanadi. Sa’y Safodan boshlanadi. Marvaga borish bir, qaytib Safoga kelish ikkinchi sa’y hisoblanadi. Shu tarzda davom etib sa’y Marvada nihoyalanadi.
Safoga chiqayotgan paytda quyidagi duoni o‘qish mustahab hisoblanadi:
بِاسْمِ اللهِ وَالصَّلاَةُ عَلَى رَسُولِ اللهِ اللَّهُمَّ افْتَحْ لِي أَبْوَابَ رَحْمَتِكَ وَأَدْخِلْنِي فِيِهَا
“Allohning nomi bilan boshlayman, Allohning elchisiga salovot bo‘lsin. Ey Allohim, menga rahmating eshiklarini ochgin va meni ularga kiritgin!”.
Marvaga yurib ketayotganida quyidagi duoni o‘qib ketishi mustahab bo‘ladi:
رَبِ اغْفِرْ وارْحَمْ وَ تَجَاوَزْ عَمَّا تَعْلَمْ إِنَّكَ أَنْتَ الْأَعَزُّ الْأَكْرَمُ
“Robbim, meni mag‘firat etgin va rahm qilgin (gunohlarimni) O‘zing bilib turibsan ularni afv qilgin. Albatta Sen eng aziz, eng karamli zotsan”.
Safo va Marvaning ustida chiqqanda quyidagi duoni o‘qish mustahab bo‘ladi:
اَللهُ أَكْبَرُ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللهُ وَحْدَهُ لاَ شِرِيكَ لَهُ لَهُ الْمُلْكُ وَلَهُ الْحَمْدُ يُحْيِي وَ يُمِيتُ وَ هُوَ حَيٌّ لاَ يَمُوتُ بِيَدِهِ الْخَيْرُ وَهُوَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ قَدِيرٌ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللهُ وَلاَ نَعْبُدُ إِلاَّ إِيَّاهُ
“Alloh buyukdir, yolg‘iz Allohdan o‘zga iloh yo‘qdir. Uning sherigi yo‘qdir, barcha mulk va barcha hamdu sanolar Unikidir. Hayot beradigan ham, hayotni oladigan ham Udir. U hech qachon o‘lmaydigan doimiy tirikdir. Barcha yaxshiliklar Uning qo‘lidadir. U barcha narsaga qodirdir. Allohdan o‘zga iloh yo‘qdir. Faqatgina Unga ibodat qilamiz”.
Sa’yning vojiblari:
Tavofdan keyin qilish;
7 marta sa’y qilish;
Qodir kishining o‘zi yurishi;
Safodan boshlash.
Sa’yning sunnatlari:
Tavofning orqasidanoq qilish;
Tahoratli bo‘lish;
Tahlil, takbir aytish, duo qilish.
Soch oldirish yoki qisqartirish haqida
Sochni to‘liq oldirish yoki qisqartirish vojib amallardan hisoblanadi. Qisqartirish deganda boshdagi barcha sochlarni barmoq uchi miqdorida qisqartirish tushuniladi. Qisqartirishda boshdagi barcha sochlarni qisqartirmasdan faqatgina ba’zilarini qisqartirib qo‘yish erkaklar uchun makruh hisoblanadi. Agar boshning to‘rtdan biri miqdoridan kam joyi qisqartirilsa vojib ado etilmagan bo‘ladi va qo‘y so‘yish vojib bo‘lib qoladi. Boshida umuman sochi yo‘q odamlar boshning to‘rtdan biriga ustara yurg‘izib qo‘yishlari sunnat bo‘ladi.
Ayollarga esa sochlaridan barmoq uchi miqdorida qisqartirishlari lozim bo‘ladi. Ayollarning sochlarini to‘liq oldirishlari harom hisoblanadi. Chunki bu tabiy xilqatni o‘zgartirishga o‘xshash bo‘lib qoladi.
Soch oldirayotgan paytda quyidagi duoni o‘qish mustahab bo‘ladi:
اللَّهُمَّ هَذِهِ نَاصِيَتِي بِيَدِكَ فَاجْعَلْ لِي بِكُلِّ شَعْرَةٍ نُورً يَوْمَ الْقِيَامَةِ وَامْحُ عَنِّي بِهَا سَيِّئَةً وَارْفَعْ لِي بِهَا دَرَجَةً اَللَّهُمَّ بَارِكْ فِي نَفْسِي وَ تَقَبَّلْ مِنِّي اَلللَّهُمَّ اغْفِرْ لِي وَلِلْمُحَلِّقِينَ وَالْمُقَصِّرِينَ يَا وَاسِعَ الْمَغْفِرَةِ
“Ey Allohim, ushbu peshona sochim Sening qo‘lingdadir. Qiyomat kunida har bir soch tolam miqdorida menga nur bergin va ularning har biri miqdorida mendan bir gunohni yo‘q qilgin, ularning har biri miqdorida darajamni ko‘targin. Ey Allohim, meni barakotli qilgin, mendan qabul qilgin. Ey Allohim, meni, sochlarini to‘liq oldirganlarni va qisqartirganlarni ham barchalarini mag‘firat qilgin. Ey mag‘firati cheksiz Zot”.
Soch oldirilgandan so‘ng umra ibodati nihoyasiga yetgan bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam umra qiluvchilar ham hojilar singari Alloh taoloning “mehmoni” bo‘lishdek sharafga ega bo‘lishlarini xabar berganlar:
نْ أَبِي هُرَيْرَةَ عَنْ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَنَّهُ قَالَ الْحُجَّاجُ وَالْعُمَّارُ وَفْدُ اللَّهِ إِنْ دَعَوْهُ أَجَابَهُمْ وَإِنْ اسْتَغْفَرُوهُ غَفَرَ لَهُمْ.
رَوَاه ابْنُ مَاجَه
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Hojilar va umra qiluvchilar Allohning mehmonlaridir, agar Unga duo qilsalar duolarini qabul qiladi, Undan mag‘firat so‘rasalar ularni mag‘firat qiladi”. Ibn Moja rivoyat qilgan.
Ulamolar: “Umra qilgan kishining yaxshi holatga o‘zgarishi, qilgan umrasining maqbul bo‘lgani alomatidir”, deganlar.
Abdulqodir Abdur Rahim
[1] Baqara surasi, 196-oyat.
[2] Tavofdan keyingi 2 rakat namozni “Maqomi Ibrohim”da o‘qish mustahab, agar imkoni bo‘lmasa boshqa joylarda o‘qiydi. Ushbu namozda 1-rakaatiga “Kafirun”, 2-rakaatiga “Ixlos” suralarini zam qilish afzal.
O‘MI Matbuot xizmati
Bugun, 25 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yurtimizning turli hududlaridan kelgan fuqarolarni qabul qilib, muammo, arz va takliflarini tingladilar.
Qabul jarayonida Andijon, Namangan, Farg‘ona, Buxoro, Samarqand, Toshkent, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahridan kelgan fuqarolarning masjidlar holati, oilaviy masalalar, diniy ta’lim, haj-umra hamda moddiy yordam olish yuzasidan murojaatlari ko‘rib chiqildi.
Jumladan, oilaviy munosabatlarda kelganlarga muammolar yechimi bo‘yicha maslahatlar, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Ayrim masalalar bo‘yicha murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Darhaqiqat, birovning dardini yengillatish, uning tashvishlari osongina bartaraf etilishiga hissa qo‘shish – savobi ulug‘ amal. Chunonchi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “... Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishni aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Mana shunday qabul jarayonlari mamlakatimizdagi barcha jome masjidlarda haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati