“Davra” marosimi qaysi vaqtdan va qanday zarurat tufayli vujudga kelgani haqida bilmoqchi bo‘lsangiz quyidagi maqolani o‘qib chiqishni tavsiya etamiz.
Taassuf bilan shuni aytmoq lozim, “davra” shariatimizda joriy bo‘lgan fidya haqidagi masalaga ziddir. Turli sabablarga ko‘ra musulmonlar orasida har xil bid’at va xurofotlar joriy bo‘lib qolgan. Shunday xurofotlardan biri “davra”dir.
Kishi bemorligi yoki boshqa shar’iy uzr bilan ado qilolmagan namoz va tutolmagan ro‘zalar uchun vasiyat qilsagina u qoldirgan merosining uchdan biridan fidya beriladi. Fidya miqdori har bir farz namoz va vitr uchun hamda bir kunlik ro‘za uchun yarim so’ bug‘doydir. Demak, bir kunlik namoz uchun 12 kg bug‘doy fidya sifatida beriladi. Mazkur sonni namoz ado etilmay qolgan kunlar adadiga ko‘paytirilsa, umumiy fidya miqdori chiqadi. Bir oy ro‘zaning fidyasi 60 kg bug‘doydir.
Davra targ‘ibotchilari esa marhum hali dafn qilinmasdan turib, uning umrini hisoblab, marhum vasiyat qilmagan bo‘lsada, buncha namozi va buncha ro‘zasi qolibdi, shuning uchun falon miqdorda mol berishingiz kerak, deb marhumning qarindoshlaridan mol-pul talab qilishadi. Alloh taolo musulmonlarni birovlarning mol-mulkini botil yo‘l bilan o‘zlashtirishdan qaytaradi. Bu haqda “Niso” surasining 29 oyatida bunday deyiladi:
“Ey imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz! O‘zaro rozilik asosidagi tijorat bundan mustasno. Shuningdek, o‘zlaringizni (bir-biringizni nohaq) o‘ldirmangiz! Albatta, Alloh sizlarga rahm-shafqatlidir”.
“So‘ragan edingiz” kitobi asosida tayyorlandi
O‘MI Matbuot xizmati
Shu yil 9 yanvar kuni Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev boshchiligida vakillik xodimlari, shahar-tuman bosh imom-xatiblari va iqtidorli imomlar ishtirokida tuzilgan ishchi guruh O‘zbekiston tumaniga tashrif buyurdi.
Dastlab tumandagi 7 ta masjid va 7 ta mahallada, shuningdek, “Haj — 2024” ziyoratchilari va mahalla fuqarolar yig‘ini raislari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, amaliy tadbir rejasi tuzildi.
Ishchi guruh a’zolari va imom-xatiblarga biriktirilgan mahalla hududidan “Haj – 2024” ziyoratchisini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etdi. Birgalikda mahallaning eng kamida 3 tagacha muammoli xonadoniga kirib, u yerda yashayotganlardan hol-ahvol so‘radi. Ularning muammolarini o‘rgandi, taklif, fikr-mulohazalarini tingladi. Imom-xatiblar 22 ta oilaga kirib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot va amaliy yordam tadbirlarini olib bordi.
Shuningdek, tumandagi "Qudash" muruvvat uyiga tashrif buyurilib, tashrif chog‘ida muruvvat uyida yashovchi imkoniyati cheklangan, mehr-muruvvatga muhtojlarni holidan xabar olinib, muruvvat uyi uchun maishiy texnika va maishiy jihozlar hamda boshqa turdagi zaruriy ashyolar xayriya qilindi.
Shu bilan birga, muruvvat uyida "Yashil makon" dasturi doirasida 100 tup mevali va manzarali ko‘chatlar ekildi.
Tumanning "Bog‘i Eram" mahallasida yashovchi kam ta’minlangan oilaga homiylar ko‘magi bilan zamonaviy qulay sharoitlarga ega bir xonalik uy qurib berildi. Ishchi guruh mazkur xonadonga tashrif buyurib, xonadon egalari bilan muloqot qildi.
Peshin namozi so‘ngida masjidlarda jamoatga ma’ruza qilinib, odamlarga manfaat yetkazishning fazilati, ofiyat ulkan ne’mat ekani, yoshlar tarbiyasi doimiy e’tibor markazda bo‘lishi zarurligi, bu borada ota-onalarning o‘rni haqida ilmiy va hayotiy misollar yordamida tushuntirildi.
Masjidlar va imomlar faoliyati ko‘zdan kechirildi hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan kerakli tavsiyalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati