Imom G'azzoliy Ahli sunna va jamoa aqiydaviy mazhabining tarixi haqida so'z yuritib, quyidagilarni yozadi: Kalom bir ilm bo'lib, uning maqsadi ahli sunnaning aqiydasini ahli bid'atning tashvishidan muhofaza qilish va qo'riqlashdir. Alloh taolo O'z bandalariga O'z Nabiyi tilida haq aqiydani ilqo qildi. Unda ularning dini va dunyosining salohi bordir. Shuningdek, uning haqida Qur'on va xabarlar nutq qildi. So'ngra shaytonlar o'z vasvasasi ila bid'atchilarga sunnatga xilof ishlarni ilqo qildi. Ular o'sha ishlarni gapirdilar va ahli haqqning aqiydasini buzmoqchi bo'ldilar.
Bas, Alloh bir toifa mutakallimlarni paydo qildi va ularning himmatini tartibga solingan kalom ila sunnatning nusrati yo'lida harakatga soldi. Shu orqali, ahli bid'atning sunnatga xilof ravishda chiqargan aldamchiliklari fosh qilinadi. Ana shundan ilmi kalom paydo bo'ldi.
Bu gaplarga qo'shimcha qilib aytamizki, ilmi kalom paydo bo'lgan vaqtga kelib, aqiydaga oid masalalarga avvalgi vaqtlarga o'xshab faqat Qur'on va sunnatdan dalil keltirish bilan kifoyalanish etmay qolgan edi. Qarshi taraf aqliy dalil ham keltirishni talab qilar edi.
Kalom masalalari bo'yicha bahslar musulmon olamidagi o'sha vaqtning ko'zga ko'ringan aqiydaviy mazhablari: Ahli sunna va jamoa, mo''taziliylar, murji'iylar, xavorijlar va shiy'alar o'rtasida bo'lgan.
Keyinchalik, Allohning kalomiga tegishli bahslardan Allohning sifatlariga, Islom davlati boshlig'i imomga oid masalalarga, qazo va qadar masalasiga va hatto ba'zi fiqhiy masalalarga ham o'tilgan.
Vaqt o'tib, turli xalq va toifalarning Islomga kirishlari bilan birga ularning aqiyda va fikrlari ham musulmonlar orasiga kirib keldi.
Shu bilan birga, nomusulmonlar tomonidan Islom aqiydalariga qarshi fikriy hujum va tanqidlar ham avj ola boshladi.
Ana o'sha hamlalardan Islom aqiydasini himoya qilish va ularga raddiyalar berish uchun ilmi kalom sohiblari g'ayrimusulmonlar bilan tortishuvlarniboshladilar.
Bu ishda Ahli sunna va jamoa ulamolari ham, mo''tazilalar ham va boshqalar ham ishtirok etdilar.Avval bu tortishuvlar to'g'ri yo'nalishda va bir maromda ketdi. Keyinchalik esa, boshqa ilm va sohalarda bo'ladigani kabi, turli burilishlar va xatolar yuzaga kela boshladi. Ilmi kalom bobiga bo'lgan-bo'lmagan, turli-tuman masalalar aralashib ketdi.
Shuningdek, mutakallimlar orasiga ham har xil shaxslar aralashib qoldi. Natijada, haqiyqiy ilmi kalomni soxtasidan, haqqni botildan ajratib olish qiyin bo'lib qoldi.
Ana shunday og'ir bir paytda sof Islom aqiydasini saqlab qolish uchun harakat qiladigan ulamolar etishib chiqdilar. Ular Qur'oni Karim va suita'limotlari asosida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning saxobalari uslubida aqida uslublariniyorita boshladilar. Ularga «Axli suna va jamoa» nomi berildi.
Keyinroq, odamlarga tushunarli bo'lishi uchun matnlarni ta'viyl kilishga xam majbur bo'lindi, Turli kitoblar bitildi. Ahli sunna va jamoaning aqiyda bobidagi ta'limotlari to'planib, tartibga solindi. Oxiri kelib, aqiydaviy mazhab bo'lib shakllandi va o'z imomlariga ham ega bo'ldi.Ahli sunna va jamoa ismi bundan avval ham bor edi. Ammo keyinroq, yuqorida nomlari aytib o'tilgan turli firqalarga muqobil o'laroq, ayni shu ismni ishlatila boshlandi. "(Ahli sunna deganda «sunnatga yurganlarning yo'li va hadisga amal qiladiganlardegan ma'nolarni ko'zda tutilgan. Bu borada imom al-Ash'ariy va al-Moturidiy ahli sunna va jamoaning aqiyda bo'yicha imomlari deb tan olindilar.
Bu ikki imom Islom olamining ikki tarafida Ash'ariy basralik, Moturidiy samarqandlik bo'lsa ham va bir-birlari bilan ko'rishmagan bo'lsalar ham, bir xil ishni bir xil vaqtda, bir xil tarzda ado etganlari hamda ikkovlarining birdaniga Ahli sunna va jamoa mazhabining imomi (ya'ni,yo'lboshchisi) deb e'tirof qilinishi bu mazhabning aqiydasi doimo barcha yurtlarda ma'lum va mashhur ekaniga erqin dalildir.
AKRAMOV ABDUVOHID
Mir Arab oliy madrasasi talabasi
Savol: Hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Har tong quyosh chiqqanda ikki farishta nido qiladi. Ey Alloh infoq qiluvchini infoqini o‘rnini to‘ldirgin va xasis, ziqnaga talofat ber” der ekanlar. Lekin biz hayotda bu hadisning aksini ko‘ramiz. Infoq, ehson va sadaqa qiluvchilar yashashda o‘rta hol, ba’zilari esa biroz qiynalgan bo‘lsa, ziqna, xasis Alloh yo‘lida bir chaqa ham infoq qilmaydiganlar esa, dunyolari ziyoda bo‘lib borayotganligini ko‘ramiz. Shunda kishi hayoliga bu hadis sahihmikan yoki yolg‘onmi degan o‘y keladi. Agar sahih bo‘lsa nega infoq qiluvchining qilgan infoqini o‘rni to‘lmayapti? Nega xasis, ziqna odam talofat ko‘rmayapti?
Javob: Mazkur hadis sahih, muttafaqun alayh. Hadisning to‘liq matni quyidagicha.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Bandalar har tong ottirganlarida ikki farishta tushib, ularning biri: "Yo Alloh infoq qiluvchini infoqini o‘rnini to‘ldirgin", ikkinchisi esa: "Yo Alloh xasis, ziqnaga talofat ber" deydi” (Al-Jome’ as-Sahih, 445-bet, 1442-hadis)
Ushbu hadisning ma’nosiga o‘xshash boshqa hadislar ham mavjud. Misol uchun, Abu Umoma roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Ey Odam bolasi agar sahovatli bo‘lsang, bu ishing sen uchun yaxshidir. Agar ziqna, xasis bo‘lsang, bu ishing sen uchun yomondir" (Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyati).
Oyatda esa: “Har bir infoq qilgan narsangizning o‘rnini U to‘ldirur. U zot rizq berguvchilarning yaxshisidir” deyiladi (Saba’ surasi, 39-oyat). Ushbu oyatni Ibni Kasir rahimahulloh tafsirlarida: "Robbingizning buyurgan yoki muboh qilgan ishlarida biror bir narsani infoq qilsangiz, albatta, U dunyoda uning badalini beradi. Oxiratda esa, savob va mukofot beradi", deganlar.
Endi savol beruvchining fikriga keladigan bo‘lsak, u inson faqatgina hadisdagi to‘ldirish va talofot so‘zlarini mol-mulk ma’nosida tushunganlar. Hadisning asl mohiyati esa, bundan ko‘ra chuqurroq va kengroqdir. Aslida infoq qiluvchi kishiga G‘oniy va Karim bo‘lgan Allohning O‘zi kifoya qilishi uning infoqiga eng yaxshi evazdir. Allohni infoq qiluvchi bandasining ahlini isloh, farzandlarini iqtidorli, tanasini sog‘, oziga baraka berishi va uni to‘g‘ri yo‘lga boshlashi, yaxshiliklar qilishga muvaffaq qilishi, qalbida sakinat, insonlarni unga nisbatan muhabbatli va iymon halovatini sezuvchi qilib qo‘yishi infoq qiluvchi kishiga dunyo matolaridan cheklanishidan ko‘ra yaxshiroqdir. Zotan oriflar ruhiy rizqlarni ko‘zni quvontiruvchi dunyo matolaridan ko‘ra abadiy va qiymati baland deb biladilar.
“Talofat” esa, faqatgina molning talofati degani emas, balki kishining oilasini notinchligi, farzandlarini noqobil, o‘zgalar bilan yaxshi aloqada bo‘lmasligi, doim tashvishda, hayotda kishini xafa qiladigan ishlar bilan yashashi, moli ko‘p bo‘lsa-da foydalana olmasligi va doimo tanasining dardi bilan azob uqubatda hayot kechirishi tushuniladi. Bunday holatlar esa, molning talofotidan ko‘ra yomonroqdir.
Hadisda kelgan farishtalarning duosi Qur’oni karimdagi ushbu oyatlarga muvofiqdir: "Ammo kimki (ato) bersa va taqvo qilsa. Va go‘zal (so‘z)ni tasdiq qilsa. Bas, Biz uni osonga muyassar qilamiz. Ammo kimki baxillik va istig‘no qilsa. Va go‘zal (so‘z)ni yolg‘onga chiqarsa. Bas, Biz uni qiyinga muyassar qilamiz" (Layl surasi, 5-10-oyatlar).
Alloh barchamizni oyatlarini va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini asl mohiyatlari bilan anglab yetishimizni oson qilsin.
Yusuf Qorozoviyning “Fataava Muasira” nomli asaridan
“Imom at-Termiziy” jome’ masjidi imom xatibi
Yahyo Abdurahmonov tarjimasi