O‘zbekiston musulmonlari idorasining diniy-ma’rifiy nashri hisoblangan “Hidoyat” jurnalining 2018 yilning 1-sonidan boshlab “Bolalar sahifasi” rukni ostida bolalar uchun saboqlar berila boshlandi.
Bolalar uchun saboqlar ular tushunadigan lotin yozuvida berilmoqda.
Quyida ushbu sahifada bolajonlar uchun berilgan birinchi saboq bilan tanishishingiz mumkin.
Birinchi saboq: Tabarruk kalomlar
Assalomu alaykum, aziz nuridiydalar!
Qani endi “Bismillahir rohmanir rohim” deb cho‘kka tushib o‘tiring-chi! Nega bunday deymiz, uning ma’nosini bilasizlarmi? Uning ma’nosi: “Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan boshlayman” demakdir. Har bir musulmon farzandi nima ish qilsa ham, xoh dars o‘qisin yo biror ishni boshlayotgan bo‘lsin, uyga kirayotgan yoki dasturxonga o‘tirib ovqatlanayotgan bo‘lsin, xoh uyquga yotayotgan yoki kiyim kiyayotgan bo‘lsin, albatta, ana shu so‘zlarni aytishi kerak. “Bismilloh”siz boshlangan ish barakali bo‘lmaydi. Biz musulmonlar hatto “Bismilloh” aytilmay so‘yilgan hayvonning go‘shtini yemaymiz.
Bundan tashqari, siz bilib olishingiz kerak bo‘lgan yana bir kalima bor. U bunday aytiladi: “A’uzu billahi minash shaytonir rojiym”. Ma’nosi: “Alloh dargohidan quvilgan shaytonning yovuzligidan panoh so‘rayman” degani. Qur’ondan bir oyat o‘qisangiz ham, albatta, oldin anashu kalimani aytish kerak.
Qur’on o‘qish uchun tahorat qilish zarur. Tahorat qilish unchalik qiyin ish emas. Oldin qo‘llaringizni uch marta oshig‘i bilan yaxshilab yuvasiz, keyin og‘izni uch marta suv bilan chayqab, bosh va ko‘rsatkich barmoqlaringiz bilan tishlarni ishqaysiz, burunga uch bor suv tortib qoqasiz. Keyin yuzingizni, peshonadan iyak ostigacha va ikki quloq orasini uch marta yaxshilab yuvasiz.
So‘ngra ikki qo‘l bilaklarini tirsaklar bilan qo‘shib yuvasiz, qo‘lingizni ho‘llab boshingizga, quloqlaringizga va bo‘yningizga (surasiz) mas'h qilasiz. Shundan so‘ng oyoqlarni to‘pig‘i bilan qo‘shib, panjalar orasiga barmoq tiqib yaxshilab yuvasiz. Bu amallarni qilish tartibini ota-onangizdan so‘rasangiz, sizlarga yaxshilab o‘rgatishadi.
Hozircha shular yetarli. Xayr, bolajonlar!
Ahmad Muhammad
tayyorladi
Siz o‘zingiz va farzandingiz uchun diniy-ma’rifiy yo‘nalishda bilimga ega bo‘lmoqchi bo‘lsangiz “Hidoyat” jurnalini kuzatib boring.
Ushbu saboqlarni kuzatib borish va jurnalimizga obuna bo‘lishni istaganlar o‘zlari yashab turgan hududdagi masjidga murojaat qilishlari mumkin.
Ma’lumot uchun, “Islom nuri” gazetasi va “Hidoyat” jurnali O‘zbekiston musulmonlari idorasining diniy-ma’rifiy nashrlari hisoblanadi. Bir yillik obuna narxi “Islom nuri” gazetasi uchun 36 ming so‘m va “Hidoyat” jurnali uchun esa 45 ming so‘mni tashkil etadi.
O‘MI Matbuot xizmati
"AlQuran.uz" portali rahbari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi "Qur’on va tajvidni o‘rgatish" bo‘limi boshlig‘i Ustoz Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdumning singlisi, "AlQuran.uz" portali xodimi Abdulloh qori Fayzulloh Maxdumning opasi, shuningdek, "AlQuran.uz" ilmiy xodimi Abdusamad qorining zavjalari vafoti munosabati bilan marhumaning yaqinlariga ta’ziya bildiramiz.
Marhuma al-Azhar universiteti talabasi bo‘lib, Osim qiroatining Hafs va Shu’ba rivoyatlari hamda "al-Muqaddima al-jazariyya", "Tuhfatul-atfol" va "al-Arba’iyn an-nabaviyya" kabi ko‘plab asarlar bo‘yicha ijoza sohibasi sifatida 20 yildan beri Qur’onga xizmat qilib kelayotgan edi. Xususan, Qur’on ta’limi yo‘lida samarali mehnat qilib, ko‘plab shogirdlarni yetishtirdi.
Shuningdek, "AlQuran" mobil ilovasidagi "Al-Fatiha online" dasturining uztozalaridan bo‘lib, ko‘plab ayollarning qiroatini to‘g‘rilashga o‘z hissasini qo‘shganini alohida e’tirof etish lozim.
Turmush o‘rtog‘i Abdusamad qori bilan birga uch nafar qiz farzandni tarbiyalab, barchalarini hofizi Qur’on qilib yetishtirdi.
Uzoq vaqt og‘ir dard bilan kurashganiga qaramay, Qur’on xizmatida bardavom bo‘ldi. Bemorlik mashaqqatlariga sabr qilib, Allohdan savob umidida ilm tarqatishdan to‘xtamadi. Shubhasiz, bu go‘zal xotima, ya’ni shahidlikning bir belgisi. Zero, hadisi sharifda bunday deyilgan: "Kim bemor holatda vafot etsa, shahid holda vafot etadi, qabr fitnasidan saqlanadi va ertayu kech jannatdan rizqi kelib turadi" (Ibn Moja rahimhulloh rivoyati).
"Muslim.uz" portali marhumaning akasi Ustoz Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum va ukasi Abdulloh qori Fayzulloh Maxdumga, shuningdek, turmush o‘rtog‘i Abdusamad qori va barcha oila a’zolariga hamdardlik bildiradi.
Alloh taolo marhumaning Qur’on yo‘lida qilgan xizmatlarini qabul aylab, Barzax hayotida va oxiratda Qur’oni karim shafoati bilan mukofotlasin! Qur’on bilan jannatdagi darajalarini yuksak qilsin! Bemorlikda chekkan mashaqqatlari jannatdagi martabasining baland bo‘lishiga sababchi bo‘lsin!
Janoza marosimi ertaga seshanba 22 iyul kuni asr namozida, soat 17:45 da Ustoz Shayx Alijon qorining Jizzax viloyati G‘allaorol tumani Boylarovul qishlog‘idagi xonadonida bo‘lib o‘tadi.
Alloh taolo musibat ahliga sabri jamil ato qilsin! Qazo va qadarga rozi bo‘lishlarida Allohning o‘zi madadkor bo‘lsin!
Marhumaga quyidagi hadisda zikr qilingan ulug‘ darajalarni tilaymiz: "Qur’on sohibiga o‘qi va ko‘taril va dunyoda tartil qilganing kabi tartil qil. Albatta, sening manziling oxirgi o‘qigan oyatingdadir", deyiladi" (Abu Dovud, Termiziy va Nasoiy rahimahulloh rivoyati).